Muqimiyning ilmiy falsafiy merosi. Reja: Annotatsiya.
Kirish
Muqimiy hayoti va faoliyati.
Muqimiyning ilmiy falsafiy merosi.
Xulosa.
Foydalanilgan adabiyotlar.
Annotatsiya. Muqimiy ijodini o’rganish uning hayotlik chog’idan boshlangan. She’rlariga bildirilgan turli-tuman munosabatlar haqidagi bahslar, maqolalar bunga dalil bo’ladi. Shoir vafotidan to’rt yil keyin uning devoni “Devoni Muqimiy” nomi bilan ilk bor 1907-yilda Muqimiy Nikolay Ostroumov tomonidan nashr etilgan1 . Unda shoirning she’riy asarlari bilan birga tarjimayi holi va ijodi haqida qisqacha ma’lumot ham berilgan.1910-yili Portsev litografiyasida “Devoni Muqimiy maa hajviyot” nomi bilan shoir asarlarining ikkinchi nashri amalga oshirildi. Gazeta va jurnallarda qator maqolalar e’lon qilindi. Bu xayrli ishning boshida buyuk shoir G’afur G’ulom turdi. Uning tashabbusi bilan 1938-yil “Muqimiy bayozi” tuzilib nashr etildi. ”Bayoz”da shoirning 800 misradan iborat 27 ta she’ri berilgan bo’lib, ular janr xususiyatiga qarab joylashtirilgan (Satira-yumor, lirika) va ularga zaruriy izohlar, lug’atlar berilgan.1950-yil shoir asarlari “Lirika i satira” nomi bilan Moskvada rus tilida bosildi.1953 yil Muqimiy vafotining 50 yilligi munosabati bilan u haqda bir qator tadqiqotlar yaratilib, Muqimiyshunoslikka asos solindi. H.Yoqubovning “O’zbek shoiri Muqimiy’, A.Olimjonovning “Muhammad Amin Muqimiy”, H. Zaripovning “ Muhammad Amin Muqimiy”, H.Razzoqovning “ Muqimiy va Zavqiy” nomli kitoblari hamda “ Furqat va Muqimiy”nomli maqolalar to’plami nashr etilgan. Ushbu maqolada mustaqillikkacha bo’lgan davrdagi adabiyot darsliklarida Muqimiy hayoti va faoliyatining o’rganilishi yoritilgan.
KIRISH. Mustaqillik yillarida jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida bo’lganidek, ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy yo’nalishlarda ham milliy o’zligimizni anglash, davlatchiligimiz tarixining noma’lum sahifalarini, milliy adabiyotimiz tarixini qaytadan o’rganish, asossiz ravishda unutilgan ijodkorlar hamda tafakkurimizning boy ilmiy ijodiy merosini yoritish bilan bog’liq izlanishlarga keng yo’l ochildi. Ta’kidlash joizki, o’zbek xalqining adabiy-tarixiy merosida mumtoz adabiy asarlar salmoqli o’rin egallaydi. Ana shunday asarlarni, merosimizni haqqoniy o’rganish, ularni ilmiy tahlil qilish bugungi kunimizning dolzarb vazifalaridan biridir. XIX-XX asr o’zbek milliy madaniyati markazlaridan biri, shubhasiz, Qo’qon shahri edi. Bu yerda XVIII – XIX asrning birinchi yarmida ilm- ma’rifat olamida nomi dunyoga mashhur bo’lgan ulug’ va mutafakkir shoirlar yetishib chiqadi. Xususan, XIX asrda Qo’qon xoni Umarxon (1810-1822) va uning umr yo’ldoshi shoira Nodiraning sa’y- harakati tufayli Qo’qon shahrida ilm-ma’rifat adabiy muhiti paydo bo’ladi. Ushbu adabiy muhit yetishtirib bergan ijod ahli taraqqiyotimizning turli davrlarida adabiy harakatning faol ishtirokchilari bo’lishgan.
Ularning asarlari xalqimizning o’lmas ma’naviy mulkiga aylangan. XX asr adabiyotshunosligida mumtoz adabiyot tarixi, xususan, uning ijodkorlariga biryoqlama baho berilgan. Turli xil sabablar bilan ba’zi adabiy asarlar o’rganilmagan. Shundan kelib chiqib o’zbek adabiyoti tarixiga nazar tashlasak, Sovet davri tarixshunosligi iloji boricha XIII-XIX asrlarda o’zbek xalqining fan va madaniyat sohalaridagi tarixini bo’yab ko’rsatishga intilgan. O’sha davrda shoir va yozuvchilarni saroy atrofiga to’plangan mansabparast, xushomadgo’ylar sifatida ta’riflangan.
Qo’qon adabiy muhiti vakillarining ijodi sovet davri adabiyotshunosligida o’rganilar ekan, ularning faoliyatiga biryoqlama munosabatda bo’lgan. Xususan, Adoni feodal-klerikal adabiyot vakili sifatida tanishtirishgan. U va u kabilar haqida: “Umarxon saroyining “malik ushshuarosi”(“shoirlar podshohi”) Sultonxo’ja to’ra Ado va ularning hamfikrlarining sinfiy manfaati bir xil edi. Xonlar ana shunday guruhlarning, ya’ni hukmron feodal aristokratiyasining boshlig’i, shu sinf manfaatlarining himoyachisi, to’g’rirog’i, o’sha sinf talablarini amalga oshiruvchi ijrochi edilar 2 ”, - deyilgan.