MUSALLAS VA MURABBA JANIRLARI Jahon adabiyotida she’riy janrlar o’ziga xos badiiy tizimni tashkil etadi. Xususan, oda, sonet, ballada, rondo, triolet, xokku, elegiya kabi janrlar uzoq asrlik taraqqiyot belgilariga ega. Shu bois bu janrlarga xos xususiyatlar bir-biriga o’tib, bir-biriga ta’sir etib, yashab keladi. Jahon she’riyatida an’anaviylashgan bu janrlar o’z qonuniyatlari va muayyan qat’iy belgilariga ega. Yapon she’riyatidagi xokku, tanka, italyan she’riyatidagi terset va tersina yoxud oda, sonet, ballada, elegiya kabilar dunyo adabiyotidagi ustuvor jarnlar bo’lsa, rondo, triolet kabilar fransuz adabiyotidagi o’ziga xos she’riy janrlarni tashkil etadi. Binobarin, oda janri jahon she’riyatidagi qadimiy janr sifatida turli xalqlar adabiyotida shu mazmundagi janrlarning yuzaga kelishiga zamin yaratdi. Xususan, fransuz she’riyatida shakllanib, takomil topgan oda o’zbek she’riyatida qasida janri bilan tipologik jihatdan bir qatorni ishg`ol etadi.
Jumladan, adabiyotshunos D.Quronov xokku haqida shunday yozadi: “XOKKU, xayku (yaponcha “ilk misralar”) – yapon she’riyatidagi an’anaviy qat’iy she’riy shakl, lirik janr. X. uch misradan tashkil topib, birinchi va uchinchi misrasi besh bo’g`inlik, ikkinchi misrasi esa yetti bo’g`inlik o’lchovda bo’ladi va bu jihatdan u tankaning (q.) dastlabki uch misrasi bilan bir xil bo’lib, she’rning asosiy fikri aks etgan “ilk misralar” X. nomli qat’iy she’r shakli sifatida qaror topgan. Janrning asoschisi sifatida XVII asr yapon shoiri M.Basyo e’tirof etiladi, u janrning go’zal namunalarini yaratish bilan birga, unga qo’yiluvchi shakliy va mazmuniy talablar, estetik prinsiplarni ishlab chiqqan”1. Ko’rinadiki, dunyo adabiyotida xokku she’riy janr sifatida bir qator xususiyatlarga ega. Ya’ni uch misrali tugallik kasb etgan bu janrning o’ziga xosligi shundaki, bo’g`inlar o’lchovi birinchi va uchinchi misrada beshtani, ikkinchi misrada esa yettitani tashkil etadi. Bu qat’iy o’lchovdir.
Oda – (gr. oide – qo‘shiq so‘zidan) g‘arb va rus she’riyatidagi lirik turga mansub, sharq poeziyasidagi qasidaga o‘xshash janrlardan biri: biror kishi sha’niga yoki muhim voqeaga bag‘ishlangan tantanali she’r. Qadimgi grek adabiyotida odalar xor tomonidan musiqa va o‘yin jo‘rligida aytilgan hamda o‘z tabiatiga ko‘ra maqtov odalari, yig‘i va o‘yin odalariga bo‘lingan. Qadimgi Rim adabiyotida Goratsiy odani musiqadan ajratib, adabiy janr sifatida shakllantirdi. Keyinchalik oda Fransiyada XVI asrda qaytadan yuzaga keldi va G‘arbiy Yevropa she’riyatida keng tarqaldi. Oda F.Malerb va fransuz klassitsizmining boshqa namoyandalari ijodida o‘zining kamolot bosqichiga ko‘tarildi. Odaning nazariy asoslari Bualo tomonidan ishlab chiqildi. Bu nazariyaga ko‘ra odalar sheva elementlaridan xoli, ko‘tarinki, jozibali tilda yozilishi, har bir misra lo‘nda fikrni anglatishi, ya’ni so‘zning bir misradan ikkinchi misraga ko‘chmasligi, och qofiyalarning mutlaq qo‘llanmasligi shart.
Rossiyada oda XVI-XVII asrlarda yuzaga kelgan bo‘lib, oda terminini birinchi bor V.K.Trediakovskiy qo‘llagan, keyinchalik M.V.Lomonosov ijodida oda asosiy va yetakchi janrlardan biriga aylandi. M.V.Lomonosov vatanparvarlik va falsafiy mazmunga boy odalar yaratgan bo‘lsa, o‘z davrining mashhur odanavisi bo‘lgan G.R.Derjavin odaga hajviy, fosh etuvchi xususiyat kiritdi.
Rossiya odalarida nutqning cherkov so‘zlariga boy, dabdabali uslubda bo‘lishi, undovlar va ritorik qaytariqlar qo‘llanishi, qat’iy to‘rt stopali yambdan iborat vaznga, a-b-a-b-v-v-g-d-d-g shaklida qofiyalangan o‘n misradan iborat band tuzilishiga egaligi qat’iy qoidalashgan shakl hisoblangan. A.N.Radishchev va A.S.Pushkin o‘zlarining “Erkinlik” deb nomlangan odalari orqali mazkur janrni mavjud tuzumga qarshi yo‘naltirishga uringanlar, biroq bu xususiyat oda janrining tabiatiga mos kelmasligi bois, qat’iylashmagan. XIX asrning 20-yillariga kelib esa oda umuman rivojlanishdan to‘xtab qolgan.
Ayrim hollarda odatermini qasida tarzida tarjima qilinadi. Aslida bu ikki termin boshqa-boshqa hodisalarni bildiradi, shuning uchun ularni aralashtirmaslik lozim. Garchi oda janri o‘z tabiatidagi tantanavorlik, maqtov kabi xususiyatlari bilan Sharqdagi qasida janriga yaqin tursa ham, tuzilishi, qofiya tartibi va boshqa xususiyatlari jihatidan ular butunlay boshqa-boshqa janrlardir.
1 Қуронов Д., Мамажонов З., Шералиева М. Адабиётшунослик луғати. –Б.350.