Reja: Romitan tumani



Yüklə 73,29 Kb.
tarix07.01.2024
ölçüsü73,29 Kb.
#204729
Romitan tumanida mustaqilliklar yillarida amalga oshirilgan islohotlar


Romitan tumanida mustaqilliklar yillarida amalga oshirilgan islohotlar
Reja:

  1. Romitan tumani

  2. Romitan tumanida mustaqilliklar yillarida amalga oshirilgan islohotlar

  3. Ko‘hna va hamisha navqiron Romitan


Romitan tumani — Buxoro viloyatidagi tuman. 1926-yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Buxoro viloyatining markazida joylashgan.
Tuman hududi shimoli-sharqdan katta masofada Peshku, janubi-sharqdan esa Vobkent, Buxoro tumanlari, jan, gʻarbdan Jondor tumani, tumanning Amudaryo bilan Qizilravot boʻlagi Amudaryo orqali Turkmaniston, shimoli-gʻarbdan Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 1,29 ming km². Aholisi 105,5 ming kishi (2003). Tumanda 2 shahar (Romitan, Gazli), 7 qishloq fuqarolar yigʻini (Bogʻiturkon, Doʻstlik, Romitan, Chilongʻu, Shoʻrcha, Qizilravot, Qoʻrgʻon) bor. Markazi — Romitan sh.
Tabiati. Tuman hududining relyefi, asosan, tekislikdan iborat. Shimoli-gʻarbiy qismi Amudaryo bilan chegaradosh. Toʻrtdan uch qismi Qizilqum choʻli bilan band, shimoliy Kuljuqtov etaklaridan iborat. Janubi Zarafshon daryosining quyi etaklaridagi Buxoro vohasida joylashgan. Choʻl zonasida yassi tekisliklar bagʻrida alohida ifodalangan tepalar (Jagastepa — 226 m, Nortepa — 191 m) boʻrtib turadi. Aksariyat maydonlar qumli, gipsli choʻl yaylovzorlari bilan band. Janubidan Zarafshon daryosining irmokdari oqadi. Tumanning asosiy suv manbai AmuBuxoro mashina kanalidir. Iklimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 0°, —1,5°, Qizilravot atrofida —3°, —4°, eng past temperatura —29°, iyulning oʻrtacha temperaturasi 28°—31,3°, eng yuqori temperatura 45°. Vegetatsiya davri 200— 205 kungacha kuzatiladi. Yillik yogʻin 100-130 mm. Tuproqlari, asosan, oʻtloqi, boʻz tuproqlar, choʻlqum, taqir boʻz tuproqlar, shoʻrxok va shoʻrtoblar uchraydi. Yovvoyi oʻsimliklardan boyalich, kavrak, shoʻrashuvoq, yantoq, yer osti suvlari yaqin joylarda qamish, qumloqlarda saksovul oʻsadi. Bahorda rang, qoʻngʻirbosh, yaltirbosh, lola va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan taroq barmoqli qoʻshoyoq, ingichka barmokli yumronqoziq, qoʻshoyoq, qumsichqon, qum boʻgʻma iloni, charx ilon, kaltakesaklar, chayon, qoraqurt va boshqa bor.
Aholisi, asosan, oʻzbeklar (78,5%), shuningdek, qozoq, tojik, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 81,8 kishi. Shaharliklar 21,1 ming kishi, qishloq aholisi 84,4 ming kishi.
Xoʻjaligi. Paxtachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik yetakchilik qiladi. Chorvachilikda qoramolchilik, qorakoʻlchilik, parrandachilik, tuyachilik, baliqchilik yoʻlga qoʻyilgan, pillachilik ham rivojlangan. 858 fermer xoʻjaligi bor. 14 ta muqobil MTP, 1 MTP aksiyadorlik jamiyati fermer xoʻjaliklarga xizmat koʻrsatadi. Romitan tumanida 1667 kichik va oʻrta korxona bor.
Tumanda gaz sanoati (Gazli), paxta tozalash zavodi, hunarmandchilik tarmoqlari faoliyat koʻrsatadi. Avtotransport asosiy oʻrinda. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 51,4 ming qoramol, 96 ming qoʻy va echki, 400 ga yaqin ot va tuya, 53,4 ming parranda boqiladi (2003).
Romitan tumanining umumiy yer maydoni qariyb 419 ming ga, shundan sugʻoriladigan yerlar maydoni 23,1 ming ga dan ziyod, ekin maydoni 20,5 ming ga dan ziyod, 12,7 ming ga maydonga paxta, 6,2 ming ga dan ziyod maydonga gʻalla ekiladi, shuningdek, kartoshka, sabzavot va poliz ekinlari ham yetishtiriladi. 1300 ga maydonda mevazor va tokzor bor. Yaylovlar qariyb 254,9 ming ga maydonni egallaydi. 45 umumiy taʼlim maktabidan (26 mingdan ortiq oʻquvchi) 2 tasi iqtidorli bolalar internat maktabidir. 1 litsey, 3 kasbhunar kolleji (1300 oʻquvchi) bor. 41 kutubxona, madaniyat uyi faoliyat koʻrsatmoqda. Tarix oʻlkashunoslik muzeyi ishlab turibdi. 335 oʻrinli 4 kasalxona, 5 poliklinika, tashhis markazi, 3 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 25 qishloq vrachlik punkta va boshqa tibbiy muassasalarda 240 vrach, 1300 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi (2003).
Romitan tumani bilan qoʻshni tumanlar oʻrtasida avtobuslar qatnaydi. 1934-yildan „Romitannoma“ tuman gaz. chiqadi (adadi 1600).
Romitan — Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyati Romitan tumanidagi shahar (1981-yildan), tumanning maʼmuriy markazi.
Yaqin temir yoʻl stansiyasi—Kogon (30 km). Viloyat markazi (Buxoro)dan 17 km. Aholisi 15 ming kishi (2003), asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, qozoq, tatar, rus va boshqa ham yashaydi. Romitan Oʻzbekistonning qad. shaharlaridan biri. Romitan nomi mahalliy rivoyatga koʻra, "Romitan" — "Tan oromi" dan deyiladi. "Romitan" atamasi turkiy mitan urugʻi nomidan kelib chiqqan degan taxminlar ham mavjud.
Narshaxiy yozishicha, Romitan katta bir koʻhandizga ega va mustahkam bir qishloq boʻlib, Buxorodan qadimiyroqdir. Baʼzi manbalarda bu qishloqni Buxoro deb ataganlar. R.da qadimda hukmdorlar turar joylari boʻlgan. Buxoro sh. vujudga kelgandan soʻng ular Romitanda faqatgina qish faslida yashaganlar.
Arab sarkardasi Ubaydulloh ibn Ziyod qoʻshini 674 yilda Romitanga bosqin uyushtirgan. Buxoroliklarning arab qoʻshini bilan boʻlgan hal qiluvchi jangi Romitan yaqinida Vardonze hududida boʻlib oʻtgan. Tabariyning yozishicha, 707 yilda Kutayba Romitanni bosib olgan. Xuroson voliysi Abu Muslim Buxoroga har gal kelganida oʻz qarorgohini Romitanda joylashtirgan. Arab geograf va sayyohlari 10-asrda Buxoro vohasidagi 30 ga yaqin shaharlar qatorida Romitan nomini ham tilga olishgan.
Mahmud ibn Banuwmx: "Bahr al-asror" (17-asr) asarida yozishicha, Romitan Buxoro viloyatidagi 10 ta tumanning biri, oʻrta asrlarda "Samjon" (R. tumanining 2nomi) deb atalgan.
