Inkorni-inkor qonuni. Taraqqiyotdagi vorislik va davomlilik inkorni inkor etish yo‘li bilan amalga oshib boradi. Bu muammoni o‘rganishni inkor tushunchasi nimani ifodalashini aniqlab olishdan boshlash lozim.
Borliqning hamma sohasida doimo eski, umri tugayotgan narsa va hodisalarning barham topishi va yangi narsa va hodisalarning vujudga kelish jarayoni sodir bo‘lib turadi. Bundagi eskining yangi bilan almashinishi inkor deb ataladi.
«Inkor» va «inkorni-inkor» kategoriyalari dialektikaga Gegel tomonidan kiritilgan bo‘lib, ayni shu mutafakkirning sa’y-harakatlari bilan ular umumiy falsafiy kategoriyalar maqomini olgan. Inkor va inkorni-inkor kategoriyalaridan Gegel rivojlanishning o‘ziga xos xususiyatlarini yoritish vositasi sifatida foydalangan. Gegel, shuningdek uning o‘tmishdoshlari va izdoshlari ko‘rsatib bergan ba’zi bir o‘ziga xos xususiyatlarni ko‘rib chiqamiz.
Birinchidan, inkorni-inkor rivojlanish yo‘nalishini ko‘rish uchun imkoniyat yaratadi. Mazkur hodisa taraqqiyot yoki tanazzul alomati ekanligini bir inkor harakatining o‘zidan aniqlash mushkul. Shu bois, masalan, qabul qilingan muayyan qonun, saylov natijalari va shu kabilar haqida xulosa chiqarishga shoshilmaslik kerak.
Ikkinchidan, inkorni-inkor rivojlanish shaklining tavsifi bo‘lib xizmat qiladi. Ma’lumki, Gegelning dialektika tizimida rivojlanish mantiqiy ziddiyatning yuzaga kelishi va uning bartaraf etilishi sifatida tavsiflanadi. Bu jarayon «tezis – antitezis – sintez» formulasiga muvofiq yuz beradi. Dialektika kontekstida rivojlanishning uch bosqichi ijtimoiy va tabiiy tizimlar rivojlanishining ko‘p sonli ssenariylaridan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Ammo Gegel qayd etgan rivojlanishning siklligi, uning chiziqsizligi tabiat va jamiyatda jarayonlar kechishining ancha keng tarqalgan shakli hisoblanadi.
Uchinchidan, tabiiy va ijtimoiy sikllarda rivojlanish ham, tanazzul ham bo‘lmasligi mumkin: o‘zgarish aylanma harakat qiladi. Inkorni-inkorda rivojlanish quyi bosqichining o‘ziga xos xususiyatlari yuqoriroq bosqichda takrorlanishi yuz beradi. Avvalgi holatlarga qaytish imkoniyati, ya’ni o‘tilgan holatlarning ayrim xossalari rivojlanishning yuqoriroq bosqichida takrorlanishi bilish va tarixning rivojlanishini tushunish uchun o‘z ahamiyatini saqlab qoladi. Demak, inkor rivojlanishni yangi sifat paydo bo‘lishiga olib keladigan aniq yo‘naltirilgan, qaytmas o‘zgarish sifatida tavsiflanadi.
Shaklan rivojlanish bir chiziqli ham, aylanma ham emas, balki rang-barangroq va murakkabroq, chunonchi: bir chiziqli va ko‘p chiziqli, to‘g‘ri chiziqli va zigzagsimon, umumiy va xususiy, uyg‘un va nouyg‘undir.
Yo‘nalish jihatidan rivojlanish progressiv va regressiv bo‘ladi. Rivojlanish tizim ayrim elementlarining tanazzuli bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Butun tizim tanazzulga uchrashi, uning ayrim elementlari esa taraqqiy etishi mumkin emas. Ob’ektga nisbatan tashqi kuchlar ta’sirida yuz berishi mumkin bo‘lgan harakatdan farqli o‘laroq, rivojlanish o‘z-o‘zidan harakat, ichki jarayon bo‘lib, ziddiyat, bir-birini istisno etuvchi tomonlar, tendensiyalar uning manbai hisoblanadi.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, Gegel falsafasida rivojlanish tushunchasi inkor va inkorni-inkor kategoriyalarida yoritiladi. Mazkur terminologiya mutafakkirning mantiq tizimi negiziga aylantirilgan ob’ektiv-idealistik falsafasi kontekstida tasodifiy bir hol emas. Avval «inkor» kategoriyasining mazmunini aniqlaymiz. Inkor nima? Unga ikki xil – metafizik va dialektik munosabat mavjud.
Metafizik «inkor» asosiy e’tiborni eskining yo‘q bo‘lishiga qaratadi, yangining saqlanishi va uni yaratish jarayonlarini deyarli e’tiborga olmaydi. Shunday qilib, metafizik inkor - inkor qilish rad etish, yo‘q qilishni anglatadi.
Dialektik inkor eski sifatdan yangi sifatga o‘tish bo‘lib, bunda eski sifatning muayyan tomonlari, mazmuni va funksiyasining elementlari o‘zgargan ko‘rinishda yangi sifatga o‘tadi. Dialektik inkor – bu narsani butunlay yo‘q qilish emas, balki eski sifatning ba’zi bir jihatlarini saqlagan va o‘zgartirgan holda uni yangi narsaga aylantirishdir. U yangi va eski sifat o‘rtasida aloqa mavjudligidan dalolat beradi. Dialektik inkor uch muhim jihat bilan tavsiflanadi: 1) eskini vayron qilish, buzish; 2) eskining elementlarini saqlash (vorisiylik); 3) yangini yaratish, tuzish. Biz inkor kategoriyasi metafizik va dialektik talqinining mohiyatini aniqladik. Endi qo‘sh inkor nimadan iborat ekanligini ko‘rib chiqamiz.
«Qo‘sh inkorni - inkor» da rivojlanish jarayoni eski sifatni inkor qilishdan boshlanadi, uni esa oradan ma’lum vaqt o‘tgach yangi sifat inkor etadi. Ammo rivojlanish qanday yuz beradi? To‘g‘ri (yuksalib boruvchi) chiziq bo‘ylabmi yoki egri chiziq bo‘ylabmi? Bu masala quruq gap emas, balki u muhim ahamiyatga ega. Chunki rivojlanish jarayonida eski va yangining aloqasi bo‘lmaganda, vorisiylik ham bo‘lmasdi, eski butunlay yo‘q bo‘lar, rivojlanishni grafik ko‘rinishda yangi eskidan farq qiladigan, eski esa yangida takrorlanmaydigan to‘g‘ri (yuksalib boruvchi) chiziq sifatida tasvirlash mumkin bo‘lardi. Biroq amalda yangida eski saqlanadi, uning elementlari yangida takrorlanadi. Ammo bu takrorlanish yuqoriroq darajada yuz beradi. Eskining jihatlari, elementlari yuqoriroq asosda takrorlanishi biz muhokama qilayotgan qonunning o‘ziga xos xususiyati hisoblanadi. Bundan qonunning boshqa bir xususiyati kelib chiqadi. Hamonki eskining oliy asosda qaytarilishi mavjud ekan, rivojlanish to‘g‘ri chiziq bo‘ylab emas, balki spiralsimon chiziq bo‘ylab yuz berishi, sikldan-siklga eskiga yaqinlashishi (chunki takrorlanib turishlik mavjud) va undan uzoqlashib borishi (chunki bu yangi) ayon bo‘ladi.
Nima uchun bu takrorlanib turishlik muqarrar?
Gap shundaki, inkor ziddiyat bilan uzviy bog‘liq, u mazkur ziddiyatning yechilishi bilan belgilanadi. O‘ziga xos ziddiyat bilan vujudga kelgan har qanday yangi narsani olaylik. Ziddiyatning rivojlanish jarayonida narsa o‘zining qarama-qarshiligiga aylanadi. Ammo inkorning mazkur bosqichida dastlabki narsada mujassamlashgan ziddiyat faqat qisman yechiladi. Bu to‘liqsizlik narsa o‘zini inkor qilishda davom etishini belgilaydi. Birinchi inkor o‘rniga ikkinchi inkor keladi va ikkinchi narsaga qarama-qarshi bo‘lgan yangi, uchinchi narsa vujudga keladi, u ikkinchi narsaning inkori, ya’ni birinchi narsaning inkorining inkori hisoblanadi. Ikkinchi inkor bosqichida birinchi narsaga xos bo‘lgan ziddiyat to‘la yechiladi.
Inkorni-inkor qonuni – bu shunday bir qonunki, unga muvofiq rivojlanish jarayoni yangining eskini dialektik inkor etish cheksiz zanjiridan iborat bo‘ladi, bunda rivojlanish avvalgi bosqichlarining barcha muhim jihatlari yangida saqlanadi va umuman bu jarayon hujumkor, yuksalib boruvchi yo‘nalishga ega bo‘ladi. Ayni vaqtda rivojlanish jarayonida uning oliy bosqichlarida avvalgi bosqichlarning ayrim jihatlari va tomonlari sifat jihatidan yangicha asosda takrorlanadi va ayni hol to‘g‘ri chiziq, tutash doira bo‘ylab emas, balki spiralga yaqinlashuvchi egri chiziq bo‘ylab yuksalishni belgilaydi. Harakatning spiralsimonligi rivojlanishning siklligini aks ettiradi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda eski va eskirayotgan narsalarni inkor etish va ularning o‘rniga yangilarini qurish, yaratish uchun kurash davom etmoqda. Jamiyatda yuz berayotgan bozor iqtisodiyoti tug‘dirayotgan o‘zgarishlarni har bir kishi to‘g‘ri tushunib olishi lozim. Respublikani sifat jihatidan o‘zgartirish, uni yuksak taraqqiy etgan mamlakatlar qatoriga kiritish uchun hozirgi davrda har bir kishidan ko‘proq kuch-g‘ayrat sarflashni, o‘z faoliyatiga baho berishda xolis, prinsipial bo‘lishni, omilkorlik va fidokorlikni talab qiladi. O‘zbekistonning mustaqilligini mustahkamlash uchun faqat iqtisodiy o‘zgarishlar qilish yetarli emas, shu bilan birga, siyosiy, madaniy va ma’naviy o‘zgarishlar ham qilish, faol ijtimoiy siyosat olib borish, inson to‘g‘risida g‘amxo‘rlik, uning hayotiy manfaatlarini himoya qilish ham zarur.
Mustaqillik bizdan bilimdonlikni va yuksak darajada mutaxassislikni talab qiladi. Endilikda ishlab chiqarishni, fan va texnikani boshqarish, mehnatni, shubhasiz, yuqori darajada tashkil qilish va shu kabilar har tomonlama tayyorgarliksiz, chuqur bilimlarsiz bo‘lishi mumkin emas.
Mustaqillik — mustamlakachilikni qat’iyan bartaraf etish, taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi ma’muriy buyruqbozlik mexanizmni butunlay buzib tashlash, O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy rivojlantirishning ishonchli va samarali mexanizmini yaratish demakdir.
Mustaqillik umuminsoniy va milliy ahloq normalarini buzish hollaridan xolos etish, ijtimoiy adolat tamoyillarini izchillik bilan amalga oshirish demakdir. Bu degani: so‘z bilan ishning, huquq, bilan burchning birligini ta’minlash, xalollik va vijdon bilan ishlab, yuqori unumli mehnatni tashkil qilish, unga haq to‘lashda tekischilik tendensiyalarini, iste’molchilik kayfiyatini bartaraf etish, inkor qilish demakdir.