O’zbekiston respublikasi oliy o’rta m axsus ta’lim vazirligi



Yüklə 59,5 Kb.
tarix05.01.2023
ölçüsü59,5 Kb.
#78488
Abu Mansur al-Moturidiy buyuk kalom imomi


O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY O’RTA M AXSUS TA’LIM VAZIRLIGI.
Buxoro Davlat Universiteti
Tarix va madaniy meros fakulteti
5-1aTar-17-guruh talabasi
Xudaynazarov Og’abekning
Sharq allomalari ilmiy merosi fanidan
Mustaqil ish.

Mavzu: Abu Mansur al-Moturidiy buyuk kalom imomi.


Bajardi:Xudaynazarov O.


Tekshirdi:Qudratov Sh

BUXORO-2021


Abu Mansur al-Moturidiy buyuk kalom imomi
Reja:
1.Abu Mansur al-Moturidiy va uning ta’limoti.
2.Moturidiy asarlari.
3.Mustaqillik yillarida Moturidiy shaxsiga e’tibor.

Samarqandda Abu Mansur Moturidiy asos solgan kalom taʼlimoti yillar oʻtib butun islom olamiga tarqalib, sunniylikdagi ikki yirik maktabning biriga aylanadi. Moturidiya taʼlimoti XI asrdan boshlab islom olamida shuhrat qozonadi va shu davrdan allomaning shaxsiga qiziqish kuchayadi. Ushbu taʼlimotning mazmun-mohiyatini, tarixini oʻrganishdan avval Moturidiyning hayoti va jamiyatda tutgan mavqeini chuqur tadqiq qilish kerak.


Manbalarda yozilishicha, Abu Mansur Moturidiy asli Samarqandning Moturid qishlogʻida tugʻilgan, toʻliq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiydir. U Abu Bakr Juzjoniydan hanafiy fiqhini, anʼanaviy islom mezonlari va uni atroflicha qamrab olish, izchil tahlil qilish, aqlan fikr yuritib, ilohiyot borasida munozaralar olib borishni esa Abu Nasr Iyodiydan oʻrganadi. Abu Mansur Moturidiyning hayoti Samarqandda ilohiyot ilmi rivojining keyingi davriga toʻgʻri keladi. Bu paytda shaharda bir necha eʼtiborli mutakallimlar guruhi faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, ular orasida donishmandlar (hukamo) guruhiga mansub Abulqosim Hakim Samarqandiy ijodiga qiziqish katta edi. Ikkinchi guruhda Abu Bakr Juzjoniy maktabi namoyandalari – Abu Abdulloh ibn Abu Bakr Juzjoniy, Abu Mansur Moturidiy, Abulhasan Rustufagʻniy, Abu Salama Samarqandiylar bor edi. Uchinchi guruhni esa iyodiylar sulolasi vakillari – Abu Nasr Iyodiy, uning farzandlari Abu Ahmad va Abu Bakr Iyodiylar tashkil etardi. Bu guruhlar oʻrtasidagi bahslar turli koʻrinishlarda namoyon boʻldi va bu kalom ilmi rivojiga ijobiy taʼsir etdi.


Maʼlumki, kalom ilmida mutakallimlar mavqeini belgilashda ularning ijtimoiy-siyosiy masalalardagi qarashlari muhim oʻrin tutgan. Hakimlar davlat bilan hamkorlikni rad etmay, uning vakillari bilan birga faoliyat koʻrsatgan. Masalan, Abulqosim Hakim Samarqandiyning “Kitob as-savod al-aʼzam” asari somoniylar taklifi asosida yozilgan va bu kitobdan oʻsha davrda Movarounnahrda asosiy qoʻllanma sifatida foydalanilgan.


Maqola boshida taʼkidlaganimizdek, Moturidiy hijriy 333 (milodiy 944-945) yilda vafot etgan va Samarqanddagi Chokardiza qabristonida dafn qilingan. Shahar aholisi, ayniqsa, oʻrta qatlam orasida mashhur boʻlgan ulamolar, jumladan, Moturidiyning safdosh va shogirdlari ham shu yerga dafn qilingan. Solih ulamolar guruhi faoliyatini tadqiq qilishda ushbu qabriston va u bilan bogʻliq maʼlumotlar muhim ahamiyatga ega.Turk admirali Saydi Ali Rais XVI asrda Osiyo boʻylab sayohatga chiqib, Samarqanddagi Chokardiza qabristonini ham ziyorat qiladi. Bu haqda esdaliklarida bayon etadi. Shuningdek, XVIII-XIX asrlarda yozilgan “Samariya” va “Qandiya xurd” asarlarida ham Chokardiza va unda dafn etilgan ulugʻ allomalar haqidagi maʼlumotlar uchraydi. V.Bartold ham xotiralarida 1920-yildagi Samarqand safari davomida ushbu qabristonda boʻlgani va u yerda Moturidiy maqbarasini koʻrganini taʼkidlaydi.


Yuz yillar davomida faqih, shayx va ulamolar dafn etilgan Chokardiza qabristoni shoʻrolar davrida aholi yashaydigan manzilga aylantiriladi. Natijada koʻplab qabrtosh va qayroqlar yoʻqolib ketadi. Moturidiy maqbarasini tiklash jarayonida esa faqih va ulamolarning qabrtoshlari topildi. Ularning aksari qoraxoniylar davriga mansub boʻlib, biz uchun koʻplab yangi maʼlumotlarni berishi tabiiy. Hozir mazkur qabrtoshlar islomshunos olimlar B.Bobojonov, A.Moʻminov, U.Rudolf tomonidan oʻrganilib, maxsus tadqiqot chop etildi.


XI-XII asrlar hanafiy mutakallimlari Moturidiya taʼlimotini qayta tiklash jarayonida uning ijtimoiy qarashlarini aks ettiruvchi fikrlarini eʼtibordan chetda qoldirishadi. Keyinchalik Moturidiy fiqh va kalom masalalari bilan qiziqib, hanafiy mazhabi olimlaridan dars olib, oʻz bilimini yuksaltiradi. Bu jarayonda koʻplab mashhur faqih va muhaddislar bilan muloqot va munozarada boʻladi, shu sohaga oid asarlar yozadi. Mahmud ibn Sulaymon Kafaviyning “Katoib ul-aʼlom al-axyor fi taboqot fuqaho va mashoyix mazahab an-Nuʼmon” (“Nuʼmon mazhabiga mansub boʻlgan taniqli alloma faqihlar va shayxlar haqidagi kitob”) nomli asarida Abu Mansur Moturidiyning qayerda va qachon vafot etgani hamda uning asarlari haqida maʼlumot beradi. Muallif imom Moturidiyning “Kitob ut-tavhid” (“Allohning yakkayu yagonaligi borasidagi kitob”), “Kitob al-maqomat”, “Kitob rad avomil lil adila lil kaʼbiy” (“Kaʼbiy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bagʻishlangan kitob”), “Kitob bayon va hum ul-muʼtazila” (“Muʼtazila gʻavgʻolari va undan qoʻrqmaslik haqidagi kitob bayoni”), “Taʼvilot ahli as-sunna” (“Qurʼon taʼvili”) kabi asarlarini sanab oʻtadi.




Abu Mansur Moturidiyning koʻp asarlari bizgacha yetib kelmagan, yetib kelganlari ham xorijdagi kutubxona va qoʻlyozma fondlarida saqlanadi. Islom olamida mashhur boʻlgan “Kitob ut-tavhid” asari 1970-yilda Fathulloh Xulayf tomonidan Bayrutda, keyinchalik esa Turkiyada bir necha bor nashr etiladi. Soʻnggisi Bekir Tuplu oʻgʻli va Muhammad Aruchi kabi olimlar tomonidan 2003-yil Anqarada chop etilgan. Mutakallim islom dinidagi sunniylarning toʻrtta asosiy mazhabi asoschilarining asarlarini oʻrganib, oʻzi ham arab tilida tafsir va eʼtiqodga oid “Taʼvilot ahli as-sunna”ni yozadi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad “Ahl as-sunna va al-jamoa” taʼlimotiga zid qarashlarni rad qilishdir. Bu asardan eʼtiqodiy masalalar hamda fiqhda keng foydalaniladi. Abu Mansur Moturidiy bu asarini yozishda asosan Abu Hanifaning qarashlariga suyanadi. Ushbu kitobning nusxasi OʻzRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi. “Kitob taʼvilot” asarining birinchi jildi 1971-yilda Sayid va Ibrohim Avadaynlar tomonidan nashr etildi. Xuddi mana shu kitob bangladeshlik olim A.A.Rahmon tomonidan 1981-yil yangi qoʻshimchalar bilan qayta nashr qilindi. Asarning chop qilinishi Moturidiy kalomiga oid bir qator maqolalarning yozilishiga sabab boʻldi. F.Sezgin oʻzining “Arab qoʻlyozmalari tarixi” kitobida “Kitob taʼvilot” asarining dunyo fondidagi nusxalari haqida qimmatli maʼlumot beradi. Soʻnggi yillarga kelib uning toʻliq nashrlari ham amalga oshirildi. 2004-yil Fotima Yusuf Xaymi tomonidan 1-5 jildlari Bayrutda nashr etildi. Yana biri Mujdiy Baslum tomonidan tayyorlangan boʻlib, 2005-yil Qohirada “Maktabat ul karamat” nashriyotida chop etilgan. Eng soʻnggi 2008-2009-yillardagi ilmiy nashri Turkiyadagi “Darul mezon” nashriyotida yetti jildda chop etildi. Xoʻsh, kalom oʻzi nima va u qanday ilm? Kalom ilmi oʻrta asrlarda falsafiy-diniy fikrlar va dinning nazariy asoslarini oʻrganish, islom aqidalariga eʼtiqod etish haqidagi bilimlarni ifodalagan. Biron-bir dinga mansub shaxs uchun majburiy hisoblangan, har qanday sharoitda muhokama qilmasdan eʼtiqod qilinishi lozim boʻlgan diniy talablar majmuiga nisbatan aqliy mulohaza yuritish jarayonida u maxsus bilimlar tizimi sifatida vujudga keldi. Kalom – “ilmul kalom” atamasi keng maʼnoda oʻrta asrlar musulmon adabiyotida diniy-falsafiy mavzularda (jumladan, nasroniylik va yahudiylikda ham) erkin fikr yuritishga nisbatan qoʻllangan, tor maʼnoda esa aqidaparastlik, yaʼni dinda obroʻ-eʼtiborli hisoblangan shaxslar – paygʻambar, sahobalarga taqlid yoʻli bilan emas, balki Qurʼon va sunniy taʼlimotni aql-idrokka mos talqin etish, tafakkurga suyanib ish yuritishga nisbatan ishlatilgan. Hadis ilmi paygʻambarimiz tomonidan rivoyat qilingan gap va ishlarni, fiqh ilmi shariat qonunchiligini, kalom ilmi esa islom dinida eʼtiqod qanday boʻlishini oʻrgatadi. Moturidiya aqidasi Qurʼon, hadis va aql-idrok, mantiq va haqiqatga yaqin ekani bilan boshqa taʼlimotlardan ajralib turadi. Abu Mansur Moturidiy oʻz taʼlimoti bilan bogʻliq aksariyat fikrlarini “Kitob tavhid” asarida bayon etgan. Xususan, oʻzga toifadagi firqalarga qarshi shunday soʻzlarni aytadi: “Ular tafakkur va tadqiq bilan qarasalar edi, Alloh taolo ham bandalarini tafakkur va tadqiqot, ibrat va tajriba bilan ish qilishga buyurganini tushunar edilar, ibrat va tafakkur esa ilm manbalaridan biridir”.

Bu taʼlimot muʼtaziliylar kabi faqat aqlga suyanish emas, balki naqldan ham qoʻshib foydalanishni zarur deb biladi. Aqida borasida qoʻshgan yana bir hissasi shuki, oʻsha davrlarda juda koʻplab firqalar eʼtiqod borasida oʻz fikrlari bilan musulmon ahlini turli yoʻllarga boshlagan. Moturidiy shunga chek qoʻyadi va bu oʻlkada yagona aqida tizimini (yaʼni hanafiya mazhab asosida) oʻrnatadi. U barcha aqidalar orasidagi bahsli mavzularni har bir firqaga dalillar asosida isbotlab beradi. Natijada turli xildagi mayda oqimlar koʻpayishining oldi olinadi. Mutakallim islom ilohiyotidagi qazo va qadar (yaʼni inson taqdiri) haqida ham mulohazalarini bayon etgan. U insonda tanlash erkinligi bor degan iborani qoʻllagan. Yaʼni inson qanday ishni lozim topsa, oʻshani bajarishi kerak. Alloma inson qanday yoʻlni tanlashi oʻz ixtiyorida ekaniga alohida urgʻu beradi. Bu esa hozirgi demokratiyaning asosini tashkil etadi.


Moturidiy oʻz taʼlimoti va ilmiy asarlari bilan Movarounnahr ilohiyot maktabi rivojiga katta hissa qoʻshdi. Shuningdek, hanafiya taʼlimotining Oʻrta Osiyo xalqlari urf-odatlari bilan chambarchas bogʻliq ekanini oʻz qarashlari orqali koʻrsatib berdi.


Xulosa

Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, ul zot asos solgan diniy taʼlimot – moturidiya maktabi Sharq mamlakatlarida katta shuhrat topishiga sabab shuki, unda ilgari surilgan gʻoyalar islom dinining mohiyatini toʻgʻrilik, ezgulik, insoniylik deb biladigan jamiki moʻmin-musulmonlarning qarashlari va intilishlari bilan hamohang edi.


Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Uvvatov.U Imom al-Moturidiy va uning ta’limoti
Toshkent, “Fan”, 2000
2.Ulrix Rudolf. Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti
Toshkent, 2001
3,Sirojiddinov SH. Islom falsafasiga kirish: kalom ilmi
Toshkent, “Iqtisod-Moliya” 2008.
Yüklə 59,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin