O‘zA, X. Mamatrayimov, 16.01.2013 11:30
Mamlakatimizda sanoat korxonalarining texnik va texnologik qayta jihozlanib, modernizatsiya qilinayotgani ishlab chiqarish hajmini oshirish, ichki bozorni arzon, sifatli mahsulot bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda. Termiz tumanidagi “Surxonnasosta’mir” davlat unitar korxonasi Surxondaryo viloyati qishloq va suv xo‘jaligi tizimi hamda fermer xo‘jaliklariga turli asbob-uskunalar, butlovchi qismlar yetkazib beradi. Korxonani tubdan modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash samarasida uning ishlab chiqarish quvvati oshdi. Yangi ish o‘rinlari tashkil etilib, o‘ttizdan ortiq yoshlar ish bilan ta’minlandi. Xorijning tejamkor uskunalari yordamida raqobatbardosh, sifatli mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Mahsulot turi ko‘paydi. Nasos agregatlarini o‘rnatish, montaj qilish, elektr qismlarini jihozlash va servis xizmati ko‘rsatish ko‘lami kengaydi.
Korxona o‘tgan yili o‘z buyurtmachilariga besh yuz million so‘mlikdan ortiq mahsulot yetkazib berdi. Bu yerda nasos agregatlari uchun tayyorlanayotgan vtulka, himoya halqalari, vall va yarimmuftalar, turli o‘lchamdagi suv daraklari, metall quvur, idish va konus kabi buyumlar arzon hamda sifatliligi bilan xaridorlar e’tiborini tortmoqda.
– Korxonamizda turli rusumdagi ekskavator vallari, yuk ko‘tarish kovshalari, nasos agregatlarining rotorlari, vall va elektr dvigatellari hamda boshqa ehtiyot qismlar qayta tiklanmoqda, – deydi korxona rahbari Faxriddin Turdialiyev. – Joriy yilda tijorat bankining kredit mablag‘i ko‘magida cho‘yan eritish va quyish sexini ishga tushirib, nasos agregatlari va qishloq xo‘jaligi texnikalarining ko‘plab ehtiyot qismlarini shu yerning o‘zida tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, aholi ehtiyoji uchun zarur arzon va sifatli iste’mol tovarlari ishlab chiqarish, o‘nga yaqin yangi ish o‘rinlari ochishni mo‘ljallamoqdamiz.