O'zbek bolalar kitobxonligining dastlabki ko'rinishi bolalar adabiyoti



Yüklə 61,19 Kb.
səhifə1/2
tarix07.01.2024
ölçüsü61,19 Kb.
#208618
  1   2
1. mavzu o\'zbek bolalar kitobxonligining dastlabki ko\'rinishi bo-fayllar.org


O'ZBEK BOLALAR KITOBXONLIGINING DASTLABKI KO'RINISHI
Bolalar adabiyoti — bolalar va oʻsmirlar uchun yaratilgan badiiy, ilmiy, ilmiy-ommabop va publitsistik asarlar majmui. Bularning asosiy qismini badiiy asarlar tashkil etadi. Jahon xalqlari, shu jumladan, oʻzbek xalqi Bolalar adabiyoti tez aytish, topishmoq, oʻyin qoʻshiqlari, rivoyat, afsona, ertak, maqol, masal va doston singari aksariyat qismi bolalarga moʻljallab yaratilgan ogʻzaki ijod namunalaridan boshlanadi. Bolalar adabiyotini bevosita bolalarga moʻljallab yaratilgan va aslida bolalarga moʻljallanmagan boʻlsa-da, keyinchalik Bolalar adabiyotiga oʻtib qolgan asarlarga ajratish mumkin.
Bolalar adabiyotining oʻziga xos xususiyati — u oʻzgaruvchan hodisa boʻlib, u kitobxon yoshi, tarixiy davr va ijtimoiy muhit bilan bevosita bogʻliq. Kitobxon yoshini hisobga olish Bolalar adabiyotining eng asosiy xususiyatlaridandir. Masalan, maktabgacha yoshdagi bolalarda bu koʻrgazmalilik, ezgulik va yovuzlik kuchlarining oddiy koʻrinishdagi ziddiyatlariga asoslangan boʻlsa, oʻsmirlar uchun yaratilgan adabiyotda murakkab hayotdagi murakkab kishilarning ruhiyati ochila boshlaydi.
Bolalar adabiyotining yana bir xususiyati uning harakatga boyligidir. Bundan Bolalar adabiyotida syujetga boʻlgan talab ham kelib chiqadi. U voqealarning tezkor, qiziqarli, fantaziyaga, yumorga boy ravishda yechilishini talab qiladi. Sharq yozma adabiyotida "pandnoma", "mavʼizatnoma", "nasihatnoma", "axloq kitoblari" singari nomlar bilan tasnif qilinuvchi asarlar Bolalar adabiyotining dastlabki namunalari hisoblanadi. Masalan, Kaykovusning "Mavʼizatnomai Kaykovus" ("Qobusnoma"), Shayx Sa'diyning "Guliston" va "Boʻston", Jomiyning "Bahoriston" asarlari shular jumlasidandir. Bular tarjima vositasida oʻzbek Bolalar adabiyotiga kirib kelgan. Alisher Navoiyning "Hayrat ulabror", "Mantiq ut-tayr" va "Mahbub ul-qulub" asarlari, Xojaning "Miftoh ul-adl" va "Gulzor", Gulxaniyning "Zarbulmasal" asarlari esa oʻzbek Bolalar adabiyotining mumtoz namunalari boʻlib, pand-nasihat ruhidagi maqolat va hikoyatlari bilan asrlar mobaynida yosh avlodni yaxshi insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda. Bolalar adabiyotining shakllanishi deyarli barcha xalqlarda asosan maʼrifatparvarlik va maktab-maorif tizimi islohotlari bilan chambarchas bogʻliq. Oʻzbek Bolalar adabiyotining barqarorlashuvi ham 19-asr 2 yarmi — 20-asr boshlaridagi maʼrifatparvarlik harakatiga borib taqaladi. Saidrasul Aziziy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy va boshqa oʻnlab maʼrifatparvarlarning "Yangi usul" ("usuli jadidiya")dagi oʻzbek maktablari talabalari uchun yaratgan ellikka yaqin alifbo va oʻqish kitoblari oʻzbek Bolalar adabiyotining tom maʼnodagi yorqin namunalari hisoblanadi. Bolalar adabiyotiga bolalar uchun maxsus yaratilgan asarlar sifatida qarash, uning oʻziga xos tamoyillarini belgilash 20-asr boshlariga xosdir.
Oʻzbek Bolalar adabiyoti jahon Bolalar adabiyotining ilgor anʼanalari taʼsirida rivojlandi. Jahon Bolalar adabiyotining nodir namunalari oʻzbek tiliga tarjima qilindi, "Gulliverning sayohatlari" (J. Svift), "Robinzon Kruzo" (D. Defo), "Tom togʻaning kulbasi" (Bicher Stou), "Soʻna" (E.Voynich) kabi jahon adabiyotining nodir asarlari oʻzbek bolalarining ham mulki boʻlib qoldi.
Sharq adabiyoti eng yaxshi namunalarini arab, fors tilidan tarjima qilish Bolalar adabiyoti tarjimachiligidagi bir yoʻnalish boʻlsa, Gʻarb adabiyoti, xususan rus adabiyoti namunalarini oʻzbekchalashtirish ikkinchi yoʻnalishni tashkil etdi. I. A. Krilov masallari, A. S. Pushkinning "Baliqchi va baliq haqida ertak" asari, K. D. Ushinskiy hamda L.N. Tolstoyning bir qancha hikoya, ertaklari va boshqa ayni shu davrda tarjima qilinib, yangi usuldagi maktablar alifbo va oʻqish kitoblariga kiritildi. Ijodkorlar tarjima vositasida realistik Bolalar adabiyotining oʻziga xos xususiyatlarini yanada mukammal egalladilar, bolalar uchun yozuvchi adiblar guruhi shakllandi. 20-asrning 20-30- yillarida Hamid Olimjon, Gʻafur Gʻulom, Gʻayratiy, Shokir Sulaymon, Ilyos Muslim, Gulom Zafariy, Ayniy, Elbek, Zafar Diyor, Sulton Joʻra, Kudrat Hikmat, Quddus Muhammadiy, Shukur Sadulla, Hakim Nazir, Poʻlat Moʻmin va boshqa ijodkorlarning asarlari oʻzbek Bolalar adabiyotining rivojlanishida, maxsus adabiyot sifatida shakllanishida muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Oʻzbek Bolalar adabiyoti da ayniqsa, adabiy ertak janri rivojlandi. Hamid Olimjonning Oygul va Baxtiyor, "Semurgʻ yoki Parizod va Bunyod", Mirtemirning "Ajdar", Shukur Saʼdullaning "Uch ayiq", "Ayyor chumchuq", Zafar Diyorning "Yangi ertak", "Toshxon bilan Moshxon", "Tulkining hiylasi", Sulton Joʻraning "Zangor gilam" va "Qaldirgʻoch" singari adabiy ertaklari xalq ogʻzaki ijodi anʼanalari asosida yaratilgan, shakl va mazmun jihatdan puxta badiiy asarlar sirasiga kiradi. 30-yillarda oʻzbek bolalar sheʼriyati yuksalib, uning mavzu doirasi kengaydi.
40-60- yillarda oʻzbek Bolalar adabiyoti yanada rivojlandi, bolalar yozuvchilarining safi Nosir Fozilov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Tolib Yoʻldosh, Farhod Musajonov, Latif Mahmudov va boshqa qalamkashlar hisobiga kengaydi. Uygʻun, Mirtemir, Asqad Muxtor, Said Ahmad, Shuhrat, Mirzakalon Ismoiliy, Mirkarim Osim singari kattalar adabiyoti vakillari ham bolalarga atab asarlar yaratdilar.
Quddus Muhammadiyning besh kitobdan iborat "Tabiat alifbosi" yosh kitobxonlarni ona tabiatga, hayvonot va oʻsimliklar dunyosiga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalovchi, quvnoq kulgi bilan yoʻgʻrilgan, mavzular rangbarangligi va tasvirning mukammalligi bilan eʼtiborga sazovor.
