Yo’qolgan guvohnomalar takroriy berishda fuqarolar uchun ko’rsatiladigan qulayliklar.
FHDY organi tomonidan manfaatdor shaxslarning arizalariga ko‘ra va qayd etilgan dalolatnoma yozuvlari asosida takroriy guvohnoma va ma’lumotnomalar beriladi. Takroriy guvohnomaga dalolatnoma yozuvida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar o‘zgarishsiz ko‘chiriladi va guvohnomaning ichki qismi o‘ng tomonining yuqori qismiga “takroriy” deb belgi qo‘yiladi. Dalolatnoma yozuvlaridan nusxalar (ko‘chirmalar) hokimliklar, Agentlik, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, ish yurituvida mavjud bo‘lgan ishlar munosabati bilan notariuslar, shuningdek FHDY organlari, vasiylik va homiylik organlari va konsullik muassasalarining so‘roviga ko‘ra beriladi (yuboriladi).
Tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomalar va takroriy guvohnomalar fuqaroning o‘ziga, voyaga yetmagan shaxslarning qonuniy vakillariga yoki notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma orqali boshqa shaxslarga ularning arizasi asosida beriladi.
Chet elda yashovchi fuqaro tomonidan berilgan hamda chet tilida tuzilgan ishonchnoma belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
Takroriy guvohnoma yoki ma’lumotnoma olish uchun murojaat etgan shaxs FHDY organiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatini taqdim etadi.
Vafot etgan shaxslarga nisbatan tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalar berilmaydi. Zarur hollarda, vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari va merosxo‘rlariga tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnoma beriladi.
Nikoh qayd etilganligi hamda nikohdan ajralganlik haqidagi takroriy guvohnoma yoki ma’lumotnoma dalolatnoma yozuvi qayd etilgan tegishli shaxslarning o‘zlariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonchnoma orqali boshqa shaxslarga ularning arizasi (68-ilova) asosida beriladi.
Nikohdan ajratilganda nikoh tuzilganligi haqida takroriy guvohnoma berilmaydi. Bunday hollarda nikoh tuzilganligi haqidagi ma’lumotnoma berilishi mumkin.
Zarur hollarda, nikohlangan yoki ajrashgan shaxslarning ota-onalari va farzandlariga ularning arizasi asosida nikoh tuzilganligi yoki nikohdan ajralganlik qayd etilganligi haqida ma’lumotnoma beriladi.
O‘lim haqidagi takroriy guvohnomalar yoki ma’lumotnoma marhumning yaqin qarindoshlariga va merosxo‘rlariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonchnoma orqali boshqa shaxslarga ularning arizasi asosida beriladi.
Fuqarolarga dalolatnoma yozuvlaridan nusxalar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, begona shaxslarga fuqarolik holati dalolatnomalari qayd etilganligi va ularga kiritilgan o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilganigi haqida ma’lumot berish taqiqlanadi.