Romitan Toshkent—Samarqand—Urganch, Toshkent—Nukus avtomagistral yoʻli yoqasida joylashgan. Aholisi va xoʻjaliklari Amu — Buxoro mashina kanalidan suv oladi. Shaharda gʻisht va paxta tozalash zavodlari, toʻquvchilik fabrikasi, bosmaxona, dehqon bozori, novvoyxona, mehmonxona, aloqa boʻlimi, bank, madaniy savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari bor. Umumiy taʼlim maktablari, qishloq xoʻjaligi kasbhunar kolleji, madaniyat saroyi, kutubxona, stadion, "Xotira va Qadrlash" madaniyat va istirohat bogʻi, kasalxona va dorixonalar mavjud. "Motamsaro ona" yodgorligi qurilgan.
Romitanda meʼmoriy yodgorliklardan Mulla Mir Hakim xonaqosi, Xoja Ali Romitaniy (Xojai Azizon) va Xoja Muhammad Boboyi Samosiy maqbaralari (13—14-asrlar), Zarafshon daryosi ustida qurilgan Choriqulboy koʻprigi saqlangan. Hazrati Xoja Ubbon va Xoja Zaʼfaron qadamjo (ziyoratgoh)lari bor
Vatan o‘zi nima aslida? Vatan-onang, vatan – bolang, vatan - uying, oilang.Vatan biz nafas olayotgan havo-yu, bizdan o‘z ne’matlarini ayamayotgan tuproq. Vatan bu - ko‘nglimiz,bugun va ertamiz , butun borlig’imiz . Vatanlar ichra mo‘jaz vatan oila bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining gavhari Buxoro, viloyatimizning durdonasi esa Romitan tumani hisoblanadi. Mening kichik Vatanim- oilam esa mana shu qutlug‘maskan bag‘rida makon topgan.Bu mening baxtim!
Vaqt- oquvchi daryo.Tarix qa’riga nazar tashlar ekanmiz, har bir giyoh-u xas, har bir tepalig-u toshlar bizga o‘tmishdan guvohlik beradi. Bosqinchilar kelib ketaveradi, lekin xalq boqiy qoladi. Uning ma’naviyati abadul-abad yashaydi. Tarix xalq ma’naviyatining asosidir.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘zining “Tarixiy xotirasiz- kelajak yo‘q” kitobida tarixchi mutaxasislarga qarata shunday degan edi:”Sizlar millatimizning haqiqiy tarixini yaratib bering. Toki u xalqimizga ma’naviy kuch-quvvat baxsh etsin, g‘ururini uyg‘otsin. Biz yurtimizni yangi bosqichga, yuksak maqsadga olib chiqmoqchi ekanmiz, bunga bizga yorug‘g‘oya kerak. Bu g‘oyaning zamirida xalqimizning o‘zligini anglash yotadi. Haqqoniy o‘zlikni bilmasdan turib esa o‘zlikni anglash mumkin emas”. Men ham shu Vatanning bir vatanparvar fuqarosi, ma’naviyat targ‘ibotchisi sifatida Romitan tumanimiz tarixini o‘rganishni o‘z oldimga maqsad qilib q o‘ydim va turli adabiyotlarni qiziqib o‘rganish jarayonida,to‘g‘risi, tumanimizga bo‘lgan mehrim yanada ortdi, o‘z maskanimizni yanada yaxshi ko‘rib qoldim. Hozirgacha 300dan ortiq maqolalarim chop etilgan , ularning aksariyatida tumanimizda faoliyat yuritayotgan insonlar faoliyati yoritilgan. Turli sohalarda faoliyat yuritayotgan hayotimiz qahramonlarining ko‘pi menga tanish, qadrli.Ammo meni avvaldan qiziqtirib kelgan tumanimiz tarixini o‘rganishda aniq faktlar, turli manbalar va shaxsiy fikrlarga tayandim.
Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, uzoq o‘tmishga ega. “O‘zbekiston tarixi” ensiklopediyasida, hozirgi zamon odami miloddan avvalgi 40minginchi yillardan to bugungi kungacha yashab kelmoqda, deyiladi. Ma’lumki, olovning kashf etilishi eng qadimgi odamlarning turmushini biroz yengillashtirdi. Odamlar ov qurollari va uy-ro‘zg‘or buyumlarini yasashni o‘rgandilar.Olov paydo bo‘lgach, insonlar taomni pishirib yeyish, turarjoylarni isitishni o‘rgandilar. Shundan so‘ng dehqonchilik, keyinchalik chorvachilik rivojlandi. Biz ham tumanimiz tarixini yaratishda asosli manbalarga murojaat qilamiz.Romitan zardushtiylik bilan bog‘liq tarixiy yoshga ega. Bu borada eng ishonchli va dastlabki manba Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiyning “Buxoro tarixi ” kitobidir. Asarning 4-qismida Romitan tarixi haqida fikr yuritilgan.Unda Alp Er To‘ng‘a, Afrosiyob, va Buxoro haqida fikr yuritiladi. Asarda aytilishicha, Alp Er To‘ng‘a miloddan avvalgi 8-asrda Buxoro yaqinidagi Romitan shahriga asos solgan. “Buxoro tarixi” asarining Yangi Buxoro (Kogon)da 1904-yil mullo Sulton tomonidan nashr qilingan nusxasida Alp Er To‘ng‘aning qizi va Romitan bilan bog‘liq quyidagi naql keltiriladi. Aytadilarki, Afrosiyobning bir qizi bo‘lib, uning doimo boshi og‘rir edi.Romitanga kelib turganidan so‘ng bu yerning havosi muvofiq kelib, darddan xalos bo‘ldi va bu joyga “Oromitan” tan oromi deb nom qo‘yildi, oddiy xalq esa bu joyni Romitan deb atadi, deyilgan. Afrosiyob qurdirgan ko‘hna Romitan shahri hozirgi Buxorodan taxminan 20km uzoqlikda bo‘lib, u vohaning go‘zal, xushmanzara joyida joylashgan. Bu yerda Alp Er To‘ng‘a bilan birgalikda uning kattagina xonadoni, saroy amaldorlari, beklari va sarkardalari ham istiqomat qilgan.Biroq Romitan toponimini faqat xoqon qizining bosh og‘rig‘i kasalligiga davo topishi bilan bog‘liq hodisaga qiyoslab asoslash ham unchalik to‘g‘ri emas. Shuningdek, Afrosiyob qurdirgan Romitan shahrining jug‘rofiy o‘rni hozirgi Romitan shahridan boshqa joyga bo‘lib xalq o‘rtasida u Qo‘rg‘on nomi bilan mashhur. Mening fikrimcha,bu joy hozirgi Gazberon mahallasi G‘azberon qishlog‘i bilan tutash bo‘lgan Q o‘rg‘on tepaligi atrofidir. Sababi Qo‘rg‘on tepaligi ustida bir necha asrlardan beri faoliyat yuritayotgan bozor mavjud. Haftaning payshanba, yakshanba kunlari tong saharlab gavjum bo‘ladigan bu bozorda viloyatimizning turli tumanlaridan savdogar va tijoratchilar tashrif buyuradi. Hozirgi asosiy vazifalardan biri- bu bozorni zamonaviy talqinda, yangicha ko‘rinishda bunyod etish. Uning avvalgi sha’n-u shukuhini tiklash payti allaqachon keldi, deb o‘ylayman.Negaki bu bozor haligacha shu yerlik aholining iqtisodiy qudratini ko‘tarishda xizmat qilmoqda. Ikkinchidan, bu joy Buxoro shahridan “Buxoro tarixi” kitobida ko‘rsatilganidek Romitan tumani 20km uzoqlikda joylashgan. Uchinchidan, Buxoro Amirligi va Xiva xonligini tutashtiruvchi asosiy yo‘l mana shu Romitan tumanidan o‘tgan. Arxeolog P.Sulaymonovning “Ko‘hna Romitan shahrining dastlabki tekshirish natijalari” maqolasida shunday fikrlar keltiriladi:”Harshaxiy Buxoro vohasining eng qadimgi vohalaridan birini Romitan hisoblaydi. Romitanga afsonaviy shoh-Turon shohi Afrosiyob asos solgan. Bu qadimgi shahar vayronalari Buxoro shahridan 25 kilometr(Buxorodagi Ark majmuasi nazrda tutilgan bo‘lishi mumkin) shimoliy g‘arbda Buxoro-Gazli yo‘lidan chap tomonda joylashgan. ” Fikrimni asoslash uchun T.Halimov va I.Qobilovlarning “Qadimiy va navqiron Romitan” kitobining 77-betida keltirilgan fikrga murojaat qilmoqchiman: “ Amir Temur bobomiz:”Dunyoning obodligi savdogarlar bilan deya o‘git beradi, Binobarin, qadimiy Romitan katta savdo yo‘lida joylashgan bo‘lib, bu
yo‘ldan Buxoroga g‘arb va shimoliy g‘arbdan keluvchi savdo karvonlari o‘tgan. Urgench tomondan keladigan ipak savdo yo‘lining bir tarmog‘i, Urganch-Amudaryo-Urganj dashti-Romitan-Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha Romitandan o‘tgan. Savdo karvonlari ko‘hna Romitan shahridan o‘tib, Romitan darvozasi (Buxoro shahridagi O‘g‘lon darvozasi) orqali Buxoro shahriga kirib borganlar. Buxoro tarixining hamma davrida bu yo‘l muhim vazifani bajargan.”
