Qadring baland bo’lsin ona tilim



Yüklə 41,5 Kb.
tarix25.02.2023
ölçüsü41,5 Kb.
#85525
Qadring baland bo\'lsin ona tilim


Qadring baland bo’lsin ona tilim”
Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin.
Shavkat Mirziyoyev
Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir. Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar.
O‘tmishda o‘lkamizni bosib olgan turli yovuz kuchlar bizni avvalo o‘z tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinu diyonatimizdan judo qilishga qayta-qayta urindilar. Ular el-yurtimiz boshiga qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi ma’lum.
Ammo jasur va matonatli xalqimiz har qanday og‘ir sinovlarda ham o‘z ozodligi va istiqloli uchun mardona kurashdi. Bu yo‘lda behisob qurbonlar berdi. Har qanday zulm va zo‘ravonliklarga qaramasdan, o‘z ona tilini – milliy g‘ururini saqlab qoldi. Nafaqat saqlab qoldi, balki uni har tomonlama rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi.Bu borada ma’naviy jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan buyuk arboblarimiz, adib va olimlarimiz, ulamolarimiz, ulug‘ san’atkorlarimizning xotirasini bugun hurmat va ehtirom bilan yod etamiz.
Ona tili biz kundalik hayotning barcha holatlarida eng erkin va faol foydalanadigan tildir. Bola dunyoni ona tili orqali o'rganadi. Bu atama ota-onamizdan eshitgan, biz tarbiyalangan, xalqimiz va tug‘ilgan joyimiz uchun umumiy bo‘lgan tilni bildiradi. Har bir xalqning o'ziga xosligi bor. Ona tilimiz madaniyat va an’analarimiz, merosimiz ko‘zgusidir.Til oilada juda muhim rol o'ynaydi, chunki u asosiy qadriyatlardan biridir.
Insonning so'zlash tarzidan u kishining bilimi, madaniy saviyasi, umumiy rivojlanishini tasavvur qilish mumkin. Tilga beparvo munosabatda bo'lish - beparvo fikrlash demakdir.
1989-yil 21-oktyabrda, O’zbekiston hali o’z mustaqilligini qo’lga kiritmay turib ajdodlarimiz uzoq yillar orzu qilib, intilib va kurashib kelgan Davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi mamlakat suvereniteti sari qo’yilgan dastlabki dadil qadam edi. Aynan ushbu tarixiy hujjatga ko’ra, o’zbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo’ldi.

Istiqlol yillarida o’zbek tili tom ma'noda davlat tili maqomiga erishib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.


“Ona tili avvalo, ona allasi bilan uning betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili bu millatning ruhidir” deya aytilgan da`vatkor fikrlari biz yoshlarga o`zgacha shijoat beradi Lekin hozirgi axbarot-texnologiyalari asrida turli xorijiy til so`zlari ham kirib keldi. Bu tilimizning boyishi bilan bir qatorda, uning ba`zi hollarda buzilishiga ham olib kelmoqda. Kitob varaqlab turar ekanman, e`tiborimni bir adibning bildirgan mulohazasi o`ziga tortdi: “Nega ko`cha harakati qoidasini buzgan kishiga milisiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi.” Abdulla Qahhorning ushbu fikrlari ayniqsa, bugungi kun uchun juda o`rinlidir. Chindan ham o`zbek tilidek boy, ravon va go`zal til yo`q. Asrlar davomida o`zligini yo`qotmagan, dunyoga Navoiy, Bobur, Uvaysiy,Nodiralarni yetishtirib bergan nazm bog`iga oltindan haykal qadagan bu ganjina nega endi nopisandlik bilan so`zlanishi kerak! Ijtimoiy tarmoqlarda “Ok”, “Paka”, “Vapshe” kabi so`zlarni ko`p uchratamiz. Bu ham tilimizga nisbatan hurmatsizlikdir, aslida biz bu bilan nafaqat o`zbek tili, balki, ingliz, rus tillariga ham zarar yetkazib qo`ymoqdamiz. Tilimizda shunday so`zlar borki, ularni boshqa tilga tarjima qilishning iloji yo`q. Birgina “Mehr” so`zini oladigan bo`lsak, bu so`zni aynan tarjima qilishga ojizmiz. Chet el tillarini tarjimasida ham bu so`zga yaqin ma`noli, sinonimlardan foydalanib o`giriladi. Bizning tilimiz ana shunday dunyo filologlarini ham shoshiltirib qoyadi.
Ona tilimizda yangrayotgan har bir so`z, insonga o`zgacha tuyg`u, o`zgacha ishonch beradi, g`ayrfatimizga-g`ayrat, kuchimizga-kuch qo`shadi. Tilimizdagi iliq, betakror, serjilo so`zlar insonning qalb torlarini mohirona chertadi, betobni sog`aytiradi. Bu haqiqat. Bir so`z bilan insonga dunyolarni hadya etish mumkin yoki aksincha. Eng qattiq berilgan zarba bu til bilan bo`lar ekan. Xalqimizda bejizga “Tig` yarasi bitadi, til yarasi bitmaydi” deyilmaydi.
So`z – benihoyat qudratli narsa. Bunga tarixdan ham dalillar bor. “Qobusnoma”da yozilishicha, Halifa Xorun ar-Rashid tush ko`radi. Tushida hamma tishlari to`kilib tushgan emish. Shunda bu tush ta`birini ta`bir qiluvchidan so`raydi. U. shunday deydi: “Sendan oldin barcha yaqinlaring o`ladi. Sendan boshqa hech kim qolmaydi”. Bu so`zni eshitgan Halifa Xorun g`azab otiga minadi va ta`birchini yuz darra urishini buyuradi. Keyin boshqa bir ta`birchini chaqirib ma`nosini so`raydi. Dono ta`birchi: “Sening umring barcha qarindoshlaring umridan uzunroq bo`ladi”, - deydi. Shunda Xorun ar-Rashid: “Barcha aqlning yo`li birdir va ikkala ta`birning negizi bir yerga boradi, ammo bu ibora bilan u iboraning orasida farq bag`oyat ko`pdur”, - deydi va unga yuz tillo berishni buyuradi. Demak, so`zni o`z ornida ishlata bilish uchun farosat, malaka va ziyraklik zarur. Hayot yo`llarimizda Mir Alisher Navoiyning :
“Ko`ngil mahzanining qulfi til va ul mahzanning kalitin so`z bilgin” degan hikmatlarini shior qilib olmog`imiz zarur, deb o`ylayman.
Mana bugun bezavol qolgan, toptalgan tilimiz o`zining asrlarga teng qaddini tikladi. Sinovlarni ortga surib o`ttiz bir yoshni qarshiladi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonlaridan 2019-yil oktyabrda e’lon qilingan farmonga binoan 21-oktyabr – O`zbek tili kuni sifatida keng miqyosda nishonlanadigan bo`ldi. Tilimiz rivoji uchun so`nmas olov uchqunlarini yoqib, alangalatib ketgan Zulfiyaxonim, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov kabi zabardast adabiyot vakillarining haykallari “Yozuvchilar bog`i”dan joy oldi. Bundan tashqari Abdulla Oripov nomidagi maxsus she`r, adabiyot maktabi ochildi. Bu maktabda bugungi kunda yuzlab iqtidorli yoshlar saboq olib kelmoqdalar. Ayniqsa, yurtimizda kitobxonlikni keng targ`ib etib, milliy g`ururimiz bo`lgan tilimizning keyingi kelajagi uchun xizmat qilayotgan “Yosh kitobxon” ko`rik-tanlovi e`tiborfga molikdir. Bugungi kunda tilimizga bo`lgan hurmat hukumatimiz tomonidan, qolaversa, keng jamoatchilik tomonidan o`zgarib bormoqda. Masalan, endilikda O`zbekiston Respublikasi fuqarosi bo`lish uchun o`zbek tilini mukammal bilish, maxsus imtihondan o`tish talab qilinadi. Yana, bundan keyin talaba bo`lish uchun ona tilidan imtihon topshirib, namunali natija ko`rsatish lozim. Yaqin kunlarda insonni faxrlantiradigan, barcha o`zbek xalqini etini jimirlatadigan voqeaning guvohiga aylandik. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbarlarida sof o`zbek tilida nutq so`zladilar. Bir yuz to`qson uch davlat vakillari va dunyo televideniyasida o`zbek tili yangradi.
Muhabbat, sadoqat koshonasida,
Humo qush parvozi peshonasida,
Uchinchi renessans ostonasida
BMTda yangragan Navoiy tili!
Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim…
Tarixdan so`z ochsalar, mag`rurlanadigan shonli tarixga egamiz. Hech ikkilanmay “Tarixim Navoiyning so`zida, Qoshg`ariyning baytida, Boburning o`tli ruboiylarida”, - deya olamiz. Taqdirim, shul Vatanning murg`ak farzandiman, u bilan qismatdoshman. Baxtim ham, iftixorim ham shu. Kelajakka ayta oladigan so`zim bor, Bu omadim, Olloh tomonidan berilgan imkoniyatdir. Men aminmanki, o`zbek tili mangu yashaydi. Yana ming yillar davomida qalblarnimizni zabt etaveradi.
Ona tilim, omon bo`l mangu,
Sen borsanki, men ham o`lmayman.
Tildan qolsam, seni Oybekday,
Men ko`zlarim bilan so`zlayman.
Yüklə 41,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin