Urush yillarida muzeylar ishi. 1945-80 yillarda muzeylar ishi



Yüklə 75 Kb.
tarix22.01.2023
ölçüsü75 Kb.
#80099
1941-80 yillarda O`zbekistonda muzeylar va muzey ishi


www.arxiv.uz

Reja:




  1. Urush yillarida muzeylar ishi.

  2. 1945-80 yillarda muzeylar ishi.

1941 yil iyunda SSSR ning ikkinchi jahon urushiga tortilishi bilan xalqning tinch va osoyishta hayoti buzildi. Mamlakat harbiy izga tushdi. Ilmiy-tadqiqot muassalari, shu jumladan, muzeylarning faoliyati ham tubdan o`zgardi. Ko`pgina muzeylar o`z binolarini evakuatsiya qilingan muassasalar uchun bo`shatib berdi.


Respublika muzeylar tarmog`i vaqtincha qisqardi: birgina O`zbekiston tarixi, madaniyati va san`ati muzeyi nomi ostida San`at, Adabiyot va O`zbekiston tarixi; tabiat muzeyi bilan birga Politexnika muzeyi birlashdi; ateistik targ`ibot muzeyi konservatsiya qilindi. Respublikaning ko`pgina muzeylari ekspozitsiyalari yig`ishtirilib, ilmiy tadqiqot faoliyati hamda shtatlar qisqartirildi. Tarix muzeyidan 9 kishi, Samarqand muzeyidan 10 dan ortiq kishi frontga ketdi.
Front orqasida qolgan muzey xodimlari Vatan oldidagi burchlarini sharaf bilan ado etdilar. Ular qisqa muddat ichida san`at va tarix bo`limlari zallarida bir qator ekskursiyalar turkumini yaratib, qator ko`rgazmalar tashkil qildilar. Front va uning orqasidagi xalqning qahramonona jasoratini ko`rsatish bo`yicha mehnatkashlar or
asida katta ommaviy siyosiy ish olib bordilar. Shu bilan birga o`tgan yillar davomida to`plangan barcha muzey boyliklari ham saqlab qolindi.
Tashkil etilgan ekspozitsiyalarda tarixiy namunalar vositasida xalqimizning erksevarligi, ularning mustaqillik uchun kurashi qayd etildi. Asosiy diqqat o`tmishdagi qahramonlik namunalarining namoyishi va tashviqotiga qaratildi. Ko`plab shaharlar va sanoat korxonalari to`laligicha dushman qo`li ostiga tushib qolayotgan edi. Shu boisdan ikkinchi jahon urushining dastlabki davridagi harbiy voqealarni yaxshi yoritib bo`lmas edi. Bu bir tomondan xalqning ruhini cho`ktirsa, ikkinchi tomondan mamlakatning siyosiy tuzumi bunday xolislikka yo`l qo`ymas edi.
Frontlarda vaziyat o`zgarishi bilan Armiyaning muvaffaqiyatli harakatlari, bosib olingan territoriyalarning ozod qilinishi kabi mavzular markaziy hamda respublika muzeylari ekspozitsiyalarida o`zlarining munosib ifodalarini topdi. Tarix bo`limida katta ko`rgazma shaklida «Ulug` Vatan urushi» deb nomlangan maxsus bo`lim ajratildi. U tomoshabinlar qiziqishlariga sabab bo`ldi. Ko`rgazma ancha katta maydonni egallagan edi. Bu yerda O`rta Osiyo Davlat Universiteti va Toshkent to`qimachilik kombinatidagi mitinglar, Hamza nomidagi teatrda jangchilarni tantanali kuzatish, frontga jo`nayotganlarga Qizil bayroqni topshirishni tasvirlovchi fotosuratlar namoyish qilinardi. Bundan tashqari, mehnatkashlarning ko`ngilli ravishda frontga jo`nash haqidagi xat va arizalari, jang maydonlaridan xabarlar, o`zbek xalqi o`g`il-qizlarining jangovor ishlari, front orqasidagi fidokorona mehnatlari ham yoritildi. O`zbekistonliklarning jang maydonlaridagi jasoratlarini ko`rsatuvchi eksponatlarga ham katta e`tibor berildi.
Brest qal`asi himoyachilari orasida o`zbek xalqining farzandalari N.Sodiqov, A.Abdullayev, A.Arslonboyev, S.Boytemirov, A.Aliyev, T.Xidirov va boshqalar bor edi. O`zbekiston jangchilari mashhur I.V.Panfilov nomidagi 8-Gvardiya diviziyasi shaxsiy sostaviga kirganlar. Bu diviziyaning Zarif Ibrohimov, G`ulom Abdukarimov singari ko`plab jangchilari katta qaxramonliklar ko`rsatganlar. Ko`pgina o`zbek jangchilari dushman orqasidagi partizanlik harakatida qatnashdilar. Muzey tomonidan olingan turli materiallar ularning jang maydonlaridagi qahramonona jasoratlari haqida hikoya qilardi. G`.Toshniyozov va T.Eryigitov haqidagi materiallar, SSSR Oliy Soveti Prezidiumining raisi M.I.Kalininning birinchi o`zbek generali S.Rahimovga yozgan xati muzey zallaridan faxrli o`rin olgan edi.
Ekspozitsiyani tayyorlash jarayonida qurol va kiyim-kechaklarning katta kolleksiyasi vujudga keldi. Muzey front jangchilari mukofotlari, esdalik nishonlar, suratlardan tashqari front jasoratlari haqidagi esdalik va hikoyalarga ham ega bo`ldi.
Muzeylarning xodimlari maktab o`quvchilari, ishchilar, kolxozchilar va xizmatchilarga urush haqidagi materiallarni saqlash hamda to`plashga yordam berish haqida murojaat qildilar. Joylarda zamondoshlarning kelgusi avlodga front va uning orqasidagi qahramonona kurashlar to`g`risida hikoya qiluvchi barcha buyum hamda materiallarni saqlash, to`plash haqidagi burchlari to`g`risida keng tushuntiruv ishlari olib borildi.
Urush qahramonlarining frontdan turib yozgan xatlari, mehnat qahramonlarining o`z zimmalariga olgan majburiyatlari, kolxozlarda frontga yordam berish haqida o`tkazilgan majlislarning qarorlari muzey uchun yig`ib borildi. Front haqidagi xujjatli materiallar bilan birga «Vperyod na vraga», «Krasnoarmeyskaya Pravda», «Vo slavu Rodini», «Muzeyestvo» kabi front gazetalarining to`plamlari ham vujudga keldi.
Ekspozitsiya bo`limiga Stalingrad ostonalaridagi janglarda halok bo`lgan O`rta Osiyolik 11 qaxramonning o`lmas jasorati haqida hikoya qiluvchi partiya oblast qo`mitasining xati ham qo`yildi. Bir qator hujjatlar Stalingradni qayta tiklashda o`zbek xalqi ko`rsatgan yordamni aks ettirdi.
Muzeylarning ilmiy xodimlari respublikamiz sanoat korxonalaridan materiallar yig`ishga kirishdilar. Toshkent To`qimachilik kombinatidan kombenizonlar, fufaykalar, harbiy kiyim-boshlarning butun boshliq komplektlari va boshqa diqqatga loyiq materiallar yig`ildi. Muzeyga ishlab chiqarish musobaqalari, «Front orqasi gvardiyachilari» faxriy unvoniga erishgan kishilar haqida hikoya qiluvchi jangovar varaqalar, devoriy gazetalar, ko`p nusxali gazetalar keltirildi. Kombinat dispanseri qoshida harbiy gospital joylashgan edi. Ishchilar ishdan so`ng har kuni yarador jangchilar va komandirlarni ko`rgani kelar, ularga zarur yordam ko`rsatar edilar. Safga qaytgan jangchilar va ofitserlardan kombinat kollektivi nomiga samimiy minnatdorchilik tuyg`ulari bitilgan xatlar kelib turardi. Frontchilarning bunday xatlari ham muzeydan o`rin oldi.
Qish yaqinlashuvi bilan to`qimachilar tashabbusiga ko`ra issiq kiyim-boshlar yig`ish kompaniyasi boshlandi. Kombinat ishchilari tomonidan 3 oy ichida to`plangan 5636 buyum, 450 ta yangi yil sovg`a-salomi solingan qutilar O`z SSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi Y.Oxunboboyev rahbarligidagi o`zbek delegatsiyasi bilan G`arbiy front jangchilariga jo`natildi. Delegatsiya qaytib kelgandan so`ng muzeyga bir qancha noyob eksponatlarni topshirdi. O`lja qurollar, Sovet Ittifoqi Marshali Govorovning Toshkent to`qimachilariga xati va o`zbek delegatsiyasining frontdagi kunlari haqida hikoya qiluvchi kinolenta shular jumlasidandir.
Mudofaa fondining tashkil etilishi xalqning fidoyiligidan dalolat berardi. Respublika muzeylari «O`zbekiston 20 yilligi» tank kolonnasi, «Sovet O`zbekistoni» , «O`zbekiston komsomoli» aviaeskadrilyalari tashkil etish bo`yicha mablag` yig`ish jarayonini ko`rsatuvchi juda ko`p fotomateriallar to`pladilar.
O`zbekiston kolxoz va sovxozlari front va front orqasini uzluksiz ravishda oziq-ovqat bilan, sanoatni esa xom ashyo bilan ta`minlandilar. Xujjatli materiallar qatorida muzey «Pravda» gazetasi nusxasini ham oldi. Unda, jumladan, quyidagi so`zlar yozilgan edi: «O`zbekiston kolxozchilari kolxoz dalalardagi qahramonona ishlari bilan urush qiyinchiliklarini qay tariqa yengishni ko`rsatdilar. Ularning g`alabasi barcha xalqlarni bir safga birlashtirgan vatanparvarlikning hayotbaxsh g`alabasidir».
O`zbekistonga evakuatsiya qilingan bolalarni xalqimiz mehribonlik bilan kutib olganligi ma`lum. Urushning boshlaridayoq birgina Toshkent shahri kuniga 300-400 nafar yetim bolani qabul qildi. Katta iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, har bir o`zbek oilasi bir necha bolani quchog`iga olib, katta g`amxo`rlik va mehr-muhabbat ko`rgazdi. 16 bolaning boshini silab, tarbiyalagan temirchi Sh.Shomahmudov oilasi dunyoga mashhur bo`ldi. Ana shunday voqealar haqida hikoya qiluvchi fotomateriallar muzey ko`rgazmalarida keng namoyish etildi.
Urush yillari butun mamlakatda aholining turmush darajasi keskin pasayib ketganligi ma`lum. Harbiy harakatlarning o`sishi aholining shaxsiy ehtiyojiga ketuvchi milliy daromad ulushining keskin qisqarishga sabab bo`ldi.
Urush natijasida keng iste`mol mollarini ishlab chiqarishning qisqarishi va qishloq xo`jaligi maxsulotlarining kamayishi aholini sanoat va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlashning kartochka sistemasini joriy etishni taqozo qildi. Bu davrda bir qator muzeylarning xodimlari turli oziq-ovqat talonlari, evakuatsion guvohnomalar, sanoat mollarining limit kartochkalari, non kartochkalari, turli artellar ishlab chiqargan yalpi iste`mol mollari namunalari, gugurtlari, zajigalkalari, idish-tovoqlari, kalishlari va boshqa buyumlarni yig`dilar. Olingan materiallar dastavval vaqtli ko`rgazmalarda namoyish qilinib, keyinchalik doimiy ekspozitsiyalarning urushi bo`limlari asosini yaratdi.
Urushning dastlabki yillarida statsionar va ko`chma ko`rgazmalar tashkil qilish ommaviy ma`rifiy ishning keng rivoj topgan shakliga aylandi, ularning eng mashhuri «Vatanimiz jasoratnomasi» (1942 yil) mavzusidagi ko`rgazmalar bo`ldi. Muzey xodimlari sanoat korxonalari, maktablar, choyxonalarda frontlardagi voqealar, xalqaro ahvol, jangchilarimizning qaxramonliklari, front orqasidagi mehnatkashlarning fidokorona mehnatlari haqida tez-tez leksiyalar, suhbatlar uyushtirdilar. Shu bilan birga ular kolxoz va sovxozlarda, sanoat korxonalari va qurilishlarda mehnat unumdorligini yanada oshirish, frontga yordamni kuchaytirishga qaratilgan keng ko`lamdagi g`oyaviy-tarbiyaviy ishlarni ham olib bordilar.
Ommaviy bayramlar munosabati bilan ko`chma ko`rgazmalar tashkil qilindi. Ko`rgazmalarning mavzulari turlicha edi: «1812 yil», «Fuqarolar urushi qahramonlari», «Osipov isyonining bostirilishi», «Urgan edik, urayapmiz va yana uramiz», «Fashizm - insoniyatning manfur dushmani», «Shiroq jasorati» kabi mavzular shular jumlasidandir. 1942 yili O`zbekiston xalqlari tarixi va san`ati muzeyi 12 ta ko`rgazma tashkil qildi.
Muzeylarning ommaviy tashviqot ishlari «Pravda Vostoka», «Qizil O`zbekiston» gazetalarida qayd etildi. «O`zbekiston tarixi muzeyida» korrespondensiyada muzey tomonidan tashkil etilgan «O`ljalar ko`rgazmasi» haqida hikoya qilinib, urush voqeligiga oid har bir eksponat alohida ta`riflandi: Muzeyda ochilgan «O`ljalar ko`rgazmasi» ko`plab tomoshabinlarni o`ziga jalb etmoqda. Stendlardan birida gitlerchilarning qo`l qurollari - avtomat, avstriya miltig`i «Manliker», nemis miltig`i «Mauzer», Chexoslovak qo`l pulemyoti «Brno», nemis qo`l pulemyotlari «MG-34», fransuz miltig`i «Lebed» va boshqalar osilgan. Gitlerchilar Fransiya, Chexoslovakiyani bo`ysundirib, bu mamlakatlar qurollarini, garchand ularning ko`p namunalari eskirgan bo`lsada ishlatganlar. Zal o`rtasida 47,75 millimetrli tankka qarshi nemis to`plari qo`yilgan. Ulardan biri Belgiyada tayyorlangan.
Muzeyda nemis armiyasida foydalanilayotgan bombalar, raketalar, granatalar, patronlar namoyish qilingan. Bularning bari gitlerchilarning dodini berayotgan armiya jangchilari qo`lga kiritgan o`ljalardir.
Bir vitrina oynasi tagida «Konopatika N 82 « deb nemischa yozilgan kichik yog`och birka qo`yilgan. Uni Kalinin oblasti Zubsov rayonidagi Konopatika qishlog`ilik 14 yashar qiz Anastasiya Petrova osib yurgan. Bu vaqtincha bosib olingan territoriyadagi sovet kishilarini tahqirlayotgan gitlerchilar yovuzligidan bir guvohlikdir.
«O`zbek xalqi qaxramonlari» bo`limi juda qiziqarli. Ko`chma vitrinalarda urush qahramonlari - o`zbek jangchilari suratlari ko`rsatilgan. Bir oy davomida ko`rgazmani 10 ming kishi ko`rganlar. ( «Pravda Vostoka» 1944 y 9 aprel)
Ikkinchi jahon urushi davrida O`zbekistonda fanning turli sohalarini qamrab olgan ilmiy-tadqiqot muassasalarining keng tarmog`i vujudga keldi: 1943 yil respublika territoriyasida 19 ta ilmiy tadqiqot instituti, 23 ta turli ilmiy stansiya, 3ta rasadxona, 11ta muzey va 6ta turli ilmiy-tadqiqot muassasasi mavjud edi.
SSSR XKS ning 1943 y. 27 sentabrdagi «O`zbekiston SSR Fanlar Akademiyasini tashkil etish haqida» qabul qilgan qaroridan so`ng boshqa institutlar qatori Tarix muzeyi ham ilmiy-tadqiqot va siyosiy-ma`rifiy ishlarni olib boruvchi markaziy muzey sifatida San`at muzeyidan ajratilib O`zSSR FA O`zbekiston xalqlari tarixi muzeyi nomi ostida FA tarkibiga kiritildi. O`z FA tarkibiga Tabiat muzeyi ham kiritildi. Shunday qilib, respublikaning bu muassasalari faoliyatida yangi, muhim sahifa ochildi.
Urush yillarida Moskva, Leningrad hamda O`zbekistonning yirik tarixchi olimlari tomonidan yaratilgan ikki jildlik «O`zbekiston xalqlari tarixi» yirik majmua asarining yaratilishi respublika muzeylarining kelgusi ishlarida katta ahamiyat kasb etdi. Birinchi jild O`zbekiston xalqlari tarixining qadim zamonlardan 15 asrgacha (mualliflar A.Y.Yakubovskiy, K.V.Trever, M.E.Voronets), ikkinchi jild 16 asrdan fevral inqilobiga qadar (mualliflar A.A.Semyonov, S.V.Baxrushin, I.K.Dodonov, Z.SH.Rajabov, V.A.Shishkin) bo`lgan davrni o`z ichiga olgan edi.
Bu asar keyingi davrda sovetlar mafkurasi ostida soxtalashtirib yozilgan asarlarga nisbatan xolisligi bilan ajralib turadi. O`zbekiston tarixi bo`yicha bunday majmua asarlarning yuzaga kelishi respublika o`lkashunoslik va tarix muzeyi xodimlariga jiddiy ilmiy asosda, xususan, mamlakatning tarixiy o`tmishi asosiy bosqichlarini ilmiy davrlash bo`yicha ekspozitsiyalar yaratishda katta yordam berdi.
Shunday qilib, muzeylardagi ko`pgina malakali xodimlarning frontga ketishi, ekspozitsion ishlar saviyasining pasayishi hamda ilmiy-yig`uv ekspozitsiyalarining keskin qisqarishiga qaramay, muzeylar faoliyati ikkinchi jahon urushi yillarida ham davom etdi. Moskva, Leningradning ko`pgina tarixchi olimlari, arxeologlarining Toshkentga ko`chib kelishi arxeologik tadqiqotlarni kuchaytirdi. O`zlarida jangchilarning shonli jasoratlarini mujassamlashtirgan harbiy davr yodgorliklarini yig`ish ishi ham avj oldi.
Muzeydan tashqari ko`rgazmalarni yaratish bobida ham muzeylar aktiv faoliyat ko`rsatdilar. Ma`ruzaviy targ`ibot kuchaydi, respublika muzeylari aholi o`rtasida tashviqot-targ`ibot ishlarini olib boruvchi haqiqiy markazlarga aylantirildi. Ular ommani g`oyaviy-siyosiy tarbiyalash sohasida katta ishlarni amalga oshirdilar.
Urush davrining qiyinchiliklari muzeylarning ahvoliga ham ta`sir ko`rsatdi. Ko`pgina muzeylar qisqartirilgan yoki butunlay yopib qo`yilgan edi. Ko`plab muzey xodimlari ikkinchi jahon urushi frontlarida halok bo`lgani uchun mutaxassislar yetishmas edi. Shu munosabat bilan muzeylar xo`jaligini tashkil etish, ekspozitsiyalarni tiklash va yangilarini yaratish, fond materiallarini saqlash va hisobini yuritish, malakali kadrlar tayyorlash kabi masalalarni hal etish talab etilardi.
Ilmiy metodik rahbarlikning bo`shligi, yangi kadrlarda ilmiy malakaning yetishmasligi tufayli respublika muzeylaridagi ekspozitsiyalar tomoshabinlar e`tiboridan qolgan edi. Buning ustiga respublika qishloq xo`jaligining rivojlanishi, O`zbekistonning urushdagi ishtiroki, urushdan keyingi yillardagi xalq xo`jaligining tiklanishini aks ettiruvchi statsionar bo`limlar mutlaqo yo`q edi.
Muzey ishini qayta tashkil qilish bo`yicha O`zbekiston hukumati bir qator qarorlar qabul qildi. Ana shu qarorlarni amalga oshirish maqsadida muzeylarda ilg`or kolxoz-sovxoz va MTS lar tarixini yorituvchi, sanoat va qishloq xo`jaligi maxsulotlarining eng yaxshi namunalarini namoyish etuvchi, ishlab chiqarish ilg`orlarining ish uslubi bilan yaqindan tanishtiruvchi ekspozitsiyalar paydo bo`la boshladi.
O`zbekiston xalqlari tarixi muzeyi O`zbekiston Xalqlari tarixiga oid doimiy ekspozitsiya tashkil etishga kirishdi. Bu ishda O`z FA Tarix istituti va O`rta Osiyo Davlat Universitetining yetakchi mutaxassislari katta yordam ko`rsatdilar. Dastlab «Fevral burjua-demokratik inqilobi» va «Sovet O`zbekistoni» bo`limlari tayyorlandi. 1948 yili «O`zbekiston hududida ibtidoiy jamoa va quldorlik tuzumi» hamda «Feodal davlatlar» bo`limi ochildi. 1951 yili tashkil etilgan «Turkiston chor Rossiyasi tarkibida» bo`limi 19 asrning ikkinchi yarmi va 20 asrning boshlaridagi iqtisodiyot, turmush va madaniyat, O`rta Osiyoning Rossiya tomonidan bosib olinishi va uning oqibatlari masalasini bir tomonlama bo`lsada yoritib berdi.
Keyingi yillarda ekspozitsiyaning barcha bo`limlari to`ldirilib kengaytirildi. Natijada 1954 yili qadim zamonlardan boshlab ikkinchi jahon urushi yakunigacha bo`lgan O`zbekiston tarixini izchil ifodalovchi ekspozitsiya bunyodga keldi.
O`zbekistondagi ko`pchilik muzeylar 1946-1953 yillarda ko`rgazma tipidagi ekspozitsiyalar yaratish yo`lidan bordi. Ammo bu ko`p hollarda yuzaki xarakter kasb etar edi. Shu holatlarga chek qo`yish va muzeylar ishini tubdan yaxshilash maqsadida O`zbekiston Madaniyat Ministirligi madaniy-ma`rifiy muassasalari Bosh boshqarmasi huzurida muzeylar ishini muvofiqlashtirish bo`yicha doimiy harakatdagi uslubiy seminar tashkil etildi.
1953 yildan boshlab ko`pchilik muzeylarda ekspozitsiyalarni qurishda muayyan burilish yuz berdi. Lekin bunda asosiy e`tibor ko`proq Sovet davrini har tomonlama yoritishga qaratildi. Masalan, Surxondaryo muzeyining Sovet davri ekspozitsiyasi: 1) Ulug` Oktabr inqilobi; 2) Fuqarolar urushi; 3) O`rta Osiyoning milliy-xududiy chegaralanishi; 4) Yer-suv islohoti; 5) SSSR xotin-qizlarni ozod qiluvchi mamlakat; 6) Sotsialistik industrlashtirish; 7) Uchinchi besh yillik davrida xalq xo`jaligi; 8) Ulug` Vatan urushi; 9) Sovet Ittifoqi - tinchlik, demokratiya va sotsializm tayanchi; 10) Surxondaryo viloyatining sanoati, qishloq xo`jaligi, madaniyati kabi bo`limlarni o`z ichiga olgan edi. Samarqand, Namangan, Farg`ona, Xorazm va Qashqadaryo muzeylarida xam shunga o`xshash xolatni kuzatish mumkin.
Bu davrda respublika o`lkashunoslik muzeylarining tarmog`i ham kengaydi. Masalan 1959 yil Chirchiq, 1960 yil esa Angren shahar o`lkashunoslik muzeyi, keyingi yillarda yana bir qator shahar va rayon o`lkashunoslik muzeylari tashkil etildi.
1964 yili O`zbekiston tashkil topganligining 40 yilligi munosabati bilan o`z ekspozitsiyalarida respublika xalq xo`jaligining barcha tarmoqlari, shu jumladan , paxtachilik, qishloq xo`jaligi ishlarini mexanizatsiyalash, sanoat, fan va madaniyat sohasidagi zamonaviy yutuqlarni ifodalovchi O`zbekiston xalq xo`jaligi yutuqlari statsionar ko`rgazmasining ochilishi katta ahamiyatga ega bo`ldi.
Ko`rgazma Toshkentning eng katta va chiroyli bog`laridan biriga joylashtirilib, maxsus pavilonlar, texnik vositalar bilan yoritilgan. Undagi uskunalar, ekspozitsiya materiallari mahorat bilan namoyish etilgan. Bu tomoshabinlarda chuqur taassurot uyg`otib materiallarning chuqur o`zlashtirilishiga yordam beradi. 60-yillarda respublikada yangi muzeylar tashkil etildi. Shu bilan birga mavjud muzeylardagi ekspozitsiyalar to`la qayta qurildi. Bu o`rinda arxeologiya, etnografiya sohasidagi eng yangi ixtirolar, tarix fanining yutuqlari hisobga olindi.
Shu yillarda bir qator memorial muzeylar ochilganligini ko`ramiz. 1963 yili Ulug`bek muzeyi, 1964 yili S.Ayniy muzeyi, 1964 yili Y.Oxunboboyev muzeyi, 1967 yili Xamza muzeyi, 1970 yili Lenin muzeyi, 1972 yili Farg`onada U.Yusupov muzeyi, 1974 yili Yangiyo`lda U.Yusupovning uy muzeyi kabi memorial muzeylar shular jumlasidandir.
Yo`nalishi va maqsadiga ko`ra bu muzeylarning ekspozitsiyalari olimlar, shoirlar, yozuvchilar hamda siyosiy arboblarning hayoti va faoliyatini ko`rsatish bilan birga, muayyan tarixiy davr, uning ruhi va nafasini ham aks ettirar edi.
Masalan, Samarqanddagi Ulug`bek memorial muzeyi eksponatlari Temuriylar davri haqida tasavvur berib, ana shu sulola vakili Ulug`bekning buyukligini ko`rsatadi, ayni paytda uning munajjim olim va shaxsiy hayotini ham aks ettiradi.
Samarqanddagi S.Ayniy muzeyining ekspozitsiyasi esa o`ziga xos uslubda yaratilgan. U ortiqcha ta`sir vositalarisiz o`zbek va tojik xalqining mashhur adibi, olim va shoir S.Ayniy ijodiy muhitini tabiiy ravishda ochib beradi, uni qurshagan sharoit hamda hayotni yaqqol aks ettiradi.
60-70-yillardagi muzeyshunoslik O`zbekistonda muzey tarmoqlarini keng ko`lamda kengaytirish ishlarining avj olganligi, moddiy-texnika bazasining tubdan yaxshilanganligi bilan xarakterlanadi. O`zbekiston muzeylari chiroyli, maxsus qurilgan binolarga ega bo`la boshladilar. Masalan, Davlat san`at muzeyi yangi, shinam binoda o`zining ikkinchi umrini boshladi. Bu yerda tomoshabinlar uchun G`arbiy Yevropa va rus san`atining durdonalari, shuningdek, o`zbek rassomlarining asarlari keng ko`lamda namoyish qilinmoqda. Amaliy san`at muzeyi uchun yangi bino tiklandi. Turkiston harbiy okrugi tarixi muzeyi esa O`rta Osiyo qurolli kuchlarining qudratini va jangovor o`tmishi tarixini ko`rsatuvchi binoda yangi davrini boshladi. O`zbekiston xalqlari tarixi muzeyi esa 19 asr me`morchiligining yodgorligi, tarixiy ahamiyatga ega bo`lgan binoga joylashdi. Marg`ilonda Y.Oxunboboyev memorial muzeyi uchun qavatli bino, Samarqandda Afrosiyobdagi tarix muzeyi va respublika madaniyat va san`at tarixi muzeyi uchun maxsus bino qurildi.
Quyidagi raqamlar muzeylarning tobora rivojlanib, malakali kadrlar bilan mustahkamlanib borayotganligini yaqqol ko`rsatib turibdi. 1973 yili O`zbekistonda turli yo`nalishdagi 30 ta muzey shu jumladan, 4 tarixiy, 4 memorial va 15 o`lkashunoslik muzeyi bo`lgan. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 10 ta, Samarqand va Farg`onada 5 tadan, Andijonda 4 ta muzey ish olib borgan. 1980 yilga kelib esa respublikada muzeylar soni 33 taga yetdi, tomoshabinlar soni ham 3,7 mln. kishiga ko`paydi.
Keyingi yillarda ekspozitsiyaning barcha bo`limlari to`ldirilib kengaytirildi. Natijada 1954 yili qadim zamonlardan boshlab urush yakuniga qadar bo`lgan O`zbekiston tarixini izchil ifodalovchi ekspozitsiya bunyodga keldi.
O`zbekistondagi ko`pchilik muzeylar 1946-1953 yillarda ko`rgazma tipidagi ekspozitsiyalar yaratish yo`lidan bordi.
O`zbekiston Madaniyat vazirligi madaniy-ma`rifiy muassasalari Bosh boshqarmasi huzurida muzeylar ishini koordinatsiyalash bo`yicha doimiy harakatdagi metodik seminar tashkil etildi.
1959 yili Chirchiq, 1960 yili esa Angren shahar o`lkashunoslik muzeyi, keyingi yillarda yana bir qator shahar va rayon o`lkashunoslik muzeylari tashkil etildi.
KPSS MK. 1964 y. 12 mayda «Muzeylarning mehnatkashlarni kommunistik ruhda tarbiyalash sohasidagi rolini oshirish to`g`risida» qaror qabul qildi.
1973 yili O`zbekistonda turli yo`nalishdagi 30 ta muzey, shu jumladan 4 ta tarixiy, 4 ta memorial va 15 ta o`lkashunoslik muzeyi bo`lgan. Toshkent shahri va viloyatida 10 ta Samarqand va Farg`onada 5 tadan, Andijonda 4ta muzey ish olib borgan. 1980 yilga kelib respublikada muzeylar soni 33 taga yetdi.
Yüklə 75 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin