Ilm bebaho boylik, uni egallash oson ish emas. Ulamolar ilm olishni igna bilan quduq qazishga o‘xshatishgan. Inson shunday bebaho xazinaning sohibi bo‘lishida ustozning o‘rni beqiyos.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir hadisi sharifda o‘zidagi bilim va hunarni boshqalarga o‘rgatuvchi insonlar haqida: «Albatta, Alloh taolo uning farishtalari, samovot ahli, hattoki, kavakdagi chumoli, dengizdagi baliqqacha barchalari insonlarga yaxshilik o‘rgatuvchi kishi haqiga salovat-duo aytib turadilar”, deb marhamat qilganlar.
Xalqimizda “Ustoz otangdek ulug‘” — degan hikmat bejiz aytilmaydi. O‘tgan ulug‘larimiz, ota-bobolarimiz ustoz va muallimlarning haqqini yaxshi bilganlar, ularning qadri nechog‘li baland ekanini teran anglaganlar va shunga ko‘ra muomala qilganlar. Imomi a’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh shunday deganlari rivoyat qilinadi: «Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar albatta ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat u ustozim, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta, o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman».
Ustozlar haqida gap borganda hazrat Alisher Navoiyning bu baytlaridan oshirib bir so‘z aytmoq mushkuldir:
Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qutmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila.
Shunday ekan o‘quvchi yoshlar, talabalar va barchamiz ustozlarni qadrlab, doimo ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatishimiz lozim. Talabalik odoblariga rioya qilgan shogird haqiqiy ma’noda ustozlarini hurmat qilgan bo‘ladi va olayotgan ilmu hunari samarali bo‘lib, vujudiga singadi va kelajakda manfaatli bo‘ladi.
Ustoz deganda ko‘z o‘ngimizda beixtiyor barchaga o‘rnak, qalbi mehrga boy, yuksak maʼnaviyatli insonlar namoyon bo‘ladi. Chunki ular shogirdlari uchun otaday g‘amxo‘r, ona kabi mehribon bo‘ladilar. Shu bois ularga yurak-yurakdan ehtirom ko‘rsatgimiz kelaveradi. Ana shunday ustozlardan biri Go‘yoxon opa Xudoynazarova bo‘lib, u ko‘p yillardan buyon ustozlik kasbini ulug‘lab kelayotgan pedagoglardan hisoblanadi.
Ayni paytda Go‘yoxon opa Xudoynazarova Andijon viloyati, Bo‘ston tumani xalq taʼlimi bo‘limida ona tili va adabiyoti fani metodisti bo‘lib faoliyat yuritib kelmoqda.
U 1965 yil Bo‘ston tumanining Guzar mahallasida ziyoli oilalarning birida dunyoga kelgan bo‘lib, oilada farzandlarning to‘ng‘ichi bo‘lgan bu jonsarak qiz maktab davridayoq talabchan ustozlar taʼlimini oldi. O‘rta maktabni bitirgach Andijon davlat pedagogika institutining ona tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kirdi. Oliy taʼlim dargohida ham salohiyatli, jonkuyar ustozlardan bilm oldi, kamol topdi. O‘qishni tamomlab, 1986 yildan o‘zining ilk ustozlik faoliyatini Bo‘ston tumanidagi 25-umumtaʼlim maktabida ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi sifatida boshladi. Bola ko‘nglini poshsho , deb bildi. Murg‘akkina qalblarga yo‘l topdi, ilm-maʼrifatga oshno etdi. O‘quvchi yoshlarning qalbi, ongiga chin insoniylik xislatlarini joyladi. Umrini, hayotini o‘quvchilar kamolotiga bahshida etdi. Albatta, o‘qituvchi o‘z o‘quvchisini komillik sari yetaklaydi. Uning mehnatlari yillar bo‘yi toblanib boraveradi. Go‘yoxon opa ham ko‘p mehnat qildi.
Bugun xalq taʼlimi bo‘limida ona tili va adabiyoti fani metodisti bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan ustoz tuman miqyosidagi maktablarda pedagogik muhitning yetarli darajada shakllanishiga bosh. U uzoq yillar ustozlik kasbida mehnat qilib kelayotgan ekan, o‘qituvchi avvalo o‘zi ko‘pni ko‘rgan, ko‘p bilgan va chuqur mulohazali, keng tafakkurli bo‘lishi kerak, deb o‘ylaydi.
Ustoz bu yil oltmish besh yoshni qorshi oldi. Shunday bo‘lsada qarilikka bo‘ysungani yo‘q, g‘ayrat-shijoati yetarli. Bugun uning jo‘shqin mehnat faoliyati, doimiy olg‘a intilishi tumandagi barcha umumtaʼlim maktablari jamoalarining yutug‘iga aylangan.
Muallima opa bir paytlari o‘zi uchun ustoz deb bilgan o‘qituvchilarning yaxshi fazilat va xislatlarini ko‘ngliga jo etgan. Ayni paytda o‘zi ham ustoz bo‘lib, barkamol avlodni tarbiyalash ishiga qo‘shayotgan hissasi katta. U hech bir bola taqdiriga befarq emas. Opa bilan suhbatlashar ekanman xalq taʼlimida yoshlarning o‘rni haqida kuyunib gapiradi.
–Jamiyatda yoshlar faol. Ularning kamolotida nafaqat biz pedagog o‘qituvchilar, avvalo oila, mahalla hamkorligi ham juda zarur, - deydi Go‘yoxon opa.
Darhaqiqat, maqolamiz qahramoni ish bilan andarmon bo‘lib, oilasini unutib qo‘ygani yo‘q. Turmush o‘rtog‘i bilan oilani muqaddas deb bildilar. Baxtning buzilmas qo‘rg‘oniga poydevor qurdilar. Yillar bilan yonma-yon ulg‘aygan farzandlari ham ularning qanotiga aylandi. Bolalariga taʼlim- tarbiya berib o‘zlari katta hayotga uchirma qildilar. Bugun esa ana shu mehnatlarining rohatidan minnatdor. Bir vaqtning o‘zida ham oilani, ham kasbini bir maromda ushlab yurgan, jamiyatda o‘z o‘rniga ega inson deganda mana shu ustozni misol qilsak arziydi.
Hazrat Navoiy aytganidek o‘qituvchi bir nur. Albatta, ustoz onadek mehribon, otadek qattiqqo‘l. Bugun Go‘yoxon opa Xudoynazarova ham shogirdlariga ham ota, ham ona kabi g‘amxo‘rdir. U xalq taʼlimi tizimida hamkasblari bilan bir tanu bir jon bo‘lib, soha rivoji yo‘lida astoydil mehnat qilmoqda. O‘z o‘rnida uning kelajagimiz egalari ertasi yo‘lidagi mehnatlari besamar ketmadi. Hukumatimiz tomonidan eʼtirof etilib, 2003 yilda “Shuhrat” medali, 2014 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, 2015 yilda “Xalq taʼlimi aʼlochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Ustoz taʼlim ulashuvchi , odob-axloqqa yetaklovchi , tarbiyalovchi zot. Shuning uchun ustoz-murabbiylarga har qancha taʼzim qilsak oz. Andijon viloyati, Bo‘ston tumanida ayni shu damda zahmatkash inson, fidoyi ustoz, deya Go‘yoxon opa Xudoynazarovani ko‘rsatishadi. Havas qilishadi. Zero, bunday eʼtirofga yetishishning o‘zi oson emas.