Bundan tashqari, feysbuk sahifalarida e’lon qilingan tarixchi olima Shohistaxon Uljayevaning “Alp ErTo‘ng‘a, “Avesto”,va Buxoro haqida” deb nomlangan maqolasida, zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto” da Rom ilohi yaxshi yaylovlar sohibi sifati bilan ta’riflangan, deyiladi. Xullas, maqolada buyuk iloh Romning nomi Afrosiyob va uning nevarasi qurdirgan Romtin (Romitan qo‘rg‘oni xarobalari) tumanimiz nomining kelib chiqishi bilan bog‘liq degan taxminlar ham ilgari suriladi.
Romitan yaylovlarida ming yillar davomida dunyoga mashhur qorako‘l qo‘ylari boqilgan. Hozirgi paytda ham Romitan tumani hududi bepoyon Qizilqumning eng yaxshi yaylovlari hisoblanadi. Shu bilan birgalikda, “Romitan atamasi turkiy mitan urug‘i nomidan kelib chiqqan degan taxminlar ham mavjud”. Narshaxiy o‘z asarida Abul Hasan Nishopuriydan keltirgan bu tarixiy daliliardan ko‘rinib turibdiki, Alp Er To‘nga bunyodkor podshoh bo‘lgan. Romitan va Buxoro qal’alarini u qurdirgan. Bu viloyatga kelganida o‘zi asos solgan podshohlarning doimiy qarorgohi bo‘lgan Romitanda turgan.
Shu o‘rinda, Imom Buxoriy Xalqaro markazi direktor o‘rinbosari professor Baxtiyor To‘rayev fikrlariga quloq tutamiz:”Narshaxiy, Tabariy, Nishopuriy kabi mo‘tabar sharq ta’rixchilarining bu fikrlarini ulardan 100-150 yil keyin yashab o‘tgan buyuk vatandoshimiz Beruniy, Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Xojiblar ham o‘z asarlarida tasdiqlashadi. Narshaxiy o‘z asarining boshqa bir o‘rnida, Buxoro nisorini Afrosiyob bino qilgan degan qat’iy bir fikrni kelriradi va Afrosiyobni bunyodkor xon sifatida ko‘rsatadi, Narshaxiy o‘z asarini 943-yilda yozganligini e’tiborga oladigan bo‘lsak, bu voqeaga hozir 4 ming yildan oshadi”.
Romitan Buxoro viloyatining eng qadimiy va ko‘hna maskanlaridan biri sanaladi. Uning umumiy yer maydoni418ming gektarni tashkil qilib, u Peshku, Vobkent,Buxoro,Jondor tumanlari, Xorazm viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh. Tuman sifatida 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Avvalgi hududi 10,48 ming kvadrat kilometr bo‘lgan.
Hozirgi kunda aholisi 130mingdan oshiq kishini tashkil etib, o‘zbeklar, tojiklar,qozoqlar, turkmanlar va boshqa millat vakillari istiqomat qiladi. Tumanda Romitan va Gazli shaharlari, 45ta mahalla fuqarolar yig‘inlari,200ga yaqin qishloq, 43ta davlat maktabi, bitta xususiy maktab, 400ga yaqin fermer xo‘jaliklari, 5ta Obod mahalla,2ta kasalxona, o‘nlab xususiy va bir nechta davlat bog‘chalari,2ta kasalxona,28ta qishloq vrachlik punktlari va ko‘plab maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari faoliyat yuritmoqda.
Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida Buxoro va uning atrofidagi ko‘pgina shahar va qishloqlar, jumladan Karmana, Nur, Tavois,Iskajkat, Sharg‘, Zandana, Vardona, Afshana, Barkad Romtin to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.
Jumladan, asarda shunday so‘zlar uchraydi:Romtin(Romitan) bu katta bir kushandizga ega va mustahkam bir qishloq bo‘lib, Buxorodan qadimiyroqdir. Bu qishloq qadim vaqtlarda podshohlarning turar joylari bo‘lgan, keyinchalik Buxoro shahri barpo etilgandan keyin, podshohlar qish faslidagina bu qishloqda turadigan bo‘lgan. Islom davriga o‘tgandan keyin ham shunday bo‘lib turgan. Marhum Abu Muslim Buxoroga kelganida shu qishloqda turgan. Bu qishloqni Afrosiyob bino qilgan. Afrosiyob har vaqt bu viloyatga kelganida ham shu qishloqdan boshqa joyda turmagan.
Ha, Romitan- haqiqatan ham qadimiy diyor.Ko‘hna zaminimiz arxeologiyasi bilan shug‘ullangan olimlarning fikrlariga ko‘ra, bu yerga ibtidoiy odamlar miloddan bir necha yuz yillar muqaddam kelib o‘rnasha boshlaganlar, bu eng qadimgi tosh asrining dastlabki bosqichlariga to‘g‘ri keladi. Manbalarga murojaat qilamiz. T.Halimov, IQobilov “Qadimiy va navqiron Romitan” qo‘llanmasining 8-betida shunday fikrlar uchraydi:”Biz tarixini yaratayotgan Romitan tumanidagi arxiologik tekshirishlar natijalariga ko‘ra, miloddan avvalgi IIming yillikning oxirida va miloddan avvalgi I ming yillik boshlarida quyi Zarafshonda ibtidoiy qabilalar yashagan. Bu ibtidoiy chorvadorlardan saqlanib qolgan moddiy-madaniyat obidalari dastavval Enasoy daryosi bo‘ylaridagi Adronov va Qoraqalpog‘stonning Tozabog‘yob degan joyidan topilgani uchun “Adronov-Tozabog‘yob” madaniyati deb yuritiladi.” Dastlabki arxeologik qazilmalar arxeolog B.Shishkin tomonidan 1937-yilda olib borilgan. 50-yillarda professor Yahyo G‘ulomov tomonidan Qizilqir va Setalakdagi arxeologik tekshirishlar davom ettirilgan. Shu yerdan A.Askarov (Milodgacha XII-XI asrlardagi) ashyolarning qoldiqlarini tekshirgan. Shunday qilib,ustoz To‘ra halimov o‘z kitoblarida qayd etishlaricha, Buxoro vohasining shimoliy g‘arbida, miloddan avvalgi V-III ming yilliklarda ovchi-baliqchi qabilalar, so‘ngra II ming yillikda esa, chorvador dehqon qabilalari tarqalib, istiqomat qilganlar. Qazish ishlari 1972-yilda Zarafshon arxeologik otryadi a’zosi R.Ravshanov tomonidan davom ettirilgan.Shu otryadda faoliyat ko‘rsatgan O.Bolshakov o‘zining tadqiqotlardan birida, dastlab voha poytaxti Buxoro emas, balki Romitan bo‘lgan degan xulosaga kelgan. Bu haqda tarixchi olim T.Halimovning 1997-yilda “O‘ zbekiston” nashriyotidan chop etilgan kitobida aytib o‘tilgan. Qazishma chog‘ida topilgan materiallar tartibi Romitan- I, II, III, IV guruhlariga bo‘linadi. Bular 20dan ortiq ashyoviy dalillar Romitan tuman tarix muzeyidan o‘rin olgan. Shu o‘rinda tumanimizda muzey faoliyati passiv ish holatida ekanligini ko‘satib o‘tmoqchiman.