50-60- yillarda Gʻafur Gʻulomning "Shum bola", Oybekning "Bolalik", Abdulla Qahhorning "Oʻtmishdan ertaklar", Nazir Safarovning "Koʻrgan-kechirganlarim" qissalari nasriy Bolalar adabiyoti rivojiga munosib ulush boʻlib qoʻshildi. Xudoyberdi Toʻxtaboyevning "Sehrli qalpoqcha", "Sariqdevni minib", "Sariq devning oʻlimi" asarlari ham sara asarlar qatoridan oʻrin oldi. Bular koʻpgina xorijiy tillarga tarjima qilindi. Hakim Nazirning "So'nmas chaqmoqlar", "Yonar daryo", "Kichkintoy" qissalari, "Lochin qanotlari" romani davrning dolzarb muammolarini qamrab olishi, badiiy tasvirning oʻziga xosligi bilan eʼtibor qozondi.
80- yillar Bolalar adabiyoti da Anvar Obidjon, Safar Barnoyev, Rauf Tolipov, Qambar Utayev, Hamza Imonberdiyev va boshqa ijodkorlarning asarlari yosh avlodni eng yaxshi insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan eʼtiborga sazovor boʻldi.
Bolalar adabiyotida badiiylik bilan bir qatorda maʼrifiylik ham yetakchi oʻrin tutadi. Chunki Bolalar adabiyoti namunalari yoshlarni insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga ham xizmat qiladi. Barcha davrlar Bolalar adabiyotining taraqqiyot tamoyillari, avvalo, maʼrifiylik va tarbiyaviylikda aks etadi. Biroq Bolalar adabiyoti rivojlanib borgani sari uning sof badiiyat unsurlarini egallashga intilishi va umumadabiyot taraqqiyot tamoyillari bilan hamkorligi ham koʻzga tashlanadi. Jumladan, 20-asr boshlarida oʻzbek Bolalar adabiyotida koʻproq maʼrifatparvarlik gʻoyalari yetakchilik qilsa, 30-yillar Bolalar adabiyotida realistik adabiyot tamoyillari ustuvor, 50-60- yillar Bolalar adabiyoti da sarguzasht fantastik adabiyot elementlari kuchaydi. 80-yillar Bolalar adabiyotida psixologizmning kuchayishi, yosh qahramon talqinida uni yosh bola tarzida emas, hayotga tobora jadal kirib kelayotgan, oʻz qarashlariga ega boʻlgan shaxs sifatida tasvirlashga intilish ruhi mavjud.
Oʻzbek Bolalar adabiyoti taraqqiyotida 90- yildar yangilanish davri boʻldi. Istiqlol sharofati bilan milliy, madaniy, adabiy va diniy qadriyatlarning tiklanishi Bolalar adabiyoti namoyandalari ijodiga ham sezilarli taʼsir qildi, ularning asarlarida haqiqiy oʻzbek qiyofasi tasviri yetakchi oʻrin egallay boshladi.
Bolalar adabiyotining oʻziga xosliklari uning qahramoni tasvirida yanada yorqinroq namoyon boʻladi. Masalan, 20-asr boshlari Bolalar adabiyoti namunalari koʻproq ijodkorning faolligi, qahramon tasviri emas, targʻibiy-tashviqiy ruh ustuvorligi bilan ajralib tursa, 30-yillar Bolalar adabiyotida koʻproq xalq ogʻzaki ijodiga murojaat qilingan, bu davrda yaratilgan asarlarda ham hali faol qahramon obrazi deyarli yoʻq edi. 50-60- yillar Bolalar adabiyoti namunalari bevosita yosh qahramonlarning asarlar voqealarida hal qiluvchi oʻrin tutish bilan chinakam Bolalar adabiyotiga aylandi. 70-80- yillar Bolalar adabiyoti namunalaridan esa tobora hayotga oʻz nuqtai nazari bilan qaraydigan, balandparvoz, ritorik taʼriflardan koʻra tanqidiy nigohi oʻtkirroq yosh qahramon qiyofasi gavdalana boshladi, shu davrda oʻzbek Bolalar adabiyotiga ilk bora bolalarning oʻziga xos, endigina uygʻonib kelayotgan pok muhabbati kirib keldi. 90-yillar adabiyotida bu borada yangi qadam tashlandi, oʻzbek bolasi oʻzbekning farzandi ekanligidan faxrlanish, ulugʻ ajdodlarga munosib boʻlish ruhidagi, tom maʼnodagi vatanparvarlik gʻoyasi ustuvor asarlarni oʻqish baxtiga musharraf boʻldi.


Yüklə 61,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin