DARS MAVZUSI: Musbat va manfiy sonlarni ko`paytirish. Darsning maqsadi: ta’limiy: O`quvchilarda musbat va manfiy sonlarni ko`paytirish bo`yicha egallangan bilim, ko`nikma, malakalarni mukammallashtirish, mustahkamlash .
tarbiyaviy: O`quvchilarda mehnatsevarlik, guruhlarda ishlash qobiliyatini shakllantirish, Al – Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg`oniyning eng buyuk xizmatlari haqida qisqacha to`xtalib, ularda vatanparvarlik tuyg`ularini o`stirish, ota-bobolarimizning jahon fani taraqqiyotiga qo`shgan hissasi haqida tasavvur hosil qilishdan iborat.
rivojlantiruvchi maqsad: O`quvchilarda topshiriqlarni bajarish jarayonida mantiqiy fikrlashni, o`quvchilar matematik nutqi, diqqati, xotirasini o`stirish, ularda tahlil qilish, taqqoslash, xulosalar chiqarish ko`nikmasini shakllantirish.
Dars turi: O`quvchilarning bilim, ko`nikma, malakalarini rivojlantiruvchi
Dars jihozi: Darslik, dars ishlanmasi, testlar, tarqatma materiallar, mavzuga oid ko`rgazmali qurollar.
Darsning foydalaniladigan metodlar: Savol-javob, suhbat, amaliy ishlar, guruhlarda ishlash metodlarini kompleks holda qo`llash .
Darsning borishi
Tashkiliy qism: O`quvchilar guruhlarga bo`linadilar. Guruhlar tomonidan Al – Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg`oniyning eng buyuk xizmatlari haqida qisqacha to`xtalib o`tiladi:
Al – Xorazmiy(783 – 850) –
Bog`dodda IX –asrda faoliyat yuritgan “Bayt ul –hikma” ning yetakchi olimi, ilmiy rahbari, fanda yangi yo`nalish va maktab yaratgan allomalardan edi.
“Al-jabr val-muqobala” kitobi jahonda birinchi bo`lib algebra faniga asos bo`lgan.
Matematika fanida o`nlik pozitsion hisoblash sistemasini yaratdi. Shu asosda u qo’shish, ayirish, ko`paytirish va bo`lish amaliyotining qulay va oson yo`lini kashf etib, sharq va yevropani ilg`or hisoblash tizimiga o`rgatdi.
Fanda har qanday muntazam, izchil hisoblash jarayonini anglatadigan matematik tushuncha – algoritm tushunchasi ham al-Xorazmiy nomi bilan bevosita bog`liq, chunki olimning lotinlashgan nomi g`arbda “Algorizm”, “Algoritmus” bo`lib o`zgarib ketgan.
Fan olamida birinchi astronomik jadval “Ziji Xorazmiy” ni yaratgan.
Abu Rayhon Beruniy (973 – 1048) –
Xorazm Ma’mun Akademiyasining yetuk olimi, ajoyib rahbari va mohir tashkilotchilaridandir.
U yevropalik olimlardan 6 asr burun yerning o`z o`qi atrofida aylanishi haqida fikr yuritdi. Shuningdek yerning dumalaoq shaklda ekanligi, jismlarning yer markaziga tortilishi haqidagi g`oyalari ham fan olamida buyuk kashfiyotlardan edi.
Dunyoning eng mukammal xaritasini ishlab chiqdi, o`zi yaratgan astronomik asboblar yordamida yer sharining o`ziga xos shakli globusni kashf qildi.
Yevropalik mashhur sayyoh Xristofor Kolumbdan 5 asr avval dunyoning narigi tomonidan bizga noma’lum bo`lgan yirik quruqlik – Amerika qit’asi mavjudligini ilmiy bashorat qildi.
Ahmad Al – Farg`oniy(787 – 861) –
Sharqda birinchi astronomik asboblar ixtirochisi.
Matematik geografiya faniga asos solgan.
Ispaniyalik mashhur sayyoh Xristofor Kolumb Amerikani kashf etishda al-Farg`oniyning astronomik jadvallari va xaritasidan foydalangan.
Misrdagi Nil daryosi suv rejimini tartibga solishda u yaratgan nilometrdan o`tgan asrning 60-yillarigacha foydalanib kelingan.
Guruhlar tomonidan yuqoridagi ma’lumotlar berilish jarayonida o`qituvchi tomonidan uy vazifasi 1015-1016-misollar tekshiriladi.
Yozuv taxtasining o`ng tomoniga guruhlar nomlari yozilgan qog`ozlar osilib, har bir guruh darsda ishtirokiga qarab ballar bilan baholanadilar.