Ifoda maqsadiga ko‘ra gapning turlanishi sof nutqiy hodisa. So‘zlovchi nutq jarayonida fikr ifodalash bilan birga, ma’lum bir maqsadni ko‘zlaydi ham. Gap so‘zlovchining ko‘zlagan maqsadiga ko‘ra turli-tuman:
1) darak gap: Uzoqdagi zalvorli tog‘lar xayolimni keldilar bosib (A.Orip.);
2) so‘roq gap: Sen bahorni sog‘inmadingmi?(A.Orip.);
3) buyruq gap: Meni kutgil... (K.Sim.)
Ammo bu turlar orasiga keskin chegara qo‘yib bo‘lmaydi. Bir tur ikkinchi tur vazifasini bajaraverishi mumkin. Deylik, shaklan darak gap so‘roq mazmunini, so‘roq gap esa darak mazmunini ifodalashi mumkin. Misollar: 1. Onani kim sevmaydi? (shaklan so‘roq, mazmunan darak.) 2. Dasturxonga qaramaysizmi? (shaklan so‘roq, mazmunan buyruq.)Qarzdor dehqonga boyning «Kuz keldi» deb qichqirgani oddiy darak emas, balki «Qarzingni to‘la!» mazmunidagi buyruq gapdir. (A.G‘ul.)
Qo‘shma gap tarkibidagi sodda gapda ifoda maqsadi o‘ziga xos. Ergash gapli qo‘shma gapda ifoda maqsadi bosh gapniki bilan bir butun holda bitta bo‘ladi. Teng munosabatli qo‘shma gapda esa oldin turgan gap, odatda, darak tabiatiga ega bo‘ladi.
Darak gap.Darak gap xabar berish, biror hodisa yoki dalilni tasdiqlash xususiyatiga ega bo‘ladi: 1. Umrim bo‘yi seni kutarman. 2. Sarvi gulro‘ kelmadi. Darak gap kesimlikdagi mayl ma’nosiga ko‘ra turlicha bo‘lishi mumkin:
aniq xabar: Bola keldi;
taxmin: Ertaga majlis bo‘lar;
istak: bugun bozorga chiqsam.
Bu qatorni yana davom ettirish mumkin.
Darak gap istakni ifodalaganda, so‘zlovchining taxmin-tilagi haqida xabar beradi. Istak qat’iylashsa, u buyruq gapga aylanib ketadi. Bu bilan darak va buyruq gap bir-biriga yaqinlashadi: Sen borsang – Sen bor. Darak gapda so‘z tartibi, odatda, buzilmagan, gap esa darak intonatsiyasiga ega bo‘ladi. Shuningdek, darak gapning kesimi ham o‘ziga xos. U so‘roq yuklamasidan xoli va aniqlik mayli shaklida bo‘ladi.
Atov gap va so‘z-gap ham darak tabiatiga ega bo‘ladi: 1. Qish. 2. Ha. 3. Rahmat. Co‘roq gap.So‘roq gapda so‘roq ma’nosiga boshqa ma’no ham qorishgan holda bo‘lishi mumkin:
so‘roqning o‘zi: Halim keldimi?
so‘roq-hayrat: Halim keldimi?
so‘roq-taajjub: Yozda ham shunday yomg‘ir yog‘adimi?
So‘roq gap kutilayotgan javobga munosabatiga ko‘ra uch xil:
sof so‘roq gaplar javob talab qiladi: Bugun qaerga borasan?
ritorik so‘roq gap javob talab qilmaydi va mohiyatan darak, shaklan so‘roq gap hisoblanadi: Onani sevmaydigan odam odammi?
so‘roq-buyruq gap so‘roq yo‘li bilan buyurish ma’nosini ifodalaydi: Tezroq kelmaysizmi?
So‘roq gap mazmun hajmiga ko‘ra ikki xil:
1) umumiy so‘roq. Bunda narsa yoki hodisa to‘laligicha aniqlanadi: Bu nima? Bu kitobmi? Bunda javob kesimga tegishli bo‘ladi.
xususiy so‘roq. Bunda narsa yoki hodisaning bir tomoni aniqlanadi: Bu qanday kitob? Kitobning varag‘i qancha? Sen qaerdan kelding? Bunda javob so‘roq olmoshi bilan ifodalangan kesimdan boshqa har qanday bo‘lak bo‘ladi.
So‘roq gapda so‘roq ma’nosi quyidagi vositalarga tayanadi:
so‘roq yuklamalari;
so‘roq olmoshlari;
so‘roq ohangi.
Buyruq gap. Buyruq gap tinglovchini biror predmetga biror ishni bajarishga undash, buyurish, qistash ma’nolarini ifodalash uchun xizmat qiladi. Bunday ma’noviy ko‘rinish turli-tumandir. Shunga ko‘ra, buyruq gap o‘z ichida har xil ko‘rinishga ega bo‘ladi.
sof buyruq: Tez bor!
buyruq-qistash: Borsang-chi!
buyruq-iltimos: Menga ham bering.
buyruq-maslahat: Yaxshisi, uyda qola qol.
buyruq-tilak: Yashasin tinchlik.
buyruq-chaqiriq: Olg‘a!
Buyruq gapning bu turlari ohang jihatidan farqlanib turadi.
Buyruq gapning kesimi, odatda, buyruq maylining ikkinchi shaxs, ba’zan uchinchi shaxs shaklidagi fe’ldan bo‘ladi: Bor! Chekilmasin! Kesim birinchi shaxs buyruq maylidagi fe’ldan bo‘lganda, gap ohangidagi qat’iylik uni buyruq gapga aylantiradi: Nomus uchun kurashaylik! Ba’zi hollarda aniqlik maylidagi yaqin o‘tgan zamon fe’li ham buyruqni ifodalashi mumkin: Qani, jo‘nadik! Buyruq gap ko‘pincha undalmali va undovli bo‘ladi: 1. Hoy, tezroq yuringlar. 2. Bozor, bu yoqqa kel!