Arablarning yurtimiz xalqlarini bo‘ysundirish uchun olib borgan yurishlari 674-715-yilgacha davom etgan. At-Taboriyning “Taboriy tarixi” kitobida yozilishicha,707-yilda Qutayba Numushket va Romitanga qarshi yurish uyushtiriladi. Romitan bu paytda mustaqil siyosiy kuch sifatida maydonga chiqqan va Qutayba hukmdori bilan sulh tuzib orqaga qaytadi. 708-yilda Qutayba Buxoroga qarshi yurish uyushtiradi va Romitanni egallaydi. VIII asrdagi tarixiy asarlardan ma’lumki, Romitan bu paytda yirik markazlardan biri hisoblangan. Romitanning markaziy qismi baland kvadrat tepa qo‘rg‘ondan iborat o‘lchami 140-165metr kvadratning beshburchakli mudofalangan shahri 5gektarni tashkil qilgan.(Q o’rg‘on tepaligi hozir ham mavjud.Turli hayvonlar hujumi va yog‘inlardan o‘zini himoya qilish uchun ana shunday usuldan foydalanilgan )Bu shakl antic davri shakli uchun xosdir. Boshqa manbalarda, VI-X asrlarda Romitanda obod bog‘-rog‘lar maydoni bo‘lganligi aytiladi. Romitan hududida hunarmandchlik ham rivoj topadi. B.G‘afurov “Tadjiki” nomli asarida IX-X asrlarda “Zandanacha” gazlamasini ishlab chiqarish yanada rivoj topganligini aytadi.Ayni shu damda Zarafshon vodiysidagi qishloq xo‘jaligida sun’iy sug‘orish rivojlangan va arpa, bug‘doy, sholi, paxta va boshqa mahsulotlar yetishtirilgan. So‘g‘dliklar shu davrda kanop, zig‘ir yetishtirib uning urug‘udan yog‘ham olganlar. Istaxriy Zarafshon vohasida X asrda boshqa manbalarda Romitan, Nur, Karmana kabi shaharlar atrofida bog‘dorchilik rivojlanib, obod bog‘-rog‘lar barpo qilingan, deyiladi. Mo‘g‘ullar hujumidan keyin, XIII asrning oxiriga keliib, Romitan tumani hududida yangi uzumzorlar va bog‘lar barpo etiladi, to‘quvchilik ustaxonalari ishga tushiriladi.
O‘rta asrlarda Romitanda fan va madaniyat, ma’naviyat va ma’rifat g‘oyatda rivoj topadi. Ulug‘ olim Muhammad Abdulhay Laknaviyning e’tirof etishicha, shu davrda Romitandan qomusiy olim Umar ibn Ahmad Najmiddin al-Qoqishtuvoniy, zabardast olim Romushiy Ali ibn Muhammad Buxoriy, ulug‘ shayx Zandanigiy Yahyo ibn Ali(Bu kishi haqida Narshaxiy ham o‘z asarida ma’lumot bergan), Abu Hafzu Safkardiy,Xazoxazoiy ibn Fazli Abdumuhammad , imomi muftiy Barkadiy ibn Ahmad al-Buxoriy, Al Mang‘iy ibn Muhammad, Regadmuniy ibn Abdurahmon va boshqalar o‘rta asrlardagi ma’naviyat yulduzlari edi. Tariximiz qa’riga nazar tashlar ekanmiz, o ‘tmish ajdodlarimiz bilan birgalikda muqaddas qadamjolar tarixini ham o‘rganish muhim deb hisoblayman.
Buxoro shahridan 50km shimoliy sharqda Urjanch dashtida joylashgan Xo‘ja Ubbon ziyoratgohi joylashgan bo‘lib, u joydagi quduqning suvi mineral moddalarga boy, ta’mi biroz achchiqroq bo‘lib teri kasalligiga duchor bo‘lgan kishilarni davolash xususiyatiga ega. Bu qadamjoni asrlar silsilasiga bardosh berib, Alloh inoyati ila haligacha qad rostlab turgan ixlos najotkori deyish mumkin. Sababki 60-yillarda XIV asrning noyob yodgorligi bo‘lgan bu qal’a portlatilgan. Keyinchalik maqbara qayta tiklandi, zamonaviy tabobat ham bu maskanning suvi va tuprog‘i shifobaxshligini tan oldi.
Xo‘jazafaron qadamjosi Buxoro-Gazli avtomobil yo‘lining chap tomonida joylashgan. Taxminan XVI-XVII asrlarga taalluqli bo‘lgan bu yodgorlikda joylashgan quduq suvi, iqlimi va loyi sariq kasalligiga davo deb qaraladi.
Shayx Nasimiy qabristoni XVI asrning ikkinchi yarmida bunyod etilgan bo‘lib, Qoqishtuvon qishlog‘ida saksovulzorlar atrofida joylashgan ziyoratgohdir.
Tasavvuf ilmi, ilohiyot fanining namoyondasi Xo‘ja Ali (Azizon)Romitaniy hazratlarining muborak qabrlari ko‘hna Qo‘rg‘on Romitan tepaligining g‘arb tomonidan joylashgan. U kishining “Risolai Azizon”asarlari katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, Ali Safiyning yozishicha,1321-yilda Xo‘ja Ali vafot etgan.
Buxoro viloyati Romitan tumanidagi Simos qishlog‘da tavallud topib, 1354-yilda vafot etgan Xo‘ja Ali Romitaniyning shogirdlaridan biri Xo‘ja Muhammad Boboyi Samosiy shogirdi Mir Said Kulol bilan birgalikda Bahouddin Naqshbandga ustozlik qilganlar. Bobo Samosiy tasavvuf tariqatining 14-halqasida turadilar. Qasri Hinduvondan o‘tayotganlarda Bahouddinning dunyoga kelishini bashorat qilganlar. Ibodat Rajabovaning “Buxoronur yoki yeti Pir” asarining 276-betida Buxoro osmonida xudoning qo‘shiqchisi bu Muhammad Bobo, Yazdonning hofizi bu Xo‘ja Azizon Romitaniy deb ta’rif berilgan.
Yoqubi Shayx ziyoratgohi “Nurafshon” mahallasi hududida joylashgan. Ziyoratgoh o‘rtasidagi chashma suvi shifobaxsh bo‘lib, Alloh inoyati bilan teri kasalligi, gulafshon, yosh go‘daklarning chilla yarasi kasalliklariga davo deb qaraladi.
Toshkentdagi G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti tomonidan 1991-yilda nashr etilgan “Buxoro ochiq osmon ostidagi muzey” albomida Hakimi Mullo Mir xonaqosi haqida shunday deyiladi:”Sayyohlar ko‘p yuradigan joydan chetda joylashgan. XonaqobXVIasr 90-yillarida shayxul-islom Amir Husayn Mullo Mir sharafiga qurilgan, uning ismi va vafoti sanasi-1587-yil binoning asosiy fasadi oldidagi dahma toshiga o‘yilgan, ya’ni u sag‘anani marosimlar binosi bilan qo‘shuvchi memorial ansambldir. Bu imorat Buxoro me’morchilik maktabining namunali asaridir”.
Hozirgi Romitan tumani hududida – Zarafshon daryosi bo‘ylarida qadim-qadim zamonlarda odamlar-massagetlar yashab kelganlar. Massagetlar bir necha qabiladan tashkil topib, ularning malikasi To‘maris bo‘lgan. Akademik B.Bartoldning ma’lumotlariga qaraganda, massagetlar bilan birgalikda eronliklar ham yashashgan. Turkmanlarning avlodlari ham hozirgi Romitan hududida yashaydi. Romitan hududida eng ko‘p tarqalgan urug‘lar:mang‘it, do‘rmon, saroy, turk, chandir,qalmoq, qatag‘on, arablar, bayot va boshqa urug‘lar yashashgan. XVIII asrda Movounnahrda tikuvchilik rivojlangan. XIX asrning 70-yillarida Zarafshon vodiysida 32 xil qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirilgan. Romitan tumanida suv tanqisligi bo‘lganligi uchun yer haydashning “qoqlama” usulidan foydalanishgan. XVI-XIX asrlardagi manbalarda hozirgi Romitan tumani Somjan tumani deb atalgan va bu davrlar tarixi haqida juda kam ma’lumotlar saqlanib qolgan. Bu davrlarda xonliklardagi tarqoqlik natijasida , xalqimiz 130 yillik istibdodni boshidan kechirdi.
Romitan tumanining tashkil topgan dastlabki yillarida Romitan qishloq kengashi o‘sha paytda Xo‘ja Peshku volosti tarkibiga kirgan.O‘sha paytlarda tuman aholisi 47ming 754 nafarni tashkil qilgan. 1926-yildan hozirgacha 28 ta rahbar tumanni boshqargan. O‘sha paytlarda tuman yer-suv islohoti va jamoalshtirish davrida davlat arbobi Fayzulla Xo‘jayevning roli katta bo‘gan.U kishining ko‘rsatmasi bilan tumanda muhtasham binolar qurish uchun mablag‘ajratilgan. Uning onasi Qalaychorbog‘ qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan Fotima Saidmurodova o‘z davrining ilg‘or ayollaridan bo‘lgan. 1930-1931- yillarda tuman to‘liq jamoalashtirilib, jami 101ta jamoa xo‘jaligi tashkil qilingan. Birinchi traktor Romitanga 1925-yilda keltirilgan. Tumanda sog‘likni saqlash, huquqni muhofaza qilish organlari tashkil qilingan. Sanoat, savdo, qishloq xo‘jalik organlari rivojlantirilgan. 1929-yil 1-paxta qabul qilish punkti ochilgan. Mamlakatda ro‘y bergan 1937-yilgi qatag‘on tumanimizning asl, iste’dodli farzandlarini ham chetlab o‘tmadi. Ulardan biri buyuk iste’dod va bilim egasi, saxiy va fidoyi rahbar Fayzulla Xo‘jayevdir. Xalqimiz boshiga tushgan qatag‘onning qora kunlari kamlik qilgandek, dahshatli 2-jahon urushi tumanimiz aholisi uchun qayg‘uli kunlar bo’ldi. Shu paytda tumanda 10ta qishloq kengashi, 56ta jamoa xo‘jaligi faoliyat yuritgan. Fashizmga qarshi jangda respublika bo‘yicha bir yarim million jangchi, Buxoro viloyatidan 74ming kishi harbiyga chaqirilgan. Ular orasidan minglab romitanliklar bo‘lgan. Afsuski, ularning aniq sonini, ism-shariflarini tuman tarixiy muzeyidan ham, hokimiyat arxividan ham boshqa manbalardan ham topolmadim.

Romitanning 3000ga yaqin farzandlari urushdan qaytmaganlar, yuzlab yigitlar nogiron bo‘lib qaytishgan. Menimcha, bu qahramonlarning ism-shariflarini aniqlash,nomlarini tuman xotira maydoniga yozish, ruhi poklarini shodlantirish uchun hali ham kech emas.


Ernafas Xo‘jayev(1916-1944) Romitanda tug‘ilgan. 1938-yil harbiy xizmatni boshlagan. Urushda jasorat ko‘rsatgan. Urush Qahramoni unvoni berilgan.
Urushdan keying yillarda Romitan ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan taraqqiyotga erishgan. 50-yillarda tajribali pillachi Hurmatoy Teshayeva qurt boqish muddatini qisqartirib katta natijaga erishgan. 50-yillardagi ikkinchi qatag‘on davri tuman aholisini ham chetlab o‘tmagan. 20-asrning 80-yillardagi 3-qatag‘on –Gdlyan va Ivanovlarning “paxta ishi” bo‘yicha olib borgan adolatsiz siyosati xalqimizning ma’naviy rivojiga to ‘siq bo‘ldi, ularning g‘ururini toptadi.
1970-yilning 9-mayida yodgorlik xiyoboni tashkil qilingan. Romitan shahri 1979-yilda shahar posyolka maqomini olgan. 1981-yil 10-noyabrda tuman ahamiyatiga ega bo‘lgan shahar huquqi berilgan. Shaharda 10dan ortiq millat vakillari yashaydi. Romitan shahridan 90km shimoliy-g‘arbda joylashgan Gazli shahri 1958-yilning mart oyida posyolka tarzida shakllangan. Bu yerda 1956-yil dunyoda noyob gaz va neft havzasi topilgan. “Gazlinaqlgazolish” gaz olish korxonasida 35millat va elat vakillari faoliyat yuritib, xalqimizning issiqlik tizimiga bo‘lgan ehtiyojini qondirib kelmoqda. Viloyatda yagona hisoblangan Chelong‘udagi remont-mexanika ishlab chiqarish korxonasi “Altay T-4”traktorlarini ta’mirlashga ixtisoslashtirilgan.Tumanda bog‘dorchilikka ixtososlashtirilgan “Hazorbog‘” xo‘jaligida mayiz tayyorlash sexi, “Xalqobod ” va qahramon qishlog‘ida koreya va turkiya texnologiyasiga asoslangan issiqxonalar, “Buxoro” ixtisoslashtirilgan asalarichilik xo‘jaligida asal yetishtirishga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, ularda mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. “Qizilravot” ijara xo‘jaligida Qorako‘l qo‘ylari boqiladi.”Qizilqum” o‘rmon xo‘jaligi esa o‘rmonzorlarni ko‘paytirish, yaylovlar holatini yaxshilash maqsadida 1950-yilda tashkil qilingan. “Romitan” hissadorlik jamiyatida esa ko‘plab kichik korxona va savdo firmalari birlashtirilgan.
Xalq ta’limi sohasi haqida gap ketganda qilingan ishlar ham salmoqli ekanligini kuzatish mumkin. Tumanda dastlabki maorif ishlarini yo‘lga qo ’yishda A.Almashev, J.Xolmirzayev, R.Tojiboyev, R.Xalilov va R.Jalolovlarning xizmatlari katta bo‘ldi. Dastlabki maktablar tumanda 1926-1927-yillarda ochilgan.1937-1938-yillarda esa tumanda dastlabki o‘rta maktablar ochilgan.
Fayzulla To‘xtayev(1914-1973)ish faoliyatini 1930-yil o‘qituvchilikdan boshlagan.1-maktabda director b’lib ishlagan. Tuman va viloyatda rahbarlik lavozimida ishlagan.
Tillo Ahadov (1916-1985) 45 yillik ish faoliyatiga ega.. Maorif ishlarining rivojida hissa qo‘shgan.
Obid Avezov-mohir tarix fani o‘qituvchisi, tuman xalq ta’limi muzeyini tashkil qilgan.
Nasri Toshev-tuman xalq ta’limi rivojiga munosib hissa qo‘shgan.
Razzoq Shukurov-tuman va viloyat xalq ta’limining rivojiga munosib hissa qo‘shgan.
Sog‘likni saqlash borasida ham tumanimizda amalga oshirilayotgan ishlar ibratli.Hozirda markaziy shifoxonada 30dan ortiq mutaxasislik bo‘yicha odamlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Tumanda madaniyat bo‘limi 1926-yilda tashkil topgan. Aholining kitobxonlik madaniyatini oshirish sohasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar salmoqli.
Hozirgi kunda tumanda ma’naviyat chashmasi, mening bir umrlik hamrohim bo‘lgan “Romitannoma” gazetasi chiqarilmoqda. Ushbu gazeta 1934-yil 28-iyuldan buyon turli nomlarda chiqarib kelinmoqda. Unga Saidjon Karimov, Safar Yodgorov, G‘ulom Kenjayev, Ochil Qurbonov, Sayli Hayitov, Rajab Avezov, Nabi Ochilov, Sattor Safarov, Jo‘ra Fozilov, Nasriddin Vohidov, Sunnat Beshimov, Zuhra Qurbonova va Maxfirat Atoyevalar muharrirlik qilganlar.
Romitan hududida ko‘plab yirik qurilish tashkilotlari bo‘lib, ular bunyodkorlik ishlarini olib bormoqda. Shuningdek, tumanda maishiy xizmat shaxobchasi, avtomobil transporti, sun’iy sug‘orish sohasida ham qilinayotgan ishlar salmoqli. Tumanda 1995-yil 13-iuylda kasaba uyushmalari muvofiqlashtiruvchi kengashi tuzildi. Bu tashkilot kishilarning madaniy-maishiy sharoitini yaxshilashda, ularning mehnat unumdorliklarini oshirishda va maroqli dam olishlarini ta’minlashda katta ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birgalikda xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan olib borilayotgan ishlar diqqatga sazovor.
Romitan tumani O‘zbekistonning gurkirab o‘sayotgan tumanlaridan biri. Tuman aholisi azaldan, asosan chorvachilik va dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Bunga sabab tuman hududining asosiy qismini Qizilqum va Varaxsha cho‘llarining keng yaylovlari egallaganligidir. Bu hududlar ot-tuya, qo‘y-qo‘zilarni boqish va ko‘paytirish uchun geografik iqlim sharoitiga ega. Tumanning Hazorbog‘ hududida joylashgan tepaliklarda turli-tuman sopol idish qoldiqlarining uchrashi esa xalqimizning hunarmandchilikning kulolchilik sohasi bilan shug‘ullanganligidan dalolat beradi.(Talabalik yillarimda “Buxoro haqiqati”, “Do‘stlik bayrog‘i” gazetalarida “Tepaliklar- o‘mishga guvoh” deb nomlangan maqolam e’lon qilingan.) Shuningdek bo‘zchilik,duradgorlik, naqsh-o‘ymakorlik, temirchilik, to‘quvchilik, oshpazlik kabilar hunarmandchilik tarmoqlarining rivoji ham ajdodlarimizning ma’naviy salohiyatidan dalolat beradi.
Romitan tumani sanoatning yer osti boyliklari gaz, neft kondensatiga ega. Dunyodagi eng yirik gaz kondensat konlaridan biri Gazli hududida joylashgan. Romitan tumani bir necha ming yillik tarixga ega. Agar Buxoroning 3000yillik yosh tarixi isbotlansa, shahrimizning dunyo hamjamiyatidagi o‘rni yanada ortardi.Ammo geografik jihatdan Buxoro chuqur hududda joylashganligi tufayli qazilma ishlari orqali buni isbotlab bo‘lmayapti. Ammo M.Narshaxiyning “Buxoro tarixi ” asarida yozilganidek, Romitanning yoshi Buxorodan qadimiyroqdir. Buxoroni ertak shahar deb ataydilar. Men Romitanni afsonaviy maskan deb nomlagan bo‘lardim. Darhaqiqat,uning ko‘z ilg‘amas barxanlari, ko‘hna obidalari, qadimiy ziyoratgohlari har yili go‘zal maskanimizni ziyorat qiluvchi minglab sayyohlar o‘rtasida shuhrat qozongan. Tumanimiz hududida past, baland, nuray boshlagan tepaliklar ko‘p uchraydi. Ularning har birini o‘tmishdan hikoya qiluvchi tirik guvohlarga qiyoslagim keladi. Bular bir paytlar xalqni urushlardan, suv toshqinlaridan, turli ofatlardanomon saqlashga xizmat qilgan. Xalq orasida tepaliklar haqida turli xil afsonalar, rivoyatlar uchraydi. Tumanimizning arxitektura yodgorliklarini hozirgi vakelajak avlodlar uchun avaylab saqlash maqsadida o‘tmish inshootlarini tiklash borasida katta samarali ishlar olib borilmoqda. Jumladan, tumanimiz hududida joylashgan YUNESKO tasarrufiga kiritilgan saxovatpesha yurtdoshimiz Qoqishtuvon qishlog‘ining mard o‘g‘loni Choriqulboy ko‘prigi qurilganligining 100yilligi munosabati bilan 2014-yilda inshoot qayta ta’mirlandi. Mustaqillik yillarida tumanimiz tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib navqironlik kasb etdi. Avvalgi binolar o‘rnida ko‘plab turarjoy kottejlari, zamonaviy,ko‘p qavatli uylar qad ko‘tardi. Bunday zamonaviy, shinam, qulay turarjoylarda tumanimiz aholisining yosh oilalari, turli qatlam kishilari istiqomat qilmoqda.
Tumanimiz markazida va mahallalarda bunyod etilgan madaniyat saroyi, kutubxona, turli maishiy xizmat xonalari, tibbiyot punktlari savdo do‘konlari, ovqatlanish shaxobchalari va boshqa binolar endilikda qadimiy yodgorliklar bilan bir qatorda tumanimizning diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lib qolmoqda.
1970-yilda tuman markazida 2-jahon urushida halok bo‘lgan jangchilar xotirasiga yodgorlik, qahramon jangchi Ernafas Xo‘jayev haykali o‘rnatilib mehnat shon-shuhrat muzeyi tashkil qilindi. Bog‘iturkon mahalla fuqarolar yig‘inida ham xuddi shunday yodgorlik majmuasi o‘rnatildi. Mustaqillik yillarida bu Xotira xiyobonlarining ko‘rinishi tubdan o‘zgartirilib yangi qiyofa kasb etdi:tuman markazida 2-jahon urushi janglarida halok bo‘lgan, o‘z hayoti evaziga ulug‘ Vatanimiz erki va baxtini himoya qilganko‘plab romitanlik jangchilar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik yangicha uslubda qad ko‘tardi.
Tumanimiz qishloqlarining bugungi yangi qiyofasi tumandoshlarimizning taraqqiyotga bo‘lgan ezgu intilishlarining mujassam timsolidir. O‘tmishda Romitanda hozirgidek sanoat bo‘lmagan. Bugungi kunda esa ipakchilikni qayta ishlashga mo‘ljallangan “Romstar” qo‘shma korxonasi, Turkiya bilan hamkorlik qiladigan Qalaychobog‘ mahallasidagi to‘qimachilik kombinati, turli shakldagi g‘isht ishlab chiqaruvchi zavodlar, gilamchilik va turli mahsulotlarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ko‘plab korxonalarda mahsulot ishlab chiqarilishi va realizatsiya qilinishi ko‘plab aholining ish bilan ta’minlanishi va iqtisodiy ahvolining yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda Romitanni zangori olov maskani deyishadi. Gaz daryolarining po‘lat o‘zani ko‘plab insonlarning tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qo‘l kelmoqda.
Qizilqum markazida gazchilarning zamonaviy shaharchasi qad ko‘tardi.Qizilqum cho‘li, Qoraqir yaylovlarida boqilayotgan qo‘zilarning terisi sifati qorako‘l terilaridan qolishmaydi.
Qadim zamonlardan beri xalq orasida daryo o‘zanlarini burib Romitan tomonlarga ko‘p suv keltirilgan. Endilikda keng paxta plantatsiyalari va bog‘dorchilik maydonlarida innavatsion texnologiya- tomchilab sug‘orish usulidan foyalanilib sug‘orilyapti. Kamchil ariqlar bo‘ylab tartibsiz paykallar o‘rniga beton yotqizilgan yangi sug‘orish kanallari barpo qilindi. Ancha yillar bu ishlarning boshida Romitan fermerlik tajribasini butun respublikada ommalashtirgan sobiq tuman hokimi Askar Nozimov turdi.Bu rivojlanishlar paxtachilik bilan birgalikda Romitan zaminining saxiyligi, meva va sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari yetishtirish hajmining oshishida va don mahsulotlari ko‘payishida, chorvachilik mahsulotlarining o‘sishida ham o‘z ifodasini topmoqdi.
Dehqonchilik sohasida paxtadan yuqori hosil olishda zo‘r muvaffaqiyatlarga erishgan Romitan tajribasini butun respublikaga yoygan Varaxsha cho‘lidan 500gektar yerni bog‘-bo‘stonga aylantirgan dongdor paxtakor rahmatli padari buzrukvorim O‘rin Ergashev, tajribali paxtakorlar Istam Tursunov, Nasriddin Po‘latov, Qo‘ldosh Sultonov, sut sog‘uvchilar Oliya Ro‘ziyeva,Barfiya Baqoyeva, Sayyora Navro‘zova,pillachi Hurmat Teshayeva, Hamro Alimova, Sidiqa Bozorova, bo‘lim boshqaruvchisi Muyassar Barnoyeva, Mukarrama Fuzaylova va boshqalar samarali mehnat qildilar.Qum sarhadlari orasida bir necha yuz kilometrga cho‘zilgan yo‘llar yaylovlarni mahallalar markazi bilan bog‘laydi. Dehqonlar va chorvadorlarning mehnati ham hayoti ham o‘zgardi. Obod manzillar, zamonaviy turarjoylar, keng ko‘chalar elektr, gaz, vodoprovod-shirin suvi bor bo‘lgan xonadonlar, hashamatli klublar, katta kitob fondiga ega kutubxonalar, zamonaviy yorug‘ maktablar, xususiy va davlat bog‘chalari, savdo do‘konlari, oshxonalar, maishiy xizmat ko‘rsatish ustaxonalari, xususiy klinikalar va davolanish maskanlari, turli mehmonxonalar endilikda qishloqlarimizning ajralmas qiyofasi bo‘lib qoldi.Qishloq ko‘chalarida zamonaviy rusumdagi yengil avtomashinalar qatnovi bir zum ham tinmaydi.Qishloq xonadonlarining maishiy xizmat jihozlari bilan to‘la ta’minlanganligi odatdagi voqea bo‘lib qoldi.Romitan tumani iqtosodiy rivojining yana bir jihati bu joydan dunyo xaritasidan o‘rin egallagan Buxoro-Gazli trassa yo‘lining o‘tganligidir. Bu ham tuman aholisining yashash sharoiti, savdo-sotiq ishlarining rivojlanishiga keng yo‘l ochib bergan. Hozirgi paytda bu hududda Xitoy yo‘lsozlari tomonidan kengligi 18metr bo’lgan zamonaviy yo‘l inshooti bunyod etilmoqda. Jahon miqyosida o‘z ilm tariqatini ilmtoliblariga yoygan 39ta pir o‘tgan bo‘lsa shulardan ikki nafari dehqonchilik piri Boboyi Samosiy va niyatlar ro‘yobini amalga oshishiga vositachi bo‘lgan Xo‘ja Ali Romitaniy hazratlari ziyoratgohlarining tumanimiz hududida qo‘nim topganligi xalqimizning iymon-e’tiqodi pokligi,diniy salohiyati yuqoriligi, Hazrati Haq oldida qadr qimmati balandligidan dalolat.Aytishlaricha, yetti pirlar quduqlarining suvi bir irmog‘i Makkatillohdagi Obi Zamzam qudug‘iga tutash ekan.Suvi ilmiy va tibbiy jihatdan inson salomatligiga shifo bo‘lgan Xo‘ja Zafaron, Xo‘ja Ubbon ziyoratgohlaridan esa bir zum ham shifo izlovchilar, ziyoratchilar qadami uzilmaydi. Bulardan tashqari tumanimizning Xosa hududida joylashgan karomatgo‘y avliyo Eshonbobo ziyoratgohlari va ko‘plab laduniy, ya’ni karomatgo‘y ilmlarga ega bo‘lgan avliyo zotlarning tumanimiz maskanlarida qo‘nim topganliklari tarixiy haqiqat.O‘zining muborak yoshiga ega Romitan tumanimiz ulug‘lar beshigini tebratgan ulug‘ maskan sifatida mashriq-u mag‘ribga tanilgan. Ustozimiz Luqmon Badalovning fikrlaricha, jahon tibbiyotining asoschisi Abu Ali ibn Sino asli Romitan tumanida tavallud topgan ekan. (Ammo ibn Sino o‘z tarjimai holida, Afshona qishlog‘ida tug‘ilganman, degan ekan. Bu ma’lumotni ham topdim) Sohibqiron Amir Temur Buxoroga tashrif buyurganlarida, onalarining hurmatlari uchun uzoqdan otdan tushib piyoda kelar ekanlar. Tarixshunos olim Bo‘riboy Axmedovning “Amir Temur” kitoblarida hamda ustozim Maxfirat Atoyevaning “Romitanning ayoli” kitoblarida ta’kidlanganidek , ul hazratning onalari romitanlik ekanliklari har bir romitanlik onalar uchun faxr va iftixor.
Azaldan O‘zbekiston hududiga egalik qilish uchun ko‘p g‘animlar harakat qilishgan. Sababi Vatanimiz ekologik jihatdan qulay hududda joylashganligi , yer osti va usti boyliklari serob ekanligi, insonlarining iymon-e’tiqodi pokiza ekanligi, quyoshining behisob nur sochganligi va boshqalar uchun ham Vatanimizga ko‘z olaytirganlar ko‘p bo‘lgan . Shuning uchun O‘zbekiston jannatmakon o‘lka deb ataladi. Darhaqiqat, Vatan bir marjon bo‘lsa, Buxoro uning duri, Romitan uning zar sochib turgan nuridir. Qadimdan avliyolar beshigini tebratgan Romitan tumanida bugun ham ulug‘larning izdoshlari yashaydi. So‘nggi besh yil davomida tunanimiz qiyofasi misli ko‘rilmagan darajada o‘zgardi, barcha sohada jadal o‘sish bo‘ldi.Mahallalarda aholi o‘rtasida kambag‘alchlikni tugatish borasida olib borilayotgan ishlar salmoqli. Hozirda har bir xonadon tadbirkor, hunarmand, ishbilarmon. Ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ular uchun imtiyozli kreditlar ajratish ularning iqtisodiy potensialining ortishi, hayotdan o‘z o‘rinlarini topib, ishga, mehnatga bo‘lgan munosabatlari tubdan o‘zgarmoqda. Tuman aholisining yashash sharoiti yaxshilandi, turmush madaniyati ko‘tarildi, aholi yashaydigan maskanlar obodonlashtirildi. Shahrimizning pokiza, orasta gullar undirilayotgan ko‘chalarida kezar ekansiz, tuman obodonlashtirish bo‘limi mehnatkashlarining faoliyatini har qadamda his qilish mumkin. Romitan ta’limining bugungi darajasi umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilarining o‘qishga kirishi bo‘yicha respublikada yetakchi o‘rinda, bizning 35-umumta’lim maktabimiz reyting o‘rni esa ta’limning 8ta parametri bo‘yicha viloyat maktablari o‘rtasida ro‘yxatning old qatorlaridan joy olganligi ham biz uchun iftixor.
Talabalik davrlarim mustaqilligimizning dastlabki yillariga to‘g‘ri kelgan. Tengdoshlarim shaharga -oliygohga qatnash uchun bitta-yu bitta avtobusni 2-3soatlab kutishardi. Jamoa xo‘jaligi bo‘yicha 1-2ta savdo do‘koni bo‘lib, unga kelgan kamyob matoh-baxmal duxoba mahallalarda duv-duv gap bo‘lardi, ularda ham mahsulotlar kamchil edi, navbatda turganlarning yarmi uyiga quruq qaytishardi. Kommunal to‘lov masalasida murojaat qilgan iste’molchilarning gapiga hech kim quloq solmay, idorada o‘tirgan xodimlarning ruscha, qo‘pol muomalasidan muammolarini bir kunda hal qilmay qaytardi. Qaysi birjoyi og‘rib qolgan bemor qayerga borishini bilmay joni halak, jamoa xo‘jaligi bo‘yicha bitta tikuv sexi bo‘lardi. Ko‘plab o‘quvchilari bitirgan maktab muassasalaridan ham bir nafar o‘quvchi oliygohga kirardi yoki yo‘q. Hozirgi davrni o‘sha davr bilan solishtirishning o‘zi kulgili tuyuladi.Bugungi davr kishilari barcha sohalarda huquqiy, tibbiy, madaniy, maishiy, ma’naviy sohada yetuk, aqli raso, dunyoga bir bor kelishini anglab yashaydi, tiriklikni baxt ekanligini his eta biladi. Ha, shu zamonda, shu zaminda, tinch, osoyishta, omonlikda, xotirjam, dorilomon zamonda yashashning o‘zi biz uchun ham baxt, ham sharaf, ham iftixor!
Tumanimiz hududida Koreya texnologiyasi asosida issiqxonalarning tashkil etilganligi, aholining ish bilan ta’minlanishi, iqtisodiy qudratining o‘sishiga xizmat qilmoqda. Ayol qizlarimiz orasidan 3ta Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti nomzodlarining chiqqanligi ham baxtimiz. O‘zbek adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ijodkorlar Ne’mat Aminov, Safar Barnoyevlarning Romitan farzandi ekanliklari ham bizning faxrimiz…
Ta’lim sohasida fidokorona mehnat qilib el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan To‘ra Halimov,Salomat Gafurova, Hakim Xudoyorov,Luqmon Badalov, Razzoq Shukurov, Qahhor Shukurov, Zoyir Nazarov, Ne’matjon Rahimov, Sattor Shukurovlarning bizning hududdan chiqib faoliyat yuritganliklari ham bizning baxtimiz…
Chelong‘u mahalla fuqarolar yig‘inidan chiqqan Mirolim Qilichevning poytaxtning katta sahnalarida mahorat bilan rol o‘ynayotganligi ham bizning baxtimiz…
Prezidentimiz tashabbuslari vaishtiroklari bilantumanimizda tashkil qilingan innovatsion turizm klasterida respublika “Zakovat”intellektual o‘yinlarining aynan Romitanda o‘tkazilganligi ham bizning baxtimiz…
Buxoro shahri va tumanlarini zamonaviy qiyofaga keltirishda jonbozlik ko‘rsatgan fidoyi inson O‘ktam Barnoyevning ham Romitan farzandi ekanliklari ham baxtimiz…
Romitanning asl farzandlari Iso Barnoyev, Dekabr Boboqulov, Nusrat Hikmatov, Telman Baqoyevlarning respublikada o‘ziga xos boshqaruvchilik maktabi yaratganliklari ham bizning baxtimiz…
Yaxshi Navro‘zov, Hamro Saidov, Arslon Mo‘minov, Azamat Boltayev, Iskandar Qalandarov, Hojiqurbon Ergashev,Muhammadqosim Olimov, Xurshid Tohirov kabi sobiq tuman hokimlarining samarali faoliyat ko‘rsatganliklari ham bizga sharaf. Adabiyotning she’riyat sohasida qalami o‘tkir shoiralar Jo‘ra Fozilov,Maxfirat Atoyeva, Sobira Bo‘ldiyeva, Laylo Hayitova, Hasan Xolmatov,Muhsina Boboyevalarning ham romitanlik ekanliklari bizning baxtimiz…
Romitan farzandlari Mubin Mirzayevning Soliq vazirligida, Muxtor To‘rayev, Bibish Jo‘rayeva, Tal’at Halimovlarning oily ta’lim sohasida faoliyat yuritayotganliklari ham bizning baxtimiz. Romitanimizning bunday salohiyatli, respublikada o‘z o‘rniga ega ilmli, ziyoli insonlari yoshlarimiz uchun o‘rnakdir.
Yurtboshimiz rahnamoliklarida Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi Davlat dasturi ishlab chiqildi. Endigi vazifa-dastur moddalarini amalda qo‘llashdan iboratdir.Darhaqiqat, ulug‘ ajdodlarimizning munosib vorislari bo‘lish, ular kabi yuksak maqsadlar sari intilib yashash barchamizning burchimizdir.
Xullas,Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan umumxalq harakati saflarida Romitan tumani aholisining qudratli to‘lqin bo‘lib maydonga chiqayotganligi yuksak tahsinga sazovor. Shu kunlarda butun mamlakatimiz bo‘ylab bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Yangi-yangi sanoat korxonalari, zamonaviy uy-joylar, kommunikatsiya va infratuzilma tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari barpo etilmoqda. Butun xalqimiz qatori romitanliklar ham ushbu jarayonda faol ishtirok etmoqda.Bugungi kunda ko‘p millatli xalqimiz Vatanimiz taraqqiyoti uchun, O‘zbekistondagi 3-Uyg‘onish davrini yaratish yo‘lida belni mahkam boylab fidokorona mehnat qilmoqda. Bu yo‘lda ulkan orzu umidlar, ulkan rejalar bilan safimizga qo‘shilayotgan Romitan yoshlari asosiy tayanch va suyanchdir.O‘z fikrimni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi quyidagi fikrlari bilan xulosalamoqchiman:”Bizning tomirlarimizda ana shunday ulug‘ bobolarimizning qoni oqar ekan, ularning munosib vorislari bo‘lish, ular kabi yuksak maqsadlar sari intilib yashash barchamizning ezgu burchimizdir”.

Foydalanilgan adabiyotlar:


1.M.Narshaxiy “Buxoro tarixi”
2.T.Halimov “Asrlarga tatigulik saxovat” 2014-yil
3. H.Muzaffarov “Buxoro tarixi” 1976-yil
4.”Buxoro mavjlari” jurnali
5.To‘raHalimov, Ismoil Qobilov “Qadimiy va navqiron Romitan” Toshkent “O‘zbekiston”nashriyoti 1997-yil
6.Ibodat Rajabova “Buxornur yoki yettipir” Buxoro nashriyoti 2012-yil
7.M.Olimov, Sunnat Faxriyev “Xoja Ubbon ibn Usmon ibn Affon ziyoratgohi” Toshkent-2018-yil
8. “Buxoro-ochiq osmon ostidagi muzey” Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti-1991-yil
9.Islom Karimov “Tarixiy xotirasiz-kelajak yo‘q” 1998-yil
10. L.Ergasheva ”Tepaliklar -o‘tmishga guvoh” 1992-yil “Buxoro hqiqati”
11.”O‘zbekiston tarixi” ensiklopediyasi
Yüklə 73,29 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin