“TEMURNOMA “ ASARINING TARIXIY ASOSLARI Asqarova Manzura Baxtiyor qizi Namangan davlat universiteti 10.00.01 o’zbek tili yo’nalishi 1-kurs doktoranti Ilmiy rahbar: Abdurahmanov Shavkatjon Ashurovich NamDU o’zbek tili va adbiyoti kafedrasi dotsenti, f.f.n
Annotatsiya: Maqolada Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma” asarining yaratilishi, asarning lingvistik, leksik-semantik xususiyatlari,uslubiy jihatdan o‘ziga xosligi yoritilgan.
Kalit so'zlar:Temurnoma, Sohibqiron, bibixonim, tadrij, tanazzul, majoz, doston, tarixiy-badiiy asar va hok.
Annotation: The article describes the creation of Salohiddin Tashkendi's work "Temurnoma", its linguistic, lexical and semantic features, methodological peculiarities.
Key words: Temurnoma, sahibkiran, bibikhonim, tadrij, tanazzul (art in classical literature), symbol, epos, historical and artistic work and so.on
Sohibqiron Amir Temur saltanati tarixga markazlashgan davlat tuzish hamda uni harbiy va iqtisodiy rivojlangan yirik davlatga aylantirish davri bo‘lib kirdi. Bu davr xalqaro maydonga chiqish, o‘zaro manfaatli savdo-sotiq va iqtisodiy aloqalarini rivojlanish davri bo‘lib, savdo-sotiq va iqtisodiy aloqalar davlat tomonidan rag‘batlantirilgan va himoya qilingan. Bu davr jahon tarixida fan, madaniyat va san’at gullab-yashnagan davr hisoblanadi. Bu davrdagi iqtisodiy va ma’naviy rivojlanish so‘zsiz ijtimoiy sohani rivojlanishini ham ta’minladi.Amir Temur davrining ijtimoiy tarixi nisbatan kamroq o‘rganilgan bo‘lsa-da, lekin bu davr to‘g‘risida qiziqarli ma’lumot beruvchi yozma va boshqa ob’ektiv manbalar yetarli darajada saqlangan. Taniqli sharqshunos olim V.V.Bartold bu to‘g‘rida gapirib, biz bu davrni o‘rganib turib, manbalar kamligi to‘g‘risida emas, balki ularning ko‘pligi to‘g‘risida, hatto tadqiqotchi bu turli xil materiallar ichida g‘arq bo‘lib ketmasligi to‘g‘risida gapirishimiz mumkin, degan edi.1 “Temurnoma” da tasvirlanishicha, Amir Temur bo‘lib o‘tgan dilxiraliklarni unutib yuboradigan bag‘ri keng inson bo‘lgan. U hatto o‘ziga qilich ko‘targan kimsalarni ham keyinchalik kechirib yuborgan. Va hatto turli chora-tadbirlar qo‘llab ularning ko‘ngliga yo‘l topgan, bundaylarning bilimi, tajribasi va kuchidan davlatni boshqarishda foydalangan. Bu haqida, shuningdek, «Temur tuzuklari»da shunday yozilgan: “Turon mamlakatini fath etgan kunim va poytaxt Samarqandda saltanat taxtiga o‘tirgandan so‘ng, do‘st-u dushman bilan muomalada bir tekis yo‘l tutdim. Menga yomonlik qilgan, hiyla-makr ishlatib jang maydonida menga qarshi qilich yalong‘ochlagan Badahshon amirlari, turk-u tojik qilmishlaridan qo‘rquvda edilar. Chorasiz qolib iltijo bilan mening panohimga kelganlarida ularga shunday yaxshilik qildimki, mening inoyatim va xayr-ehsonimni ko‘rib ular sharmanda bo‘ldilar. Kimni ranjitgan bo‘lsam, ehson-u in’omlar bilan ko‘nglidagi xafagarchiliklarni chiqardim va martabalariga qarab imtiyozlar berdim2”. Amir Temur hammaga bir xil odil ko‘z bilan qaray olganligini ko‘p bora ta’kidlagan. “Men sifatlarimning eng avvali deb beg‘arazlikni tushundim. Hammaga ham bir xil jiddiyat va odil qarardim, hech bir kimsani boshqasidan farq qilmasdim, boyni kambag‘aldan ustun qo‘ymasdim”.3 Bundan ko‘rinadiki, Amir Temur buyuk sarkarda va siyosatchi bo‘lish bilan birgalikda adolatli shaxs ham edi. Shuning uchun O‘rta Osiyoda qudratli markazlashgan davlatni qaror toptirgan, birgina nomining o‘zi jahonning ko‘pgina hukmdorlarini tahlikaga solgan sohibqiron Amir Temurga qiziqish bilan qaraganlar. U haqida qanchadan-qancha rivoyatlar to‘qilgan, asarlar bitilgan. Amir Temurning hayoti, siyosiy va jangovor faoliyati haqida hikoya qiluvchi kitoblar mavjud.4 Shulardan biri Mullo Salohiddin eshon qalamiga mansub «Temurnoma» (“Jangnomayi Amir Temur ko‘ragon”) asaridir. Bu haqda muallifning o‘zi shunday deydi: “Tarixning bir ming uch yuz yigirma yettisida (1908) tovuq yilida Toshkent mamlakatlik Mullo Salohiddin hoja ibn Mullo Olouddin hoja eshon ayturkim, bu «Temurnoma» ni bir necha qardoshlarni iltimosi birma turkiy tilda tartib bermoqda qo‘shish qildik”. Mullo Salohiddin uzoq vaqtlar davomida noma’lum muallif bo‘lib keldi. Shu boisdan, asar va uning muallifi haqida shu vaqtga qadar biror bir manbada fikr yuritilmadi. Afsuski, Salohiddin Toshkandiy haqida yetarli ma’lumotlar mavjud emas. Qayd etilganidek, «Temurnoma» uch yo‘nalishdagi asarlarning majmuasi sifatida maydonga kelgan. Kitobni, ya’ni «Temurnoma» ni yaratishda eng avvalo tarixiy asarlardan (“Kitob-ul axbor”, “Tarixi Tabariy”, “Zafarnoma” singari), badiiy asarlardan (“Iskandarnoma”) A. Xatibiy asarlari va diniy asarlardan foydalanilgan. «Temurnoma» nihoyasiga Salohiddin Xoja: “Men ne mashaqqatlar bilan asarni fors tilidan turk tiliga tarjima qildim”5 - deydi.
«Temurnoma» ni bir asardan tarjima qilingan degan fikrni ilgari surish unchalik to‘g‘ri emas. Garchand, muallifning o‘zi uni forsiy tildan tarjima qilganligini aytayotgan bo‘lsa-da, bunda u o‘ziga qadar Amir Temur haqida forsiy tilda yozilgan asarlardan bahramand bo‘lganligini, ba’zi tarixiy voqealarni, she’riy parchalarni ulardan olganligini ko‘zda tutayotgan bo‘lsa, ajab emas. Agar shu holda tarjima emas, asliyatdir.
Salohiddin Toshkandiy «Temurnoma» ni qarindoshlarining iltimosi birla turkiy tilga tarjima qilganini ta’kidlaydi. Buni quyidagi misrada ochiqroq ifoda etib, yozadi:
Nazm ila bo‘lsun dedimkim,
Iltimos aytganlara.
Qofiya, vazn ila tartib,
Aylasak bu daftara.6 Ko‘rinib turibdiki, muallif «Temurnoma» ni dastlab she’riy yo‘l bilan yaratmoqchi bo‘lgan. Chamasi, faoliyatni ko‘pchilikning xohishi bilan nasriy yo‘lda boshlagan. Nazmiy asarlarni tushunish murakkab bo‘lganligi, ehtimol, shu yo‘lni taqozo qilgandir. «Temurnoma» ning asl badiiy asar ekanligini dalolat etadigan yana bir jihat mana bu satrlarda ham ochiq-oydin ko‘rinib turadi deyish mumkin.
Jahd ayla bu dostona xoma
Turkiy tilda aytib «Temurnoma»
Bog‘lab bering, ey, bu dam qalam sen
Qutqar meni mehnat-u alamdan7.
«Temurnoma» da ikki yo‘nalish chizig‘i muvoziy davom etadi. Bular biri tadrij, biri tanazzul chizig‘idir. Tadrij- bolakay Temur tasvirlasa, tanazzul - mo‘g‘ul hukmdorlarining jirkanch turmushini tasvirlaydi. Asarda yana bir islom va uning vakillari haqida hikoya qiladigan o‘zak borki, u hamisha bir me’yorda oqadi. Bunda aytish o‘rinliki, islom Movarounnahrda mo‘g‘ullar istibdodi quturgan yillarida ham puturdan ketmagan. Yuqorida mo‘g‘ul feodallarining islom diniga kirishni aytib o‘tdik, «Temurnoma» da ana shu jihatdan mukammal talqin etilgan (151-bet). «Temurnoma» an’anaviy hamddan boshlanadi. So‘ngra Movarounnahrda hukm surgan sulolalar tilga olinadi. Movarounnahrda hukm surgan 47 ta shohlar haqida yo‘l-yo‘lakay so‘z yuritilgan, “Endi keldik Amir Sohibqironga ya’ni Amir Temur Iskandariy soniyga” deb ilk bor boshlanadi. Bu qismda Amir Temur shajarasiga tavsif beriladi. Bu bob qolgan 46 fasl uchun rejaviy yo‘nalishga ega.
Salohiddin Toshkandiy «Temurnoma» ni bitar ekan, o‘zi tasvirlamoqchi bo‘lgan shaxsga hurmat bilan yondashadi. Albatta, bu bejiz emas. Muallif Amir Temurning xalqi oldidagi xizmatini bosqinchi xonlarni “Samarqanddin ixroj qilishda”deb tushuniladi. Ana shu g‘oya keyingi dostonlarda o‘ttiz besh yillik kurashi orqali badiiy jonlantiriladi.“Avvalg‘i doston: hazrat Amir Temur sohibqironni onalaridan tug‘ilmoqlari bayonida Tegina begim Moh birla shahrisabzlik Amirzoda Tarag‘ay Muhammad nikohi bu ishda ulamolar, islom peshvolari bosh-qosh bo‘lishi hikoya qilinadi. Bobdan-bobga o‘tgan sari asar murakkablashib, keyinchalik, taqdiri u yoki bu darajada Amir Temur bilan to‘qnashadigan, uchrashadigan kishilar ko‘z o‘ngimizdan o‘taveradi. O‘n ikkinchi dostonga kelib, yana bir o‘zak ochiladi. Bu bobda shayx Sayyid Otaning, Qalmoq yurtlarida olib borgan targ‘ibotlari naql qilinadi.Amir Temur ulg‘aygan sari hamfikrlari soni ortib boradi. Bunga u o‘zining aql-idroki, mardligi, shijoati, qo‘rqmasligi bilan erishadi. O‘n to‘qqizinchi bobda Seyistonda bo‘lgan voqealar bayon etiladi. Yigirma oltinchi dostonda Amir Temurning ikki o‘g‘lining qismati bayon etiladi. Bunda asosan aka-uka nizolari qalamga olinadi.Keyingi dostonlarda Amir Temurning O‘rta Osiyo mo‘g‘ullaridan tozalashi, Dashti Qipchoq, rus mulklari, Ural sari qilingan yurishlar Eron va Iroqqa, Turkiyaga qo‘shin tortishlar o‘z navbati bilan talqin mavzui qilib olinadi. Hindiston yurishi va u bilan bog‘liq sarguzashtlar bayon etiladi. Amir Temurning Shom, Iroq yurishlari bir necha dostonga mavzu bo‘lgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. («Temur tuzuklari» 49-bet). «Temurnoma» ning ma’naviy-ma’rifiy tomoni shundaki, jang bir dindagi kishilar o‘rtasida bo‘lsa, bu kechirilmas xatodir. Buni Amir Temur va Sulton Ahmad o‘rtasidagi nizolarda ham Bag‘dodga amir qilib qoldiriladi. Umuman, Amir Temurning yurishlarida bir xususiyat ko‘zga yaqqol tashlanib turadiki, u mumkin qadar ishni janggacha olib bormaslikka harakat qiladi. Uni yaxshilik bilan qarshi olgan