Ijtimoiy psixologiyada xujjatlarni o’rganish metodining mohiyati. Hujjatlarni o’rganish metodi sotsiologiya fanidan kirib kelgan. Bu metodning qator afzalliklari bor. Ulardan muhimlari shundan iboratki, u faoliyatning mahsulini tekshirishga imkon beradi hamda to’plangan ma’lumotlarning ishonchliligi, matematik qayta ishlash imkoniyatining borligi bilan ajralib turadi.
Ijtimoiy hodisalarni kontent-analiz usuli orqali tekshirish.Materiallarni ma’naviy jihatdan ham sifat, ham miqdoriy analiz qilinish usuli ijtimoiy psixologiyada kontent-analiz deb ataladi. Kontent-analizning ilmiy mohiyati shuki, uning yordamida biror matnda ma’lum fikr, g’oya yoki tushunchalarning necha marta qaytarilishi qayd etiladi, ya’ni ma’lum mazmun miqdor ko’rinishiga keltiriladi. Bu metodning asoschilari amerikalik sotsiologlar X. Lassuell va B. Berelsonlar bo’lib, ular bu usulni birinchi marta ikkinchi jahon urushi yillarida bir siyosiy gazetaning mazmuni, uning g’oyaviy yo’nalishini aniqlash maqsadida qo’llagan edilar. Ular «Haqiqiy amerikalik» nomli gazetaning kundalik chiqishlarini kontent-analiz qilib, ularni fashistik yo’nalishidagi gazeta ekanligini isbot qilishgan va uning chiqishini ta’qiqlashga erishgan edilar.
Kontent-analizni qo’llashda tadqiqotchi oldida turgan asosiy muammo bu tekshiruv birliklari — kategoriyalarni aniqlashdir. CHunki bunday birliklar tadqiqotning maqsadi va tadqiqotchining e’tiqodi va dunyoqarashiga ko’ra har xil bo’lishi mumkin. Masalan, kontent-analizning asoschilari Lassuell va Berelьsonlar bunday birlik — ramziy birlik yoki simvollar bo’lishi mumkin, deb hisoblashgan bo’lsalar, boshqa amerikalik tadqiqotchi L. Loventalь bunday birlik yaxlit mavzu bo’lishi kerak deb hisoblaydi. Aslida, bunday birliklar kontent-analizda ilmiy taxmin va tadqiqotchining metodologik asoslari bilan belgilanishi kerak. SHuning uchun ham ko’pgina tadqiqotchilarni umumlashtirib, analiz uchun birliklar quyidagilar bo’lishi mumkin deb hisoblaymiz:
a) alohida iboralar yoki so’zlarda bildirilgan tushunchalar (masalan, demokratiya, faollik tashabbus, hamkorlik va hokazo);
b) yaxlit abzatslar, matnlar, maqolalar va shunga o’xshashlarda ko’tarilgan mavzular (masalan, millatlararo munosabatlar mavzusi, insonlardagi milliy qadriyatlar mavzusi va hokazo);
v) tarixiy allomalar, siyosatshunoslar, taniqli shaxslarning nomlari;
g) ijtimoiy hodisa, rasmiy hujjat, biror aniq fakt, asar (masalan, oilaviy mojarolar, O’zbekiston Konstitutsiyasi muhokamasi, yangi yozilgan asarga o’quvchilarning munosabati va shunga o’xshash).
Yaxshi o’tkazilgan kontent-analiz aslida ijtimoiy psixologik tadqiqotlarda juda katta ahamiyatga ega. Kontent-analiz tadqiqotchidan kattagina uquvni talab qiladi, chunki bir tomondan, u yoki bu matnni tushunish mahorati bo’lishi kerak, ikkinchi tomondan, tadqiqot so’ngida qo’lga kiritilgan miqdoriy birliklarni yana qayta sifat formasiga keltirish lozim, ya’ni tushuntirib berish kerak.