Voyaga yetmagan shaxs deganda balog'atga yetmagan, oilaviy tashvishlar hali to'la gardaniga tushishga ulgurmagan, yana ham aniqpoq aytganda o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxsdir
Voyaga yetmagan shaxs deganda - balog'atga yetmagan, oilaviy tashvishlar hali to'la gardaniga tushishga ulgurmagan, yana ham aniqpoq aytganda o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxsdir. So'nggi yillardagi islohotlarning aksariyati yoshlarning istiqboli, ularning kamol topishi va jamiyatda o'z o'rnini topishiga qaratilmoqda. Shunday ekan, voyaga yetmaganlar masalasi ayniqsa, voyaga yetmaganlarning huquqbuzarligi bugungi kundagi dolzarb masalalardan hisoblanadi. Boisi shuki, davlat va millat ravnaqi to'g'ridan-to'g'ri yosh avlod qo'lidadir. Bugungi islohotlar samarasi o'laroq mamlakatimizda har jihatdan barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning o'rnini kuchaytirish, mazkur institutning fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlari hamda ta'lim-tarbiya muassasalari bilan hamkorligini yanada mustahkamlashga doimiy e'tibor qaratib kelinmoqda. Mazkur maqsadga erishish yo'lida amalga oshirilayotgan islohotlar qongunchilik sohasini ham chetlab o'tgani yo'q. Chunonchi, O'zbekiston Respublikasining “Voyaga yetmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to'g'risida"gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining “Barkamol avlodni tarbiyalashda oila instituti va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarining ta'lim muassasalari bilan o'zaro hamkorligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlarining qabul qilinishi yuqoridagi fikrlarimiz isboti hisoblanadi. Keltirilgan hujjatlarda voyaga yetmaganlar huquqbuzarliklari profilaktikasi sohasida oila, mahalla va ta'lim muassasalarning hamkorligiga ham alohida urg'u berilgan.
Voyaga yetmaganlar huquqbuzarliklarini oldini olishning dolzarbligi nimada? Yildan-yilga voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar, jumladan, jinoyatlarning soni ham oshib bormoqda. Buning isboti sifatida, statistik ma'lumotlarga murojaat qiladigan bo'lsak, 2020 yilning dastlabki yetti oyi davomida respublika bo'yicha yoshlar tomonidan 5 914 ta jinoyat sodir etilgan bo'lib, bu jami jinoyatlarning 22,5 foizini tashkil qiladi. Bu esa 2019 yilning xuddi shu davriga nisbatan 30 foizga ko'p hisoblanadi. Shu davrda sodir etilgan jinoyatlarda voyaga yetmaganlarning ulushi 23,7 foizni, ya'ni 401 tani tashkil qiladi. Mazkur raqam 2019 yilning mos davriga nisbatan 36,4 foizga ko'p. Guvohi bo'lganimizdek raqamlar quvonarli emas. Shu bois mazkur masala nafaqat mutasaddi tashkilotlarni, balki har bir fuqaroni sergaklikka chorlashi lozimdir.
Oila - Vatan ichra bir mo'jaz Vatan. Muhtaram Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, “Avlodlar davomiyligini ta'minlaydigan ma'naviyat qo'rg'oni bu - oiladir”. Bugungi tahlikali zamonda jismonan, ma'nan va aqlan sog'lom avlodni tarbiyalash barcha oilaning birdek vazifasi hisoblanadi. Zero Rasululloh (s.a.v.): “Birontangiz o'z farzandlaringizni tartib-intizomga o'rgatsa, bu har kuni sadaqa bergandan yaxshiroqdir", deya marhamat qilganlar. Shunday ekan oilada farzand tarbiyasi bola tug'ilishi bilanoq boshlanishi lozim. Ayrim mutaxassislar hatto farzand tarbiyasi tug'ilmasidan avval boshlanishi kerakligini, ya'ni bo'lg'usi ona homiladorlik paytidayoq yegan luqmaning halol yoki haromligi farzand tarbiyasiga katta ta'siri borligini ta'kidlaydilar. Farzand ulg'ayar ekan unga oq-u qorani tanitib, nima yaxshi-yu nima yomonligini uqtirish ota-onaning birdek va eng asosiy burchi hisoblanadi. Shundagina farzand ulg'aygan sayin jamiyatda ro'y berayotgan voqea-hodisalarni, ota-onasidan o'rgangan dastlabki tajribasi asosida, yaxshi-yomonga ajrata boshlaydi. Natijada farzandda tahliliy qobiliyat shakllanadi.
Biroq, o'rganishlar shuni ko'rsatadiki voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarning aksariyatida oilaviy yomon muhit, farzandlar va ota-onalarning kelishmovchiliklari, ota-onalarning o'z farzandlari taqdiriga nisbatan befarq bo'lishlari, oiladagi janjal-suronlar va shu kabi boshqa salbiy hodisalar asosiy sababchi omil bo'lib qolmoqda. Shunday ekan voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning sonini kamaytirish va huquqbuzarlarni to'g'ri yo'lga qaytishlariga ko'maklashishda ularning oilaviy muammolarini chetlab o'tishning iloji yo'q.
Voyaga yetmagan shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining kamaytirish va oldini olish choralari qaysilar? Birinchidan, voyaga yetmaganlarning huquqbuzarliklar sodir etishlariga olib kelayotgan sabablarni aniqlab ular bilan alohida shug'ullanish. Bunda har bir huquqbuzar yoki bir hil sabab yuzasidan huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning muammolari aniq o'rganib chiqilishi lozim. O'ylaymizki bu usul ancha samarali va tezkorroq kechadi.
Ikkinchidan, faqatgina huquqbuzarliklar sodir etib bo'linganidan so'ng bu masalaga e'tibor qaratmasdan, avvalroq ya'ni huquqbuzarliklar sodir etilmasidan avval bu masalalar bilan shug'ullanish lozim. Zero, kasalni davolagandan uning oldini olgan afzal.
Uchinchidan, samarasiz usullardan voz kechish lozim. Huquqbuzarliklar oldini olishga qaratilgan turli zerikarli tadbirlarni o'tkazish, samarasiz majlisbozlikdan voz kechish, turli kog'ozdagi statistika, hisobot va bayonnomalar bilan cheklanib qolmasdan haqiqatda amalda ham yoshlar bilan ishlash amaliyotini yo'lga qo'yish lozim.
To'rtinchidan, nazorat hamkorligini yanada kuchaytirish lozim. Maktablar va boshqa ta'lim muassasalari bilan Huquqni muhofaza qiluvchi organlar o'rtasidagi o'zaro axborot almashish, hisobdorlik va hamkorlikni yuqori cho'qqiga ko'tarish lozim.
Yoshlar davlatimizning, millatimizning ertangi kuni ekan, ular masalasida hech qanday sustkashliklarga yo'l qo'yishga haqqimiz yo'q.