Zilzila, yer qimirlash — Yer poʻstida yoki mantiyaning yuqori qismida toʻsatdan siljish, sinish yoki oʻpirilish roʻy berishi oqibatida vujudga keladigan va toʻlqinsimon tebranishlar tarzida uzoqlarga tarqaladigan yer osti silkinishlari va tebranishlari. Sabablariga koʻra, tektonik, vulqoniy va oʻpirilish zilzilalariga boʻlinadi. Yer poʻstining xar xil chuqurligida tabiiy kuchlar taʼsirida sodir boʻladigan silkinishlar tektonik zilzilalar deyiladi. Ular yer qaʼridagi harakat va jarayonlarning mahsuli boʻlib, bu jarayonlarning kinetik quvvat tarzida birdan (1 min.da) sarflanishi oqibatidir. Vulqoniy va oʻpirilish zilzilalari tabiatda juda kam sodir boʻladi; ular kuchi jixatidan tektonik zilzilalarning eng kuchsizi bilan tenglashadi. Yer sharida sodir boʻladigan zilzilalar soni yil davomida bir necha yuz mingga yetishi mumkin. Shulardan aksariyat koʻpchilik kismi seysmograflargina sezadigan kuchsiz zilzilalar boʻlib, odamlar sezadiganlari bir necha mingga yetadi. Xalq xoʻjaligiga zarar yetkazadigan zilzilalar esa bir necha oʻndan bir necha yuztagacha boʻlishi mumkin. Bir yil davomida sodir boʻlgan hamma zilzilalar natijasida taxminan 0,510" J kinetik quvvat ajralib chiqadi. Bu quvvat miqdori juda katta boʻlishiga qaramay, Yer qaʼrida sodir boʻladigan jarayonlardan ajralib chiqadigan umumiy quvvatning 0,5% inigina tashkil etadi.
Yer pusti yoki yuqori mantiya qatlamidagi zilzila paydo boʻlgan maʼlum bir hajm zilzila oʻchogʻi, uning markazi deb hisoblangan nuqta esa gipotsentr, gipotsentrning yer yuzasidagi proyeksiyasi zilzila epitsentri deyiladi. Epitsentr va gipotsentr oraligʻidagi masofa zilzilaning yer yuzidan chuqurligini koʻrsatadi. Zilzila oʻchogʻi Oʻrta Osiyo hududida, aksariyat hollarda, Yer sathidan 5-50 km chuqurlikda joylashgan boʻladi. Yer sharining maʼlum hududlarida zilzilalar oʻchogʻi 200— 300, hatto 700 km gacha chuqurlikda boʻlishi ham mumkin
Zilzila sodir boʻlganda uning oʻchogʻidan boʻylama va koʻndalang seysmik toʻlqinlar tarqaladi. Boʻylama toʻlqinlar R harfi (birinchi toʻlqin), koʻndalang toʻlqinlar S harfi (ikkinchi toʻlqin) bilan belgilanadi. Bulardan tashqari, yer yuzasida paydo boʻladigan yuza toʻlqinlar (L)mavjud. Mazkur toʻlqinlar asosiy hisoblansada, koʻndalang va boʻylama toʻlqinlar yer yuzasi hamda ichki qatlamalarida sinish va qaytarilish xususiyatiga egaligi sababli murakkab toʻlqinlar hosil boʻladi.
Xalqaro maʼlumotlarda zilzila kuchi magnituda orqali Rixter shkalasida beriladi. Eng kuchli zilzilaning magnitudasi 9 gacha yetishi mumkin. Zilzila quvvati (Ye) Joulda oʻlchanadi. Zilzila quvvati bilan magnitudasi oʻrtasida bogʻlanish quyidagicha ifodalanadi: \gE — aM + V. Zilzilaning yer yuzida bir xil kuch bilan namoyon boʻlgan nuqtalarini tutashtiruvchi chiziqqa izoseysta chizigʻi, zilzila kuchining hududda tarqalishini koʻrsatuvchi izoseystalar toʻplamiga izoseystalar xaritasi deyiladi.
1966-yil 26-aprelda Toshkentda yuz bergan zilziladan soʻng sobiq Ittifoqda birinchi boʻlib Oʻzbekiston FA tarkibida 1966-yil oktabr oyida Seysmologiya instituti tashkil qilindi. Institutning asosiy ilmiy yoʻnalishlaridan biri zilzilalarning tabiatini, u sodir boʻladigan muhit xususiyatlarini, zilzilalarning darakchilarini oʻrganish va uni bashorat (prognoz) qilish usullarining nazariy asoslarini yaratish deb belgilanadi.