II Bob. BOSHLANG‘ICH SINF DARSLARIDA DIDAKTIK O‘YINLARDAN FOYDALANISHNING METODIK IMKONIYATLARI. II.1. O‘qish darslarida didaktik o'yinlardan foydalanish metodikasi. Jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, insoniyat hayotiga turli yangiliklarning kirib kelishi ta’lim sohasida ham bir qator o‘zgarishlar qilinishini taqoza etmoqda. Hozirgi kunda ta’lim sohasida erishilgan yutuqlami saqlagan holda, bir xillikdan, bir qolipga tushib qolishdan saqlanmoq zarur.
Ta’limning kishi xotirasini rivojlantirishga asoslangan turidan inson tafakkurini har tomonlama rivojlantirish, o‘quvchilar egallagan bilimlarni amaliyotda qo‘llash, ularda amaliy ko‘nikma va malakalar hosil etishga qaratilgan turiga o‘tishga harakat qilish shu kunning talabi. Shunga erishilsagina vatanimiz kelajagi bo‘lgan yosh avlod tarbiyasi oldiga qo‘yilgan vazifa oqilona hal etilishi mumkin.
Ta'lim metodlarini to‘g‘ri tanlash va ulardan o‘rinli foydalanish - ta'lim samarasini ta'minlashga yordam beradi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun didaktik o‘yinlar bilim olishning faollashtiruvchi ish turlaridan biri bo‘lib, o‘quvchilarda mustaqil tafakkur, og‘zaki va yozma nutq ko‘nikmalarini shakllantiradi. O‘quvchilarning o‘qish darslariga qiziqishini o‘stiruvchi vositalardan biri didaktik o‘yin hisoblanadi.
O‘yinning maqsadi ta’lim olishga, fanga, kitobga qiziqish uyg‘otishdir. Didaktik o‘yin bolalarda bilish jarayoniga jonli qiziqish uyg‘otadi va ma’lumotlarni qabul qilishga yordam beradi. Bu kabi o‘yinlar bolalarning atrof-muhit haqidagi tasavvurlarini kengaytirilishiga, chuqurlashtirilishiga, tartibga solishga, qiziqish va qobiliyatlarini rivojlanishiga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. O‘z navbatida bu o‘quvchilarda go‘zal va boy ona tilimizdan g‘ururlanish, axloqiy qadriyatlarimizni e’zozlash kabi sifatlarni shakllantiradi.
O‘yin elementlari didaktik vazifalarni bolalardan yashirishga xizmat qiladi, shu tariqa ular uchun qiyin bo‘lgan bilim olish jarayonini yengillashtiradi. Ta’limiy mazmunga ega bo‘lgan o‘yinlardan, avvalo, mavzuga oid oddiy qiziqarli savol-javoblardan darsning ma’lum qismida foydalanish lozim. Shu tarzda boshqotirma, tez aytish kabi o‘yinlar muntazam o‘tkazib turilsa, o‘quvchilarda ma’lum bir ko‘nikmalar to‘planib boradi. Shunga ko‘ra o‘quvchilar egallashi shart bo‘lgan ko‘nikma va malakalar: tasvirlay olish, tushuntira olish va bashorat qila olish qobiliyatini hosil qiladi. Dars jarayonida o‘yinlarni to‘g‘ri tashkil etish va o‘tkazishda vazifalar, qoidalar va ularning natijalarini tahlil qilish bosqichlarini aniq belgilab olish lozim. Quyida o‘qish darslarida qo‘llanilayotgan hamda ijobiy natija berayotgan bir necha didaktik o‘yinlardan namunalar keltiramiz.
«Hammualliflar» o‘yini.
O‘qituvchi matnni o‘qiydi yoki o‘quvchilar matn bilan mustaqil tanishadilar.
Topshiriq:
– Matnning davomini o‘ylab toping. Kelgusida qanday voqealar sodir bo‘lishi mumkin ekanligini o‘ylab ko‘ring.
– Qahramonlardan qaysi biri voqealarga ko‘proq ta’sir ko‘rsatgan? U ishtirok etmasa asar mazmuni qanday o‘zgaradi?
– Sujetning rivojiga qaysi voqea ta’sir qilgan?
«Multfilm chizamiz» o‘yini.
O‘quvchilar guruhlarga bo‘linadilar. Kartochkalarda yozilgan topshiriqlarni oladilar, ularni bajaradilar va fikr almashadilar. Masalan, Aziza Ahmedovaning «Qish ertagi» mavzusini o‘tishda foydalanish mumkin. Topshiriq:
– «Qish ertagi» matnini o‘qimagan bolalar ertak mazmunini tushunishlari uchun qanday suratlar chizish maqsadga muvofiq?
– Chizilgan suratlar orasidan ertak mazmunini tushunish uchun yordam beradigan eng asosiylarini tanlab oling.
– Suratlarning tagiga asardan tanlab olib yoki o‘zingiz o‘ylab topib ularga mos yozuvlarni yozing. «So‘zdan so‘z yasash» o‘yini.
O‘quvchilarning lug‘at boyligini oshirishga, so‘z zaxirasini boyitishga yordam beradi. O‘yinning sharti: O‘quvchilar 3 guruhga bo‘linadilar. Mavzuga oid bir necha so‘z yozib qo‘yiladi. So‘zdagi harflardan foydalangan holda, boshqa harf ishlatmasdan, o‘zgacha ma’noga ega bo‘lgan so‘zlarni topib yozish taklif qilinadi. Masalan: «Donishmand yigit» ertagida donishmand so‘zidan so‘zlar yasashadi. Masalan: ona, ish, don, shon, nish, dam, dada, nishon, mashina.
«Xat tashuvchi» o‘yini.
«Xat tashuvchi» o‘quvchi 4–5 kishilik guruhlarga taklifnomalar tarqatadi. Bolalar ularni qayerga taklif qilishganini aniqlaydilar. Masalan: tomorqa, istirohat bog‘i, daryo, maktab, oshxona, hayvonot bog‘i. Shu so‘zlarga oid har biriga 5–6 tadan talaffuzi va yozilishida farq qiladigan so‘zlar bitta harfi tushirilgan holda beriladi. O‘quvchilar o‘z taklifnomalariga mos so‘zlarni tushirib qoldirilgan harfini aniqlagan holda o‘qib berishlari lozim bo‘ladi.
«Adabiy muzey» o‘yini.
O‘qituvchi «muzey» zallari bo‘ylab xayolan sayohat uyushtiradi. Har bir zal asarlarning janriga mos nomlanadi. Masalan: hozir biz siz bilan muzeyning «Ertaklar zali»ga tashrif buyuramiz. Bu zalda sehrli buyumlar bor. O‘ylab ko‘ringchi, ular kimga tegishli. Yettita novda («Ahillik – ulug‘ baxt»), xumcha («Halollik »), yoy («Alpomishning bolaligi»).
«Domino» (So‘z top) o‘yini. Bu o‘yin darsning kirish yoki mustahkamlovchi qismida o‘tkazilishi mumkin. O‘qituvchi matn ichidan biron so‘z aytadi, o‘quvchilar davom ettiradilar. O‘qituvchi boshlagan so‘z qaysi harfda tugasa, o‘quvchi shu harfdan boshlangan so‘zni matn ichidan topib aytishi kerak. Masalan: «Toshkent» (Erkin Malik) matnidan o‘qituvchi Toshkent so‘zini aytsa o‘quvchilar Taxtapul – Labzak – Ko‘lob – Balx – Xiva kabi so‘zlarni topadilar.
«Kim tez topadi?» o‘yini. O‘quvchilar guruhlarga ajratiladi. O‘yinning sharti: shunday so‘zlar topingki, ularning bosh yoki oxirgi harflari olib tashlansa ham, ma’lum ma’no bildirsin. Masalan: «Soy suvi haqidagi ertak» (Zohir A’lam) ertagida soy – oy, yo‘q – o‘q, boy – oy, odam – dam, qish – ish, yoz – oz so‘zlarini tez topadilar.
Didaktik o‘yinlardan foydalanishda kafolatli natijani ko‘zlab, zamonaviy hamda samarali yo‘llarni tanlab, biri har bir narsa va hodisaga majmua sifatida yondoshish zarur. Aks holda faoliyat an'anaviylikni ifoda etib qoladi. Shu nuqtai nazardan har qanday didaktik o‘yin tamoyillari markaziy o‘rinda turishi kerak. Shundagina faoliyat zamonga mos bo‘lib, jamiyat ijtimoiy buyurtmasini sharaf bilan bajarish mumkin.
O‘quv-tarbiya jarayonlarini tashkil etishda ham an'anaviy usullardan farqli o‘laroq, yangicha pedagogik yondashuvlarni o‘zlashtirish va ta'lim jarayonida qo‘llash zamon talabidir. Dars jarayonida yangicha muhitni shakllantirish, zamonaviy ko‘rgazmalardan, interfaol metodlardan foydalanib mazmunli olib borish zarur.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari boshqarishga moyil, qiziquvchan, ta’sirchan bo‘lganliklari uchun ham o‘qituvchidan o‘quvchilarning yosh xususiyatlariga mos bo‘lgan, darsni oson o‘zlashtirishlarini, bilimlarni mustahkam o‘rganishni kafolatlaydigan metodlarni tanlashi va foydalanishi talab etiladi.
Didaktik o‘yinlardan foydalanishda ta`limning mazmunini belgilash, ta`lim-tarbiyaning shakllari va vositalarini tayyorlash, o‘quvchilarning bilimlarni keng egallashi va ma`naviy fazilatlarni o‘zlashtirishga yunaltirilgan topshiriqlar tizimini ishlab chiqish, ta`limning natijasi va o‘zlashtirish darajasini aniqlash ularni ob`ektiv baholash uchun test vazifalarini tayyorlash kabilar tashkil qiladi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining didaktik o‘yinlar asosida tashkil etilgan o‘qish darslari jarayonida erkin va mustaqil fikrlash qobiliyati shakllanadi. Mustaqil fikrlash qobiliyatining shakllanishi natijasida, o‘quvchilar atrof olamdagi, jamiyatdagi qonunlarni, shuningdek, asardagi ijobiy va salbiy qahramonlar orqali lar insoniy fazilatlarni anglash, bilimlarni chuqur o‘rganish, keng fikrlash, tegishli qarorlar qabul qilish ko‘nikmalari shakllanadi.
Didaktik o‘yinlar ta’limiy o‘yin sifatida bolalarning yosh xususiyatlariga mos keladigan o‘yinlar sirasiga kiradi. Didaktik o‘yinlarning muhim belgisi undagi qoidalarning mavjudligidir.
Didaktik o‘yinlarda tabiiy narsa va buyumlardan keng foydalaniladi. Bolaning kun tartibida didaktik o‘yin uchun vaqt va joy ajratilishi kerak. Bunday o‘yinlar mashg‘ulot jarayonida va o‘yindan tashqari vaqtlarda guruh yoki yakka-yakka o‘tkaziladi. Bunda o‘yin mazmuni va natijasi puxta aniqlanadi.
Boshlang‘ich ta’lim davrida o‘quvchilarning aqliy va jismoniy faoliyatini tashkil qilishda didaktik o‘yinlar alohida ahamiyatga ega.
Darslarida didaktik o‘yinlardan foydalanish o‘quvchilar zehnini o‘stirish, tez hisoblash ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Didaktik o‘yinlar jarayonida o‘quvchilar o‘yin qoidalariga qat’iy rioya qilishga o‘rganadilar, inoqlik his - tuyg‘ulari, dunyoqarashlari shakllanib boradi.
Ta’lim jarayonida didaktik o‘yinlar o‘quvchilarning xususiyatiga ko‘ra tashkil etilishi kerak.
Bu esa ularga bilim berishni yengillashtirishga, ko‘rgazmalilikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, o‘quvchilarni toliqtirmaslik, zeriktirmaslik imkonini yaratadi.
Didaktik o‘yinlarni xilma-xil tarzlarda tashkil qilish mumkin. Rasmlar va tarqatmalar, turli geometrik shakllardan ham foydalanish mumkin. Didaktik o‘yinlar maqsadiga ko‘ra 4 omilni o‘z ichiga oladi:
O‘yinning vazifasi.
O‘yinning harakati.
O‘yinning qoidasi.
O‘yinning yakuni.
Har bir didaktik o‘yinni boshlashdan oldin o‘quvchilarga o‘yinning qoidasi, mazmuni, yakuni nimadan iborat ekanini o‘qituvchi tomonidan tushuntiriladi. O‘quvchilar uni tushunib, anglab, shu asosda harakat qiladilar.
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, bugungi dunyo miqiyosida axborot kommunikatsiya tizimining yuksak darajada rivoj topib borayotganligi va bu boshqa sohalar qatorida ta’lim jarayoniga ham kirib kelib, uni yanada sifatli tashkil etishga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotganligi ehtiyojidan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi texnika va texnologiyani chuqur bilishi, tahlil qila olishi va yangilik yaratilish darajasida bilimli va mahoratli bo‘lishi juda muhim.
Buning uchun darsni tashkil etish jarayonida barcha o‘quvchilarga tushunarli, oson, qiziq bo‘lgan usullarni tanlashi va qo‘llay olishi, ko‘rgazmali qurollardan foydalanishi, yangi ishlab chiqarilayotgan texnik vositalarni tadbiq qilishi, ta'lim oluvchilarni ijodiy, mustaqil ishlashga undashi, didaktik o‘yinlardan to‘g‘ri va unumli foydalanishi maqsadga muvofiqdir.
II.2. 4-sinf o‘qish darslarini didaktik o'yinlarning orqali tashkil etish. Boshlang’ich sinflarda o’qtiladigan ona tili, matematika, o’qish, tarbiya, tabiatshunoslik darslari o’z mohiyati, maqsad va vazifalariga ko’ra ta’lim tizimida alohida o’rin tutadi. Negaki ularning zaminida savodxonlik va axloqiy-ta’limiy tarbiya asoslari yotadi. Shuning uchun ham boshlang’ich ta’lim ta’lim darslariga o’quvchilarning qiziqishini oshirishga alohida e’tibor berish lozim hisoblanadi. Chunki bolalar boshlang’ich sinflardanoq “dars” degan muqaddas so’zdan bezib qolmasliklari lozim. Bugungi kunda o’quvchilarni darsga bo’lgan qiziqishlarini oshirish uchun tajribali o’qituvchilar turli xil didaktik o’yinlardan foydalanishmoqda. Boshlang’ich ta’limda o’quvchilarning yosh xususiyatlari, savodxonlik darajalari, shaxsiy tabiatlariga ko’ra didaktik o’yinlar orqali evristik suhbatlar loyihalashtirish asosidagi metodlar keng qo’llanilmoqda. Agar o’qitish jarayonida har bir o’quvchi o’zining o’zlashtirish imkoniyati darajasida topshiriqlar olib ishlaganida u yuqori sifat va samaradorlikni ta’minlagan bo’lar edi. Bunday holatni faqat tabaqalashtirilgan ta’lim orqaligina amalga oshirish mumkin. Endi ta’lim jarayonlarini didaktik o’yinlar orqali amalga oshirish haqida fikr yuritamiz. Interfaol o’yinli metodlar o’quvchi faoliyatini faollashtirish va jadallashtirishga asoslangan. Ular o’quvchi shaxsidagi ijodiy imkoniyatlatini ro’yobga chiqarish va rivojlantirishning amaliy yechimlarini aniqlash va amalga oshirishda katta ahamiyatga ega.
Didaktik o’yinlarning asosiy turlariga intellektual, harakatli hamda o’ralash o’yinlarni kiritishimiz mumkin. Bu o’yinlar o’quvchilarda aqliy, jismoniy, axloqiy, ma’naviy, ma’rifiy, psixologik, estetik, badiiy, tadbirkorlik, mehnat, kasbiy ko’nikmalarni rivojlanishiga yordam beradi hamda o’quvchining ichki imkoniyatlarini ishga tushishiga, o’ylashga, erkin fikr yuritishga, muloqotga, ijodkorlikka yetaklaydi. Ayniqsa, unda atrof-muhit, hayotni bilishga qiziqish ortadi, uchragan qiyinchilik, to’siqlarni qanday yengish va tanqidiy fikrlash ko’nikmalarini shakllantiradi.
Didaktik o’yin turlarini tanlashda quyidagi mezonlarga rioya qilish yaxshi natija beradi:
- ishtirokchilarning tarkibi bo’yicha, ya’ni o’g’il bolalar, qiz bolalar yoki aralash guruhlar uchun o’yinlar;
- ishtirokchilarning soni bo’yicha – yakka, juftlikda, kichik guruh, katta guruh, sinf jamoasi, sinflararo va ommaviy tarzdagi o’yinlar;
- o’yin jarayoni bo’yicha fikrlash, o’ylash, topag’onlik, harakatlarga asoslangan, musobaqa va boshqalarga yo’naltirilgan;
- vaqt me’yori bo`yicha – dars mashg`ulot vaqtining reja bo`yicha ajratilgan qismi, o`yin maqsadiga erishguncha, g`oliblar aniqlanguncha davom etadigan o`yinlar. Bularning bari o`quvchilarga fanlararo bog`liqlikni o`rgatish orqali ularda olam tuzilishini ilmiy asoslarini to`liq idrok etish va ilmiy dunyoqarashlarini shakllantirish, ijodiy tafakkurlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bolaning o'quv faoliyatini rivojlantirishda turli o'yinlardan foydalanish katta ahamiyat kasb etadi. Bolalar o'yin orqali o'z bilimlarini mukammallashtiradilar va uni chuqur o'zlashtiradilar. Shu jihatdan qaraganda, ta’lim jarayonida qo'llanadigan didaktik o'yinlarning roli beqiyosdir. Didaktik o'yinlar ta’lim jarayoning samaradorligini oshiradi, ta’lim jarayonida o'quvchilar faolligini, o'qish motivlarini rivojlantiradi. Boshlang’ich ta’limda o’qish darslarida qo’llaniladigan didaktik o’yinlar haqida to’xtalib o’tamiz.
Darvoza o’yini – bunda ramziy ma’noda ikkita darvoza yasaladi. (Devorga yozish yoki biror belgi chizish mumkin). O’quvchilar ikki guruhga bo’linadi. Stol ustiga fil, tanaffus, futbol kabi “f” harfi ishtirok etgan so’zlar yozilgan kartochkalar to’nkarilib qo’yiladi. Ikki guruh ikki darvozadan o’tadi. O’quvchilar darvozadan o’tayotganda kartochkalardan birini olib, undagi so’zni ovoz chiqarib o’qib o’tadi. Noto’g’ri o’qigan o’quvchiga qaytadan o’qitiladi. Qaysi guruhdagi o’quvchilar to’g’ri birinchi bo’lib o’qib, darvozadan o’tib bo’lsa, g’olib sanaladi. Bu o’yin o’quvchilarda to’g’ri va tez o’qish ko’nikmalarini rivojlantiradi. Shu fanga bo’lgan qiziqishini orttiradi. Bu o’yin 1-sinflarda tayyorlov davri o’qish darslarida tashkil etiladi.
Aql charxi o’yini – bu o’yinda ikki yoki uch o’quvchidan iborat guruhchalar tashkil etiladi. Birinchi o’quvchi mavzuga oid terminlardan birini aytadi. Ikkinchi o’quvchi birinchi o’quvchi aytgan so’zni qaytaradi va bitta so’z qo’shib aytadi. Yana birinchi o’quvchiga navbat keladi, u ham avvalgi uchta termini qaytaradi va o’zi ham bitta termin qo’shib aytadi. Qaysi o’quvchi adashib ketsa yoki aytilgan so’zlardan qaytarib aytsa, o’yindan chiqadi. Shu tariqa o’quvchilar guruhi davom etadi. Bu o’yinni tashkil etishdan maqsad aniq bo’lishi va o’quvchilarning qaysi bilim, ko’nikma va malakalarni egallashlariga e’tibor qaratilishi muhim. Masalan, topishmoqlarga tegishli so’zni ayting.
Sog’ tanda.
Sog’ tanda – sog’lom aql.
Sog’ tanda – sog’lom aql, ozodlik.
Sog’ tanda – sog’lom aql, ozodlik, obodlik.
Sog’ tanda – sog’lom aql, ozodlik, obodlik, Yurtim.
Sog’ tanda – sog’lom aql, ozodlik, obodlik, Yurtim deb yuzga kirdim.
O’yin shu tariqa davom etadi. Bir kichik guruhdan keyin yana yangi guruh o’yinni davom ettiradi.
Bu o’yin 4-sinf o’qish darslarida tashkil etiladi. Umuman olganda, boshlang’ich sinf o'qish darslarida yuqoridagi kabi o’yinlarni qo’llash orqali quyidagi natijalarga erishamiz:
O'quvchilarda yaxshi o'qish sifatlari: to'g'ri, tez, ongli, ifodali o'qishlari shakllantiriladi;
O‘quvchilarni kitobdan foydalanishga, undan kerakli bilimlarni olishga o‘rgatish, kitobga muhabbat uyg'otish, ularni oddiy kitobxondan chuqur mulohaza yurituvchi, ijodkor kitobxon darajasiga ko'tarish kabilarga erishiladi;
O‘quvchilarning atrof-muhit haqidagi bilimlarini kengaytirish va boyitish hamda ilmiy dunyoqarashlari shakllantiriladi;
O'quvchilarni axloqiy, estetik jihatdan yetuk va mehnatga muhabbat ruhida tarbiyalaydi;
O'quvchilarning bog'lanishli nutqi va adabiy-estetik tafakkuri o'stiriladi.
Yuqorida ko’rib chiqgan metodlarimiz o’quvchilarning darslarga bo’lgan qiziqishini orttiradi hamda ulardagi hozirjavoblik, mantiqiy fikrlash, nutq ravonligi ko’nikmalarining shakllanishi va rivojlanishiga olib keladi.
Ta’lim jarayonida o‘quvchilar ongiga singdirilayotgan nazariy bilimla amaliyot bilan mustahkamlanib borishi, juda muhim jarayondir. Bola atrof muhitdagi hodisalarni, voqealarni, ular haqidagi tushuncha va ma’lumotlarni aynan dars davomida oladi, va ularni amaliyot orqali mustahkamlab boradi. Aynan dars davomidagi amaliyotlar ya’ni turli xil interfaol metodlar, didaktik o‘yinlar, multimedia dasturlari orqali bola ongida tabiat hodisalarining sirini o‘zlashtirish, ijtimoiy faol hayotdagi munosabatlar, muomala madaniyati va hattoki badiiy, estetik tarbiya ham shakllanadi.
XULOSA
Bugungi kunda yuksak ma’naviyatga ega bo‘lgan, har tomonlama rivojlangan sog‘lom avlodni tarbiyalab, yoshlarga zamonaviy pedgogik texnologiyalar asosida ta’lim berish mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ustivor vazifalardan biri hisoblanadi.
Ta’lim va tarbiyaning yangicha mazmuni:
- o‘quvchilarning bilim sifatini yanada oshirish;
- o‘quv-tarbiya jarayonini yana takomillashtirish;
- o‘qitish metodlarini hozirgi kun talablari darajasiga ko‘tarish;
- bolaning bilim qobiliyatlarini maksimal darajada rivojlantirish;
- berilgan bilim va ko‘nikmalarning ongli, puxta o‘zlashtirilishiga erishish;
- o‘quvchilarning mustaqil amaliy mehnat ko‘nikmalarini o‘stira borish kabi vazifalarni ko‘zda tutadi. Bu vazifalarni muvaffaqiyatli hal qilishda 4-sinf o‘qish darslari ham katta o‘rin egallaydi.
Boshlang‘ich ta’limda didaktik o‘yinlarga axborotlarni tashuvchi manba sifatida qaraladi. Dars jarayonida didaktik o‘yinlarni tashkil etish o‘quvchilar o‘rtasida muloqat qilish, diqqatni jamlash va o‘z navbatida hozir javoblik kabi xislatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Boshlang‘ich ta’lim jarayonida o‘yindan muntazam ravishda foydalanish ta’limda tabiiy sharoitni yaratadi bu esa o‘quvchilarni dars davomida erkin faoliyat olib borishlariga imkoniyat yaratadi.
Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, didaktik o‘yinli darslar yangi mavzuni bayon qilish, mustahkamlash, bolalar bilimini sinab ko‘rish va baholash jarayonida qo‘llanilishi mumkin. O‘qituvchi o‘quvchilarni yakkama-yakka, keyinchalik guruhli o‘yinlarga tayyorlashi, ular muvaffaqiyatli chiqqanidan so‘ng ommaviy o‘yin darslarini o‘tkazishi kerak. Chunki o‘quvchilar didaktik o‘yin darslarda ishtirok etish uchun kerakli bilim, ko‘nikma va malakalarni egallagan bo‘lishlari zarur. Didaktik o‘yinlar bolalar faoliyatini rivojlantiribgina qolmay, ularning fikrlarini bir joyda to‘plab, tez va aniq bayon etishga, mashg‘ulotlar jarayonida o‘zaro hamjihatlikda faol harakat qilishga undaydi. Dars jarayonida jo‘shqin vaziyatni yuzaga keltiradi. Eng muhumi bolalardagi iqtidor, salohiyat, maqsadga intiluvchanlikni yuzaga chiqaradi.
Didaktik o‘yinlar ijodiy shaxs tarbiyalashga yordam beradi, chunki har bir o‘yin, o‘yinning har bir takrorlanishi topshiriqni bajarishga yangicha munosabatda bo‘lishni talab qiladi, uni hal qilish zarurati esa ijodiy izlanishlarni keltirib chiqarar ekan. Didaktik o‘yinlarda tirishqoqlik, matonatlilik, boshlangan ishni oxirigacha yetkaza bilish singari eng kerakli irodaviy sifatlar tarbiyalanar ekan. Didaktik o‘yin – ta’lim beruvchi usul bo‘lib, bu usul muayyan ta’limiy maqsadlarga erishuvga, ya’ni o‘tilgan o‘quv materialini aniqlashga, mustahkamlashga va uni chuqurlashtirishga qaratilgan bo‘ladi. Har bir didaktik o‘yinni o‘tkazishda muayyan maqsad, masalan, biror harakatni, biror hisoblash usulini, ya’ni ma’lum didaktik topshiriqni mustahkamlash vazifa qilib olinadi.