O‘quvchilarning bilim saviyasi va o‘zlashtirish darajasi quyidagi nazorat turlarini o‘tkazish orqali baholanadi:
joriy nazorat — so‘rovlar, nazorat ishlari yoki testlar tarzida o‘quvchilarning bilimlari, ko‘nikma va malakalari muntazam nazorat qilinadi;
oraliq nazorat — chorak tamom bo‘lganda va o‘quv dasturining tegishli bo‘limi tugallangandan keyin o‘quvchilarning bilimlari, ko‘nikma va malakalarini baholash uchun amalga oshiriladi. U yozma nazorat ishi yoki testlar shaklida o‘tkaziladi. Ushbu nazoratda foydalaniladigan materiallar o‘quv fani o‘qituvchisi tomonidan tayyorlanadi.
Har bir nazorat turi qanday shaklda o‘tkazilishidan qat’i nazar, besh ballik («5», «4», «3», «2», «1») usulda butun sonlar yordamida baholanadi.
O‘quvchilarning nazorat turlari bo‘yicha olgan ballari hamda choraklik (yarim yillik) va yillik (yakuniy) baholari, shuningdek, yillik reyting ko‘rsatkich ballari sinf jurnaliga qayd etiladi.
O‘quvchining choraklik (yarim yillik), yillik (yakuniy) baholari va yillik reyting ko‘rsatkich ballari uning tabelida qayd etiladi.
Haftasiga 1 soatdan ortiq o‘qitiladigan o‘quv fanlari bo‘yicha:
chorak davomida joriy va oraliq nazoratlarda olingan ballar asosida choraklik baho;
choraklik baholar va bosqichli nazoratda olingan ball asosida yillik baho aniqlanadi.
Bosqichli nazorat o‘tkazilmaydigan o‘quv fanlari bo‘yicha yillik baholar choraklik baholarga qarab belgilanadi.
Haftasiga 0,5 va 1 soat o‘qitiladigan o‘quv fanlari bo‘yicha:
yarim yillik baholar va bosqichli nazoratda olingan ball asosida yillik baho aniqlanadi.
Bosqichli nazorat o‘tkazilmaydigan o‘quv fanlari bo‘yicha yillik baholar yarim yillik baholarga qarab belgilanadi.
Yakuniy baho
Bitiruvchilar uchun choraklik (yarim yillik) baholar asosida yillik baho, shuningdek yakuniy nazoratda olingan ball va yillik baho asosida yakuniy baho aniqlanadi.
Yakuniy davlat attestatsiyasi belgilanmagan o‘quv fanlari bo‘yicha yillik baho yakuniy baho hisoblanadi. Yakuniy baholar bitiruvchiga beriladigan umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga qayd etiladi.
Yuqori sinfga o‘tkazish
Yuqori sinfga o‘tkazishda bosqichli nazorat o‘tkaziladi.
Bosqichli nazorat o‘quv yili tamom bo‘lgandan keyin og‘zaki, yozma imtihon hamda test sinovlari shaklida amalga oshiriladi. Uning asosida reyting aniqlanadi va o‘quvchini navbatdagi sinfga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Bosqichli nazorat materiallari namunalari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tayyorlanadi.
O‘quvchini keyingi sinfga o‘tkazish ijobiy baho olgan taqdirda amalga oshiriladi. Maktab pedagogika kengashi qarori bilan o‘quvchilar qoniqarsiz baholar bilan ham sinfdan-sinfga o‘tkazilishi mumkin.
O‘quvchi uning ota-onasi yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslar yillik bahodan norozi bo‘lsa, unga maktab pedagogika kengashi tomonidan tuziladigan tegishli fan komissiyasiga (ota-onalar yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslar ishtirokida, agar ular shuni xohlasalar) imtihon topshirish imkoni beriladi.
Qayta imtihon topshirishga barcha ko‘chirish sinflarida (bitiruv sinflari bundan mustasno) faqat joriy o‘quv yilida o‘qitilgan fanlar bo‘yicha ruxsat beriladi.