O‘rta asrning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy zamonasining qator fanlari: astronomiya, fizika, matematika, geodeziya, mineralogiya, geologiya, tarix kabilarni chuqur o‘rgandi. U Xorazmning qadimgi poytaxti Kot shahrida tug’ildi va yoshligidanoq ilm-fanga qiziqishi orta bordi. Beruniy keyinchalik mashhur olim Abu Nasr Mansur ibn Iroq ko‘lida ta’lim oldi. Ibn Iroq astronomiya, geometriya, matematikaga oid bir qancha asarlar yozib, shulardan 12 tasini Beruniyga bag’ishlaydi. Beruniy ona tilidan tashqari yana bir qancha tillarni: arab, sug’diy, fors, suryoniy, yunon va qadimgi yaxudiy tillarini, keyinchalik Hindistonda sanskrit tilini o‘rganadi.
U 22 yoshida vatanini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ldi va bir qancha vaqt Kaspiy dengizining janubi-sharqiy sohilidagi Jurjon shahrida muhojirlikda yashadi. So‘ng qadimgi Ray shahriga bordi, 998 yildan keyin yana Jurjonga keldi va bu yerda o‘zining ikkinchi ustozi tabib, astronom, faylasuf Abu Sahl Iso al-Masihiy bilan tanishib, undan ta’lim oldi. Beruniy “Osor al-boqiya an alqurun al-xoliya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asarini Jurjonda muhojirlik davrida yoza boshlagan va 1000 yilda tamomlagan. “Osor al-boqiya” Beruniyga juda katta shuhrat keltirdi, uni fanning hamma sohasiga qiziquvchi buyuk olim ekanini ko‘rsatdi. Bundan tashqari Beruniy Jurjonda astronomiya, netrologiya tarixiga oid 10 dan ortiq asar yozdi.
Beruniy shoh Mahmud G’aznaviy II ning eng yaqin maslahatchisi sifatida mamlakatning siyosiy ishlarida ham faol qatnashdi.
Xorazmning Mahmud G’aznaviy tomonidan bosib olinishi Beruniy hayotini xavf ostiga qo‘ydi. U Xorazmshoh saroyidagi barcha olimlar bilan birga G’azna shahriga asr qilib olib ketiladi. Beruniyning 1017 – 1048 yillarda G’aznada kechirgan hayoti, bir tomondan nihoyat og‘ir kechgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, uning ilmiy faoliyati uchun eng mahsuldor davr bo‘ldi. Beruniyning “Xorazmning mashhur kishilari” asari ham shu davrda yaratilgan. Uning muhim astronomik-geografik asari “Tahdid nihoyot al-amoniya li tasxidi masofat al-masokin” (“Turar joylar orasidagi masofani tekshirish uchun joylarning oxirgi chegaralarini aniqlash” – “Geodeziya”) 1025 yilda yozib tugatilgan.
Beruniy o‘z asarlari ro‘yxatini tuzgandan keyin yana ikkita muhim kitobini yozgan. Bulardan biri “Mineralogiya”dir. Bu risola o‘z ma’nosi uchun Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq, hatto Ovro‘pada ham mineralogiya sohasida eng yaxshi, tengi yo‘q asar hisoblanadi. Beruniyning oxirgi asari – “Dorivor o‘simliklar haqida kitob”ining qo‘lyozmasi XX asrning 30-yillarida Turkiyada topildi. Asar “Saydona” nomi bilan mashhur, unda Beruniy Sharq, ayniqsa Markaziy Osiyoda o‘sadigan dorivor o‘simliklarning to‘la tavsifini beradi.
Beruniy shogirdi Abu-l Fadl as-Seraxsiy ma’lumoti bo‘yicha 11 dekabr 1048 yilda vafot etgan.
Beruniy so‘nggi avlodlarga katta ilmiy meros qoldirdi. Beruniyning o‘z davri ilm-fanining turli sohalariga oid 160 dan ortiq tarjimalari, turli hajmdagi asarlari, yozishmalari qolganligi bizga ma’lum. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan katta hajmdagi asarlaridan tashqari astronomiya, astrologiya, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, geografiya, arifmetika, tibbiyot, farmakologiya, tarix, filologiya masalalariga oid qator risolalar yaratdi va sanskrit tilidan arabchaga, arab tilidan sanskrit tiliga tarjimalar qildi, badiiy ijod bilan ham shug’ullanib she’rlar yozdi. “Astrologiyaga kirish”, “Astronomiya kaliti”, “Jonni davolovchi quyosh kitobi”, “Ikki xil harakatning zarurligi haqida”, “Ko‘paytirish asoslari”, Ptolemey “Almagesti”ning sanskritchaga tarjimasi, “Foydali savollar va to‘g’ri javoblar”, “Farg’oniy “Elementlar”iga tuzatishlar”, “Turklar tomonidan ehtiyotkorlik”, “ Oq kiyimlilar” haqida ma’lumotlar”, “She’rlar to‘plami”, “Al-Muqanna haqidagi ma’lumotlar tarjimasi”, “Ibn Sino bilan yozishmalar” shular jumlasidandir.
Matn yuzasidan topshiriqlar: Matnni o‘qing. Matnga reja tuzing.