«Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri e'lon qilindi
Qonunning maqsadi telekommunikatsiyalar sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek “Aloqa to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 20 avgustda qabul qilingan “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi 822-I-sonli Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlanadi.
“Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilinishi munosabati bilan moddalari amalda o‘z kuchini va dolzarbligini yo‘qotgan, amalda bo‘lgan bandlari tegishliligicha “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi, “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi hamda mazkur “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonunlarda o‘z aksini topgan “Aloqa to‘g‘risida”gi qonun bekor qilinadi.
“Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiyalar tarmoqlari ommaviy yoki xususiy mulkda bo‘lishi mumkin.
Telekommunikatsiyalar tarmoqlarining barcha mulkdorlari teng huquqlarga ega va qonunda kafolatlangan teng himoyadan foydalanadilar.
Telekommunikatsiyalar inshootlari va uskunalaridan foydalanish, ularni saqlash, qurish, qayta qurish, ta'mirlash bo‘yicha o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun operator va provayderlarga “Yer kodeksi”ga muvofiq huquq asosida berilgan yerlar telekommunikatsiyalar tarmoqlarining yerlari hisoblanadi.
Telekommunikatsiyalar faoliyatini ta'minlash uchun yerlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi.
Telekommunikatsiyalarning kabel, radiorele va havo tarmoqlaridan foydalanishni ta'minlash maqsadida muhofaza tegralari belgilanadi.
Muhofaza tegralarini o‘rnatish tartibi, ularning o‘lchamlari, mazkur maqsadlar uchun ajratilgan yerlardan foydalanish rejimi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Telekommunikatsiyalar tarmoqlari belgilangan maqsadiga ko‘ra umumiy foydalanishdagi, idoraviy va ajratilgan telekommunikatsiyalar tarmoqlariga bo‘linadi.
Telekommunikatsiyalar xizmatlari ko‘rsatishning yagona prinsiplari, ularni taqdim etish va haq to‘lashning tartibi asosida O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan telekommunikatsiyalar tarmog‘i umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmoqlariga kiradi. Umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmog‘ida telekommunikatsiyalar xizmatlari ko‘rsatish qoidalari telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning ishlab chiqarish va maxsus ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan, ularning ixtiyorida bo‘lgan va ular tomonidan foydalaniladigan telekommunikatsiyalar tarmoqlari idoraviy telekommunikatsiyalar tarmoqlariga kiradi. Idoraviy telekommunikatsiyalar tarmoqlari boshqa foydalanuvchilarga telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish uchun ham ishlatilishi mumkin.
Ajratilgan telekommunikatsiyalar tarmoqlari jumlasiga foydalanuvchilarning muayyan doirasiga xizmatlar ko‘rsatish uchun yuridik shaxslarning tijorat maqsadlarida yaratgan telekommunikatsiyalar tarmoqlari kiradi.
Idoraviy va ajratilgan telekommunikatsiyalar tarmoqlarining operatorlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish qoidalari ushbu telekommunikatsiyalarning operatorlari yoki provayderlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Operator va provayderlari o‘zaro tijoriy kelishuv asosida va qonun hujjatlariga muvofiq aktiv va passiv telekommunikatsiyalar infratuzilmasidan, aloqa kanallaridan va/yoki radiochastota spektridan birgalikda foydalanishlari mumkin.
Telekommunikatsiyalar sohasida davlat tomonidan tartibga solish litsenziyalash, sertifikatlash, soliqqa tortish, ilmiy-texnik siyosatni shakllantirish yo‘li bilan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vositalar orqali amalga oshiriladi.
Telekommunikatsiyalar sohasida davlat tomonidan boshqaruv telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.