Xx asrda ijtimoiy hodisalarning almashinish sur’ati aqlga sig’mas darajada



Yüklə 23,19 Kb.
tarix19.12.2023
ölçüsü23,19 Kb.
#185683
ывыв


XX asrda ijtimoiy hodisalarning
almashinish sur’ati aqlga sig’mas darajada
tezlashdi. Jadid adabiyoti to‘lig‘icha
millatni uyg‘otishga qaratilgan edi. Bu
adabiyotning qahramoni avvalgi
davrdagiday yuqori tabaqa vakillari yoki
ilohiy qudrat bilan nurlantirilgan siymolar
emas, balki ommaning ichidan chiqqan,
unga qaytib boradigan va shu bois xalqqa
ta’sir ko‘rsatish imkoniyati kattaroq
bo‘lgan oddiy kishilar edi.
Jadid yozuvchilari shunchaki ijodkor
emas, balki jamoatchi ham edilar. Ular
faqat qalami bilan emas, balki ijtimoiysiyosiy, ma’rifiy amali bilan ham millatni
uyg‘otishga ahd qilgandilar. Shulardan biri
O‘rta Osiyo jadidchilik harakati
yo‘lboshchisi, dramaturg, noshir, din va
jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy ibn
Behbudxo‘jadir. Ko‘pgina jadidlar singari
Behbudiyning ”Padarkush yohud o‘qimagan
bolaning holi” asaridan, ”Turkiston”,
”Sherdor madrasasi”, ”Tarixi ixtiroyi
bashar”, ”Turkiston tarixi kerak”,
”Ismoilbek hazratlari” nomli maqolalarida
tarixiy ma’lumotlar, o‘zi yashagan tarixiy
davr voqealari, tarixiy obidalar haqida
kerakli ma’lumotlarni topish mumkin.
Behbudiyning ”Sherdor madrasasi” nomli
maqolasida ashtarxoniylar davrida barpo
etilgan, bugungi kunda Samarqanddagi
Registon maydoninining tarixiy bir bo‘lagi
bo‘lgan Sherdor madrasasi haqida tarixiy
ma’lumotlar beradi. Uning bunyod bo‘lishi,
naqshlari turlari, ustalari, qurilishi
sabablari haqida kerakli ma’lumotlarni
yozib qoldiradi. Bunyod bo‘lganiga to‘rt asr
bo‘lgan bo‘lsa ham koshinlari oftob va oy
nurini aks ettirib ko‘zni qamashtiradigan bu
inshootni Behbudiy shunday ta’riflaydi: ”U
muborak qubba, dahma, buq’alar boniy va
sokinlarining moziyg‘a madfun va
mujassam tarixiy va diniy
qahramonliklarini yod etib bahri
taommiqig‘a mahv va g‘arq o‘lmali”.
Behbudiy o‘z zamonining kamchilik va
nuqsonlarini ko‘rib, uni keltirib chiqargan
sabablarini anglagan. Unga yechimlar
topishga harakat qilgan. Mana shu
yechimlardan biri o‘z vatani tarixini millatdoshlariga haqqoniy yetkazib berish
ekanini anglagan holda ”Turkiston tarixi”
kerak” maqolasida bevosita tarixga to‘xtalib
o‘tadi. Kishi vatani tarixini nima uchun
o‘rganishi kerakligini, o‘z yurti tarixini
bilish uning buguni va kelajagi uchun
qanchalik muhim ekanligini tushuntiradi:
”Tarixning foydalaridan ba’zisi ushbudirki,
bir millatning na tariqada, qaysi yo‘l ila
taraqqiy etganin o‘qib, ibrat olmoq yoki bir
millatning na sabablardan tanazzul etib,
oxiri munqariz bo‘lib ketganin o‘qub
mundan ham istifoda etmak mumkindir”.
Bu asarni yaratishdan maqsad
mamlakat tarixi chuqur va boy ildizga ega
bo‘lsa-da yetarlicha yoritilmagani, borlari
ham mustamlakachilar tomonidan yo‘q
qilingani, natijada xalqimiz xurofotlik qissa,
hikoyalar va oshiqona g‘azal, turli
afsonalarga chalg‘ib asl tarix ilmidan
bebahra qolayotganiga achinadi, va
zamondoshlari va kelajak avlodlarga
mavjud tarixni qayta tiklash vazifasini
qo‘yadi.
Toshkentlik jadidchilar yetakchilaridan Abdulla Avloniyning ”Po‘rtug‘oliyo inqilobi”, ”Muxtasar tarixi anbiyo va tarixi islom”, ”Advokatlik osonmi?” asarlari, ”Afg‘on sayohati”, ”Zakot” kabi maqolalarida tarixiy ma’lumotlarni uchratish mumkin.
Uning ”Po‘rtug‘oliyo inqilobi” asari
Portugaliyada sodir bo‘lgan 1910-yil oktabr
oyidagi inqilob voqealari tasvirlanadi.
Inqilobning yuzaga kelishida mamlakatda
hukm surayotgan monarxiya tuzumi zulmi
va Portugaliya monarxiyasi qo‘llabquvvatlayotgan ingliz hukumati tazyiqi
sabab bo‘ladi. Inqilobchilar Respublika
tuzumini o‘rnatishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishadi. Ularni armiya qismlari va
harbiy-dengiz floti kuchlari quvvatlab
chiqishadi. Poytaxt Lissabonda butun xalq
oyoqqa turgach qirol Manuel qochib ketadi.
Shu tariqa Portugaliya inqilobi g‘alaba bilan
yakunlanadi, shohlik tugatilib, respublika
tuzumu o‘rnatiladi. ”Portugaliya inqilobi”
dramasi zamirida mana shu konkret tarixiy
voqea yotadi.
Avloniyning ”Muxtasar tarixi anbiyo
va tarixi islom” asari ham bevosita tarixda
sodir bo‘lgan voqealarga bag‘ishlanadi. Asar
birma-bir Qur’onda nomi keltirilgan tarixda
o‘tgan yigirma besh payg‘ambar haqidagi
ma’lumotlardan boshlanadi. Milodning
dastlabki davrlaridagi arablar, ularning
hayot tarzi, so‘nggi payg‘ambar Muhammad
alayhissalom davri tarixi, arab qabilalari
taraqqiyoti va ularda davlatning vujudga
kelishi, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v),
ularning oila a’zolari haqida: ”Avlodi rasuli
akram salallohu alayhi vassallam” nomi
bilan tarixiy ma’lumotlar keltiradi,
payg‘ambarimizning vafotlaridan keyingi
davrda hukmronlik qilgan xalifalar davriga
ham keng o‘rin ajratadi.
Butun umri davomida Ona-Vatanini
ozod va obod ko‘rish ishtiyoqi bilan
yashagan millatning asl o‘g‘lonlaridan biri
Fitrat edi. U umr bo‘yi barcha harakati, ijodiyu hayotini shu maqsadga bag‘ishladiki,
natijada uning faoliyati yaqin tariximizning
eng porloq sahifalaridan biriga aylandi.
Millat farzandi o‘zining ”Muxtasar islom
tarixi”, “Abulfayzxon”, “Arslon”, “Vose
qo‘zg‘oloni”, “Sayyohi hindi”, “Munozara”
kabi asarlari va bir qator maqolalari orqali
ham vatandoshlarini uyg‘otishga, ularga
tarixda bo‘lib o‘tgan hodisalarni eslatib,
ularni keltirib chiqargan sabablarni, keyinchalik oqibatlarini namuna sifatida
ko‘rsatish orqali kerakli xulosa chiqarishni
ko‘zlaydi.
Abdurauf Fitratning “Muxtasar islom
tarixi” nomli ilmiy tarixiy asari Abdulla
Avloniyning ”Muxtasar tarixi anbiyo va
tarixi islom” asari bilan shaklan, mazmunan
tarixiy davrni yoritish jihatdan juda
o‘xshash. Islom dini tarixiga bag‘ishlangan
bunday asarlarni yaratishdan maqsad ham
Fitrat aytganidek: ”uni bilish har bir
musulmon uchun lozimdir”. Fitratning
asari tarixga ta’rif, taqsim berishdan
boshlanadi: “Tarix: millatlarning o‘tmishini,
taraqqiyotini hamda tanazzulining
sabablarini o‘rgataturg‘on ilmdir”. Tarixni
ikki qismga umumiy va xususiy tarixga
bo‘ladi. Umumiy tarix jahondagi barcha
xalqlar, millatlarning, jamiyatlar tarixi
bo‘lsa, xususiy tarix bir millat, bir jamiyat
tarixi hisoblanadi. Fitrat bu asarda xususiy
tarixga mansub bo‘lgan islom dini tarixini,
o‘zi tariflaganidek: “Islom tarixi Hazrati
Paygambar (s.a.v)ning dunyoga
kelishlaridan va islom dinining tarqalishi
xususinda bahs qilib, islom olamining
taraqqiyoti va tanazzulini bizga
onglatadur” deb yozadi. Asarda islomdan
oldingi arablarning hayoti, shu davrning
kuchli davlatlari va payg‘ambarimiz
yashagan davrda arablarning birlashib
davlatga asos solinishi, payg‘ambarimizdan
keyingi xalifalar hukmronlik davrlari,
arablarning dinni yoyish jihatidan uzoq va
yaqin o‘lkalarga qilgan yurishlari, xalifalar
hukmronligidan keyingi sulolar , Umaviylar
va undan keyingi Abbosiylar davri, ularning
ko‘zga ko‘ringan hukmdorlari, Xalifalikning inqirozga yuz tutishi tarixi va sabablari
yoritib beriladi.
Fitrat XVII – XVIII asrlarda Buxoro
xonligini idora qilgan so‘nggi sulola –
ashtarxoniylar sulolasining so‘nggi vakili
Abulfayzxon hukmronligi davriga
bag‘ishlanga “Abulfayzxon” tarixiy
dramasini yaratadi. Asar janriga ko‘ra —
tarixiy fojia. Mazmun-mundarijasiga ko‘ra
ko‘hna Buxoro tarixidagi g‘oyat mas’uliyatli
va murakkab davrlardan biri -
ashtarxoniylar sulolasining oradan
ko‘tarilib, o‘rniga mang‘itlar saltanatining
kelishi va Buxoro amirligining tashkil topish
davri yoritilgan asardir.
Asarni yaratishda Fitrat mavjud
tarixiy manbalardan keng miqyosda
foydalangan. “Abulfayzxon” ashtarxoniylar
sulolasi barbod bo‘lib, mang‘itlar sulolasi
boshlangan, ikki holatda ham mamlakat
xonavayron ahvolga tushib, saroyda qon
to‘kishlar, fisq-u fujur va boshqa xil
qabihliklar cheklanmagan bir davr
tasviriga bag‘ishlangan o‘zbek
adabiyotidagi birinchi tarixiy dramadir
hisoblanadi.
Boshqaruv tizimi izdan chiqqan, Eron
qo‘shini mamlakat hududiga tahdid solib
turgan bir paytda saroyda xonning yaqin
amaldorlari bamaylixotir “taxta”6
(shaxmat) o‘ynab turishidan boshlanadi.
Xon esa sotqin, amalparast, boylikka o‘ch
amaldorlar ta’siriga tushib, Farxod
otaliqdek yurtga sodiq a’yonlarini o‘zidan
uzoqlashtiradi. Bunday voqealarning sodir
bo‘lishiga asosiy sabab o‘zi ekanligini
tushunib yetmaydi: “… Kimni tuproqdan
ko‘tarib, kursiga chiqarsak , tezgina boshimizga chiqmoqchi bo‘ladir”. Bundan
tashqari Fitrat bu drammasi orqali Rossiya
bosqiniga qadar o‘tgan sulolalar va ulardagi
hukmdorlar atrofidagi shaxslar sadoqatini
turli in’omlar berish, tilyog‘lamalik qilib,
hukmdorni alqash darajasi bilan
o‘lchanganini ko‘rsatadi.
Fitrat tarixiy qarashlarida xonliklar
davri tarixini shafqatsiz zulm davri,
adolatsizlik, begunoh qonlar to‘kilgan davr
deyish ham mumkin. Boshqaruv jarayonida
hukmdorlar asosan jazo choralaridan
foydalanganini, qo‘lini qonga botirib, xonlik
jallodlarini qo‘li doim band bo‘lganini
ko‘rish mumkin: “… podshohlik qon bilan
sug‘orilaturg‘an bir og‘ochdir. Qon oqib
turmag‘an yerda bu og‘ochning qurib
qolishi aniqdir.” Ashtarxoniylar, undan
keyin sulolani davom ettirgan mang‘itlar
davrida ham shunday holat vujudga
kelganki har bir amaldor o‘zining hayoti,
kelajagiga to‘liq ishonch bilan qaray
olmagan. Katta amaldorlar xonning, kichik
amaldor o‘zidan yuqori lavozimdagi
amaldor qahriga uchrab qolishdan doimo
qo‘rqib yashagan. Natijada ko‘pincha xalq
uchun, davlat uchun emas, yuqori martabali
lavozim egalari yoki hukmdorlar foydasiga
qarorlar chiqarilgan. Bunga qarshi
bo‘lganlar esa zindonga tashlangan.
Fitrat o‘z asarida shunga o‘xshash
tarixiy holatni o‘ziga xos tarzda ifodalaydi.
Hukmdor atrofidagi sanoqli ishonchli
mulozimlardan bo‘lgan Ibrohimbiyga
yuqori amal taklif qilganida uni ixtiyorsiz
qabul qiladi: “Buyrug‘ingizni qaytarmoq
qo‘limdan kelmaydir, qabul etaman. Biroq
bir kun menim ham o‘limimga hukm
chiqararsiz, xoqonim!” Bundan ko‘rinadiki, xon istagan paytida gunohkor deb bilgan
a’yoni hayoti ustidan hukm chiqargan.
Abulfayzxon hukmronligi davrida esa xon
atrofidagi sanoqli, o‘zi ishonchli deb bilgan
a’yonlari gapiga kirib xonlikdagi o‘z o‘rnini
yo‘qatadi. Go‘yoki yurt boshqaruvi bir emas
bir necha hukmdor qo‘lida bo‘lgani kabi
parokandalik holati yuzaga keladi.
Abulfayzxon hukmronligi so‘nggida
hokimiyat zaiflashuvi va muntazam
qo‘shinning yo‘qligi sabab el-ulus
boshliqlari katta nufuzga ega bo‘lib olishadi,
hattoki ba’zilari xonga qarshi bosh ko‘tarib
turishgan. Bunga sabab mamlakatda xon
mavqeyi ancha tushib ketgan edi, uni
shayboniylar davri bilan solishtirib bo‘lmas
edi. Muhammad Hakimbiy ham mang‘itlar
rahbari sifatida dastlab xonning
marhamatiga sazovor bo‘ladi, keyinchalik
esa tashqi dushman hujumidan foydalanib,
xonlikda boshqaruvni avval amalda, so‘ngra
rasmiy jihatdan o‘z qo‘liga oladi va
keyinchalik uning bu harakatlari amrlikda
mang‘itlar sulolasi hokimiyatga kelishiga
asos bo‘ladi. Fitrat o‘z asarida boshlanib
kelayotgan xunrezlik siyosati nimalarga
olib kelishi mumkinligi haqida fikr yuritib,
bunday jamiyat va yakkahokim rahbarning
kelajagi yo‘q, deya ta’kidlamoqchi bo‘ladi.
Fitratning “Arslon” dramasi ham
Buxoro xonligida yashagan dehqonlarning
og‘ir hayoti va qismatidan olingan tarixiy
voqealarga boydir. Unda ba’zi mulkdor
boylarning turli yo‘llar bilan xalqni ayovsiz
talaganini, o‘z yeriga ega bo‘lgan kamchilik
dehqonlarni ham yeridan ayirishga
uringanini, bu yo‘lda yurt amaldorlari,
mulla, eshon, oqsoqollari ham mulkdorlargako‘makchi bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Budavrda qashshoq boy, sudxo‘r mulkdordan
qarz olib vaqtida qaytara olmasa yeri bo‘lsa
yerini, yoki uy-joyini xatlab bergan. Ba’zi
hollarda oila a’zolari, farzandlarini qullikka
berishga majbur bo‘lgan: “Ko‘r Hasan degan
bir muttaham bor. Boydan pul olg‘an edi.
Bera olmadi. Qizchasini boyg‘a xizmatga
berib qutulsin, degan edik. Shuni
kelturibdir”. Asarda Fitrat bir qishloqda
bir insofsiz boyning yashashi qishloq ahli
ezilishi uchun yetarli ekanini ko‘rsatadi.
Undan tashqari amirlik davrida mahalliy
aholi oila tebratish uchun mehnat qilishidan
tashqari o‘n kunlab jamoat ishlari safarbar
qilinadi. Qatnashmagan har bir kuni uchun
soliq to‘lashga majbur qilingan. Soliqlarni
to‘lashga imkoni bo‘lmasa qamchin bilan
jazolangan. Hasharda yoki soliqda
qarzdorligi bo‘lsa hukumat vakillari albatta
undirishgan. Soliqlarni undiruvchi mirza,
darg‘a kabilar vaziyatdan foydalanib
qashshoq dehqonni bor budidan ayirishgan.
Bu davrda mahalliy aholi deyarli hamma
narsa uchun hatto bandilarni ozod qilganlik
uchun, zindonbon bandini qo‘lini kishandan
ozod qilgani uchun ham soliq – “ishkil
bog‘i” to‘lashgan.
Buxoro amirligida soliqlarning
to‘xtovsiz oshib borishi, davlat hokimiyati
zo‘ravonligidan aziyat chekkan aholi hijriy
1301-yili (milodiy 1885-yil) Balijuvon
bekligida qo‘zg‘olon ko‘targan. Bu
qo‘zg‘olon to‘g‘risida Fitrat Buxoro amiri
hukmronligi ostida yashagan tojiklar
hayotidan tarixiy fojia bo‘lgan “Vose
qo‘zg‘oloni” tarixiy dramasini yaratadi.
Buxorolik dehqonlarning aksariyat
ko‘pchiligi kambag‘alikda kun kechiradi, chunki yer va ish hayvonlari amir va uning
amaldorlari qo‘lida edi. Mang‘it amirlari
Buxoroda butun hokimiyatga ega bo‘lib,
ularning zo‘ravonlik bilan hokimiyatga
putur yetkazishi mumkin bo‘lgan biron -
bir norozilik chiqishlariga yo‘l
qo‘yishmasdi. Aholi yil bo‘yi mehnat qilib,
qiynalib orttirganini xilma-xil soliqlarni
to‘lashga sarflashga majbur edilar. Undan
tashqari jamoat majburiyatlari, hasharlar
mehnatkash xalqni tinkasini quritgan.
Dehqonlar zulm bilan murosa qila olmay
zolimlarga qarshi chiqdilar. Amir
Abdulahadxon hukmronligi davrida
ijtimoiy zulm haddan oshdi, bu davrda
soliqqa tortish, pul ko‘rinishidagi
yig‘imlar yetakchilik qildi. Xiroj, zakot va
juz’ya asosiy soliqlar bo‘lib undan tashqari
qo‘shimcha soliqlarni turi ham ko‘p bo‘lgan.
Agar dehqonning soliqni to‘lashga puli
bo‘lmasa, uning mol-mulki tortib olinar
edi, bor budidan ayrilar edi: “Beradigan
narsamiz yo‘q” desak, go‘daklarimiz ustboshini yechib olishadi, uy-joyimizni sotib,
musodara qilishadi”. Kasodga uchrash, dehqonlarni qo‘zg‘olonlar ko‘tarishga
majbur qildi va dastlab Hovaling
qishlog‘ida, keyinroq Balijuvonda joriy
etilgan “zakoti chakana” deb nomlangan
g‘ayriqonuniy soliq ustiga yana bir echki
uchun “bir toqadan qarbos” undirish
haqidagi farmon chiqqach bunday soliqni
adolatsizlik va talonchilik deb bilgan
dehqonlar uni to‘lashdan bosh tortdilar
hamda kambag‘al Vose’ tevaragiga
uyushdilar. Asardagi tojik kambag‘allaridanbiri oltmish yoshlardagi Bobo Sanginning
Vose’ga bergan javobidan uning bu
nohaqliklarga ortiq bardoshi qolmaganini
payqash mumkin. Bobo Sangin:
“Qo‘rqmaymiz! O‘ldirishsa, ham qaytaga
birato‘la qutula qolamiz… Axir bor
bisotimizni tortib olsalar, bolalarimiz
ochlikdan ming turli balolarga giriftor
bo‘lib qirilib ketsalar, biz bir chetda
tomoshabin bo‘lib qarab turaveramizmi?
Tiriklikdan nima bahra topdikki, o‘limdan
qo‘rqamiz!”
Ko‘rinadiki, bu davrda mahalliy aholi
juda nochor hayot kechirgan. Amirlik
hukumati esa xazinani to‘ldirishning yagona
vositasi sifatida amaldagi soliqlar miqdorini
oshirish yoki qo‘shimcha soliqlar undirish
yo‘lini tutgan. Jamiyatdagi bu kabi
adolatsizliklar natijasida XIX asr oxirida
bunday qo‘zg‘olonlar tez-tez bo‘lib turgan.
Ko‘pchilik qo‘zg‘olonlar qurol kuchi bilan
ayovsiz bostirilishi, aholining qirilishiga
sabab bo‘ladi, bu kor qilmagan taqdirda
“Vose’ qo‘zg‘oloni”da bo‘lgani kabi turli
hiylalar qo‘llanilgan. Fitratning bu tarixiy
dramasida Vose’ tilidan XIX asrning 80-
yillari boshida Mizrobxon boshchiligidagi
qo‘zg‘olonga ham to‘xtalib o‘tadi. Bu amir
yon berishga majbur bo‘lgan kam sonli xalq
isyoni edi. Ammo bu qo‘zg‘olonda ham
xalqning g‘alabasi uzoqqa cho‘zilmaydi.
Qo‘zg‘olon qatnashchisi Vose’ bu
qo‘zg‘olonning hiyla bilan bostiririlganini
eslaydi: “Zolim amir bechora Mizrobxonni
aldadi. Uni nomiga Baljuvonga hokim qilib
tayinladi-yu, keyin Buxoroga chaqirib olib,
o‘ldirdi…”

Yüklə 23,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin