Binolar va koʻpriklar qurishda, har xil mexanizmlarni ishlab chiqishda ularning muvozanat vaziyatda boʻlishi muhim ahamiyatga ega. Jismlarni joyidan oson qoʻzgʻatishda, uylarning toʻsinlarini o‘rnatishda joyni toʻgʻri tanlash va shunga oʻxshash ishlarni bajarishda muvozanat vaziyatga e’tibor qaratish zarur. Jismlarning muvozanatda boʻlishi ularning massa markazi vaziyatiga bog‘liq boʻladi. Massa markazi jism yoki jismlar sistemasiga nisbatan aniqlanadigan nuqtadir.
Jismlarning massa markazlari ularning ogʻirlik markazlari bilan ustma-ust tushadi. Jismning barcha qismiga ta’sir etuvchi ogʻirlik kuchlarining teng ta’sir etuvchisi jismning ogʻirlik markazidan oʻtuvchi toʻgʻri chiziqda yotadi. Binobarin, ogʻirlik kuchi jismning og‘irlik markaziga qoʻyiladi.
Massa markazi jism yoki jismlar sistemasining barcha qismlari massalari to‘plangandek tuyuladigan nuqta bo‘lib, bu nuqtaga jism yoki jismlar sistemasining massa markazi deyiladi.
Bir jinsli (ya’ni bir xil moddadan yasalgan, butun uzunligi boʻyicha koʻndalang kesimi bir xil boʻlgan, zichligi tekis taqsimlangan) metall tayoqchaning ayrim qismlariga ta’sir etuvchi parallel ogʻirlik kuchlari va ularning teng ta’sir etuvchisi boʻlgan ogʻirlik kuchi qoʻyilgan O nuqta (ogʻirlik markazi) koʻrsatilgan.
Ba’zi toʻgʻri geometrik shaklga (shar, silindr, toʻgʻri prizma) ega boʻlgan bir jinsli jismlarning massa markazlari ularning geometrik markazlari bilan ustma-ust tushadi. Agar jism bir jinsli boʻlmasa yoki jism simmetriya markaziga ega boʻlmasa va u yassi boʻlsa, uning ogʻirlik markazini tajriba yoʻli bilan aniqlash mumkin. Buning uchun jism ikki nuqtasidan navbatma-navbat osiladi va bu nuqtalardan vertikal og‘irlik kuchi chiziqlari o‘tkaziladi. Vertikallarning kesishish nuqtasi yassi jismning ogʻirlik markazi boʻladi.