Turistik korxona tomonidan turistlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladigan choralar
Reja:
1. Turistlarga tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash 2. Turistlarni Sug‘urtalash Turistlarga tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash Xavfsizlik – muhim va qadimgi tushuncha. U turistga ovqatlanish va uxlashdek zarur. Shu sababli sayohatlar paytida turistlarning xavfsizligini ta’minlash turistik firmaning bosh vazifasidir. Turistlar xavfsizligini ta’minlash uchun turistik tashkilotlar kompleks tadbirlarni amalga oshiradi. Bunda dam olish va sayohat joylaridagi siyosiy vaziyatning barqarorligi, shu joylarning ekologik birinchi darajali ahamiyatga ega. Mazkur omillar me’yor darajasida bo‘lmagan holda turizm ancha mashaqqatli va xavflidir.
Bunday hollarda sayohat mamlakati (mintaqasi)dagi ekologik va siyosiy vaziyat to‘g‘risida turistlarga haqqoniy va to‘liq axborot berish juda muhimdir. Agar turistik firma siyosiy va ekologik jihatdan beqaror hududlarda xavfsizlikni kafolatlay olmasa, mazkur mintaqalarga sayohatlar kamayadi. Bunga misollar juda ko‘p. Masalan, Fors ko‘rfazidagi urush paytida mazkur mintaqa mamlakatlariga sayohatlar o‘sha davrda 90% ga kamaydi. Bugungi kunda sobiq Yugoslavii hududida va Kavkazda shunday vaziyatni kuzatish mumkin. Ekologik jihatdan beqaror hududlar (Ukraina va Belorussiyaning ba’zi bir hududlari)ga sayohatlar tashkil etilmaydi.
Turist o‘ziga notanish joyga, ko‘pincha boshqa mamlakatga safar qiladi. Bu yerning iqlimini, sayohatda o‘ziga qanday buyumlar, himoya vositalari, dori-darmonlar kerak bo‘lishini u ko‘pincha bilmaydi. Tildagi tafovut tufayli joyda mo‘ljal olishga u qiynaladi. Turistga sayohatda nima kerak bo‘ilishi ko‘zda tutish va unga foydali maslahatlar berish turistik firmaning vazifasidir.
Bunga turistik biznes bilan yaqin hamkorlikda ish olib boruvchi AQShning "Pepto-Bismol" tibbiyot kompaniyasi tajribasini misol qilib keltirish mumkin. Uning "Sayohatchiga maslahatlar" (Travelers Advisory) nomli bukleti turistik yo‘llanma sotib olgan har bir turistga bepul taqdim etiladi. Ushbu bukletda turli mamlakatlarga sayohat qilayotgan turistlar o‘z sog‘ilig‘ini saqlashi yuzasidan juda zarur maslahatlar berilgan. Bu maslahatlar turist sayohatini salomatlik nuqtai nazaridan ancha xavfsiz qilish imkonini beradi.
Buklet mualliflari sayohatga chiqishdan oldin eng avvalo tanlangan joyning iqlim sharoiti haqida ma’lumotlar olishni maslahat beradi. Bu sharoit turistga tibbiy ko‘rsatmalar nuqtai nazaridan (allergiya, arterial bosimning yuqoriligi va b.) mos kelmasligi mumkin. Ayrim ekvatorial mamlakatlarga safarga chiqish uchun mamlakatga kirishdan kechi bilan 10-15 kun oldin sariq bezgakdan emlatish shart. Boshqa tibbiy talablar qo‘yilgan bo‘lishi ham mumkin.
Safarga o‘zingiz bilan zarur dori-darmonlar olib ketganingiz ma’qul, chunki safar mamlakatida kerakli dorilarni topolmasligingiz mumkin, ularning analogi esa tegishli ta’sirni kafolatlamaydi va nojo‘ya ta’sirdan saqlamasligi mumkin.
Sayohatga kichik aptechka olib ketgan ma’qul. Uning tarkibiga antigistamin, yallig‘lanishga qarshi, kuyishga qarshi dori-darmonlar hamda bog‘lash va dezinfeksiya qilish materiallari kiritiladi.
"Sayohatchiga maslahatlar" boshqa mamlakatlarda notanish taomlarni iste’mol qilishda ehtiyot bo‘lish zarurligiga turistlar e’tiborini qaratadi. Shuningdek qaynatilmagan suvni ichmagan ma’qul. Quyoshda toblanish va cho‘milish ham me’yorda bo‘lishi lozim. Tropik mamlakatlarda quyosh nuridan himoya qiladigan kremlar va ko‘zoynakdan foydalanish zarurligini ham unutmaslik kerak.
Suv havzalarining maxsus belgilangan joylarida va basseynlarda cho‘milgan ma’qul. Notanish joylarda kutilmagan "suv osti syurprizlari"ga duch kelish, shuningdek suvning o‘zi ham yuqumli yoki teri kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin.
Boshqa mamlakatga sayohat qilishda malakali vrachni qanday topish, zarur hollarda qayerga murojaat qilish turistlarga tushuntirilishi lozim. Turist o‘z yo‘l hujjatlari orasida favqulodda holatlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan, uning sog‘lig‘i holatiga oid asosiy ma’lumotlar (qon guruhi, allergik reaksiyalarga ta’sirchanligi, tibbiy muammolari va tavsiyalar) ko‘rsatilgan maxsus blankaga ega bo‘lsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.