2. Aholining oqilona bandligini ta’minlash mezonlari va ko’rsatkichlari Oqilona bandlikni shakllanishining barcha demografik, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa jihatlari quyidagi mezonlarda o’z aksini topadi: ishchi kuchiga talab va taklif o’rtasida bozor muvozanatiga erishish; ish joylarini ko’paytirish; iqtisodiy faol aholining mehnatda ishtirokini oshirish; mehnat unumdorligining o’sishini ta’minlash; aholining mehnat daromadlarini ko’paytirish; ishsizlikni kamaytirish va boshqalar. Mazkur mezonlar quyidagi ko’rsatkichlar yordamida aniqlanadi: mavjud va yangi yaratilgan ish joylarining soni; bajarilgan ish vaqtining miqdori; aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan YaIMning hajmi; mahalliy va jalb etilgan mehnat resurslarining soni; aholining migrasion oqimi; mehnatni fond va energiya bilan qurollanishi; ijtimoiy infratuzilma xizmatlarining miqdori; qishloq xo’jaligi har bir xodimini yer yuklanmasi; o’rtacha yillik ish haqi; aholining uy-joy bilan ta’minlanishi; mehnat resurslarining malaka va ma’lumot darajasi; asosiy fondlardan foydalanishning smenalik koeffisiyenti; ijtimoiy ishlab chiqarishda band bo’lmagan shaxslar va ishsizlar soni hamda ularning nafaqa miqdori; mehnatning umumiy natijalaridan va ijtimoiy infratuzilma xizmatlaridan qanoatlanish darajasi; mulkchilikning turli xil shakllari va mehnatni tashkil qilishning samaradorligi va h.k.
Yuqorida qayd etilgan mezonlar va ularning ko’rsatkichlaridan mehnatga layoqatli aholining oqilona bandligini shakllantirishni tartibga solish mexanizmlarini, tegishli maqsadli kompleks dasturini va ekonometrik modellarni hamda kompleks tahlili va istiqbolini belgilashning metodologik asoslarini yaratishda va ularni tatbiq etishda foydalanish mumkin.
3. Aholini ish bilan ta’minlashni tartibga solish Iqtisodiy siyosatning tarkibiy qismi bo’lgan bozorni boshqarish (tartibga solish) siyosati uch asosiy maqsadga erishishni nazarda tutadi:
tarkibiy qayta qurishni rag’batlantirish va bo’shab qolgan xodimlarni qayta taqsimlash jarayonini jadallashtirish;
ishsizlarni mehnat jarayoniga tezlik bilan jalb qilish;
ish qidirayotganlarning har birini ish bilan ta’min etish.
Davlatning aholini ish bilan ta’minlash siyosatining chora-tadbirlari quyidagi sohalar bo’yicha tabaqalashtirilgan:
ta’sir ko’rsatish obyekti bo’yicha (umumiy va ixtisoslashgan chora – tadbirlar);
mablag’ bilan ta’minlash bo’yicha.
Aholini ish bilan ta’minlash va unga ta’sir ko’rsatish usullariga quyidagilarni kiritish mumkin:
bilvosita (ma’muriy) usullar: qonun yo’li bilan tartibga solish;
mehnat qonunchiligi, jamoa shartnomalari;
bevosita (iqtisodiy) usullar: moliyaviy, monetar, fiskal (xazina) siyosati.
Aholini ish bilan ta’minlashga davlatning ta’sir ko’rsatish usullari:
passiv ta’sir ko’rsatish – ish bilan band bo’lmagan aholiga ijtimoiy yordam;
faol ta’sir ko’rsatish – mehnat taklifini rag’batlantirish, mehnatga bo’lgan talabni rag’batlantirish, talab va taklifni muvofiqlashtirish chora-tadbirlari (axborot, maslahat xizmati ko’rsatish, kasbiy sohada maslahatlar berish, aholining kamroq raqobatdosh guruhlari uchun bandlik dasturlarini ishlab chiqish va hokazolar).
Davlat bandlik siyosati doirasida mehnat bozorini tartibga solishda bandlikka ko’maklashish jamg’armalarining ahamiyating alohida ta’kidlab o’tish kerak. Bandlikka ko’maklashish jamg’armasi xarajatlarini shartli ravishda quyidagi yo’nalishlar bo’yicha qismlarga ajratish mumkin:
ishsizlik bo’yicha nafaqaga sarflanadigan mablag’lar, ishsizlarga moddiy yordam ko’rsatish, uzoq muddatli pensiyalar to’lash. (Bularni passiv siyosat deb atash qabul qilingan.);
qayta tayyorlash va jamoat ishlariga sarflanadigan mablag’lar. Faol siyosatning mazkur shakli amaldagi qonunchilikdan kelib chiqadi, ya’ni bandlik sohasidagi davlat xizmti uchun majburiy hisoblanadi.
moliyaviy qo’llab-quvvatlashga, qimmatli qog’ozlar sotib olish va boshqa xarajatlarga mo’ljallangan mablag’lar. Aytib o’tilgan bu shakllarni birlashtirib turadigan tomon shuki, ular qonun bilan kafolatlanmagan. Shu bilan birga «moliyaviy qo’llab - quvvatlash» moddasiga doir xarajatlarni mehnat bozoridagi faol siyosat shakllariga kiritish qabul qilingan;
bandlik xizmatlarini rivojlantirish uchun mo’ljallangan mablag’lar (ularni ta’minlash, kapital mablag’lar, reklama, «Bandlik» axborot xizmati).
Davlatni bandlikka ko’maklashish jamg’armasi quyidagi to’lovlarni amalga oshiradi:
ishsizlik bo’yicha nafaqa to’lash;
bandlik xizmati yo’llanmasi bilan ko’ngilli ravishda boshqa joylarga ko’chib boruvchining yo’l chiqimlari bilan bog’liq moddiy xarajatlarini qoplash;
vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri uchun haq to’lash;
bandlik xizmati tomonidan kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish uchun stipendiyalar.
Ishsizlarga uzoq muddatli pensiyalar tayinlash munosabati bilan Pensiya jamg’armasi xarajatlari bandlikka ko’maklashish jamg’armasidan qoplanadi. Aholining bandlikka ko’maklashish jamg’armasiga badallar to’lashi uchun sug’urta tarifi mehnat haqiga to’lashga mo’ljallangan mablag’larning 1,5%ini tashkil etadi. Badallar to’lashdan nogironlarning jamoat tashkilotlari, nogironlar va pensionarlarning jamoat tashkilotlari, ularga tegishli bo’lgan korxonalar, shuningdek, diniy birlashmalar ozod qilinadi. Hozirgi vaqtda O’zbekistonda mehnat bozorini boshqarishda bir qator yo’nalishlar mavjud bo’lib, ular aholi bandligi davlat xizmatiga taailuqlidir. Bu xizmatning asosiy vazifasi mehnat bozori haqidagi axborotni tarqatish hisobiga mehnat bozorining faoliyat ko’rsatishi samaradorligini oshirishdan iborat.
O’zbekistonda davlat bandlik xizmati 1991 yilda tashkil etilgan edi. Respublika aholi bandlik xizmati ishining asosiy tamoyillari xalqaro amaliyotga muvofiq keladi. Hozirgi vaqtda O’zbekiston aholi bandligi xizmati mintaqalarda (viloyatlar, shahar va tumanlarda) ishlab turibdi.
Aholining bandligiga ko’maklashish bilan bog’liq xizmatlar bandlik xizmati organlari tomonidan bepul ko’rsatiladi. Bozor munosabatlarining rivojlanishi bandlikning nodavlat xususiy xarakterdagi tuzilmalari ham tashkil etilishiga imkon bermoqda. Bular xodimni tanlash bo’yicha tijorat agentliklari, o’quv yurtlari huzuridagi muassasalar, diniy idoralar huzuridagi va hokazo muassasalardir. Mehnat birjalari ham ishlab turibdi. Tajribalarning ko’satishicha, mehnat birjalari mehnat bozorining to’la ma’noda tartibga soluvchi ta’sirchan vositasi bo’lib qolishi mumkin.
Mehnat birjalari mehnat bozori haqidagi, uning ahvoli va istiqboli to’g’risidagi axborotlarni o’zida to’playdi. Bozor tuzilmasi sifatidagi mehnat birjasi xilma-xil vazifalarni bajaradi.
Aholi bandligini nodavlat darajasida tashkil etish sohasidagi tijorat tuzilmalarining boshqa shakllari ham mavjud.