Yopiq urug’lilar bir qancha belgilari bilan o`simliklar olamining boshqa vakillaridan keskin farq qiladi.
1. Yopiq urug`lilarning urug`i meva ichida bo`ladi, shuning uchun ham bu o`simliklar "Yopiq urug`lilar" deb ataladi.
2. Bularning changchi va urug`chidan tashkil topgan guli bor. Gullari juda xilma-xil shakli bilan bir-biridan farq qiladi.
3. Changlanishi hamda urug` va mevalarning tarqalishi turli usullar: shamol, hashoratlar, qushlar, suv orqali amalga oshadi.
4. Bulardan qo`sh urug`lanish sodir bo`ladi va natijada faqat murtak emas, balki endosperm ham vujudga keladi.
5. Yopiq urug`lilarning urug`kurtagi uruqqa, tugunchasi esa mevaga aylanadi, urug`i mevabarglar ichida yetiladi.
6. Yopiq urug`lilar boshqa o`simliklar guruhlariga nisbatan juda murakkab morfologik va anatomik tuzilishga ega. Yopiq urug`lilar urug`kurtagining meva qobig`i bilan himoyalanganligi va boshqa bir qator o`ziga xos belgilari ularning o`zidan oldingi, biologik-morfologik jihatdan unga takomillashmagan o`simliklarga nisbatan yerdagi hozirgi hayot sharoitiga yaxshi moslashgan, yuksak darajada tuzilgan o`simlik ekanligini ifodalaydi.
Yopiq urug`li o`simliklar ikki sinfga: ikki pallalilar va bir pallalilar sinfiga bo`linadi. Bu sinflarning har birining o`ziga xos belgi xususiyatlari yig`indisi bilan xarakterlanadi.
Ikki pallali o`simliklar quyidagi belgilari bilan xarakterlanadi: murtagi ikki urug` pallali, asosiy ildizi yaxshi rivojlangan. Kambiy qavati bo`lganligidan tanasi ikkilamchi yo`g`onlashish xususiyatiga ega. Naychalar to`dasi ochiq. Barglarining shakli har xil va nayi xilma-xil o`yiqli, barg tomirlari to`r shaklida bo`ladi. Gullari 5 bo`lakli tipda.
Gul qo`rg`oni ko`pincha, qo`sh bo`ladi.
Biroq bu barcha belgilar emas, ammo ular ikki pallali o`simliklarni bir pallalilardan farq qilishga imkon beradi. Ikki pallali o`simliklarning birortasi bir pallalilar bilan chatishmaydi, hatto ular bir-biriga payvand qilinsa,payvand ham tutmaydi.
Xozirgi yopiq urug`lilardan ko`p mevalilar (magnoliya-gullilar, ayiqtovongullilar, zirkgullilar) va ba`zi boshqa o`simliklar eng oddiy o`simlik hisoblanadi. Ko`p mevalilarning juda ko`p oddiy belgilari xos bo`lgan tipik gulining spetsifik tuzilganligi buning isbotidir. Ularning gul o`rni konussimon, gultoji ayrim gulbargli, gulbarglari ko`p, ular spiralsimon joylashgan va hokazo. Changchi va urug`-chilarining ko`pligi bu o`simliklar uchun ayniqsa xarakterli.