III.BOB.O’QITISH USLUBLARINING UMUMIY TASNIFI
3.1.O’QITISH USLUBLARI VA VOSITALARI
O’qitish usuli deganda ta’lim jarayonida o’qituvchi va o’quvchilarning kutilgan maqsadga erishishga qaratilgan birgalikdagi faoliyati tushuniladi. O’qitish usullari ta’lim jarayonida o’qituvchi va o’quvchi faoliyatining qanday bo’lishini , o’qitish jarayonini qanday tashkil etish va olib borish kerakligini belgilab beradi. O’qitish usullari har ikkala faoliyatning a) o’qituvchi tomonidan o’quvchilarni bilim, ko’nikma va malakalar bilan qurollantirish, b) o’quvchilar tomonidan berilayotgan ilmiy bilim, ko’nikma va malakalarni o’zlashtirish faoliyatida qo’llanadigan yo’llarni o’z ichiga oladi. Ta’lim berish o’qituvchidan izlanishni, pedagogik mahoratni talab qiladi. Ilmiy salohiyati boy bo’lgan ustozgina mavzuni talabalarga maxorat bilan yetkazib beradi. Mavzuning maqsadiga qarab, ta’lim metodlarini tanlay biladi, kerakli vositalardan o’z o’rnida foydalaniladi.
Ta’lim metodi ta’limning maqsadi va vazifalariga bog’liq. Metodlar o’quvchilarning yoshiga ta’limning mazmuniga va funksiyasiga qarab tanlanadi.
Metodlarni har qanday muammoni uzatish va qabul qilish xarakteriga qarab quyidagi turlarga ajratish mumkin:
Ta’lim mazmunini o’zlashtirishda o’quvchilarining bilim saviyasi, o’zlashtirish qobiliyati, ta’lim manbai, didaktik vazifalariga qarab, munosib ravishda quyidagi metodlar qo’llaniladi:
o’qitishning og’zaki metodi;
o’qitishning amaliy ishlar metodi;
o’qitishning ko’rgazmali metodi;
muammoli evristik modellashtirish metodi;
- o’qitishning muammoli izlanish va reproduktiv metodi;
- o’qitishning induktiv va deduktiv metodi;
o’qitishda rag’batlantirish va tanbeh berish metodi;
o’qitishda nazorat va o’z-o’zining nazorat qilish metodi. Metodlar o’z navbatida guruhlarga bo’linadi.
Metod - yunon tilidan olingan bo’lib, yo’l, usul, yo’naltiruvchi uslub degan ma’noni beradi, ya’ni maqsadga erishish yo’lidir
Vosita - metodlarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoq uchun zarur bo’lgan yordamchi o’quv materiallari, asbob-uskuna, qurol, apparat, kompyuterlar va boshqalar.
O’qitishning og’zaki usullari uch turga a) o’qituvchining hikoyasi, b) suhbat, v) maktab ma’ruzasiga bo’linadi.
Hikoya usuli boshlang’ich sinflarda ko’p qo’llansa, yuqori sinflarda ma’ruza usuli ko’p qo’llaniladi. Ta’lim mazmuni notanish bo’lsa hikoya va ma’ruza usullari qo’laniladi.
Ta’lim mazmuni o’quvchiga qisman tanish bo’lsa suhbat usuli qo’llaniladi. Og’zaki bayon qilish usulida har ikkala faoliyatning o’qituvchining bayon qilishi va o’quvchilarning shu bayon qilingan bilimlarini diqqat bilan tinglab ongli va mustahkam o’zlashtirishlari birligiga amal qiladi.
Hikoya maktab ta’lim tizimida eng ko’p qo’llanadigan usul bo’lib, u hamma sinflarda barcha fanlarni o’qitishda, maktab ta’limining hamma bosqichlarida qo’llaniladi. Boshlang’ich sinflarda bu ancha qisqa va aniq bo’ladi, sinflarning o’rta guruhiga kelib hikoya ancha kattaroq hajmda va davomli bo’ladi. Yuqori sinflarda hajmi katta bo’ladi, ma’ruzadagi kabi butun darsni band qilmaydi.
Nutq madaniyatini o’stirishda hikoyaning o’rni katta bo’ladi. Shu jihatdan o’qitishning og’zaki usullari ta’limda doimo eng ko’p qo’llaniladi
O’quv ma’ruzasi - o’quv materialini og’zaki bayon qilish uchun muljallangan. Uning hajmi hikoyadan katta bo’ladi. O’quv ma’ruzasi dars yoki mashg’ulotning barcha qismini egallab oladi.
Ma’ruza asosan yuqori sinflar, kollej va oliy o’quv yurtlarida qo’llaniladi. Maktab ma’ruzasi o’tilayotgan mavzuning haqiqiy ilmiy mohiyatini ochib berish, ulardan ilmiy xulosalar chiqarish va umumlashtirish yo’li bilan to’liq mashg’ulot davomida bilimlarni izchillik bilan bayon etishdir.
O’quv materialini og’zaki bayon qilish usuli bir qator didaktik qoida va talablarga asosan qo’llaniladi.
1.Bayon qilinayotgan materiallar g’oyaviy jihatdan mazmunli, ilmiy hamda nazariyani amaliyot bilan bog’lashga qaratilgan bo’lishi kerak.
2.Bayon qilinadigan materiallarning tarbiyaviy ahamiyatini to’g’ri ko’rsatish orqali o’quvchiga tarbiyaviy ta’sir ko’rsatish.
3.Bayon qilishda o’quvchining nutqi yagona manba hisoblanadi va u nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi.
4.Bayon qilishda o’qituvchi ishlatadigan ta’riflar, qoida va qonunlar kitob matnidan farq qilishi, mazmuniga mos bo’lishi kerak.
O’quvchilar darsga yetarli darajada tayyor bo’lsa o’qituvchi rahbarligida muammoli savollarga javoblarni o’zlari axtarib topadigan suhbatlar maqsadga muvofiqdir. Bunday suhbatlar evristik izlanish, axtarib topish xarakterida bo’ladi.
O’qitish jarayonida o’rganilayotgan mavzu yuzasidan kirish, asosiy va yakunlovchi suhbatlar ham qo’llaniladi.
Suhbatlar , o’qitishning tarbiyalovchilik xarakterida dunyoqarash, e’tiqodni tarkib toptirishda qo’l keladi. Suhbatlar butun sinf hamda o’quvchilarning ayrim guruhlari bilan ham o’tkaziladi.
Suhbatlar orqali a) o’quvchilarning o’z hayotlarida uchratgan voqea hodisalar yuzasidan savollar berish orqali o’quvchilarning mustaqil fikr qilishlarini amalga oshiradigan holatlarga e’tibor qilish, b) o’quvchilarning ilgari o’rgangan tayanch bilimlarini esga tushirishga erishish lozim, suhbat usuli bilan ish ko’rganda o’qituvchi quyidagilarga amal qilishi lozim:
1.O’qituvchining suhbat uchun tayyorlab kelgan savollari sinf o’kuvchilarining hammasiga taalluqli bo’lib so’roq o’rtaga tashlanishi kerak.
2.O’quvchilardan biri javob berish uchun chaqiriladi.
3.Sinfning hamma o’quvchilari javob berayotgan o’quvchini qunt bilan tinglashi, uning javobini to’ldirishi, tuzatishi, oydinlashtirishga yordam berishini ta’minlashi kerak.
4.O’quvchilarning javobi qay darajada to’g’ri - noto’g’ri bo’lishidan qat’iy nazar o’qituvchi tomonidan izohlanishi, yakunlanishi va baholanishi zarur.
Ko’rgazmali usulning muhimligi o’rganilayotgan narsa va hodisalarni hissiy idrok etishga, ularni kuzatib mushohada qilishga o’quvchini undash, mantiqiy va nazariy elementlarning birligiga ishonch hosil qilishga, nihoyat nazariy bilimlarni amaliyotda qo’llay olishga o’rgatishdan iborat.
Ta’limda ko’rgazmalilik usuli namoyish etish, ilyustratsiya va ekskursiya tariqasida olib boriladi.
Ta’lim jarayonida namoyish etish usulidan foydalanish asosiy materialning xarakteriga - mazmuni, shakli va hajmiga bog’liq. Bu xarakter ikki turlidir.
Aslicha ko’rsatilishi mumkin bo’lgan buyum va narsalar: o’simliklar, ularning tarkibi, hayvonlar, ma’danlar, kolleksiyalar, asbob va mashinalar, modellar va h.k.
Tasviriy ko’rgazmali materiallar ikkiga bo’linadi. A) buyum, narsa, hodisa va voqealarning tasvirini ifodalovchi materiallar, rasm, surat, fotosurat, diafilm va h.k. B) buyum, narsa, voqealarning biror shartli belgisi orqali ifodalangan simvolik va sxematik tasviriy materiallar geografiya v tarix kartalari, chizmalar, jadvallar, diagrammalar va h.k.
Ekskursiya metodi. Bu usulda o’rganilayotgan narsa hodisalarni tabiiy sharoitda zavod, fabrika, tabiatda, muzey, ko’rgazmalarda tashkiliy ravishda ko’rsatiladi. Agar ko’rsatilayotgan joyda o’tilayotgan mavzu mazmunini keng ochib berish imkoni bo’lsa, buni o’qituvchi oldindan borib kuzatib keyin o’quvchilarni olib boradi, ekskursiya usulidan foydalanadi, o’quvchilar ekskursiya davomida ob’ekt ustidan ma’lumotlarni eshitish yoki kuzatish bilan chegaralanmasdan zarur materiallarni yozib oladilar, rasmini chizadilar, o’lchash, hisoblash ishlarini olib boradilar.
O’qituvchi ekskursiya oxirida mulohaza va fikrlarni umumlashtirib, xulosa chiqaradi va mashg’ulotni yakunlaydi.
Dostları ilə paylaş: |