Falsafaning asosiy masalalari. Falsafani o‘rganayotgan har bir odamda falsafada qolgan barcha muammolarga nisbatan ustunroq ahamiyat kasb etadigan, ya’ni muhimroq, asosiyroq hisoblanadigan masalalar, muammolar mavjud yoki mavjud emasligiga qiziqish ertami, kechmi albatta yuzaga keladi. Bu mavzu nafaqat boshlovchi, balki professional faylasuflar uchun ham diqqatga sazovordir. Ularning orasida kimdir bu mavzuga jiddiy e’tibor beradi, kimdir esa, aksincha, uni muhim deb hisoblamaydi. Falsafaning uzoq tarixiga umumiy nazar tashlasak, olam va insonning kelib chiqishi, rivojlanishi va mohiyatiga, shuningdek, hayotning ma’nosi, inson bilishining tabiatiga tegishli «boqiy» falsafiy muammolar deyarli barcha falsafiy ta’limotlarda u yoki bu tarzda mavjudligini, turli falsafiy asarlarda, ular aynan kimga qarashliligi va qaysi davrga mansubligidan qat’iy nazar, qisman yoki, aksincha, atroflicha muhokama qilinishining guvohi bo‘lishimiz mumkin.
Darhaqiqat, ong, tafakkur, ruh, ideallik va ularning materiya, tabiat, borliq bilan o‘zaro nisbati masalalariga o‘z munosabatini bildirmagan yoki, aytaylik, o‘z mulohazalari va xulosalarida shubha qilmagan faylasufni topish mushkul. Bu hol o‘z vaqtida olimlar tomonidan «falsafaning asosiy masalasi»ni ta’riflashiga turtki bergan bo‘lib, unda ikki jihat alohida ajralib turadi.
Birinchi jihat moddiylik va ideallikning o‘zaro nisbatiga tegishli. Savol shunday qo‘yiladi: «Materiya birlamchimi yoki ruh (ong)mi?» yoki, «Tafakkur va borliqning nisbati masalasi butun, ayniqsa, eng yangi falsafaning buyuk asosiy masalasidir».
Ikkinchi jihat birinchi jihat bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, quyidagicha ta’riflanadi: «Dunyoni bilish mumkinmi?» Boshqacha aytganda: «Biz haqiqiy dunyo haqidagi o‘z tasavvurlarimiz va tushunchalarimizda borliqni to‘g‘ri aks ettirishga qodirmizmi?»
Materialistlar va idealistlar. U yoki bu faylasuflar savolning birinchi qismiga qanday javob berishiga qarab, ular materialistlar –dunyo azaldan moddiy, ong esa bu materiyaning mahsulidir, deb hisoblovchilar va idealistlar -dunyo zamirida materiyadan oldin paydo bo‘lgan va uni yaratuvchi ideal narsalar va hodisalar yotadi, degan fikrni himoya qiluvchilarga ajratiladi. Bunda idealizmning ikki turi – ob’ektiv va sub’ektiv idealizm farqlanadi. Qandaydir nomoddiy va inson ongiga bog‘liq bo‘lmagan (ya’ni ob’ektiv mavjud bo‘lgan) narsalar va hodisalarni ( Xudo,dunyoviy aql, g‘oya, ruh va shu kabilar) butun borliqning asosi deb e’tirof etuvchilar ob’ektiv idealistlar hisoblanadi. Falsafa tarixida Platon, Avliyo Avgustin, Foma Akvinskiy, G.Gegel, , N.Berdyaev kabi mutafakkirlar ob’ektiv idealizm namoyandalari sifatida shak-shubhasiz e’tirof etiladi. Dunyo faqat individual (sub’ektiv) ong nuqtai nazaridan qaralgan holda sub’ektiv idealizm to‘g‘risida so‘z yuritiladi. J.Berkli, D.Yum, I.G.Fixte sub’ektiv idealizmning yorqin namoyandalari hisoblanadi.
Falsafa tarixida materialistik yo‘nalishlar va oqimlar ham anchaginadir. Xususan, materiyani yaratish va yo‘q qilish mumkin emasligi haqidagi fikr- mulohazalarga ilk faylasuflarning asarlaridayoq duch kelish mumkin. Mazkur sodda materializm vakillari :qadimgi xitoy faylasuflari – Lao szi, Yan Chju; · Qadimgi hind faylasuflari – lokayata yo‘nalishi namoyandalari; · Qadimgi davrning mashhur faylasuflari – Geraklit, Empedokl, Demokrit, Epikur va boshqalar. · Qadimgi Markaziy Osiyo faylasuflari- Zardusht Sepitoma kabilardir.
Klassik mexanika vujudga kelgan va faol rivojlangan Yangi davrda mexanistik materializm (P.Golbax, P.Gassendi, J.Lametri) ayniqsa keng tarqaldi.XVIII-XIX asrlarda falsafiy materializmning yo‘nalishlari:
- antropologik materializm (L.Feyerbax);
- vulgar materializm (Fogt, Byuxner, Moleshott);
- dialektik materializm (K.Marks, F.Engels) shakllandi.
Materializmning deizm – ilohiy turtki haqidagi yoki panteizm – tabiat bilan xudo (Olloh) aynan bir degan g‘oyani ilgari suruvchi ko‘rinishlari ham mavjud.
Biroq, yana shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, mazkur tasnifga muvofiq materialistlar yoki idealistlar deb nomlanuvchi u yoki bu faylasuflar bunday farqlashga asossiz sxemalashtirish va soddalashtirish deb qarab, o‘zini bu yo‘nalishlarning birortasiga ham mansub deb hisoblamasligi mumkin. Bunday qarashlar shu bilan izohlanadiki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va uzil-kesil tarzda, bu muammoni tushunishga nisbatan boshqacha yondashuvlarni e’tiborga olmasdan ta’riflangan «falsafaning asosiy masalasi» muqarrar tarzda barcha faylasuflarni ikki katta qarama-qarshi lagerga – materialistlar va idealistlarga ajratadi va bu hodisaning ayrim ko‘rinishi sifatida faqat moddiy va ma’naviy substansiyalarni teng huquqli asoslar deb hisoblovchi dualistlarnigina (masalan, R.Dekart) farqlaydi.
Ammo falsafiy tafakkur tarixida u yoki bu faylasuflar fikriga ko‘ra eng muhim deb qaraladigan boshqa muammolar ham mavjud. Ayni shu sababli aksariyat faylasuflar substansiya (dunyoning birinchi asosi) haqida mulohaza yuritar ekan, mazkur masalaning qo‘yilishini «falsafaning asosiy masalasi» bilan bog‘lashga moyil emas. Masalan, ilk antik faylasuflar uchun falsafaning asosiy muammosi: «Dunyo nimadan yaratilgan?», degan savol bilan bog‘langan. O‘sha davrda bu savol eng muhim, asosiy, birinchi darajali hisoblangan.
O‘rta asrlar sxolastikasi nuqtai nazaridan «falsafaning asosiy masalasi» quyidagicha ta’riflanishi mumkin: «Xudoning borligini qanday qilib oqilona asoslash mumkin?» Hozirgi diniy falsafiy konsepsiyalar, xususan neotomizm uchun u hozir ham bosh masala bo‘lib qolmoqda. Ibn Sino fikricha, falsafaning asosiy masalasi – mavjudotni barcha mavjud narsalarni kelib chiqishi, targ‘iboti o‘zaro munosabati, biridan-ikkinchisiga o‘tishni har tomonlama tekshirish uchun zaruriy imkoniyat, voqelik sabab tamoyillarini asos qilib olishdan iborat.
Yangi davrda I.Kant yondashuvi diqqatga sazovor bo‘lib, u «Inson nima?» degan savolni mohiyat e’tibori bilan falsafaning asosiy masalasi deb hisoblaydi. Uning fikricha, inson ikki har xil dunyo – tabiiy zarurat va ma’naviy erkinlikka mansub bo‘lib, ularga muvofiq odamzot, bir tomondan, tabiat mahsuli hisoblanadi, boshqa tomondan esa, u «erkin harakat qiluvchi mavjudotning o‘z- o‘zidan yaratish» natijasidir (Qarang: Kant I. Soch. T. 6. – M., 1966, 351 bet).
Pragmatizm falsafasi esa asosiy e’tiborni haqiqat tushunchasiga va uni aniqlash muammosiga qaratadi. Bu yo‘nalish vakillarining fikriga ko‘ra, falsafa avvalo ayni shu muammo bilan shug‘ullanishi va insonga amalda foyda keltirishi lozim.
Dunyoni bilish mumkinmi, degan savolga faylasuflar tomonidan berilgan javoblar orasida ham ikki qarama-qarshi yondashuv ajralib turadi. Bu yondashuvlardan biri gnoseologik optimizm deb ataladi. Unga muvofiq insonning bilish imkoniyatlari umuman olganda cheklanmagan va u o‘zini qiziqtirayotgan tabiat va jamiyat qonunlarini kashf etish, narsalar mohiyatini aniqlash va dunyoning haqiqiy manzarasini yaratishga ertami, kechmi albatta muvaffaq bo‘ladi, deb hisoblanadi. Bunda G.Gegelni, va u yaratgan ta’limotning ko‘p sonli tarafdorlarini tilga olib o‘tish o‘rinli bo‘ladi.
Ikkinchi yondashuv agnostitsizm (yunon. a – inkor va gnosis – bilim) deb ataladi. Bu yondashuv namoyondalari dunyoni, narsalar va hodisalar mohiyatini to‘la (yoki hatto qisman) bilish amalda mumkin emas, deb hisoblaydi. Bunday qarashlar ayniqsa D.Yumga xosdir. Odatda, agnostitsizm namoyandalari qatoriga I.Kant ham kiritiladi, ammo bu yondashuv ancha bahsli bo‘lib, faylasuflar orasida munozaralarga sabab bo‘lib keladi.