Xulosa
Shuni xulosa qilib aytish mumkinki: Hayvonlar hujayraviy tuzilishga binoan bir hujayra va koʻp hujayralilarga ajratiladi. Bir hujayralilarda bitta hujayraning oʻzi tirik organizm uchun xos boʻlgan deyarli barcha xususiyatlarga ega. Tuban koʻp hujayralilar — plastinkasimonlar tanasi bir necha funksiyani (harakatlanish, qoplash, oziqlanish) bajaradigan, kam ixtisoslashgan hujayralardan iborat. Gʻovaktanlilar, boʻshliqichlilar, taroqlilar tanasi 2 qavat (ektoderma va entoderma) boʻlib joylashgan nisbatan ixtisoslashgan hujayralardan iborat, lekin toʻqima va haqiqiy organlar shakllanmagan; birmuncha murakkab tuzilgan. Hayvonlar toʻqima va organlari ontogenezda 3 ta murtak varaqlari (ektoderma, endoderma va mezoderma) hisobidan hosil boʻladi. Mas, ektodermadan nerv sistemasi. sezgi organlari, teri va uning hosilalari; endodermadan ichak, nafas organlari, sekretsiya bezlari; mezodermadan suyak, muskul, qon aylanish, ayirish sistemasi organlari shakllanadi.
Uch qavatli hayvonlar birlamchi ogʻizlilar (halqali chuvalchanglar, mollyuskalar, boʻgʻimoyokdilar) va ikkilamchi ogʻizlilar (ignatanalilar, xordalilar)ga ajratiladi. Anʼanaga koʻra barcha hayvonlar umurtqasizlar (koʻpchilik hayvonlar) va umurtqalilar (xordalilar)ga boʻlinadi. Tuzilishi va oʻzaro filogenetik bogʻlanishiga binoan hayvonot dunyosi kenja dunyo, tip, sinf va boshqa taksonlarga ajratiladi. Odatda, hayvonot dunyosi 16—25 (baʼzan 10—33 ta) tipga ajratiladi. Ayniqsa tuban tuzilgan umurtqasizlarni sistemaga solishda koʻp chalkashliklar mavjud. Masalan, 20-asrning 60-yillarigacha bir hujayralilar faqat bitta tip sifatida oʻrganilgan boʻlsa, hozirgi davrda bir necha (5—7 ta) tipga ajratiladi. Barcha koʻp hujayralilar tiplari (qarang Tip) bitta koʻp hujayralilar kenja dunyosiga, bir hujayralilar esa bir hujayralilar kenja dunyosiga kiritiladi. Hayvonlarning 1,5 million (boshqa maʼlumotlarga koʻra 3—4,5 million) turi maʼlum. Yer yuzida hayvonlar yaxshi oʻrganilmagan.