TOSHKENT MOLIYA INSITUTI BUDJET HISOBI VA G’AZNACHILIK FAKULTETI
MUSTAQIL ISH
MOLIYA FANIDAN
FAN O’QITUVCHISI : ORTIQOV U. A
MMT-93k-2 TALABASI : ABDUMALIKOV Z.U MUSTAQIL ISH MAVZUSI :Aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlashda davlat byudjetining rolini oshirish.
So‘nggi yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy himoya sohasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini oshirish va qo‘shimcha resurslarni jalb qilish, ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish va oilalarni og‘ir hayotiy holatlardan olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlarni joriy etish yo‘nalishlarida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan:
kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi joriy qilindi;
kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar soni oxirgi uch yilda to‘rt barobarga oshib, 1,9 millionga yetdi;
kam ta’minlangan oilalardagi bolalarni parvarishlash uchun to‘lanadigan nafaqa qamrovi kengayib, nafaqa tayinlashda inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi, mazkur to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha hamda nafaqa miqdori o‘rtacha 1,5 barobarga oshirildi;
ishsizlik nafaqalarining eng kam miqdorlari 3,2 baravarga oshirildi, aholini bandligini ta’minlashga qaratilgan 20 dan ortiq yangi instrumentlar joriy etildi.
1. O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini rivojlantirish bo‘yicha 2030-yilgacha bo‘lgan davrda ustuvor yo‘nalishlarni va kompleks chora-tadbirlarni belgilab beradi hamda uning “Yo‘l xarita”si amalga oshirilishi natijasida ko‘zda tutilgan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish ta’minlanadi.
2. Strategiya Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki va Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamg‘armasi tomonidan 2020-yilda tayyorlangan “O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini baholash” natijalari va tavsiyalariga asoslanib ishlab chiqildi.
3. Strategiya Xalqaro mehnat tashkilotining ijtimoiy himoyaning minimal darajalari bo‘yicha 202-son tavsiyalariga muvofiq, barcha fuqarolar uchun minimal ijtimoiy himoya darajasini kafolatlaydigan tizimni yaratishni nazarda tutadi.
4. Strategiya quyidagi davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy himoya dasturlarini qamrab olgan:
1) Ijtimoiy yordam dasturlari doirasida:
kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash;
kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasini tayinlash;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga moddiy yordam berish;
yoshga doir nafaqalarni tayinlash;
zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalarni tayinlash;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga parvarishlash nafaqasini tayinlash;
bolalikdan nogironlik nafaqasini (I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga) tayinlash;
nogironligi bo‘lgan bolalar nafaqasini (18 yoshgacha) tayinlash;
o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga hamda hayot uchun xavfli va surunkali rivojlanadigan kam uchraydigan (orfan) kasallikka chalingan bolalarga nafaqa tayinlash;
boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini tayinlash;
bir martalik dafn etish nafaqasi berish;
bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa (suyunchi puli) berish;
uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya pul to‘lovini tayinlash;
Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslarga imtiyozlar berish;
1941 — 1945-yillardagi urush faxriylari, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari uchun qo‘shimcha to‘lovni tayinlash;
1941 — 1945-yillardagi urush faxriylari, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak xaridi uchun kompensatsiya tayinlash;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan pul mukofotini berish;
fuqarolarning ayrim toifalariga shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish bo‘yicha imtiyozlar berish;
davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kam ta’minlangan oila farzandlarini to‘lovdan ozod etish;
kam ta’minlangan oilalar farzandlarini umumiy o‘rta ta’lim maktablarida darsliklar uchun ijara to‘lovlaridan ozod etish;
umumiy o‘rta ta’lim maktablarida kam ta’minlangan oilalarning farzandlari uchun kiyim-bosh berish;
ayrim fanlarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda kam ta’minlangan oilalar o‘quvchilarini ovqatlanish xarajatlaridan ozod etish;
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar hamda “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga yordam va ko‘mak ko‘rsatish;
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash;
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalari bilan ta’minlash;
oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir yetim bola va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun nafaqa to‘lash;
noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollar va ota-onasidan yoki ularning biridan ayrilgan hamda yolg‘iz onasi, yolg‘iz otasi yoki boshqa shaxslar qaramog‘ida bo‘lgan voyaga yetgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash;
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bir martalik moddiy yordam berish;
2) Ijtimoiy ta’minot dasturlari doirasida:
yoshga doir pensiyasini tayinlash;
nogironlik pensiyasini tayinlash;
boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash;
Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan shaxslarga pensiya tayinlash;
homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash;
vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasini tayinlash;
ishsizlik nafaqasi tayinlash;
ishdan bo‘shatish nafaqasi tayinlash;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi oqibatida dafn etish marosimi uchun beriladigan nafaqa, nogironlik pensiyasi hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlash;
3) Ijtimoiy xizmatlar dasturlari doirasida:
“Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi bolalar uylarida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish;
“Saxovat” keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar, “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uylarida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish;
keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar, urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish;
Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan ekspertiza xizmatlarini ko‘rsatish;
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun hududiy reabilitatsiya markazlari tomonidan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish;
Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi tomonidan xizmat ko‘rsatish;
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi va hududiy markazlar tomonidan xizmat ko‘rsatish;
Ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari tomonidan xizmat ko‘rsatish;
voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish xizmatlari;
muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash xizmatlari;
uyda tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga oziq-ovqat mahsulotlari uchun qo‘shimcha to‘lov to‘lash;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni bepul yoki imtiyozli dori-darmonlar bilan ta’minlash;
keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, yakka tartibdagi ijtimoiy xizmatlar dasturini shakllantirish va amalga oshirish;
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga tibbiy, psixologik va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish;
4) Mehnat bozoridagi faol chora-tadbirlar dasturlari doirasida (keyingi o‘rinlarda — MBFCh):
haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil etish;
davlat maqsadli jamg‘armalari (subsidiyalar, grantlar va kredit liniyalari) hisobidan bandlikni rag‘batlantirish va tadbirkorlikka jalb etish;
mahalliy mehnat organlari tomonidan ish qidirayotgan hamda ishsiz shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish;
ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va ish o‘rinlarini zaxiraga qo‘yish;
ish qidirayotgan hamda ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnatga va tahqirlanishga duchor bo‘lgan, mehnat va boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarisiz, mablag‘larsiz qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish hamda ularga moddiy yordam ko‘rsatish;
mehnat migratsiyasida bo‘lgan vaqtda jarohat olishi, baxtsiz hodisaga uchrashi, og‘ir kasallikka chalinishi tufayli tibbiy yordam talab etilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga mehnat migranti mablag‘lari yoki tibbiy sug‘urta hisobidan ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar qiymatini to‘lash imkoni bo‘lmaganda tibbiy xizmat ko‘rsatish;
mehnat migratsiyasida bo‘lgan vaqtida vafot etgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jasadlarini, shuningdek, xorijda mehnat faoliyati vaqtida mayib bo‘lgan yoki og‘ir jarohat olgan fuqarolarni olib kelish xizmatlarini ko‘rsatish;
ilgari uyushgan holda tanlash doirasida xorijga ishga yuborilgan va borgan mamlakatning qonun hujjatlarini buzishi natijasida chiqarib yuborilgan (deportatsiya qilingan) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarish, keyinchalik to‘langan mablag‘larni mazkur shaxslar hisobidan qoplash, shuningdek, xorijiy ish beruvchilar tomonidan ishga joylashtirish bo‘yicha kelishilgan sharoitlar bilan ta’minlanmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarish;
mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ketish oldidan moslashtirish, kasbga tayyorlash, ularni chet tillarga o‘qitish;
mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga ayrim xarajatlari uchun kompensatsiya to‘lash;
rivojlangan davlatlarga uyushgan holda tanlash tartibida mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish xarajatlarini qoplab berish;
fuqarolarni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirishga ko‘maklashish.
2.1. Aholiga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish yo‘nalishidagi maqsadlar.
1-maqsad: Mahalla darajasida ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish. Ushbu yo‘nalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlashda mahalla darajasida ishlarni olib borish mexanizmini yo‘lga qo‘yish, ya’ni oilaning umumiy holatidan kelib chiqib, uni hayotiy qiyin vaziyatdan chiqarish bo‘yicha kompleks yondashuv asosida ijtimoiy yordam va xizmatlarni ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish.
Bunda, oilani kambag‘allik holatidan chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha ijtimoiy yordam va xizmatlar dasturlarini o‘z ichiga olgan individual ijtimoiy himoya rejasini ishlab chiqish orqali oilalar ijtimoiy himoya qilinadi;
b) oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlarini yanada kuchaytirish, bolalarning asossiz ravishda oilalaridan ajralishini bartaraf etish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik.
2-maqsad: Ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatuvchi xodimlar salohiyatini kuchaytirish. Bunda:
a) ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish;
b) tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limlarining faoliyatini rivojlantirish va ularning kadrlar salohiyatini kuchaytirish.
3-maqsad: Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ro‘yxati va standartlarini aniqlash.
Ushbu yo‘nalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) davlat tomonidan kafolatlangan va bepul asosda taqdim etiladigan ijtimoiy xizmatlar ro‘yxatini ishlab chiqish va tasdiqlash (ijtimoiy-tibbiy, ijtimoiy-pedagogik, ijtimoiy-psixologik, ijtimoiy-huquqiy, ijtimoiy-maishiy va ijtimoiy-iqtisodiy xizmatlar).
Bunda, bepul ijtimoiy xizmatlar oluvchi shaxslar kontingenti aniqlanadi;
b) ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar hajmi, sifati va muddatlari, ularni ko‘rsatish uchun zarur mehnat va moliyaviy resurslarni belgilovchi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish standartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.
4-maqsad: Nogironlikni belgilashni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish.
Ushbu yo‘nalishda nogironlikni belgilashning an’anaviy “tibbiy” modelidan zamonaviy “ijtimoiy” modeliga bosqichma-bosqich o‘tiladi.
Nogironlikni belgilashning ijtimoiy modelida asosan shaxsning jamiyat hayotida ishtirok etish masalasi inobatga olinadi.
5-maqsad: Internat shaklidagi muassasalarni noinstitutsionallashtirish.
Ushbu yo‘nalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) og‘ir kasalligi yoki nogironligi bo‘lgan bolalarni va shaxslarni doimiy parvarish qiluvchilarning dam olishi uchun shart-sharoit yaratish va ularning dam olish vaqtida parvarishga muhtoj bo‘lganlarga vaqtinchalik tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish;
b) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyaga olish, xususan oilalarga tarbiyaga olish, ularni vaqtinchalik parvarish qilish xizmatlarini keng joriy etish;
v) ijtimoiy xizmatlarni ustuvor tarzda institutsional taqdim etishdan bosqichma-bosqich voz kechish maqsadida oilaga tarbiyaga olishni (patronat) professionallashtirish va litsenziyalash, patronat ostidagi bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini monitoring qilish.
2.2. Mehnatga layoqatli aholini ijtimoiy ta’minot bilan qamrab olish yo‘nalishidagi maqsadlar.
6-maqsad: Ijtimoiy sug‘urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, hamda uni xalqaro standartlarga asosan rivojlantirish.
Ushbu yo‘nalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini tashkil etish;
b) sug‘urta to‘lovlarini moliyalashtirish manbalarini aniqlash;
v) homiladorlik va tug‘ish, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, ish beruvchi yuridik shaxs tugatilganda va tugatilayotgan korxonaning to‘lovlar uchun mablag‘lari mavjud bo‘lmagan hollarda ishdan bo‘shatish nafaqalari, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar oqibatidagi sug‘urta to‘lovlarini ijtimoiy sug‘urta tizimi orqali amalga oshirish choralarini ko‘rish;
g) Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta’minlash;
d) rasmiy sektorda mehnat faoliyatini yurituvchi shaxslarni ijtimoiy sug‘urta vositalari bilan qo‘shimcha ijtimoiy himoya qilish darajasini ta’minlash orqali norasmiy sektorda mehnat faoliyatini yurituvchi shaxslarning rasmiy sektorga o‘tishini rag‘batlantirish;
e) milliy qonunchilikni Xalqaro mehnat tashkilotining 1952-yildagi “Ijtimoiy ta’minotning minimal me’yorlari to‘g‘risida”gi 102-sonli Konvensiyasiga muvofiqlashtirish.
7-maqsad: Onalikning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish.
Ushbu yo‘nalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lovlarini ijtimoiy sug‘urta tizimi orqali amalga oshirish;
b) milliy qonunchilikni Xalqaro mehnat tashkilotining “Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi 183-sonli Konvensiyasiga muvofiqlashtirish.
2.3. Davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam dasturlarini mustahkamlash yo‘nalishidagi maqsadlar.
8-maqsad: Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordamning aholining ehtiyojmand qatlamlariga manzilli yetkazib berilishini ta’minlash, kambag‘al oilalarning qashshoqlikka tushishiga yo‘l qo‘ymaslik, oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish.
Ijtimoiy yordamdan oilani kambag‘allik holatidan chiqarishga qaratilgan vosita sifatida foydalanish maqsadida davlat tomonidan berilayotgan kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalarini ijtimoiy shartnoma tuzish orqali taqdim etish tizimini yo‘lga qo‘yish. Ijtimoiy shartnoma tuzishda mablag‘larni inson kapitalini rivojlantirishga yo‘naltirish maqsadida bolalarni maktab, maktabgacha ta’lim va boshqa ta’lim muassasalariga qatnashi kabi shartlarni ishlab chiqish.
Shuningdek, ijtimoiy yordam dasturlarini ijtimoiy shartnoma orqali bandlikka ko‘maklashish dasturlari bilan bog‘lash va kam ta’minlangan oilalarning ishsiz a’zolarini ish bilan ta’minlash hamda kelgusida ijtimoiy shartnoma shartlarini kengaytirish.
9-maqsad: Ijtimoiy yordam tayinlash tartibini soddalashtirish va mezonlarini doimiy ravishda takomillashtirib borish.
Ushbu yo‘nalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordamning manzilliligini oshirish, ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni baholash mezonlari hamda oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan daromadni hisoblash usulini doimiy ravishda takomillashtirib borish va soddalashtirish, oilaning kam ta’minlanganligini aniqlash uchun kambag‘allik chegarasini qo‘llash;
b) minimal iste’mol xarajatlari qiymatini inflatsiya darajasidan kelib chiqib indeksatsiya qilib borish, aholi daromadlari va xarajatlarining o‘zgarishini inobatga olgan holda kamida har besh yilda uning qiymatini qayta ko‘rib chiqish va ushbu miqdordan kelib chiqib, ijtimoiy nafaqalarni va eng kam pensiya miqdorlarini belgilash tizimini qo‘llash;
v) doimiy parvarishga muhtoj nogironligi bo‘lgan bolalar parvarishi bilan band bo‘lgan oila a’zolarini minimal daromad manbai bilan ta’minlab borish.
2.4. Aholining zaif qatlamlari mehnat bozoridagi faol chora-tadbirlardan foydalanishini kengaytirish yo‘nalishidagi maqsadlar.
10-maqsad: Ishsiz shaxslarni qo‘llab-quvvatlashni inson kapitaliga investitsiyalar orqali amalga oshirish.
Ushbu yo‘nalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish va bandlikka ko‘maklashish dasturlariga ajratilgan resurslarni inson kapitalini rivojlantirishga, ya’ni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish va tadbirkorlikka jalb qilish kabi dasturlarga yo‘naltirish, shu bilan birga jamoat ishlariga jalb qilingan band bo‘lmagan aholi ulushini kamaytirish;
b) kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirishda eng kam xarajat talabi bilan, band bo‘lmagan shaxsning doimiy bandligini ta’minlashda eng yaxshi natijalarni ko‘rsatuvchi mutaxassislik dasturlarini tanlab olish;
v) kasb-hunarga o‘qitish va texnik ta’lim berish sohasiga xususiy sektorni jalb qilish.
11-maqsad: MBFCh dasturlarining samaradorligini oshirish.
Ushbu yo‘nalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) resurslarni, shu jumladan, budjet mablag‘lari maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlash maqsadida MBFCh natijalarini muntazam monitoring qilish.
Bunda, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda mehnat organlari tomonidan ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish, bandligiga ko‘maklashish kabi xizmatlarini ijtimoiy shartnoma tuzish orqali ko‘rsatish amaliyoti respublikaning barcha hududlarida joriy etiladi. Ushbu tizim davlat mablag‘lari maqsadli va samarali ishlatilishini ta’minlaydi hamda dasturlarning band bo‘lmagan aholini doimiy daromad manbai bilan ta’minlashini nazorat qiladi;
b) aholi bandligiga ko‘maklashish dasturlarini “mahallabay” tamoyili asosida hokim yordamchilari instituti orqali amalga oshirish.
Bunda, mavjud MBFChni o‘rganish va baholash, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari, jumladan ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning MBFChdan foydalanishida mavjud to‘sqinliklar bartaraf etiladi.
v) jamoat ishlarini va boshqa bandlikka ko‘maklashish dasturlarini kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, doimiy parvarish bilan band bo‘lgan ayollar va boshqa ehtiyojmand, aholining zaif qatlamlarining ehtiyojlarini qondirishga moslashtirish orqali mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarning bandlik darajasini oshirish;
g) aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun tadbirkorlik faoliyatini yuritishga qulay sharoitlar yaratish maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga imkoniyati cheklangan tadbirkorlar, shuningdek, kam ta’minlangan yoshlar va ayollarning startap dasturlarini qo‘llab-quvvatlash platformasini rivojlantirish.
12-maqsad: MBFCh dasturlarini monitoring qilish tizimini yo‘lga qo‘yish.
Ushbu dastur doirasida bandlikka ko‘maklashish xizmatlarini ko‘rsatishda band bo‘lmagan aholi bilan mahalliy mehnat organlari o‘rtasida ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi va bu borada taraflarning ijtimoiy mas’uliyatini belgilovchi ijtimoiy shartnoma tuzish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.
13-maqsad: Aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlariga mas’ul bo‘lgan organlari faoliyatining o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash.
Bunda, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi vazifa va funksiyalari bosqichma-bosqich kengaytirib boriladi hamda davlat ijtimoiy yordam va xizmatlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi organ sifatida faoliyati takomillashtiriladi.
14-maqsad: Aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini yaratish.
Bunda, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi aholining barcha kam ta’minlangan va ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasiga aylantiriladi.
15-maqsad: Ijtimoiy himoya sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va yuritishga mas’ul bo‘lgan vakolatli organni belgilash.
Kelgusida, davlatning aholini ijtimoiy himoya qilishga oid vazifa va funksiyalarini yagona tizim doirasida muvofiqlashtiruvchi davlat organini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Bunda, ushbu organning quyidagi vazifalari nazarda tutiladi:
a) “Temir daftar” ro‘yxatini yuritish hamda unga kiritiladigan ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir oilalar bilan ishlash;
b) ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga, shu jumladan ayollar va yoshlarga moddiy ko‘maklashish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquqiy, uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish;
v) keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy-maishiy xizmatlar ko‘rsatish.
3.2. Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasini moliyalashtirish.
16-maqsad: Ijtimoiy himoya sohasini moliyalashtirishni takomillashtirish.
Ushbu yo‘nalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) o‘rta muddatli istiqbolga maqsadli mo‘ljallarni asosiy moliyaviy hujjatlar va jarayonlarga kiritish, shuningdek, natijaga yo‘naltirilgan budjet tizimi tamoyilini ijtimoiy himoya sohasi budjetini shakllantirishda qo‘llash;
b) ijtimoiy sug‘urta tizimi moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasining daromadlari manbalarini aniqlash;
v) ijtimoiy himoya sohasiga qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish, shu jumladan yangi loyihalarni xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda grantlar asosida tashkil etish;
g) davlat tomonidan taqdim etiladigan ijtimoiy yordam va xizmatlar bo‘yicha davlat ijtimoiy himoyasiga yo‘naltirilgan jami mablag‘larni Davlat budjetida alohida xarajatlar bo‘limi sifatida aks ettirish;
d) natijaga yo‘naltirilgan budjet tizimini ijtimoiy himoya sohasi budjetini shakllantirishda qo‘llash.