2-MAVZU: PEDAGOGIK TEXNOLOGIYA TIZIMLI YONDASHUV SIFATIDA.
Reja:
1.Tizim, tizimli tahlil va tizimli yondashuvning mazmun-mohiyati.
2. Pedagogik jarayon va uning tuzilmaviy asoslari.
3. Tizimli fikrlash.
Tayanch so‘z va iboralar: tizim, tahlil, tizimli tahlil, tizimli muammo, tizimli yondashuv, tizimli fikrlash, tizim modeli, tizim vazifasi, oliy ta’lim, menejment, marketing, ta’lim muassasasi imidji, boshqaruv, pedagogik faoliyat, pedagogik jarayon.
Tizim, tizimli tahlil va tizimli yondashuvning mazmun-mohiyati.
Prezidentimiz Sh.M.Mirzieyovning barcha nutqlarida muammoga tizimli yondashish, tanqidiy tahlil, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, mavjud tizim samaradorligini oshirish, davlat boshqaruvi tizimini bugungi va ertangi kun talablaridan kelib chiqib sifat jihatidan zamon talablari darajasiga ko‘tarish, kadrlar bilan ishlashning butun tizimini takomillashtirish kabi masalalarga e’tibor qaratilgan. Shu nuqtai nazardan zamon talablariga mos kadrlarni tayyorlashga mas’ul bo‘lgan har bir shaxs, muammoga tizimli yondashishi, pedagogik va ilmiy faoliyatini tizimli tashkil etishi maqsadga muvofiq.
Tizimli tahlil nisbatan yosh va ayni paytda, shiddat bilan rivojlanayotgan fan. Shiddat bilan rivojlanishining sababi ta’lim-tarbiyaga qo‘yilayotgan talablar ko‘lami ilm-fanga murakkab vazifalarni yechishga, tizimli loyihalarni rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyojning ortib borayotganligi bilan belgilanadi.
Tizimli tahlilning rivoji XX asr yarimida ilmiy-texnikaviy vazifalarning vujudga kelish bilan paydo bo‘ldi. Bunda asosiy o‘rinni murakkab ob’ektlarni tahlil etish, bilish va amaliy tadbiq etish jarayonlari egallaydi.
Birinchi bor, butun borliq katta va kichik majmualardan iborat degan fikrni italiyalik faylasuf Zenon (m.avv..490-430) aytib ketgan. Uning fikricha, butun narsa bo‘lingach, ko‘plab birliklarga ega bo‘lamiz. Bu birliklarning har biri, o‘z navbatida yana birliklarga bo‘linadi. Bu jarayon cheksiz davom etaveradi.
Tizimli tahlil mustaqil tadqiqot yo‘nalishi sifatida 1950-1960 yillarda AQShda qurolli kuchlarni texnik jihatdan rivojlantirish, kosmosni o‘zlashtirish, davlat boshqaruvi apparatini takomillashtirish, ishlab chiqarish quvvatlarini taqsimot qilish, ishchi kuchi va uskunalarga bo‘lgan talabni belgilash, turli mahsulotlarga ehtiyojlarni aniqlash kabi yirik biznes vazifalarini bajarishda qo‘llanilgan. Ammo, 1960–1970-yillarda tizimli tahlil metodlarining hisob mashinalarga kiritilishi murakkab vazifalarni amalga oshirish vositalari sifatida nazariy modellarni yaratish imkoniyatlari vujudga keldi. Tizimli tahlil imkoniyatlaridan intensiv foydalanish sharoiti kengaygan sari maqsadli-rejaviy dasturiy boshqaruv metodlari yaratildi. Jumladan, u yoki bu muammoni hal etish maqsadida tashkilot faoliyatini tashkil etishda inson va moddiy resurslarni hisobga oluvchi maxsus dasturlar ishlab chiqiladi. Natijada turli sohalar faoliyatini tadqiqot qilishga qaratilgan tizimli tahlilning turli maktablari paydo bo‘ldi.
Zamonaviy ma’nodagi tushuncha shaklida tizimli yondashuv rivoji ikki yo‘nalishda – nazariy va amaliy shaklda parallel ravishda olib borilmoqda.
Nazariy yo‘nalishda turli konsepsiyalar izchillik bilan jiddiy o‘rganiladigan tizimga birlashib, mustaqil ilmiy soha – tizim nazariyasi paydo bo‘ladi. Tizim nazariyasi to‘g‘risidagi mumtoz asarlar sirasiga avstriyalik biolog Lyudvig Fon Bertalanfi (1901—1972) va uning izdoshlari asarlarini kiritish mumkin. Ushbu sohaning eng ko‘zga ko‘ringan vakillari sifatida A.Puankare, A.Bagdanov, A.Kolmogorov, V.Arnold, I.Prigojina, R.Akoff, E.Lasloni kiritish mumkin. Aniq fanlarda tizimli model asosida murakkab hodisalarni tahlil etish va prognoz qilish zaruriy matematik apparatning, jumladan nochiziqli boshqaruv rivojlanishi bilan cheklanadi. Garchi tizim nazariyasi tizimli tahlil uchun ilmiy baza bo‘lsada, shu sohaga oid ko‘plab zamonaviy nazariy va amaliy kashfiyotlar haligacha bevosita amaliyotda qo‘llash uchun moslashtirilmay, hayotda kamdan-kam ishlatiladi.
Tizim nazariyasining asosiy ob’ektlari tabiiy va sun’iy, jonli va jonsiz, real va mavhum, ularning paydo bo‘lish va rivojlanish qonuniyatlaridan iborat. Ushbu nazariya tarafdorlari nuqtai nazaricha, dunyoda barcha narsa tizimdan iborat. Boshqacha qilib aytganda, har qanday hodisa va ob’ektni bir tizim sifatida tasavvur qilish mumkin.
Tizim nazariyasi ikkinchi yo‘nalishi– amaliyotning ilmiy bazasi va umumiy paradigmasidir. Tizimli tahlil o‘zida murakkab muammolarni o‘rganish va hal etish metodologiyasini kasb etadi. Bugungi kunda bu metodologiya amerikalik tadqiqotchilar va institutlar tomonidan keng o‘rganilgan. AQShda amaliy tizimli tahlil 1960 yillardayoq e’tirof etilgan edi. Bunga Amerikaning yetakchi «fikr trest»laridan biri RAND korporatsiyasining faoliyati sabab bo‘ldi. RAND ushbu metodologiyadan foydalanishning samaradorligini va istiqbollarini avval harbiy sohada – bevosita qurol-yarog‘ ishlab chiqarish tizimini yaratishda, so‘ngra davlat boshqaruvining va sanoatning boshqa sohalarida ham isbotlab berdi.
Har qanday faoliyatda tizimli tahlil nazariy ta’limot bilan amaliyot o‘rtasidagi tafovvut muammolarini o‘rganish va samarali qarorlar qabul qilish funksiyasini amalga oshiradi.
Tizimli tahlil o‘z rivojlanishi jarayonida muammoli vaziyatlarda rahbarning afzal ko‘riladigan yo‘lni tanlashiga yordam beradigan metodlar doirasiga aylandi va hozirgi vaqtda fanlararo ilmiy yo‘nalish sifatida rivojlanib bormoqda.
Tizimli tahlil, tizimli modellashtirish va konstruksiyalash, tizimli amaliyot bilan bog‘liq qarashlar G‘arb olimlari asarlarida ham atroflicha o‘rganilgan. Jumladan, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, «Umumiy tizimlar nazariyasi» asoschisi Lyudvig Fon Bertalanfi 1934-49 yillarda Kanada va AQSh universitetlarida, keyinchalik 1949 yildan Vena universiteti professori lavozimlarida faoliyat olib borgan. “Dunyoning biologik manzarasi”, “Nazariy biologiya”, “Aql, odamlar, amallar”, “Tizimlar nazariyasi” asarlari muallifi. 1954 yilda “Umumiy tizim nazariyasi tahlil jamiyati”ga asos soladi. Uning ilmiy yutug‘i biologiyada ochiq tizim nazariyasini kashf etishida. Unda xujayralarining alohida xususiyatlari faoliyati umumiy yaxlit holatga kelishi va yana mustaqil, ammo bog‘lik elementlarini aniqlaydi. Yopiq tizimlardan ochiq tizimlar farqini belgilaydi. L.Bertalanfi tizim nazariyasining fanlararo umumiy dasturini ishlab chiqish taklifini bildiradi. Uning asosiy vazifasi:
tizim funksionalligini ta’minlovchi aniq turidan qat’iy nazar umumiy tamoyillari va qonuniyatlarini ishlab chiqish;
nojismoniy nazariyaning xususiyatlarini belgilashda foydalanish;
ilmiy bilishning sintez metodologiyasini yaratish.
Bu dastur kibernetika va sinergetikaning rivojlanishiga olib keldi. Keyinchalik L.Bertalanfi tizim nazariyasini insonning tafakkuri va fiziologiyasini tahlil etishda qo‘llashga urinadi.
Sinergetika atamasi 1969 yil Germaniyaning Shtutgart universiteti professori German Xaken tomonidan qo‘llanilgan bo‘lsa-da, faqat 1977-1978 yillardagina fan sohasi vakillari tomonidan qabul qilingan. Uning etimologik ma’nosi yunonchadan συν – «birgalikda» va εργος – «harakat qilayotgan» ya’ni, o‘zaro muvofiqlashgan harakat deb ataladi. O‘z mohiyatiga ko‘ra sinergetika – sistemali strukturali va sistemali funksional metodlararo tadqiqot usulidir. Chunki, u o‘rganadigan hodisalar barcha fan sohalarida mavjud. Shuning uchun ham sinergetika bilan barcha fan vakillari, xususan, fiziklar, kimyogarlar, biologlar, tarixchilar, iqtisodchilar, psixolog va pedagoglar, siyosatchilar va boshqalar qiziqmoqdalar. Bugungi kunda murakkab tizimlarning o‘rganish muammosiga javoban shakllangan sinergetika boshqa maxsus fanlardan farqli o‘laroq, murakkab tizimlarning ayrim qismlarini, qirralari, xossalarini emas, balki har qanday fanlar o‘rganayotgan ob’ektni boshqa murakkab ob’ektning qismi sifatida o‘rganadigan va bu borada muayyan yutuqlarga erishgan yangi fandir.
Tizimli tahlilning eng asosiy tushunchalaridan biri bu tizim tushunchasidir. Tizim tushunchasiga juda ko‘plab ta’riflar berib o‘tilgan. L. Fon Bertalanfi tizimni “atrof-muhit va bir-birlari bilan ma’lum munosabatlarda bo‘lgan qismlar kompleksi” deb qaraydi. Keyinchalik, tizim ta’rifiga maqsad tushunchasi kirib keladi. Masalan, F.E.Temnikov “tizim - tashkil etilgan to‘plam” (ya’ni, qandaydir maqsadga bo‘ysundirilgan to‘plam)dir deb qaraydi. Va nihoyat, maqsadni aniq bildiruvchi tizim: “ma’lum bir vaqt oralig‘ida aniq bir maqsad doirasida atrof-muhitdan ajratib olingan chekli funksional elementlar va ular orasidagi munosabatlar to‘plami” sifatida izohlandi.
Tizim – bu elementlardan tashkil topgan ob’ekt yoki ob’ektlar yig‘indisi.
Tizim – bu o‘zaro bog‘liq va tartiblashtirilgan elementlardan tashkil topgan, yagona maqsad sari intiluvchi ob’ekt yoki ob’ektlar yig‘indisi.
Tizim – har biri alohida vazifalarni bajaruvchi, yagona maqsadga yo‘naltirilgan, o‘zaro bog‘langan, boshqariluvchi elementlarning muayyan tuzilmaga ega bo‘lgan majmuasi.
Bu ta’rif murakkab tizimlarga xos ta’rifdir. Bizga aynan mana shu ta’rif ko‘proq mos keladi va jamiyatda o‘rganishni talab qiladigan ob’ektlar aynan murakkab tizimlardir. Misol, institut – bu murakkab tizimdir, chunki u o‘zaro bog‘liq va o‘zaro tuzilmalashtirilgan elementlardan tashkil topadi: rektor, prorektor, fakultetlar, kafedralar, talabalar va h.k. Bu elementlar o‘zaro ierarxik tartibda birlashgan va yagona maqsad sari intiladi.
Tizim quyidagi xususiyatlarga ega bo‘ladi:
Yaxlitlilik - tizimga bir butun jarayon, xodisa yoki narsa deb qaralgandagi xususiyatlari uning elementlarga bo‘linganda o‘z mohiyatini yo‘qotishi nazarda tutiladi. Misol, institut deganda biz malakali mutaxassislarni tayyorlovchi tizimni tushunamiz, lekin uni elementlarga bo‘lganimizda, ya’ni, rektor, kafedra va h.k. ana shu tizimning yaxlit xususiyati yo‘qoladi.
Bog‘liqlilik - tizimni tashkil etgan elementlarning o‘zaro bog‘liqlilik darajasi va tizimga ta’sir etuvchi kuchi bu tizimga kirmagan elementlardan ko‘ra kuchliroq bo‘lgan hususiyat nazarda tutiladi. Misol, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda boshqaruv apparati hisoblanadi va tizimga bog‘liqlik tomoni bor, lekin institut ichidagi jarayonlarga ta’siri uning ichidagi qismlarida kuchliroq hisoblanadi.
Maqsadga yo‘naltirilganlik – tizim va uning quyi tizimlarining yagona maqsadga yo‘naltirilganligi nazarda tutiladi. Ya’ni misolimizda institut va uni tashkil etuvchi elementlar yagona maqsadga intiladi - yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash.
Tuzilmaviylik - tizimni tashkil etuvchi elementlar o‘zaro biror qonun qoidaga muvofiq tashkil etilganligi tushuniladi. Ya’ni ular o‘zaro ierarxik, funksional munosabatlar bilan bog‘langan holda faoliyat yuritadi.
Natijaviylik (samaradorlik, foydalilik) hususiyati tizimning mavjud bo‘lish shartlaridan biridir. Agar tizim natija bermasa, tizim butunlay yo‘q bo‘lib ketadi yoki bunday tizimning mavjudligi faqatgina ortiqcha sarf-xarajatga olib keladi, befoyda xatti-harakatlar bo‘lib qoladi.
Pedagogikada “tizim” tushunchasi juda keng qo‘llaniladi, masalan, ta’lim tizimi, tarbiya tizimi, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish shakllari va metodlari tizimi va hokazo. Ijtimoiy tizimning turlaridan biri hisoblangan pedagogik tizim – insonlarga va yosh avlodga ta’lim va tarbiya berish, ta’lim jarayonini tashkil etish va boshqarish maqsadlariga xizmat qiluvchi turli strukturaviy va funksional bog‘liq bo‘lgan komponentlar majmuidan iborat bo‘ladi.
“Tizim” tushunchasi o‘z mohiyatiga ko‘ra, ierarxik jarayon, chunki u tizim haqida tushunchalarning xuddi tizimning tashqi muhit bilan o‘zaro hamkorligini ifodalaydigan, yirikroq tizimning ayrim qismi, o‘zining ba’zi yaxlitligi va shaxsiy bo‘lakchalari yig‘indisini ko‘zlaydi. Tizimning muhim jihati voqelikning ichki tarkibiy qismlariga egaligi, ushbu qismlar orasida pog‘anali buysunishning yuzaga kelishi hamda bu qismlarning nisbiy mustaqilligida aks etishidir.
Shuningdek ilmiy adabiyotlarda “tizim” va “sistema” iboralari sinonim, aynan bir xil ma’noli so‘zlar tarzida qo‘llanadi. Falsafiy qomusiy lug‘atda: “tizim”, sistema (qismlardan iborat butun) – o‘zaro munosabat va aloqada bo‘lgan, muayyan yaxlitlikni hosil qiluvchi ko‘p qismlar (elementlar) majmui, - deb ta’rif berilgan. Yana shu manbada quyidagi izohlarni uchratish mumkin. “Sistema” – yaxlit bir butunlik sifatida tashkil topgan ob’ektni ifodalovchi ijtimoiy-falsafiy kategoriya. Odatda, sistemani eng muhim umumiy tarzida elementlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar birligi sifatida ta’riflaydilar. “Sistema” tushunchasi o‘z ma’nosiga ko‘ra “aloqa”, “element”, “butun”, “birlik”, “struktura”, (elementlar o‘rtasidagi aloqalar sxemasi) tushunchalari bilan bog‘liq. Ushbu o‘rinda tizimli tadqiq etishning asosiy vazifalari: tizim elementlari, aloqalari va strukturasini, elementlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ajratishdir. Tizimning mohiyatini metodologik tushunishga ko‘ra tizimlilik ob’ekt va hodisaning o‘z hossasi deb emas, balki faoliyatning aniq bir maqsadga yo‘naltirilishi, tafakkurni tashkil etish sifatida ta’riflanadi.
Tizimlar klassifikatsiyasi.
Klassifikatsiya kriteriysi
|
Tizimlar sinfi
|
Tashqi muhit bilan aloqasiga ko‘ra
|
Ochiq
Yopiq Aralash
|
Tuzilishiga ko‘ra
|
Sodda Murakkab
Katta
|
Vazifalarning tabiatiga ko‘ra
|
Maxsus
Ko‘p vazifali (universal)
|
Rivojlanish tabiatiga ko‘ra
|
Barqaror
Rivojlanayotgan
|
Tashkillashtirilganlik darajasiga ko‘ra
|
Yaxshi tashkillashtirilgan
Yaxshi tashkillashtirilmagan (diffuz)
|
Xulqi (xatti-harakati)ning murakkabligiga ko‘ra
|
Avtomatik
O‘z-o‘zini tashkillashtiruvchi Bashorat qiluvchi
Shaklni o‘zgartiruvchi
|
Elementlararo aloqasiga ko‘ra
|
Deterministik
Stoxastik
|
Boshqaruv tuzilishiga ko‘ra
|
Markazlashtirilgan
Markazlashtirilmagan
|
Tayinlanishiga ko‘ra (maqsad)
|
Ishlab chiqaruvchi
Boshqaruvchi
Xizmat ko‘rsatuvchi
|
Tizimlarni tasniflash bir necha omillarga bog‘liq bo‘ladi. Inson ishtirokida tashkil etilgan tizimlar sun’iy tizimlar, tabiatan mavjud bo‘lgan tizimlar esa tabiiy tizim deb ataladi.
Sun’iy tizimni tahlil qilish tizimni tashkil etuvchi barcha komponentlarini tahlil qilishdan boshlanadi, ya’ni tizim qanday komponentlardan tashkil topgan, uning ichki va tashqi aloqalari qaysilar, bu tizim qaysi maqsadga yo‘naltirilgan, qaerda, qanday, nima uchun foydalaniladi.
Moddiy tizimlar, asosan moddiy ob’ektlar to‘plamidan tashkil topadi. O‘z navbatida moddiy tizim anorganik (mexanik, ximik) va organik (biologik) tizimga yoki aralash tizimga ajratiladi. Moddiy tizimlardan asosiy o‘rinni ijtimoiy tizim egallaydi. Bunday tizimning xususiyatlaridan biri insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni aks ettirishdir.
Mavhum tizimlar inson ongining mahsuli bo‘lib, har xil nazariyalar, bilimlar, gipotezalardan iborat.
Tashqi muhit bilan aloqasiga ko‘ra tizimlar yopiq tizim qattiq mustahkamlab qo‘yilgan chegaralarga ega. Uning harakatlari tizimni o‘rab turgan muhitdan nisbatan mustaqil. Soat yopiq tizimga misol bo‘la oladi. Soatda uning o‘zaro bog‘liq qismlari energiya manbayiga ulanishi bilanoq to‘xtovsiz va aniq harakat qilishni boshlaydi. Soatda to‘plangan energiya manbai mavjud ekan uning tizimi atrof-muhitdan mustaqildir.
Ochiq tizim tashqi olam bilan o‘zaro bog‘liqligi bilan izohlanadi. Energiya, axborot, materiallar – bu tizimning chegarasi orqali tashqi dunyo bilan aloqa qilish ob’ektlaridir. Bunday tizim o‘zini-o‘zi ta’minlay olmaydi. U tashqaridan bo‘lgan energiya, axborot va materiallarga muhtoj. Bundan tashqari, ochiq tizim tashqi olamda yuz berayotgan o‘zgarishlarga moslashish qobiliyatiga ega, aks holda u o‘z faoliyatini davom ettira olmaydi. Masalan siyosiy xukumat tizim sifatida ochiq bo‘lishi shart.
Pedagogik faoliyatda tahlil alohida o‘rin tutadi. “Tahlil alohida ilmiy tayyorgarlikni, turli ilmiy uslublarni maqsadli tanlash va o‘rinli qo‘llash, o‘rganilayotgan muammo bo‘yicha bilimga ega bo‘lishni talab etuvchi faoliyatning murakkab turidir”.
Tahlil, murakkab tafakkur operatsiyasi hisoblanib, uning yordamida predmet va jarayonlar (hodisalar) aniq o‘lchov birligiga ega bo‘lgan usullar vositasida yaxlit tarzda yoki alohida qismlarini turli belgi va xususiyatlari bo‘yicha aloqadorlik darajasini belgilab beradi.
Tahlil tushunchasi quyidagi tasniflarga ega:
Narsa, hodisa va shu kabilarni mohiyat, qonuniyat va boshqa jihatlardan tekshirish, o‘rganish ishi;
Biror narsa, ma’lumot va shu kabilarni ma’lum nuqtai nazardan o‘rganish, baholash;
Biror narsaning tarkibini belgilash va uning mohiyatini tadqiq etish.
Pedagogik faoliyatni takomillashtirishda tahlil amaliy mazmun kasb etib, ta’lim-tarbiyaning sifatini ta’minlash uchun xizmat qiladi. Yuzaga kelgan pedagogik muammoning (masalan, pedagogik nizo) sabablarini aniqlash, uni kechishining davriyligini bilish uchun, nizoning vujudga kelishiga ta’sir ko‘rsatgan omillarni, bunda avvalo qaysi qonuniyatlarga (tabiiy yoki sun’iy bo‘lishi mumkin) amal qilinishini bilish lozim bo‘ladi.
Tahlil, intellektual faoliyatning yuqori bosqichi hisoblanib, hodisa, jarayon (jumladan pedagogik jarayonni), raqam va dalillarni aloqadorlik darajasini belgilab berishda namoyon bo‘ladi. Tahlil, faoliyat shakli sifatida rivojlanib, bugungi kunda tahlilning turli shakl va usullari vujudga keldi. Negaki, har qanday muammoni, shu jumladan pedagogik faoliyat doirasida vujudga keladigan “X-viziyat”larni konstruktiv kechishini ta’minlash uchun tahlil amaliy ahamiyat kasb etadi.
Tahlilga (jumladan tizimli tahlilga) bugungi kunda faoliyatning alohida turi sifatida qarab kelinmoqda. Negaki, turli darajalardagi (tezkor, taktik va strategik) boshqaruvda tahliliy faoliyatning mahsuli bo‘lmish sharh, ma’lumotnoma, izoh, hisobot, xabarnoma, yo‘riqnoma, murojaatnoma kabilarga hayotimizning turli sohalarining ravnaqini ta’minlash maqsadida murojaat etib kelinmoqda. Tahliliy faoliyat mahsuli ijtimoiy taraqqiyotning rivojlanish jarayonini bosqichlarga ajratib, ijobiy va salbiy jihatlarini belgilab, bajariladigan galdagi vazifalarni aniqlab olish uchun amaliy xizmat qiladi. Bunda tahlilning nisbatan mukammal turi sifatida tizimli tahlil alohida o‘rin tutadi.
Tizimli tahlil – bu bir qancha fanlar (matematika, kibernetika, sinergetika va h.k.) negizida hosil bo‘lgan ilm sohasi hisoblanadi va o‘rganilayotgan obektning tizimli masalalarini aniqlash, ularni tasavvur etishda modellashtirishdan foydalanish, shular asosida turli alternativ yo‘llar (qarorlar)ni shakllantirish hamda ular asosida optimal variantni tanlashga yordam beruvchi bilimlarni o‘z ichiga jamlovchi soha hisoblanadi.
Tizimli tahlil deb, murakkab hisoblangan ijtimoiy, siyosiy, harbiy, iqtisodiy, ilmiy xarakterga ega bo‘lgan masalalarni o‘rganish uchun qo‘llaniladigan tahliliy vositalar (usullar) yordamida amalga oshiriladigan tahlil turiga aytiladi.
Tizimli tahlil – aniq maqsadli ilmiy tadqiqot faoliyatining turi bulib, bunda tadqiqotchi diqqat-e’tibori ilmiy bilimlar haqida ularning shakli, mazmuni, shuningdek, batafsil tekshirish, aniq tushuncha va tasdiqlarni ilgari surish darajasiga muvofiq maqbul tasavvurni yaratishga qaratilgan bo‘ladi.
Tizimli tahlil – murakkab tizimlarning shakllanishi, faoliyat ko‘rsatishi, parchalanish jarayonlari, qarama-qarshiliklar vujudga kelishi, rivojlanishi va hal etilishi jarayonlarining umumiy qonuniyatlari, shuningdek murakkab tizimlardagi maqsadlarni sintez qilish qonunlarini o‘rganadi.
Tizimli tahlil tushunchasining turlicha talqinlari mavjud:
muammoni o‘rganishning kompleks shakli;
tizimli yondashuv asosidagi tahlil turi;
davlat boshqaruvida foydalaniladigan uslub;
fanlararo fan;
tizimlar nazariyasi asosidagi uslubiyat.
Umuman, tizimli tahlil deganda tizimli yondashuv asosida umumdavlat va amaliy qiyin muammolarni yechishni ta’minlab beruvchi uslubiyatlar vositasining yig‘indisi tushuniladi.
Tizimli yondashuv – umumiy va keng tushuncha bo‘lib, tizim konsepsiyasi asosida turli hodisa va ob’ektlarni ko‘rib chiqishni o‘zida qamrab oladi. Tizimli yondashuv ilmiy tadqiqot metodologiyasida muhim ahamiyatga ega. Uning asosiy vazifasi murakkab ob’ektlar - har xil tip va turkumga mansub tizimlarni o‘rganish va tuzish metodlarini ishlab chiqishdan iborat. Xalqaro munosabatlarda ko‘p pog‘onali, ierarxik, o‘zini o‘zi uyushtiruvchi ob’ektlarni o‘rganishda mazkur metoddan keng va samarali foydalaniladi.
Tizimli yondashuv, bu ob’ektni yaxlit majmua sifatida o‘rganishga asoslangan metodologiya, ilmiy anglashni ta’minlovchi “yo‘l”dir. Tizimli yondashuv o‘rganilayotgan ob’ektni yagona maqsad bilan birlashtirilgan o‘zaro bog‘liq tizimlar majmuasi sifatida ko‘rishga hamda uning ichki va tashqi aloqalarining integratsiyalashgan xususiyatlarini ochib berishga imkon beradi.
Fanda, tizimli yondashuv turli fan sohalarining vakillari tomonidan shakllantirilgan. Tizimli yondashuv, bu o‘zaro aloqador bo‘lgan jihatlarni qamrab olgan majmua bo‘lib, tahlilni amalga oshirishda metodologiya vazifasini bajara oladi. Bular:
tizimli – xossaviy (elementli), tizim nimalardan tarkib topgan? degan savolga javob topish uchun xizmat qiladi;
tizimli - strukturaviy, tizimni ichki tuzulishini, uning tarkiblarini ta’minlashuvini belgilash uchun xizmat qiladi;
tizimli - funksional, tizim va uni vujudga keltiruvchi qanday vazifalarni bajarishini ajratib berish uchun xizmat qiladi;
tizimli - kommunikativ, tizimning boshqa tizimlar bilan gorizontal va vertikal aloqadorliklarni mohiyatini belgilash uchun xizmat qiladi;
tizimli - integrativ, tizimni saqlanish mexanizmi, saqlanish omillari va takomillashuvi belgilash uchun xizmat qiladi;
tizimli - tarixiy, “tizim qanday shakllangan?”, “rivojlanish davomida qanday bosqichlardan o‘tgan?”, “tizimni istiqboli qanday?” degan savollarga javob berish uchun xizmat qiladi.
Ko‘rinib turibdiki, tizimli yondashuv, bu tizimli tahlilni amalga oshirish yo‘lini belgilab berish uchun xizmat qiladigan majmua hisoblanadi.
Tizimli tahlilning bir qator funksiyalari (vazifalari) mavjud bo‘lib, ular haqida aniq tushunchaga ega bo‘lish, tahliliy faoliyatni mazmundorligini ta’minlash uchun xizmat qiladi. Ularning muhimlarini keltirib o‘tamiz:
Tizimli tahlilning boshqaruvchanlik funksiyasi boshqaruv jarayonini turli bosqichlarida qaror qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rish, qaror qabul qilish, qarorni joriy etish va qaror ijrosini nazoratini amalga oshirish uchun axborot bilan ta’minlaydi.
Tizimli tahlilning diagnostik funksiyasi jarayonni kechishi yoki faoliyat daovmida yuzaga kelgan holat (vaziyat), ya’ni joriy holat haqida ob’ektiv tasavvur(manzara)ni shakllantiradi (tasvirlaydi).
Tizimli tahlilning ogohlantiruvchi funksiyasi jarayonni kechishi davomida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy muammo, turli shakl va ko‘rinishdagi xavf (X vizitlar) va nizolar haqida ogohlik berib, ularni barataraf etish uchun (ularga konstruktiv tus berish uchun) xizmat qiladi.
Tizimli tahlilning bilish – mental funksiyasi, faoliyat davomida yuzaga kelgan holatning mohiyatini anglash uchun, boshqaruvni amalga oshirishda qo‘llanilayotgan usullarni, yondashuvlarni, qadriyatlarni, bir so‘z bilan aytganda boshqaruv mentalligini o‘zgartirish uchun xizmat qiladi.
Dostları ilə paylaş: |