Mudofaa to'g'risida



Yüklə 0,83 Mb.
səhifə1/2
tarix19.12.2023
ölçüsü0,83 Mb.
#185414
  1   2
Mudofaa to\'g\'risidagi qonunning umumiy qoidalari


"Mudofaa to'g'risida"gi qonunning umumiy qoidalari


Reja:
Kirish

  1. Mudofaa va davlatning harbiy faoliyatini tashkil etish

  2. Konstitutsiya harbiy huquqning eng muhim manbasi

  3. Harbiy xavfsizlik huquqiy asoslarini rivojlantirish

Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar


Kirish
Harbiy xavfsizlik sohasi ijtimoiy munosabatlarning bir xildagi turini tashkil etadi, uni huquqiy jihatdan tartibga solish bir xildagi huquqiy normalarning alohida majmuasiga tayangan holda amalga oshiriladi. Harbiy huquq tarmog’ining o’zi majmuaviy xususiyatga ega bo’lib, bu sohadagi bir qator munosabatlar huquqning boshqa tarmoqlari, masalan, ma’muriy, moliyaviy, erga oid, jinoyat to’g’risidagi va shu kabi huquqiy normalar vositasida tartibga solinadi.
Mudofaa va davlatning harbiy faoliyatini tashkil etish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarning tartibga olinishi bilan harbiy huquq boshqa tarmoqlardan farqlanadi. Bu munosabatlar qamrov doirasi bo’yicha bo’linadi. Avvalo, ular qurilish, boshqaruv, ta’minot, Qurolli Kuchlarni, boshqa qo’shinlarni, harbiy bo’linmalar va organlarni hozirlash va mamlakat mudofaasi maqsadlarida qo’llanish jarayonida yuzaga keladigan munosabatlardir. O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining umumiy harbiy majburiyatni ijro etishi va harbiy xizmatni o’tashi bilan bog’liq munosabatlar alohida guruhni tashkil etadi. Harbiy intizomni saqlash, huquq-tartibotni, harbiy adliya organlari faoliyatini yo’lga qo’yishda yuzaga keluvchi munosabatlar boshqa bir guruhni tashkil etadi. Xalqaro huquqning harbiy hamkorlik masalalari, harbiy harakatlar olib borish bilan, shuningdek, gumanitar huquqning normalarini buzganlik uchun javobgarlik bilan bog’liq normalari yordamida boshqariladigan munosabatlar keyingi guruhga kiradi.
O’zbekiston Respublikasining harbiy huquq manbaalari orasida Konstitutsiya alohida o’rin tutadi. Unda harbiy sohani tartibga soluvchi yo’nalishlarning normalari aks ettirilgan. Bu faqatgina 125, 126-moddalardagina emas, balki 52, 57, 93-moddalarda ham o’z aksini topgan. Bu normalarning barchasi mudofaani tashkil qilishga yo’naltirilgan bo’lib, u O’zbekiston Respublikasini bevosita qurolli himoya qilishga va qurolli himoya qilishga qaratilgan tadbirlardan iboratdir.
O’zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari mudofaa maqsadlarida tashkil qilinadi.
O’zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari urushlar va qurolli mojarolarni qaytarish hamda oldini olish O’zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini, suvereniteti, hududiy yaxlitligini hamda aholining tinch hayotini himoya qilish uchun davlat tomonidan tashkil etilgan va saqlab turilgan harbiy birlashmalar, qo’shilmalar va qismlarni, shuningdek boshqa harbiy tuzilmalarni o’z ichiga oladi.
