O’zbekiston respublikasida inson va fuqarolar konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari va burchlari tizimi



Yüklə 90,5 Kb.
tarix22.12.2023
ölçüsü90,5 Kb.
#190545
Fuqarolarning huquq va erkinliklarining konstitutsiyada kafolatlanishi hamda fuqarolarning burchlari


Fuqarolarning huquq va erkinliklarining konstitutsiyada kafolatlanishi hamda fuqarolarning burchlari

Reja :
1. O’zbekiston Respublikasida inson va fuqarolar Konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari va burchlarining yuridik xususiyatlari, kafolatlari va tizimi.


2. Inson va fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari.
3. Fuqarolarning siyosiy huquqlari.
4. Fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi asosiy huquqlari.
5. O’zbekiston Respublikasida inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari.

Huquq va burchlar insonlarning xulq-atvorini tartibga solish vositasi bo’lib, jamiyat, davlat yoki muayyan ijtimoiy guruhlar tomonidan o’rnatiladi.


Ma`lumki, huquqiy normalar kishilarning yurish-turishlarini tartibga soladi, ularga muayyan huquqlar, erkinliklar beradi yoki ma`lum burchlarni yuklaydi.
Huquq – shaxsga tabiat, jamiyat , davlat tomonidan beriladigan o’z harakatining turi va me`yorini tanlab olish imkoniyati va burch esa jamiyat va davlat tomonidan belgilangan va huquqiy normalarda o’z aksini topgan talablarni bajarish zaruratidir.
Yuridik huquq va burchlar jamiyatda amal qiluvchi ijtimoiy normalarning bir qisminigina tashkil etadi. Ular davlat tomonidan o’rnatiladi. Huquq normalarida o’z aksini topadi va davlat hokimiyati tomonidan ta`minlanadi, qo’riqlanadi.
Davlat tomonidan o’rnatilgan huquqiy normalar insonlarning hatti-harakatlarini belgilab, ularga huquq va erkinliklar beradi va burchlar yuklaydi. Huquqiy davlatning belgisi bo’lmish Konstitutsiya va qonunning ustunligi prinsipi fuqaro huquqlari, erkinliklari va burchlarining asosiy qonunda aks etishini taqozo etadi.
Huquq shaxsga tabiat va davlat tomonidan berilgan o’z ehtiyojini qondirish imkoniyati hamda uning turmush jarayonida o’ziga berilgan huquqlardan foydalanish imkoniyatlarini belgilovchi huquqiy normalardir.
Burchlar esa shu jamiyatdagi shaxslar uchun bajarilishi majburiy bo’lgan yoki biror-bir harakat qilishdan voz kechishni belgilaydigan huquqiy normalardir.
O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining asosiy huquqlari, erkinliklari deganda, O’zbekiston davlati tomonidan o’rnatilib, uning Konstitutsiyasida qayd qilingan,har bir fuqaroga o’zining hatti-harakatini tanlash, unga berilgan imtiyozlardan shaxsiy hayotida va jamoat ishlarida qatnashish uchun foydalanish imkoniyati tushuniladi. Asosiy qonunda ko’rsatilgan imkoniyatlar bir vaqtda huquq, ba`zi birida erkinlik deb atalishi mumkin.
Masalan, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida har bir shaxsga mehnat qilish , erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko’rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqi qayd qilingan.
Bu esa bir tarafdan huquq bo’lsa, ikkinchi tarafdan erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash erkinligi deb talqin etilishi mumkin.
Fuqarolarning burchi – bu jamiyatning , davlatning fuqaro oldiga qo’ygan talablaridir. Bu talablar asosan shu jamiyatning, davlatning oldida turgan vazifalari bilan bog’liq bo’ladi. Ijtimoiy zaruratni aks ettiradi (masalan, Vatanni himoya qilish, Konstitutsiya va qonunarga rioya etish, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish va hokazo).
Demak, asosiy burch ( majburiyat deganda, O’zbekiston davlati tomonidan belgilanib, Konstitutsiyada mustahkamlangan, har bir fuqaro bajarishi zarur bo’lgan, bajarmaslik esa javobgarlikka olib keladigan hatti-harakatlar va yashash tarzi qoidalari tushuniladi.
Konstitutsiyaviy burchlarga butun O’zbekiston Respublikasi uchun zarur bo’lgan eng umumiy talablar kiradi va ularning bajarilishi butun jamiyat manfaatlari uchun mutlaqo zarurdir.
Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari Konstitutsiyada belgilab qo’yilgan bo’lib, ular joriy qonunchilik normalarida, ya`ni Konstitutsiyaviy, ma`muriy, fuqarolik, mehnat va boshqa huquqiy normalarda rivojlantirilgan, to’ldirilgan.
Konstitutsiyaviy huquq fanida fuqarolarning Konstitutsiyada o’z aksini topgan huquqlari, erkinliklari va burchlari asosiy huquqlar, erkinliklar va burchlar deb nomlanadi, boshqa qonunarda, farmonlarda, kodekslarda ko’rsatilgan huquqlar, erkinliklar va burchlar esa asosiy emas deb ko’rsatiladi.
Fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari va burchlari asosiy deb atalishining ikki sababi bor: birinchidan, ular fuqarolarning muhim manfaatlarini ifoda etadi va ayni paytda davlatning oliy manfaatlarini ham ko’zda tutadi, ikkinchidan, fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari oddiy, joriy qonunarda emas, balki Konstitutsiya normalarida mustahkamlab qo’yilgan bo’ladi va fuqarolarning boshqa huquqlari shu asosiy huquqlar asosida yaratiladi va ularga mos bo’lishi kerak.
Konstitutsiyaviy huquq fani fuqarolarning barcha huquqlari, erkinliklari va burchlarini emas, balki faqat Konstitutsiyada ko’rsatilgan asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlarini o’rganadi.
Biror-bir huquq tarmog’i normalari fuqarolarning asosiy qonunda ko’rsatilgan huquqlari, erkinliklari va burchlariga qarshi yoki ularni o’zgartirishga qaratilgan bo’lishi mumkin emas.
Fuqarolarning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari ma`lum xususiyatlarga ega. Ular quyidagilardan iborat:
1. Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari O’zbekiston Respublikasining joriy qonunari yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlarida yoki ulardan kelib chiqadigan huquqiy munosabatlarda emas, balki bevosita O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan. Shuning uchun ham bu huquqlar, erkinliklar va burchlar asosiy yoki Konstitutsiyaviy huquqlar va tadbirlar deyiladi.
2. Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari birinchi navbatda, bevosita shaxs va fuqaro bilan davlat o’rtasidagi muhim aloqalarni ifodalaydi. Bunda davlat bir vaqtning o’zida ham fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlarini ta`sis etuvchi, ham bu huquqlar, erkinliklar va burchlarning ta`minlanishini kafolatlovchi, ularning bajarilishini nazorat qiluvchi organ bo’lib maydonga chiqadi.
3. Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari qanday amalga oshirilishidan qat`i nazar, doimo mavdjud bo’lib, amaldagi huquqiy normalarda o’z ifodasini topadi. Ular tugatilmaydi yoki yangidan paydo bo’lmaydi. Fuqaro O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqmaguncha bu huquq va burchlardan voz kecholmaydi, undan foydalanaveradi. Bu huquq va kuchlar faqat davlat tomonidan Konstitutsiyaning o’zgartirilishi natijasida yangi huquqiy aktlar yordamida yangilanishi mumkin.
4. Konstitutsiyada ko’rsatilgan asosiy huquqlar, erkinliklar va burchlar barcha fuqarolarga bir xilda taalluqlidir, ular tenglik asosida beriladi, ularning mazmuni ham, hajmi ham bir xilda tushuniladi. Fuqarolarning O’zbekistonda bir xil huquq va erkinliklarga ega bo’lish qoidasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi moddalariga to’la mos keladi.O’z navbatida, fuqarolarning davlat bilan huquqiy aloqalari mazmuni va hajmi xilma-xil shakllarda ham bo’ladi. Bir fuqaro o’ziga berilgan huquqlardan qisman foydalansa, ikkinchi fuqaro o’z huquqlaridan to’laligicha foydalanishi mumkin, bu fuqarolarning ixtiyoridir.
5.Fuqarolarning huquqlari , erkinliklari va burchlari realdir. Ularning amalga oshirilishi faqatgina fuqarolarning shaxsiy harakatlaridan emas, balki O’zbekiston davlati va jamiyati tomonidan ta`minlanadi. Bu huquq va erkinliklarni ta`minlashda faqat Konstitutsiyaviy huquq normalarigina emas, balki boshqa huquq tarmoqlarining normalaridan ham foydalaniladi.
Fuqarolar huquqlari, erkinliklari va burchlarining real amalga oshirilishining turli yo’llari mavjud: birinchidan, davlat o’z Konstitutsiyasida o’zining butun organlari, mansabdor shaxslariga fuqarolarning Konstitutsiya va qonunarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta`minlashni buyuradi; ikkinchidan, davlat ushbu huquq, erkinliklar va burchlarni ta`minlashni muhofaza qilish uchun maxsus organlar to’zadi (ichki ishlar organlari, prokuratura va sud organlari); uchinchidan , fuqarolarning huquqlari, erkinliklarini muhofaza qilishda jamoat uyushmalari ( kasaba uyushmalari, yoshlar uyushmalari, xotin-qizlar birlashmalari va boshqalar) ham ishtirok etadilar. To’rtinchidan , Konstitutsiyaning X bobida ( «inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari ») moddama-modda kafolatlarning turlari ko’rsatilgan.
Fuqarolarning huquqlari va erkinliklari daxlsizdir, sud qarorisiz fuqarolarni ulardan mahrum etishga yoki cheklab qo’yishga hech kim haqli emas.
6.Fuqarolarning huquqlari,erkinliklari va burchlari o’zaro bog’liqdir. Konstitutsiyaning 19-moddasida : «O’zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo’lgan huquqlari va burchlari bilan o’zaro bog’liqdirlar», 47- moddasida esa «Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo’yilgan burchlarini bajaradilar» deyilgan. Bu Konstitutsiyaviy qoidalar shuni bildiradiki, jamiyat va davlat oldida hech qanday burchlarni ado etmasdan, faqat huquq va erkinliklardan foydalanib hayot kechirishi mumkin emas.
Har bir fuqaro huquq va erkinliklardan foydalanar ekan, boshqa fuqarolarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari, erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.(20-modda).
Davlat ham, o’z navbatida, qonunar asosida fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, ularni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi lozim.
Fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari o’zining mazmuni va xarakteriga qarab har xil bo’ladi. Ular davlat bilan fuqarolarning asosiy munosabatlari va aloqalari negizini bildiradi va shu ma`noda ular bir butunlikni, ya`ni ajralmas birlikni tashkil qiladi. Shuning uchun ham har bir huquq, erkinlik va burchni faqat alohida-alohida emas, balki ma`lum tizimga solib bir-biri bilan ichki bog’liqlikda ko’rib chiqish kerak.
Fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari tizimi tarkibiy qismlarining aloqalari ma`lum yo’nalishlarda bo’ladi. Ulardan asosiylari quyidagilar:
1.Ba`zi bir Konstitutsiyaviy huquqlar, erkinliklar va burchlarning amalga oshirilishi boshqa huquqlar va erkinliklarning amal qilishi uchun asos bo’ladi. Masalan, O’zbekiston fuqarosining mehnat qilish huquqining amalga oshirilishi, uning dam olish huquqini , ijtimoiy ta`minot huquqini amalga oshirishga bog’liq bo’ladi.
2. Ba`zi huquq va burchlarning amalga oshishi, boshqa bir burchlar va huquqlarning to’xtatilishiga olib keladi. Masalan, fuqarolarning vaqtinchalik va doimiy mehnat qobiliyatini yo’qotish, ijtimoiy ta`minot huquqidan foydalanish imkoniyatini keltirib chiqaradi.
3. Fuqarolarning ba`zi bir huquqdan to’g’ri foydalanmasligi yoki Konstitutsiyaviy burchini bajarmasligi ularning boshqa Konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishga ta`sir qilishi mumkin. Masalan, mehnat qilish huquqining bo’zilishi, ishdan qonunsiz bo’shatilishi, fuqarolarning dam olish va moddiy ta`minot huquqining bo’zilishiga olib kelishi mumkin.
Yuridik fanda fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlarini uch guruhga bo’lish qabul qilingan :

  1. Ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar:

  2. Siyosiy huquqlar:

  3. Shaxsiy huquqlar.

Fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlarini guruxlarga ajratishda asosan, ikki talab hisobga olinishi kerak. Birinchidan, unda insonning hayoti va faoliyati sohasidagi muxhm tomonlari, ikkinchidan, guruhlarga bo’lishda faqat huquq va erkinliklarni hisobga olish bilan cheklanmasdan albatta Konstitutsiyaviy burchlarni ham qo’yish kerak. Chunki Konstitutsiyaviy huquqlar, erkinliklar va burchlarning birligi shaxsning huquqiy holati prinsipi hisoblanadi.
O’zbekiston fuqarolarining asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlarini ilmiy asoslangan tartibda tasniflash O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida o’z aksini topgan. Unga asosan, O’zbekistonda inson va fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari va burchlarini quyidagicha tasniflash mumkin:

  1. shaxsiy huquq va erkinliklar (VII bob);

  2. Fuqarolarning siyosiy sohadagi huquqlari (IX bob);

  3. Fuqarolarning burchlari (XI bob).

O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining Konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari va burchlari tizimining asosini tashkil qiluvchi fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari Konstitutsiyaning VII bobida qonunan mustahkamlangan bo’lib, Respublikadagi butun huquq tarmoqlari uchun asosiy manba hisoblanadi. Fuqarolarning mazkur huquqlari va erkinliklari xalqaro huquqiy hujjatlarga, chunonchi inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to’g’risidagi paktga hamda fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi xalqaro paktga to’la mos keladi va ana shu hujjatlardan kelib chiqadi.
Shaxsni, uning hayotini ijtimoiy xavfli tajovo’zlardan muhofaza qilish davlatning vazifalaridan hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24-monddasida «Yashash huquqi har bir insonning o’zviy huquqidir. Inson hayotiga suyiqasd qilish eng og’ir jinoyatdir»,- deb yozib qo’yilgan.
Haqiqatan ham, yashash huquqi insonning tabiiy huquqidir, har bir inson jinsi, irqi, millati , tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, fikrlash, shaxsiy va ijtimoiy ahvolidan, yoshi, jismoniy kuchi sog’ligidan qat`i nazar yashash huquqiga ega.
Insonning yashashdan maqsadi yagona bo’lib, tinchlik va osoyishtalikda, farofon hayot kechirishdir. O’z navbatida, inson bu maqsadga erishish uchun o’z oldiga qo’yilgan talablarni ham sidqidildan bajarishi lozim.
Insonning yashash huquqi Konstitutsiya va boshqa turli qonunar bilan muhofaza qilinadi. Bu sohada jinoyat kodeksi muhim o’rin egallab, u maxsus vositalar orqali inson hayotini jinoiy tajovo’zlardan himoya qiladi.
Shaxs yashash huquqining muhim kafolatlaridan biri, respublika qonunchiligida afv etish institutining tashkil etilganligidir. O’lim jazosiga hukm qilingan har bir kimsa, kim bo’lishidan qat`i nazar, respublika prezidentiga o’zining afv etilishini so’rab murojaat etish huquqiga ega.O’lim jazosiga hukm qilinganlar afv etilgudek bo’lsa, o’lim jazosi 25 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtiriladi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida har bir insonga erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi berilgan. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.
Har bir shaxs tug’ilishi bilan shaxsiy daxlsizlikka ega bo’lib, erkin hayot kechiradi, ya`ni bu har bir kishi erkin ravishda , o’z ixtiyori bo’yicha harakat qilishi mumkin, faqat shaxsning harakatlari qonunga zid bo’lmasligi kerak. Hech kim insonga qonunsiz ta`sir o’tkazish, uni ba`zi xarakatlarni qilishga majburlash yoki uning huquqlarini cheklashi mumkin emas.
Shaxsiy daxlsizlik va erkinlik huquqi O’zbekiston huquq tizimining turli sohalari bilan, shu jumladan jinoyat huquqi bilan muhofaza qilinadi, unda bu huquqlarga tajovo’z qilganlik uchun javobgarlik o’rnatilib turli jazo choralari belgilangan.
Fuqarolarning huquqlarini muhofaza etishda prokuratura, sud va ichki ishlar organlarining o’rni beqiyosdir. Masalan, amaldagi qonunarga binoan shaxsni hibsga olish va uni ushlab turish haqidagi masalani prokuror hal qiladi.
O’zbekiston Konstitutsiyasining 26-moddasida: «Jinoyat sodir etilganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko’rib chiqilib, aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi» –deb ko’rstilgan.
Aybsizlik prezumpsiyasi deganda-yuridik fanda aybi qonunda belgilangan tartibda va tegishli organlar tomonidan tasdiqlanmaguncha shaxsning aybsiz hisoblanishi tushuniladi. O’zbekiston mustaqil bo’lib, o’z Konstitutsiyasini qabul qilgach, aybsizlik prezumpsiyasi odil sudlovning asosiy prinsipi bo’lib qoldi. Bu prinsipga amal qilinganda , jazo tayinlashdan avval jinoyatni aynan shu shaxs sodir etganligini aniqlashga majbur.
Jinoyat sodir qilgan shaxsning aybdorligini isbotlash majburiyati tergovchi, surishtiruvchi, prokuror va sudga yuklatilgan Konstitutsiyada ayblanuvchiga o’zini himoya qilish huquqi ham ko’rsatilgan. Qoidaga ko’ra shaxsning bu huquqi advokatlar orqali amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qiynoq, zo’rlik va boshqacha inson qadr –qiymatini kamsituvchi harakatlarni taqiqlaydi.
O’zbekiston Konstitutsiyasining 27-moddasida har bir insonga o’z sha`ni va obro’siga qilingan tajovo’zlardan, shaxsiy hayotga aralishdan himoyalanishi va turar joy daxlsizligi huquqiga egaligi mustahkamlangan.
Shaxsning sha`ni va qadr-qimmati bu insonga tegishli xususiyatdir, bu xususiyat katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lib, uning bo’zilmasligi qonun bilan qo’riqlanadi. Insonning turar joy daxlsizligi huquqi, mulk shaklidan qat`i nazar hamma joylarga, hamma binolarga tegishlidir. Uy-joyga ruxsatsiz kirishga faqat qonun bilan ko’rsatilgan hollarda va belgilangan tartibda yo’l qo’yiladi. Jinoyat prosessual qonuni esa uyni ko’zdan kechirish va tintuv o’tkazish shartlari va asoslarini belgilab beradi. Turar joyga u yerda yashovchilarning erkiga qarshi, zo’rlik ishlatib, noqonuniy kirish hollarida jinoiy javobgarlik kelib chiqadi va jazo qo’llanishi mumkin.
O’zbeksiton Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasi Respublika hududida fuqarorlarninng bir joydan ikinchi joyga ko’chish, kelish va undan chiqish huquqini mustahkamlaydi. Bu huquqqa muvofiq, shaxs o’z xohishi bilan O’zbekiston Respublikasi hududida bir joydan ikkinchi joyga ko’chish, undan chiqib ketishi va qayta kelishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga ketish qoidalari maxsus huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Konstitutsiyaning 29-moddasi har bir shaxsga fikrlash, so’z va e`tiqod erkinligi, istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqini beradi, lekin bunday erkinlik amaldagi Konstitutsiyaviy to’zumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlarga qat`iy rioya etilgan holda amalga oshirilishi kerak. Chunki Respublika Konstitutsiyaviy to’zumiga qarshi qaratilgan axborot va boshqa ma`lumotlar davlat, jamiyat va fuqarolar uchun jiddiy xavf tug’dirib, jamiyatning osoiyishta va tinch rivojlanishiga salbiy ta`sir ko’rsatadi.
Fuqarolarga fikrlash, so’z va e`tiqod erkinligi, barcha ma`lumotlarni qidirish, olish, tarqatish huquqi ularga davlat idoralariga, jamoat birlashmalariga, korxona, tashkilot, muassasalarga taklif, ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilish yo’li bilan jamoat va davlat ishlarini boshqarishda faol qatnashish imkonini beradi.
Davlat manfaatiga daxldor yoki boshqa sirlarni saqlash niyatida so’z erkinligi va ularni bayon qilish huquqi cheklangan. Bunday cheklanishning shart ekanligi davlat sirlarini oshkor qilishning, siyosiy va iqtisodiy mustaqillikka, davlatning mudofaa qudratiga, davlat va jamiyatning o’ta muhim manfaatlariga zarar yetkazishi mumkinligi bilan asoslanadi.
Davlat sirlarini saqlash bunday sirlarga ega bo’lgan barcha davlat idorlari, korxonalari, birlashmalar hamda mansabdor shaxslar va O’zbekiston Respublikasi fuqarolarning majburiyatidir.
Shunday qilib, O’zbekiston Respublikasi fuqarolari ma`lumotlarni qidirish, olish va tarqatish kabi o’z huquqidan foydalanyotgan paytda jamiyatga va boshqa shaxslarning manfaatlariga zarar yetkazmasliklari kerak.
Respublika Konstitutsiyasining 32-moddasi Respublika xalqining hammasi uchun vijdon erkinligini kafolatlaydi. Buning ma`nosi shuki, O’zbeksitonda yashaydigan har bir inson xohlagan dinga e`tiqod qilish yoki qaysi dinga e`tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo’l qo’yilmaydi.
Dinlar va diniy tashkilotlar davlatdan ajralgandir. Bir din yoki diniy e`tiqod uchun ikkiinchi bir din yoki e`tiqodga nisbatan biror-bir darajada imtiyoz yoki cheklash belgilashga yo’l qo’yilmaydi. Davlat diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning qandaydir vazifalarni bajarishni yuklamaydi, diniy tashkilotlarning qonunarga zid bo’lmagan faoliyatiga aralashmaydi.
O’zbekistonda xalq hokimiyatinig amalga oshrilishi har bir O’zbekiston fuqarosiga mamlakatning ijtimoiy, siyosiy hayotida amaliy va huquqiy ishtirok etish imkonini beradi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining VIII bobida siyosiy huquqlar to’g’risida gap ketganda, bu huquqlar asosan O’zbekiston fuqarolariga tegishli ekanligini alohida uqtirish lozim. Chunki faqat O’zbekiston Respublikasi fuqarolarigina Konstitutsiyada ko’rsatilganidek, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o’z vakillari orqali ishtirok etish (32-modda), o’z ijtimoiy faolliklarini O’zbekiston Respublikasi qonunariga muvofiq mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish (33-modda),kasaba uyushmalariga siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish (34-modda) huquqlaridan foydalanishlari mumkin.
Konstitutsiyaning «Shaxsiy huquqlar va erkinliklar» deb nomlangan VII bobida ko’rsatilgan huquqlar va erkinliklar esa nafaqat O’zbeksiton fuqarolariga, balki O’zbeksitonda yashovchi barcha insonlarga tegishlidir.
O’zbeksiton Konstitutsiyasining fuqarolarga beradigan siyosiy sohadagi huquqlardan biri "J«miyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o’z vakillari orqali ishtirok etish»dir (32 modda) bunday ishtirok etish ikki yo’l bilan amalga oshiriladi:

  1. Bevosita ishtirok etish. Bu referendum o’tkazishda, davlat organlarini saylovlar yo’li bilan tashkil etishda, fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlari faoliyatida ishtirok etish bilan amalga oshiriladi.

2).Fuqarolar o’zlari saylab qo’ygan vakillari, davlat organlari, Respublika Prezidenti orqali jamiyat va davlat ishlarini amalga oshirishda qatnashadilar.
Yuridik adabiyotlarda fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishni, usullariga qarab vakillik demokratiyasi va bevosita demokratiya deb atashadi.
O’zbeksiton fuqarolari davlat hokimyatini o’zlari saylab qo’ygan vakillari orqali, vakillik organlari bo’lgan xalq deputatlari Kengashlari hamda fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlari orqali amalga oshiradilar. Konstitutsiyaga ko’ra, O’zbeksiton xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Respublika Prezidenti ish olib borishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarga o’z xohish- irodasini bildirish, tenglik va erkinlik asosida, vakillik organlariga saylash va saylanish huquqi belgilab qo’yilgan. O’zbekiston Prezidenti saylovi, hokimiyatning vakillik organlariga saylovlar, ko’ppartiyaviylik, umumiy, teng, to’gridan-to’gri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkaziladi. Bundan tashqari, fuqarolar saylov jarayonida saylov o’tkazuvchi organlarni shakllantirishda ishtirok etish, nomzodlar ko’rstaish, nomzodlarning ishonchli vakili, tashviqotchisi bo’lish, saylovlarning qonunarga asosan o’tishini nazorat qilish maqsadida komissiyalarda ishtirok etish singari huquqlarga ham egadir.
Ular mahalliy o’zini–o’zi boshqarish organlari faoliyatida qatnashish hamda referendumlarda davlat va jamiyatning muhim masalalarini muhokama qilish orqali jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda faol ishtirok etadilar. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan «O’zbeksiton Respublikasining referendumi to’grisida»gi qonuniga asosan, referendum davlat hayoti va ijtimoiy hayotning eng muhim masalalari, Respublika qonunari va o’zga qarorlarini qabul qilish, ularni o’zgartirish, jamoatchilik fikrini aniqlash maqsadida umumxalq ovoz berishi bo’lib, xalq hokimyatini bevosita amalga oshirish vositasidir.
Referendum orqali fuqarolar o’zlarining xohish irodalarini bevosita bildirib, unga majburiy tus beradilar. Xalq muhokamasiga qo’yilgan masala yo’zasidan xalqning ovozi hal qiluvchi ovoz bo’lib hisoblanadi va biron-bir organ tomonidan tasdiqlanishiga yo’l qo’yilmaydi. Uni o’zgartirish yoki bekor qilish faqat referendum orqali hal qilinadi.
Konstitutsiyasining 33- moddasi fuqarolarga o’z ijtimoiy faolliklarini O’zbeksiton Respublikasi qonunariga muvofiq mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqini beradi. Fuqarolar mitinglar, yig’ilishlar, namoyishlarda o’z xohish-irodasini erkin ifoda etish huquqiga, so’zga chiqish erkinligiga egadirlar. Hokimiyat organlari fuqarolarning bunday tadbirlar o’tkazish haqidagi arizalarni ko’rib chiqib, ularga zarur shart-sharoitlarni yaratib beradi. Ularga binolarni, maydonlarni, ko’chalarni berish, axborotlarni keng tarqatish, televideniye va radiodan foydalanish imkoniyati ta`minlangan.
Hokimiyat organlari mitinglar, yigilishlar va namoyishlarning yo’nalishlarini belgilaydilar hamda ularning boshlanish va tugash vaqtini nazorat qiladilar. Chunki bu tadbirlar jamoat tartibini bo’zmasligi, to’s-to’polon keltirib chiqarmasligi, fuqarolar xavfsizligiga tahdid solmasligi, shaxslarning huquq va erkinliklarini poymol etmasligi kerak.
Hokimiyat organlari ayrim hollarda, faqat xavfsizlik nuqtai–nazaridangina fuqarolarning bunday mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar o’tkazishini to’xtatishi yoki ta`qiqlab qo’yishi mumkin. Fuqarolarning siyosiy huquqlari tizimiga kiradigan huquqlardan yana biri fuqarolarning kasaba uyushmalarga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqidir. Bu huquq Konstitutsiyaning 34-moddasida o’z aksini topgan.
Xulosa
O’zbekiston Konistitutsiyasining 52-moddasida O’zbekiston Respublikasini himoya qilish uning har bir fuqarosining burchi ekanligi mustahkamlangan. Har bir fuqaro O’zbekiston Respublikasi manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, uning qudratini va obro’-e`tiborini mustahkalash uchun barcha choralarni ko’rish lozim. Respublikaning mudofaa qudrati qurolli tajovo’zlardan himoyalash maqsadida saqlab turiladi.
O’zbekiston Respublikasining «Mudofaa to’g’risida» gi 1992 yil 3 iyul qonunida respublikaning hududiy yaxlitligini, mustaqilligini himoya qilish respublika fuqarolarining Konstitutsiyaviy burchi ekanligi ifodalangan.
O’zbekiston Qurolli Kuchlari va boshqa qo’shinlari fuqarolarni umumiy harbiy majburiyat asosida harbiy xizmatga chaqirish hamda fuqarolarning bitimga asosan harbiy xizmatga kirishi orqali to’ldiriladi.
Qonunga ko’ra, tinchlik vaqtida salomatligi harbiy xizmatga yaroqli bo’lgan va chaqiruv kunida 18 yoshga to’lgan O’zbekiston fuqarosi bo’lmish yigitlar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladilar.
O’zbekiston Respublikasining «Muqobil xizmat to’g’risida»gi 1992 yil 3 iyul qonunida ko’rsatilganidek, muqobil xizmat fuqarolar o’taydigan davlat xizmatining aloxida turi bo’lib, bu xizmat fuqaroning korxonalar, muassasalar, xalq xo’jaligi tashkilotlari, yuqori malaka talab etmaydigan (yordamchi ishlarni yoki o’z malakasiga mos ishlarni, shu jumladan, falokat, fojia, tabiiy ofat va boshqa favqulodda holatlarning oqibatlarini bartaraf etishga oid ) ishlarni bajarishi bilan bog’liqdir. Muqobil xizmatni 18 yoshdan 28 yoshgacha bo’lgan harbiy hisobda turadigan, muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi lozim bo’lgan fuqarolar o’taydilar.
Shunday qilib, O’zbekistonning har bir fuqarosi Qurolli kuchlar saflarida harbiy xizmat qilishi o’zining faxriy va muqaddas burchi ekanligini, unga xiyonat qilish esa eng og’ir jinoyat sanalishni hamisha e`tiborda tutadilar.

Adabiyotlar:




1. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi T.2003.
2. I.A.Karimov «O’zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura». T .96.
3. I.A.Karimov «Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir».
T .96.
4. R.Qayumov « O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy huquqi» T. «Adolat» 1996.
5. Sh.Urazayev «Mustaqil O’zbekiston Konstitutsiyasi» T.95.
6 .X.Odilqoriev,A.Saidov,U.Tadjixanov, «O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy huquqi «. T.2001.
7. www.ziyonet.uz

Yüklə 90,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin