1. Til va tafakkur. Til va ma’naviyat: Tabiat va jamiyat mahsuli bo‘lgan inson,
ayni paytda, ularning oliy namunasi ham sanalib, olamni narsa va predmet shaklida,
voqea va hodisa tarzida ongida aks ettiradi, idrok qiladi, fikrlaydi. Bu jarayonda muhim
vosita hisoblangan tilning ahamiyati g‘oyatda muhimdir. Shuning uchun ham til va
tafakkurni bir-biridan alohida tarzda tasavvur qilib bo‘lmaydi. «Til bilan tafakkur bir-
birini taqozo etadigan ajralmas hodisadir. Tilsiz tafakkur bo‘lmaganidek, til ham
tafakkursiz bo‘lmaydi»
Tilning inson uchun fikrlash vositasi bo‘lishi, moddiy asos sifatida xizmat qilishi
uning amalda bo‘lishidagi birinchi bosqich hisoblanib, ikkinchi bosqichda fikr,
tafakkur mahsuli reallashadi, ya’ni u miyadan tashqariga chiqadi. Shunday qilib,
ikkinchi bosqichda til kommunikativ - aloqa vazifasini bajarishga kirishadi.
Til insonlar o‘rtasida aloqa vositasi bo‘lishi, tabiat va jamiyatdagi narsa va
hodisalar to‘g‘risida xabar berishdan tashqari suhbatdosh yoki tinglovchiga ma’lum
ta’sir o‘tkazish, hissiyotini qo‘zg‘atish kuchiga ham ega. Agar bu holatni shartli
ravishda beshinchi bosqich deb ataydigan bo‘lsak, ta’kidlaganimizdek, tilning
bosqichma-bosqich takomillashib, mukammalashib va imkoniyatlari ham asta-
sekinlik bilan kengayib borishini kuzatamiz.
Mana shu o‘rinda tilning hyech bir imkoniyati nutqsiz, nutqiy jarayonsiz amalga
oshmasligi, yuzaga kelmasligiga ham amin bo‘lamiz. «Til va tafakkurning birligi
nutqda o‘z ifodasini topadi. Nutq og‘zaki va yozma holda mavjud bo‘lib, unda
fikrimiz moddiy shaklga, ya’ni hissiy idrok etiladigan shaklga kiradi va shu tariqa u
endi bir shaxsga emas, balki jamiyatga tegishli bo‘lib qoladi».
Ma’lum bo‘ladiki, til nutqning o‘ta muhim unsuri sifatida aloqa, xabar, ta’sir
etishdek, shu bilan birga, imkoniyatlari nihoyatda kengayib borishi natijasi o‘laroq
kishilik jamiyati to‘plagan tajriba va bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazishdek
ulug‘vor ijtimoiy vazifani bajaradi.
O‘z shakllanishi va rivojlanib borishi davomida uzoq tarixiy yo‘lni bosib
o‘tadigan til asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, takomillashib ham boradi. Bu holni uning
ichki qurilishida, amalda bo‘lish qoidalarining ma’lum bir tizimga kela borishida
kuzatamiz. «Ichki qurilish nuqtai nazardan til ma’lum miqdordagi bir-biri bilan
chambarchas bog‘liq bo‘lgan til birliklarining yig‘indisi va ana shu birliklardan
foydalanish qoidalaridan tashkil topgan murakkab sistemadir»
Nutq tilning namoyon bo‘lishi, ro‘yobga chiqish, voqyelanish shakli bo‘lib, u
bevosita kuzatishda berilgan, moddiy (tabiiy, fizik) shaklga egadir.