Konstitutsiyaning 125 va 126-moddalariga asosan O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O’zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi. Qurolli Kuchlarning tuzilishi va ularni tashkil etish qonun ("O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari to’g’risida"gi qonun O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qonunchilik faoliyati rejasiga kiritilgan va u ishlab chiqilish jarayonida turibdi) bilan belgilanadi. O’zbekiston Respublikasi o’z xavfsizligini ta’minlash uchun etarli darajada Qurolli Kuchlariga ega. Konstitutsiyaning 93-moddasi 20-bandiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Prezidenti O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh Qo’mondoni hisoblanadi, Qurolli Kuchlarning oliy qo’mondonlarini tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, oliy harbiy unvonlar beradi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 2-bandiga muvofiq Prezident O’zbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etish, milliy davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni ko’radi.
Qurolli Kuchlarni tashkil etish harbiy tadbirlardan biri bo’lib, fuqarolarning harbiy xizmatga bo’lgan munosabatini aniqlash printsipi ham shular jumlasiga kiradi. Konstitutsiyaning 52-moddasiga muvofiq O’zbekiston Respublikasini himoya qilish O’zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o’tashga majburdirlar.
Konstitutsiya mudofaani tashkil etishda harbiy tadbirlardan tashqari siyosiy tadbirlarni ham nazarda tutadi. Siyosiy tadbirlarga urush holatini e’lon qilish , harbiy holatni joriy etish, xavfsizlikni kafolatlash va boshqalar, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 18-bandiga muvofiq O’zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug’ilganda urush holati e’lon qilish va qabul qilgan qarorni uch kun ichida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tasdig’iga kiritish ham Respublika Prezidenti vakolatiga kirishi belgilab berilgan.
Siyosiy tadbirlar jumlasiga qurollangan guruhlar, uyushmalar, urushni targ’ib etuvchi birlashmalarni man qilish ham kiradi.
Shunday qilib, Konstitutsiya harbiy huquqning eng muhim manbasi hisoblanadi. Harbiy huquqning boshqa manbaalari qatoriga “Mudofaa to’g’risida”gi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risida”gi, “O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to’g’risida”gi, “Fuqaro muhofazasi to’g’risida”gi, “Terrorizmga qarshi kurash to’g’risida”gi, “O’zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to’g’risida”gi va boshqa qonunlar, Umumiy qo’shin nizomlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va hukumat qarorlari, jumladan, O’zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik kontseptsiyasi (mazkur Kontseptsiya asosida Mudofaa doktrinasi ishlab chiqildi) va shu kabi hujjatlar kiradi.
Shuningdek, harbiy huquqning maxsus manbalari ham bo’lib, ular jumlasiga harbiy boshqaruvning normativ-huquqiy hujjatlarini, chunonchi - buyruqlar, qoidalar, yo’riqnomalar va boshqalarni kiritish mumkin. Ular qonunosti va farmoyish tusidagi hujjatlardir.
Mamlakatimizda mudofaaning huquqiy asoslarini rivojlantirish uch bosqichda o’tdi. Birinchi bosqichda "Mudofaa to’g’risida”gi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risida”gi, “Muqobil xizmat to’g’risida”gi (1992 yil 3 iyul) qonunlar qabul qilindi. Ulardan oldinroq "Respublika yoshlarini harbiy xizmatga chaqirish va harbiy xizmatni o’tashni takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” (04.09.1990 y. N PF-52), "O’zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tashkil etish to’g’risida” (06.09.1991 y. N PF-243) Prezident farmonlari e’lon qilingan edi. Shuningdek, Prezidentimizning "SSSR Ichki ishlar vazirligining ichki qo’shinlari va o’quv yurtlari to’g’risida” (10.01.1992 y. N PF-318), "Harbiy va maxsus unvonlarni berish tartibi to’g’risida" (19.02.1992 y. N PF-345), "O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy-o’quv yurtlari to’g’risida” (20.02.1992 y. N PF-347), "O’zbekiston Respublikasining hududida joylashgan chegara qo’shinlarining bo’linmalari to’g’risida" (24.03.1992 y. N PF-365), "O’zbekiston Respublikasi hududida joylashtirilgan havo-desanti qo’shinlari, harbiy-transport aviatsiyasi, razvedka qismlari va ta’minot qismlari to’g’risida” (18.05.1992 y., N PF-434), “O’zbekiston Respublikasi hududidagi kimyoviy qo’shinlar harbiy qismlari to’g’risida” (13.11.1992 y., N PF-496), “O’zbekiston Respublikasi davlat chegaralarini qo’riqlashni yanada mustahkamlash to’g’risida”gi (26.04.1993 y., N PF-600) farmonlari va boshqa hujjatlar ham shular jumlasidandir.
Bu davrda mamlakatimiz harbiy tizimi murakkab bir holatda edi. Aslini olganda, milliy Qurolli Kuchlarni qayta tashkil etish, milliy harbiy doktrinani shakllantirish va umuman harbiy qurilish zamirida nima yotsa, ularning barchasini qaytadan qurishga to’g’ri kelardi.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab tezkor, yaxshi tayyorgarlikdan o’tgan va zamonaviy qurollangan armiyani tashkil etish harbiy qurilishning bosh yo’nalishiga aylandi.
O’zbekiston o’z mustaqilligini e’lon qilarkan, o’zining tinchliksevar davlat ekanligini baralla oshkor etdi hamda o’zining mudofaa siyosati batamom tinch-totuv yashash, boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ularning suvereniteti va mustaqilligini hurmatlash, shuningdek, mavjud davlatlaro chegaralarning daxlsizligi va o’zgarmasligi printsiplariga asoslanishini ma’lum qildi. Davlatimizning asosiy sa’y harakati barcha davlatlar bilan ikki va ko’p tomonlama aloqalar o’rnatish va rivojlantirishga, yalpi tinchlikka, hamma erda ijtimoiy-siyosiy barqarorlik o’rnatilishiga erishishga va harbiylashtirishga barham berishga qaratildi. Shu bilan birga, mamlakatimiz o’z fuqarolarining hayotini va qadr-qimmatini himoya qilishga bo’lgan ajralmas huquq BMTning Ustaviga muvofiq amalga oshirilishini ta’minlash vazifasini o’z zimmasiga oldi.
Davlatning mudofaa qudrati asosida mamlakat iqtisodiy salohiyatini mustahkamlab borish maqsadi yotadi. 90-yillarning o’rtalarida O’zbekistonda qo’shinlarning ustuvor turlari uchun yuqori malakali ofitserlarni tayyorlash maqsadiga xizmat qiladigan bir qator harbiy o’quv yurtlari tashkil etildi. To’rtta harbiy bilim yurti, shu jumladan, uchuvchilar bilim yurtidan tashqari 1993 yilda Toshkent aloqa elektrotexnika instituti (hozirgi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti) huzurida aloqa xizmati mutaxassislarini tayyorlaydigan harbiy fakultet ochildi. 1994 yilda Qurolli Kuchlar Akademiyasi tashkil etilib, bu erda oliy harbiy malakali ofitser kadrlar tayyorlashga kirishildi. Shuningdek, armiyaning texnik jihozlanishini mustahkamlash chora-tadbirlari ko’rildi.
Harbiy xavfsizlik huquqiy asoslarini rivojlantirishning ikkinchi bosqichi harbiy infratuzilmaning rivojlantirilishi va harbiy qurilishning huquqiy bazasining yanada mustahkamlanishi, harbiy sohada xalqaro hamkorlikning kengaytirilishi bilan tavsiflanadi. Mazkur bosqich O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Milliy xavfsizlik Kengashining tuzilganligidan boshlandi. (Bu Kengash O’zbekiston Reaspublikasi Prezidentining 01.05.1995 yilda e’lon qilingan PF-1149-sonli “O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik Kengashi to’g’risida”gi Farmoniga binoan tashkil topdi). Masalan, 1995 yilning 30 avgustida Harbiy doktrina qabul qilinib, unda davlatlararo harbiy mojaro va ziddiyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etishda faol qatnashish belgilangan bo’lib, bunda qarama-qarshiliklarning keskinlashuvi sabablarini diplomatik yo’l bilan hal etishga urg’u berildi.
Davlat mudofaasi va xavfsizligini ta’minlashda Harbiy doktrina katta ahamiyatga ega.
U rasmiy qoidalar majmuasidan iborat bo’lib, harbiy xavfsizlikning siyosiy, strategik va iqtisodiy asoslarini belgilaydi, umumiy qoidalarni, siyosiy va harbiy-tashkiliy jihatlarni qamrab oladi.
Uning siyosiy qismida respublikaning urushga munosabati, O’zbekiston Respublikasining urush chiqishini bartaraf etish sohasidagi xalqaro faoliyatining asosiy vazifalari, yo’nalishlari va mezonlari tushuntirib beriladi.
Harbiy doktrinaning harbiy-siyosiy qismida Markaziy Osiyo mintaqasining harbiy-strategik xususiyatlari bayon etiladi, harbiy xavf-xatarning potentsial manbalari aniqlab beriladi. Hozirgi zamon urushlarining strategik xususiyati va oqibatlariga baho berilishi asosida doktrinada bosh harbiy-strategik vazifalar, Qurolli Kuchlarning qurilishi va ularni strategik qo’llash printsiplari, shuningdek, ulardan foydalanish shartlari tilga olinadi, respublika iqtisodiyotini, hududini va aholisini mudofaaga tayyorlash masalalari ham o’z ifodasini topadi.
Harbiy doktrina O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va respublikaning harbiy xavfsizligiga tajovuzlarga qarshi harakatlarni tashkil etishda, mamlakatni mudofaaga tayyorlash borasidagi davlat faoliyatini, O’zbekiston Respublikasining hayotiy muhim manfaatlarini himoya qilish uchun Qurolli Kuchlarni qo’llashni tartibga soluvchi qonunlarga asoslanar ekan, BMT Ustavidan, Xelsinkida imzolangan Yakunlovchi aktdan, Stokgolm konferentsiyasi hujjatidan, shuningdek, ikkitomonlama va ko’ptomonlama shartnomalar hamda bitimlardan, xalqaro huquqiy hujjatlarning umume’tirof etilgan normalaridan kelib chiquvchi barcha xalqaro majburiyatlarga qat’iy rioya etilishini kafolatlaydi, tashqi harbiy tahdidning oldini olish va ularga qarshi kurashish bo’yicha ikkitomonlama va ko’ptomonlama munosabatlarni yo’lga qo’yish zarur ekanligini qayd etib o’tadi.
Mudofaa va xavfsizlik sohasidagi tashqi siyosat Qo’shilmaslik harakati printsiplariga ham tayanadi. Bu printsiplar milliy qonunchiligimizda ham o’z ifodasini topgan (1996 yil 26 dekabrda qabul qilingan "O’zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy printsiplari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasi, 2001 yil 11 mayda yangi tahrirda qabul qilingan “Mudofaa to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasi). Mazkur printsip mantiqan kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik printsipidan kelib chiqadi hamda umuman olganda Konstitutsiyaning ruhiga, uning tinchliksevar mohiyatiga va mafkuralashtirishdan xoli yo’nalishiga muvofiq keladi.
Milliy xavfsizlik manfaatlari xalqaro hamkorlikning ittifoqlar, hamdo’stliklar va boshqa davlatlararo tuzilmalar shaklidagi asosiy yo’nalishini belgilab beradi.
Milliy xavfsizlikni ta’minlash manfaatlarini ko’zlab, O’zbekiston Respublikasining NATO bilan hamkorligi rivojlanib bormoqda, bu ish 1994 yildan beri "Tinchlik yo’lida sheriklik” dasturida ishtirok etish orqali ta’minlanmoqda. Mazkur dastur NATO a’zolari bo’lmagan mamlakatlar uchun yaratilgan. Ushbu sheriklik nafaqat harbiy vazifalarni (bularga quyidagi vazifalar kiradi: milliy mudofaani rejalashtirishda va harbiy byudjetni shakllantirishda ko’proq ochiq-oshkoralikka erishish; Qurolli Kuchlar ustidan demokratik nazoratni mustahkamlash; milliy salohiyatni qo’llab-quvvatlash va tinchlik o’rnatish operatsiyalariga hissa qo’shishga shaylik; Shimoliy Atlantika Ittifoqi bilan birgalikdagi harbiy tayyorgarlik va mashqlarni rejalashtirish hamda o’tkazish bo’yicha hamkorlikni rivojlantirish; sherik-davlatlar armiyalari, shuningdek, NATO mamlakatlari Qurolli Kuchlari bilan hamkorlikni rivojlantirish), balki noharbiy ruhdagi favqulodda vaziyatlar sharoitida harakatlarni rejalashtirish sohasida, ilmiy va iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishda hamkorlikni ta’minlash; sherik davlatlar o’rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishda yordam ko’rsatish vazifalarini ham qamrab oladi.
O’zbekiston 1995 yildan boshlab Evropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (EXHT)ning Vena hujjatini harbiy sohadagi ishonch mezonlari bo’yicha ham amalga oshirishda qatnashib kelmoqda, EXHT Kotibiyatiga o’z harbiy kuchlari va mudofaa sohasidagi rejalari to’g’risida axborot yo’llab turibdi.
Shu asnoda respublikaning chet el mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar bilan samarali harbiy-siyosiy va harbiy-texnikaviy hamkorligi jarayonlari kuchaydi.
Harbiy qonunchilikni rivojlantirish siyosati o’zida O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari, boshqa qo’shinlar, harbiy tuzilmalar va organlari tizimining qurilishi jarayonini aks ettiradi. Bu 1996 yil 26 dekabrda qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy printsiplari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni va birinchi chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining to’qqizinchi sessiyasida 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik kontseptsiyasi, mamlakat Prezidentining “O’zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini tashkil etish to’g’risida”gi (04.03.1996 y. N PF-1378), "O’zbekiston Respublikasi umumqo’shinlar Nizomini tasdiqlash to’g’risida”gi (09.10.1996 y. N PF-1571), "O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining intizom qismi haqidagi Nizomni tasdiqlash to’g’risida"gi (09.10.1996 y. N PF-1572), "O’zbekiston Respublikasi harbiy qismlarida intizomni mustahkamlashga doir chora-tadbirlar to’g’risida”gi (23.02.1998 y., N PF-1932) Farmonlarida o’z ifodasini topdi.
Harbiy qonunchilik taraqqiyotining uchinchi bosqichi 1999 yilda sodir bo’lgan voqealar bilan bog’liq harbiy islohotdan boshlandi. Bu islohotning mohiyati harbiy qurilish muammolarini hal etishga yangicha yondoshuvlar va mamlakat Qurolli Kuchlarini sifatli modernizatsiya etishdan iborat.
Harbiy islohotning asosiy qoidalari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning Oliy Majlis sessiyalarida qilgan qator ma’ruzalarida chuqur ochib berildi va milliy armiyaning tuzilishini o’zgartirishni taklif etdi. Eng avvalo gap kontrakt asosida harbiy xizmat qilishga o’tish orqali armiyani qisqartirish xususida bordi. Markaziy Osiyo sharoitida samarali jangovar harakatlar olib borishga qodir professional armiyaga asos bo’lib qolishi haqida so’z yuritildi.
O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari jangovar tayyorgarligini ta’minlashning ustuvor vazifalari orasida qo’shinlarni tayyorlashda milliy g’oya, milliy mustaqillik mafkurasiga tayangan holda tarbiyaviy ishlarni tashkil etishning butun tizimini qayta tuzishga kirishilganligini alohida ta’kidlash zarur.
Mamlakat Prezidenti tashabbusi bilan Qurolli Kuchlarning rezervchilari instituti tarkib topganligi muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Rezerv safini to’ldirishning maqsadi, vazifalari, printsiplari va urush vaqtida rezervdan foydalanishning mexanizmi belgilab qo’yildi.
Mintaqamizdagi va mamlakatimiz chegaralari yaqinidagi murakkab harbiy-siyosiy vaziyat, butun jahonda ekstremistik kuchlar kuchayganligi Prezidentning 2000 yil 7 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan yangi Mudofaa doktrinasini ishlab chiqish zaruriyatini yuzaga keltirdi, unga muvofiq mamlakat Qurolli Kuchlari o’zida Mudofaa vazirligi bo’linmalari, Chegara qo’shinlari, Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy xavfsizlik xizmatining maxsus bo’linmalari va boshqa idoralarning harbiy tuzilmalarini birlashtirdi.
Mudofaa va harbiy qurilish sohasida yagona davlat siyosatini o’tkazish hamda rivojlangan demokratik davlatlar tajribasini chuqur o’rganish asosida Qurolli Kuchlar ustidan samarali fuqarolik nazoratini o’rnatish maqsadida Mudofaa vazirligi hamda respublikaning mudofaa va xavfsizlikni ta’minlovchi boshqa tuzilmalari oldida turgan vazifalar qayta ko’rib chiqildi. O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri etib harbiy bo’lmagan shaxs tayinlandi.
Qurolli Kuchlarning Birlashgan shtabi tashkil etildi va u O’zbekiston Respublikasining suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini qurolli himoya qilish bo’yicha qarorlarni ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi yagona qo’mondonlik organiga aylandi.
Kompyuter texnologiyalaridan, modellashtirish, chalg’itish uslublaridan va boshqa zamonaviy ta’lim shakllaridan foydalaniladigan, harbiy xizmatchilarni tayyorlashning mutlaqo yangi shakllari hisoblanadigan serjantlar maktablari va tayyorlov markazlari joriy etildi.
O’zbekiston harbiy xavfsizligini ta’minlashning huquqiy asoslari ham shularga muvofiq ravishda rivoj topib, endilikda qonun hujjatlarining butun bir majmuini tashkil etadi.
1999 yildan boshlab “O’zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to’g’risida” (1999 yil 20 avgust), “Fuqaro muhofazasi to’g’risida” (2000 yil 26 may), “Terrorizmga qarshi kurash to’g’risida” (2000 yil 15 dekabr), yangi tahrirdagi "Mudofaa to’g’risida” (2000 yil 11 may), “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risida” (2002 yil 12 dekabr) va “O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to’g’risida” (2003 yil 25 aprel) kabi qonunlar qabul qilindi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasini tashkil etish to’g’risida” (30.03.1999 y. N PF-2277), “O’zbekiston Respublikasi Harbiy sudini tashkil etish to’g’risida” (23.09.1999 y. N PF-2421) va boshqa Farmonlari ham e’lon qilindi.
Qonunchilik - jamiyatning huquq va ehtiyojlariga monand holda tinimsiz rivojlanib boradigan jonli organizmdir. Shunga muvofiq ravishda harbiy huquqni tegishli fan tarmog’i sifatida rivojlantirib borish zarur. Harbiy qonunchilik tizimida ro’y berayotgan o’zgarishlar normativ-huquqiy boshqaruvning mazkur sohadagi tartibotlarini chuqur tadqiq qilish natijalariga asoslanishi kerak. Bundan tashqari, milliy xavfsizlik huquqi tizimini, uning tuzilmalari va tarkibini talqin va bayon etishda yangicha yondoshuvlarga ehtiyoj sezilmoqda. Bu vazifaning talab darajasida hal etilishi qonunchilikdan barchaning foydalanish erkinligini ta’minlash va qonunlardagi takroriylikning oldini olish imkonini beradi, milliy xavfsizlikni ta’minlash sohasida yuzaga keladigan munosabatlarni boshqarish tizimiga taalluqli normalarning o’zaro uyg’un bo’lishi va to’g’ri qo’llanishiga olib keladi.

Yüklə 0,83 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin