Qaqnus obrazi - Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidagi qushlar timsoli asosiy ramziy obrazlardan sanaladi. Bu timsollarni esa ikkiga ajratib tahlil qilish ahamiyatli. Bularning birinchisi afsonaviy qushlar: Simurgʻ, Anqo, Xumo va Qaqnus hisoblanadi.
Qaqnus haqida Navoiy asarlari lugʻatida shunday deyilgan: «Qaqnus – mavhum bir qush, afsonaga koʻra tumshugʻida juda koʻp teshiklar boʻlib, bu teshiklardan chiqqan ovozlardan goʻyo musiqa oʻylab chiqarilar emish.» Bu obrazning ilk kurtaklarini biz yunon xalq mifologiyasida uchratamiz: Feniks, tarjimada sehrli qush maʼnosini beradi. Uning koʻrinishi burgutsimon va rangi qizil-tillasimon yoxud olov rangda deb tasavvur qilingan. Aytishlaricha, umrining oxirida u turli xushboʻy oʻtinlar bilan oʻz uychasini yondirmish va uning kulidan yangi qaqnus paydo boʻlarkan. Misrliklarning tasavvuri boʻyicha, u oʻtlarning xushboʻy hididan oʻlar ekan, soʻng esa quyoshda yonib ketarmish va uning tanasidan Qaqnus bola chiqar emish. Feniksning Sharq adabiyotida Qaqnus shaklida oʻzlashishi bilan birgalikda ushbu obrazga bir qator motivlar qoʻshildi. Natijada ushbu obrazning taʼsirchanligi, badiiy quvvati ortdi. Bu timsolidan Sharq adabiyoti, jumladan turkiy adabiyotda Navoiydan oldin ham foydalanilgan. Haydar Xorazmiy “Mahzan ul-asror” dostonida oʻzining tasavvufiy ishqi bayonida quyidagi satrlarni keltiradi:
Har damu, har lahza bir oʻtqa yonib,
Gʻoyati yoʻq otash ichra oʻrtanib.
Oʻt ichida qaqnusi bechoravor,
Nolai jonsoʻz tuzib sad hazor.
Navoiy “Lison ut-tayr”dan oldin ushbu obrazga lirikasida hamda “Farhod va Shirin” dostonida murojaat qiladi. Lekin uni “Lison ut-tayr”da mukammallik va badiiy sanʼatkorlikning barkamol darajasi bilan kuylaydi. Buning sababi uning ustozi Attordan taʼsirlanganligi desak, xato boʻlmaydi.
“Mantiq ut-tayr”da Attorning tasviridagi Qaqnus umr boʻyi xas-xashak yigʻadi va umrining oxirida shunday nola chekadiki, natijada xas-xashak yigʻilgan uyasiga oʻt tushib, uya bilan uning sohibi – Qaqnus ham yonib ketadi. Attor bu anʼanaviy obrazdan umrning foniyligi haqidagi xulosani chiqarish uchun foydalanadi:
Qaqnusi sargashta umri ming, hazor,
Bir umr yigʻlab chekar faryodu zor…
Boʻylakim sen ham qutulmassan sira,
Shum ajaldin hiylavu tadbir ila.
Navoiy esa bu hikoyatdan “Lison ut-tayr” asarida foydalanadi. Navoiy ushbu hikoyatni Attorda qanday qoʻllanilgan boʻlsa, dearli shundayligicha keltirar ekan, unga Fisogʻurs (yunon faylasufi Pifagorning Sharqona atalishi)ning bu navolarni eshitgani va unga asoslanib, musiqa faniga asos solganligi haqidagi motivni kiritadi. Qaqnusning hayoti, oʻtin yigʻishi va nolasi, shu sababdan atrofga oʻt ketishi haqidagi fikrlar aynan beriladi, uning oʻtidan atrofdagi koʻngullarga oʻt tutashishi haqidagi fikr kuchaytiriladi, lekin xulosa mutlaqo oʻzgacha maʼno kasb etadi. Yaʼni:
Shayx goʻyo keldi ul avvalgi tayr,
Kim navo ichra qilib umrida sayr…
Yaʼni bu satrlarida Navoiy maʼnaviy ustozi Attorni Qaqnusga qiyoslaydi:
Yuz navo zohir qilib minqoridin,
Borcha Haqning yoshurin asroridin.
Oʻziga, xirmaniga dogʻi oʻt urib,
Ham oʻzin, ham oʻzgalarni kuydurib.
Yuqoridagi satrlarda Navoiy Attorning sanʼati, mahorati va tasavvufdagi darajasiga mos timsolni uning oʻz asaridan topa biladi va unga yangi maʼno yuklashi orqali anʼanaviy obrazdan novatorlik yarata olish mahorati yana bir bor namoyon qiladi.
Aynan shu oʻrinda Navoiy oʻzini Qaqnusning kulidan paydo boʻladigan Qaqnus bolasiga oʻxshatishi ham Attorga ehtiromini hamda uning oʻrniga munosib daʼvogarligini koʻrsatib turibdi. Navoiy bu daʼvoni mavjud adabiy anʼanalardan chetlashmagan holda, kamtarinlik bilan izhor etadi:
Men demonkim ul otodur, men oʻgʻul,
Ul shahi oliysifot, men banda, qul…
Har nekim koʻrdi otomdin roʻzgor,
Ham oni boʻldi manga omuzgor.
Navoiy “Lison ut-tayr”ning XIII boʻlimini Attorga bagʻishlaydi va “Quvvatul ahror va qiblatul abror Shayx Fariddin Attor qaddisallohu ruhahugʻa madhu sano ogʻozi va oʻz arzu niyozi” deb nomlaydi. Unda Navoiy Attorning asarlariga va tasavvufiy faoliyatiga:
Nazmu nasridinki tahrir aylabon,
Vahdat asrorini tafsir aylabon, –
deb munosabat bildiradi. Mana shu boʻlimda Navoiy Attor ruhiga murojaat qilib, oʻzini qoʻllab-quvvatlashini soʻraydi. CLXXIV boʻlimda esa aynan mana shu murojaat amalga oshganligi, yaʼni Navoiyning Attor ruhi tomonidan qoʻllab-quvvatlanganligi aytiladi. Navoiy Attorni Qaqnusu, oʻzini Qaqnusbacha deyishi faqatgina sanʼat nuqtai nazaridan boʻlmay, muallif bu daʼvoga qandaydir maʼnoda oʻzini haqli deb hisoblagan. Bu daʼvoning isbotini aynan naqshbandiylik taʼlimotida yoqlanadigan uvaysiylik nazariyasidan izlash kerakka oʻxshaydi.
Maʼlumki, Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da Attor haqida fikr bildirib, shunday yozadi: “ …baʼzi debdurlarki, uvaysiy ekandurlar va Mavlono Jaloliddin Rumiy q.s.ning soʻzlarida mazkurdurki, Shayx Mansur Halloj ruhi yuz ellik yildan soʻngra Shayx Fariddidin Attor ruhiga tajalli qildi va oning murabbiysi boʻlibdur.” Attorning uvaysiy ekanligini, Mansur Hallojning ruhi uni tarbiya qilganligini eʼtirof etgan Navoiy oʻzi ham Attor ruhiga iqtido qilishi – ergashishi va undan ruhiy madad kutishi mumkingina emas, tasavvuf taʼlimoti va amaliyoti oʻz takomiliga yetgan XV asr sharoitida zarur edi.
Oʻrtadim olam elini, oʻzni ham,
Qush tilidan oʻzga qilmay soʻzni ham,–
satrlarida esa Navoiy bu asar oʻzining eng soʻnggi (badiiy) asari ekanligiga ishora qilayotganday boʻladi.
Demak, yuqorida taʼkidlaganimizdek, Navoiy Attorni Qaqnusu, oʻzini Qaqnusbachaga oʻxshatishi faqatgina sanʼat nuqtai nazaridan boʻlmay, tasavvuf falsafasining uvaysiylik nazariyasiga binoan oʻzini ham Attorning ruhidan maʼnaviy tarbiya olgan deb hisoblaganligi uchun aytayotgan ekan. Zero, hazrat Navoiy bu borada haqli edi. U Attor ruhi orqali tarbiyalangan va kamolga yetgan ijodiy faoliyatining choʻqqisi boʻlmish “Lison ut-tayr” dostoni uni tushunib, mutoala etishga qodir kitobxonlarning qalbiga maʼrifat olovini yoqib, yashab kelmoqda.
AFANDI — turkiy xalqlar ogʻzaki ijodidagi obraz. Ismi Xoʻja Nasriddin (A. laqabi). U oʻzbeklarda Afandi (Nasriddin afandi), turklarda Xoja Nasriddin, qozoqlarda Xoʻja Nosir, ozar-bayjonlarda Mulla Nasriddindir. Afandi barcha latifalarda mard, toʻgʻri soʻz, haqiqatgoʻy, adolatni ulugʻlovchi, kambagʻal, beva-bechoralarning homiysi, shuningdek shaxs va jamiyat kamchiliklari ustidan kuluvchi xalq qahramoni sifatida gavdalangan. U baʼzi adolatsiz amaldorlar, qozilarning, soʻzi bilan ishi mos kelmaydigan ruhoniylarning kirdikorlarini fosh etgan, ularga boʻlgan munosabatini yengil mu-toyiba yoki achchiq hajv orqali ixcham va obrazli tarzda ifodalagan. Afandi haqidagi xalq ijodi boʻlmish latifalar toʻplam holida bir necha bor nashr etilgan.
Afandi yozuvchi va sanʼatkorlar ijodidan munosib oʻrin olgan: «Nasriddinning yoshligi» dramasi, «Nasriddin Xoʻjandda», «Nasriddin Buxoroda», «Xoʻja Nasriddin sarguzashtlari», «Xoʻja Nasriddinning oʻn ikki qabri», «Afandining besh xotini» filmlari, «Xoʻja Nasriddin» operettasi, «Nasriddin afandi» musiqali komediyasi, shuningdek tasviriy sanʼat, haykaltaroshlik asarlari yaratilgan.
Luqmoni hakim - sharq mumtoz adabiyoti va xalq ogʻzaki poetik ijodidagi donishmand tabib obrazi. Koʻpgina hikoya, afsona va ertaklar qahramoni. Navoiy ("Tarixi hukamo va anbiyo"), Xondamir ("Ravzat us-safo") va boshqalarda L. H. tarixiy shaxs sifatida gavdalangan. Sharq mumtoz adabiyotida u qora tanli qul boʻlib, karomatlari tufayli ozod boʻlgan. Oʻzbek folklorida L. H. obrazi donolik timsoliga aylangan ("Luqmoni hakim", "Luqmoni hakim va shoh" va boshqalar).
Luqmoni hakim zanji qul edi. Bir yaxshi odam uni xizmatkorlikka sotib oldi. Luqmon bir qancha vaqt xojasiga xizmat qilib yurdi. Xojasi bir kuni uning oqilligini sinab ko‘rish uchun qo‘y so‘yib, eng yoqimli joyni olib kel, — dedi.
Luqmoni hakim qo‘yni so‘yib, uning yuragini va tilini kesib keldi.
Bir necha kundan so‘ng xoja quliga yana bir qo‘yni so‘yib, eng yoqimsiz joyni olib kel, deb buyurdi.
Luqmoni hakim qo‘yni so‘yib, yana uning yuragi va tilini olib keldi. Xojasi hayron bo‘lib:
— Bu ishingni qanday tushunish kerak? — deb so‘radi.
Luqmoni hakim javob berdi:
— Dunyoda eng shirin narsa — pokiza yurak va shirinso‘z tildir.
Dunyoda eng yoqimsiz narsa — bemehr, tosh yurak va ig‘vogar tildir.
* * *
Donishmand Jolinus yo‘lda bir chiroyli yigitni uchratibdi. Unga bir necha savol ber-gan ekan, yigit qo‘pol javob beribdi.
Jolinus hakim o‘zicha:
— Jomning sirti oltin ekanu, ichi mis ekan, — debdi.
SEMURGʻ — sharq xalqlari ogʻzaki poetik ijodidagi afsonaviy qush obrazi; osmonda uchish, uzoq manzilni yaqin qilish haqidagi asriy orzuumidlarning ramziy ifodasi. Dastlab Eron mifologiyasida paydo boʻlgan. «Avesto»dasenemurg shaklida ishlatilgan. Semurgʻ oʻzbek xalq ertak va afsonalarida ijobiy qahramonning doʻsti, himoyachisi, hamrohi, uni «yetti zulmat ichi»dan olib chiquvchi fantastik qush sifatida gavdalanadi. Turkiy xalqlarda Semurgʻning Humo, Anqo, Davlat qushi, Vaxt qushi, Marqumomo, Kuntubulgʻon, Bulbuligoʻyo va b. variantlari bor. S. obrazi «Qahramon», «Oynai jahonnamo», «Rustam», «Kenja botir» kabi ertaklarda keng tasvirlangan. Bu obraz yozma adabiyotda ham uchraydi (mas, Navoiyning «Lison uttayr» asari va b.). S haqidagi afsonalar asosida Hamid Olimjon «Parizod va Bunyod» asarini yozgan. Ularda afsonaviy obraz shartli vosita sifatida mualliflarga qad. oʻtmishdagi real voqelik haqida fikr yuritish imkonini beradi. Oʻzbekfilm kinostudiyasi «Semurgʻ» filmini yaratgan (1974). Semurgʻning Humo varianti Oʻzbekiston Davlat gerbiga asos qilib olingan, shuningdek, Toshkentdagi «Turkiston» saroyi oldida uning ramziy monumenti oʻrnatilgan.
Hazrat Alisher Navoiy Dilorom tavsifida oy, quyosh, yulduz, kabi tabiat unsurlariga murojaat qiladilar. Ulug' shoir dostonning XIII bobida yana Dilorom tavsifini yuksak husn-u tavajjuh bilan chizar ekan, tabiatdan ma'shuqa husniga mos qiyoslar topadi. Suyukli qahramonning yuzi oila va nasrin gallariga, ko'zlari ohu ko'zlariga tashbeh qilinadi. Ulug' mutafakkir talqinicha, bu Sharq go'zalining ikki chakkasidan osilib turgan ikki qora kokili tabiatning ajralmas bir bo'lib, tun va kechaga o'xshaydi. Tasvir davomida ulug' shoir ruju sa'natiga rag'bat ko'rsatadi. Go'yoki oldingi tasvirdan voz kechgandek bo'ladi. Ularni kokil ham, tun ham emas, tuzoq deyavering, - deya ta'kidlaydi. Tasvir va talqin yana tabiat tunga kelib ulanaveradi. Chunki har doim har bir tuzoq Laylini, ya'ni kechani va go'zalni eslatadi. Tuzoq ostida esa, yuqorida ta'kid etilganidek, lola va nasrin gullari kabi oq qizil yuzida ikki ohu ko'zlari kulib turadi.
Diloromning ko'zlari uning qarochig'i esa, Xo'tan kiyimidan olingan anor hidli qora mushkni eslatadi. Diloromning yuz gulzoru, ikki labi ikki ajib gulbargdir: Zulf yo'q, laylikim, ochib iki dom. Lek har doim laylidin bir lom. Domi ostida lolavu nasrin, Tushub anda iki g' azolayi chin. Ko'zi jayran, qarosi mushki xo'tan, Tomizib holi mushkin ul jayran. Nuqtayi xoli rangi shomi visol, Yuzining subxi nuqtasi ul xol. Yuzi gulzoru iki lab anda, Iki gulbargi bulajab anda.
Ulug' shoir Diloromning labini tabiatning qimmatbaho ne'mati-la'lga o'zini ona tabiatning xush isli inomli gulga qiyos qiladi. Shunisi hayratlanarliki, u lablarini ochganda, og'zidan so'z o'rniga dur sochiladi. Diloromning tishlari la'l ichidagi dur, balki obi hayot ichidagi shudringdir.
Ma'shuqaning qulog'idagi halqalar tasvir qilinar ekan, yana yulduz va quyosh timsollari tashbih uchun zamin vazifasini bajaradi. Ikki qulog'ida ikki isirg'a yulduzdek yaltirib turadi. Ammo bu yulduzlar shunday yulduzlarki, ular quyosh atrofida qiron qilmoqchi bo'lgan fitnagar yulduzlarni eslatadilar: Har qulog'ida durri raxshanda, Ikki kavkab kibi duraxshanda. Mehr atrofida makon aylab, Fitna qilmoq uchun qiron aylab Dema qad , nozanin niholi bixisht, Ruh sarmoyasidin anga sirisht. Jilva qilmoqtakim, ravon ko'runub, Ruhdin go'yiyo nishon ko'rinub.
Odatda, mumtoz she'riyatda mashuqa qaddi-qomati sarv daraxtiga qiyos qilinadi. "Sab'ayi sayyor" qahramoni qomatini ulug' shoir jannatdagina bo'ladigan nozanin niholining xuddi o'zginasi, deya ta'rif etadi..
Dostonning XIX bobida Diloromning sozandalik xususiyati to'g'risida mulohaza yuritgan shoir ona tabiatdan yana yangidan yangi qiyoslar topadi. Binobarin, sarvqad go'zal nastarin guli kabi oq badaniga gulrang jon iplarini uzmoq uchun changni qo'liga oladi.
Tasvir va talqin gullar dunyosidan qushlar olamiga ko'chadi. Dilorom afsonaviy qaqnus qushicha tashbih qilinadi. Baytdan bayotgacha ko'chgan sari qushlar davrasi yana kengayib boradi. Bu davraga to vus, bulbul ham kelib qo'shiladi. Ulug' shoir fikricha, Dilorom xuddi qaqnus qushiga o'xshaydi. Qaqnus xushovoz qush bo'lib uning tumshug'idagi 360 teshik dan 360 xil ovoz va ohang chiqadi. Aslida musiqa ohanglari qaqnus ovozlaridan olingan. Mazkur qush ming yil umr ko'rgach, o'zini o'tga tashlab yonib ketar ekan. Dilorom ham o'sha qaqnus qush misol ohanglari bilan olamga o't solur edi. Chang teshiklaridan mungli ovozlar chiqarkan, o't sachragandek tuyulardi. Uzoqdan kuzatgan kishiga bu manzara qaqnus bilan tovus jo'r bo'lib bir ohanga kirayotganini eslatadi. Diloromning jamoli tovusdek jilvagar bo'lsada, ovozi bulbul ohangidek yoqimli. U bulbul kabi ming ohangda doston o'qiydi, qaqnus esa unga qo'shilib kuylaydi: Tor ila nag'ma beadad bo'lubon, Tor yo'q, nag'malarga mad bo'lubon. Chunki har suqbadin chiqib bir lahn Bo'lubon pur sado etinchi sahn. Chunki qaqnuslik aylabon izhor, O't solib olam ichra qaqnusvor. Suqbadin lahni zorlar bilinib, Sekribon o'tkim torlar bilinib. Bo'yla qaqnusqa bu sifat tovus, Hamnavolig' aro bo'lib ma'nus. Garchi tovusdek jamoli aning, Bulbul alhon ila maqoli aning. Bulbul oso chekib bu ming daston, Bo'lubon qaqnus anga hamdaston. Ul navolardin o'rtanib olam, Xossakim bulbul o'lsa, gurux ham
Baxrom va Dilorom munosabatlarini yoritishda tabiatning yer, falak osmon, quyosh, sahro, dasht kabi unsurlaridan ulug' shoir mohirona foydalangan. Ulug' mutafakkir talqinicha , shoh yer yuzida bu parizod bilan, falak esa, osmonda o'z quyoshi bilan bazm tuzadi. Ikki oshiq-ma'shuq sahrolarni kezib, dashtlarni aylanadi. Ijodkor dostonning barcha boblarida Diloromga nisbatan kiyik, ohu ishorasini kuylashdan erinmaydi, tabiatning gulzor, maysazor, lola, sabza kabi unsurlariga tez-tez murojaat qiladi. Navoiy talqinicha, ohu ko'zli Dilorom go'zal Chin diyorida parda ichida tug'ilib, yashab, istiqomat qilgan. O'sha yurtning gulzorlarida o'ynab kulgan. Shuningdek muattar hid sochuvchi bu kiyik lolalar ichida ulg'aygan. Shuning uchun ham u cho'l-u biyobonlarda sayr etishni xush ko'radi: Aslida ul g' azolayi mushkin Chin fazosida erdi hajla nishin.
Ham Xo'tan dashtida maqom etgan, Ham gulu sabzada xirom etgan. Dasht uzra g'azoli mushkin bo', Lolavu sabza uzra qilg'on xo'. Chun anga bu sifat shamoyil edi, Dasht sayrig'a asru moyil edi. Shahga xud dasht sori ish chopmoq, Sayd qilmoq bila farah topmoq. Ikisi tabig' a muloyim sabr, Bu jihatdin alarg'a doim sayr.
Alisher Navoiy salbiy xodisalar talqinida ham tabiat lavhalariga murojaat qiladi. Shohning merganlik mahoratiga "har kim bir narsani mashq qilaversa, mahoratga ega bo'ladi", - deya javob bergani uchun Dilorom shoh g'azabiga uchraydi. Jallodlar Diloromni maxofadan chiqazib, biyobon tomon sudraydilar. Biyobon ham tabiatning bir bo'lagi. Ammo bu dasht shundayki, unda o'sgan har bir giyoh xuddi o'qqa o'xshaydi. Unda suv yo'q. Tabiat mo'jizalari - jonivorlar umriga zomin bo'ladigan zaharli o'tdan boshqa hech qanday giyoh u biyobonda bitmaydi: Maxddin oyin chiqirdirlar, Bir biyobong'a elta bordilar. Har giyohi aning nechukkim o'q Davrida necha kunchilik suv yo'q Jonivar umrini qilurg'a taboh Butmay anda bag'ayri zahr giyoh
Go'zal Diloromni shu biyobonga olib borib ikki o'rim sochi bilan oyoq qo'lini tortib bog'lab, tashlab ketadilar.
Shoh Bahrom may va g'azabning harorati bilan shunday farmon bergan edi. U har kuni tongda may bilan og'iz ochar, shu payt yonida Dilorom ham bo'lar edi. Saharda uyg'onib, tong mayini talab qilganida yonida sevgilisi yo'qligini sezib qoladi. Nima qilganini anglaydi. Dunyo ko'ziga qorong'u bo'lib ketadi. G'azab mastligidan hushyor va g'aflat uyqusidan bedor bo'lgan shoh biyobondan Diloromni izlashga tushadi. Alisher Navoiy shu o'rinda chaqmoq , la'l, tosh kabi tabiat unsurlaridan mohirona foydalanib, hajr iztiroblarini boshidan kechirayotgan oshiq holatini o'quvchi ko'zi oldida jilolantiradilar. Shohning ichiga shunday chaqmoq tushdiki, uning butun vujudi alanga ichida qoldi. Falak uning la'l javoxirlar bilan ziynatlangan boshiga behisob toshlar yog'dirdi. Bahromga sidqidildan vafoli yor bo'lgan Dilorom shoh tomonidan ham hech qanday aybi bo'lmagan holda og'ir jazoga mubtalo bo'ldi. Eng yaqin odamlaridan ana shunday munosabatni ko'rgan bechora qiz taqdirga tan bermoqqa majbur edi.
Dilorom Bahrom qoshida ekanligida shohga mehr-sadoqat bilan xizmatda bo'ldi. U Bahromning ko'nglini shod etmoqni o'z vazifasi deb bildi va bu vazifani mahorat bilan amalga oshirdi. Ammo Alisher Navoiy bu vaqtda Diloromning Bahromga muhabbati bo'lganmi yoki bo'lmaganmi yozmaydi. Dilorom Bahromning g'azabiga uchragan paytida agar shu muhabbat bor bo'lgan bo'lsa u o'tmog'i mumkin edi.
Ammo Diloromda aksincha bo'ldi. U Xorazm hukmdorining uning nikohiga o'tishi to'g'risidagi taklifini rad qiladi. Xorazmda ekanida yana Bahrom bilan uchrashuv ehtimolini garchi ko'zda tutmasa-da, Bahromga sadoqatini saqladi. U hech qachon Bahromni unutmadi. Dilorom Bahromning g'azabi tufayli o'z boshiga tushgan balolar uchun o'zini ayblaydi. Diloromning Bahromga bo'lgan muhabbati uning Xorazmdan Bahrom huzuriga qaytayotganda oxirgi manzilda qilgan nolalarida ayniqsa baralla eshitiladi.
Ki bu yo'l ne balo uzog' o'ldi Tobidin dog'im uzra dog' o'ldi. Yetti og'zimg'a ranjdin jonim Qolmadi g' am yemakka imkonim. Umrdin noumid o'ldim lo Mehnat-u hajr ichinda o'ldim lo! Ul kun o'lg'aymu, ey sipehri daniy Ki solib shoh xizmatiga mani Qulog'ig'a so'zumni yetkursang Ayog'ig'a ko'zumni yetkursang. Vasldin hosil o'lsa darmonim Bo'lmag'ay o'lsam o'zga armonim.
Shundan ma'lum bo'ladiki, Dilorom shoh Bahromni chin yuragidan sevar edi. Shuning uchun ham Dilorom hamisha Bahromga sadoqatini saqladi. Boshiga tushgan savdolar uchun Bahromni ayblamadi.
Alisher Navoiy bu asira, tutqun ayolning ma'naviy jihatdan qanchalar baland ekanini shu lavhalar orqali ko'rsatadilar. Bu sevgining kishini qanchalar yuksaklikka ko'tarishidan aniq bir nishonadir.
Diloromni ko'p izlab topa olmagach, Bahrom u bu foniy dunyodan ketgan degan xayollarga ham beriladi. Alisher Navoiy oshiqning ayni vaziyatdagi holatini tabiat unsurlari bilan uyg'unlikda yangi istisnolar bilan bog'lab, go'zal badiiy liboslarda aks ettiradilar. Alisher Navoiy talqinicha, Bahrom dasht-u sahrolarni qanchalik axtarmasin, sarvni topa olmadi. Chunki u sarv endi jannat gulistonlarida jilva qilmoqda, behishtdagi savrlarga dasht-u biyobonlarda bo'lmaydi, uning maskani guliston-u bo'stonlardir: Har necha kezdi dashtu sahroni; Topmadi zod sarvi ra'noni. Sarvg'a jilvagah gulistondur, Xossa sarviki, nor pistondur. Ne tilar sarv dashtu vodi aro, Sarv o'lur bo'ston savodi aro.
Bahrom Diloromni o'z sochlari bilan bog'lab sahroga tashlagan edi. Shuning uchun ham uni garchi natijasiz bo'lsada, dasht-u sahrodan izlashda davom etaveradi. Mamlakat-u saltanat uning xotirasidan ko'tariladi, sahro vahshiy jonzotlaridek biyobonni o'ziga maskan qiladi. Mutafakkir shoir Diloromni quyoshga, tungi yulduzlarni Bahromning ko'z yoshlariga qiyos qiladi.
Yuz yoshurg'och quyosh diloromi, Sochti ashkin sipexr bahromi Tiyralikdin falak topib ozor, Hajr shomi nechukki, oshiqi zor. Shoh Bahromg'a tun ayladi zo'r, Ko'ziga olam o'ldi o'ylaki, go'r. Qaro qayg'u bila qolib g'am aro, Ko'rdi o'zni g'arib olam aro.
XULOSA
Dostonni mutolaa qilar ekanmiz, Hazrat Alisher Navoiy Dilorom va sadoqatni uyg'un yaxlit holda ko'rganliklariga qat'iy ishonch hosil qilamiz. Hijronda qolgan Bahrom ruhiyati tasvirida mutafakkir shoir tabiatga murojaat qilar ekan , badiiy talqinga mos qiyoslar topadi. Yori jamolini yodiga keltirgan oshiq ahvolini tasvir qilar ekan, oy, ohu, kiyik, jayron, la'l, hatto pashsha kabi tabiat unsuridan o'rinli foydalanadi. Diloromning payvasta qoshlari Bahromni oy kabi nozik va xasta qilib qo'ydi. U yorining kiyik ko'zlarini eslar ekan, qalbini dastida yuzlab jayronlarning yugurib yurganini o'ylaganda Bahom oh tortar, uning nolasidan osmonda quyosh ham, oy ham o'rtanar edi. Uning pashsha misol qora xoli buning ko'zini ko'r qilgach, yuragiga kirib olib, ko'nglining jarohatini ortirgan edi. Ko'zidan oqqan qondan dasht biyobon qip- qizil la'lga bo'yalgan edi. Shoir nihol, sarv, ilon kabi tabiat unsurlaridan foydalanib fikrning poetik tasirini behad ortilishiga erishadi. Hazrat Navoiy talqinicha, Bahrom yori haqida o'ylar ekan, ohidan umr niholi qurir edi. Yorini xayoliga keltirar ekan bu xayol uning jismini zaiflashtirar, ko'ziga, o'ziga o'zi chirmashib to'lg'onayotgan ilondek ko'rinar edi. XVII bob davomida , hijronga o'rtanayotgan oshiqning azob - uqubatlari o'quvchi ko'zi oldida yorqin aks etiradi. Ajdaholarni zabun etgan Bahromni ishq ajdahosi chumolidek ezg'ilaydi. Sherlarni taslim etgan pahlavon ishq dardi qarshisida sichqondek ojiz va chalajon bo'lib qoladi va hokazo.
Hazrati Alisher Navoiy insonning borliq bilan aloqadorligini mukammal ifodalagan buyuk so'z sanatkoridir.Asarda sadoqat va vafo timsoli namunasi sifatida Dilorom obrazi orqali sharq ayollari milliy xarakteriga yangi-yangi sahifalar olib kirdi. Dilorom - tashqi qiyofasi bilan ham ,ma'naviy dunyosi va xulq-atvori bilan ham nihoyatda go'zal qiz. Hazrat Navoiy Dilorom obrazini tasavvurimizga shunday go'zal chizgilar ila muxrlaydilarki,biz bu sharqona tarbiya topgan qizni bundan boshqacha tasavvur etolmaymiz.
Dostları ilə paylaş: |