mamlakat honimlarini o‘z o‘rnida qoldiradi, ularga muruvvat ko‘rsatadi. Oxirgi dostonlarda Yildirim Boyazid bilan bo‘lgan jang tasvir etiladi. Xulosa qilib aytganda, «Temurnoma» mazmuniga ko‘ra jangnoma asar. Biroq Salohiddin Toshkandiy ta’kidlaganidek, “bu o‘zga jang kitoblaridek emas, chunki bunda aqlga dalolat qiladigan hikmatlari ko‘pdir”. Bu hikmatlardan kelib chiqadigan xulosa shuki, «Temurnoma» ni o‘qigan inson jang-u jadallarni inson uchun keragi yo‘qligiga ishonch hosil qiladi. Masalan: Amir Temur qancha jang qilmasin baribir uning qo‘shini ham ko‘p talofat ko‘radi. Asar keng qamrovli ekanligini yuqorida ta’kidlagan edik, buni yana shunda ham bilsa bo‘ladiki, «Temurnoma» da besh yuzdan ortiq kishining nomi tilga olinadi. Bularning ko‘pchiligi tarixiy shaxslardan. Jahon tarixi orqali bizgacha yetib kelgan sulola vakillaridir. “Muallif ayrim tarixiy shaxslarni yashagan davr nuqtayi nazardan yanglish talqin etadi, ayrimlarining ismlarini o‘zgartirib qo‘llaydi”8 - deydi filologiya fanlari nomzodi Poyon Ravshanov.«Temurnoma» ning tili bir qarashda ancha murakkabdek tuyuladi. Bu hol dastlabki boblarda, ayniqsa, sezilib turadi. Umuman olganda, asarning tili, hikoya qilish usuli oddiy va maroqli. Afsonalardan ijodiy foydalanish, ruhiy olam haqidagi talqin kishini o‘ziga jalb etadi. Ayniqsa, bugungi kunda inson aql-zakovatining yangidan-yangi qirralari qayta kashf etilayotgan bir davrda biotok yordamida kasallarni davolash (Tegina Begim Moh, Nosir Hisrav, Hakim Nizoriy), ruhlarning mavjudligi (rijol ul g‘oyib), tilsimot va jahonnomalar haqidagi naqllar qiziqib o‘qiladi.
«Temurnoma» jahonga taniqli ulug‘vor tarixiy shaxsning hayoti misolida kishilarni bir-biriga mehr-oqibatli bo‘lishga undaydi, o‘tmishda yuz bergan qirg‘inlardan saqlanishga, tinchlikning, oriyatning qadriga yetishga da’vat etadi. Bebaho yodgorlik, qimmatli “Temurnoma “asari hayot yo'lida kelajak avlodga beqiyos manba bo’lib xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Салоҳиддин Тошкандий, Темурнома. – Тошкент: “Чўлпон” 1990.
Amir Temur.Temur tuzuklari.– Тошкент: “O’zbekiston”, 2014.
Азизов О. Тилшуносликка кириш. – Тошкент: “Ўқитувчи”, 1996.
Абдураҳмонов Ғ., Мамажонов С. Ўзбек тили ва адабиёти. –Тошкент: “Ўзбекистон”, Ҳожиев А. Ўзбек тили лексикологияси. – Тошкент: “Фан”, 1992.
Ҳожиев А. Тилшунослик терминларининг изоҳли луғати. – Тошкент: “Ўзбекистон Миллий энсиклопедияси”, 2002.
Email: asqarovam53@gmail.com
Tel: +998974676063
1 С. Тошкандий. Темурнома. – Тошкент: “Чўлпон”, 1990. 42-b.
2 Amir Temur.Temur tuzuklari.– Тошкент: “O’zbekiston”, 2014.
3 Amir Temur.Temur tuzuklari.– Тошкент: “O’zbekiston”, 2014.
4 С. Тошкандий. Темурнома. – Тошкент: “Чўлпон”, 1990.17-b.
5 С. Тошкандий. Темурнома. – Тошкент: “Чўлпон”, 1990. 19-b.
6 С. Тошкандий. Темурнома. – Тошкент: “Чўлпон”, 1990. 38-b.
7 С. Тошкандий. Темурнома. – Тошкент: “Чўлпон”, 1990.39-b.
8 Ravshanov P. С. Тошкандийнинг Темурнома asariga yozilgan so’zboshi . – Тошкент: “Чўлпон”, 1990. 30-b.