1-amaliy mashg’ulot Metrologiyani jamiyat rivojlanishida, ilmiy izlanishlarda, zamonaviy ishlab chiqarishda va mahsulot ishlab chiqarishda ahamiyati. Reja
1-amaliy mashg’ulot Metrologiyani jamiyat rivojlanishida, ilmiy izlanishlarda, zamonaviy ishlab chiqarishda va mahsulot ishlab chiqarishda ahamiyati.
Reja: 1. Metrologiya asoslari fanining maqsad va vazifalari
2. Metrologiyaning rivojlanish bosqichlari va uning ilmiy-texnikaviy taraqqiyotga ta’siri.
3. O‘zbekistonnning mustaqillik davridagi rivojlanish.
“Metrologiya asoslari” fani uzoq tarixga ega bo‘lishi bilan bir qatorda, ilmiy-falsafiy nuqtai nazardan iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga xos bo‘lgan, doimiy ravishda va uzluksiz tarzda rivojlanishda bo‘luvchi fanlar turkumiga kiradi.
Ma’lumki, respublikamizda tub iqtisodiy islohotlar orqali bozor munosabatlarini shakllantirishga kirishishda eng avvalo, uning strategik maqsadlari belgilanib olindi. Bu maqsadlar ichida “raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni ta’minlash” alohida ta’kidlab o‘tilgan. Iqtisodiy islohotlarning ustivor sanalgan yo‘nalishlarida ham quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin:
ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish orqali tayyor ekspertbob mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish;
aholini yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash;
mamlakatning eksport quvvatidan to‘la-to‘kis foydalanish, uni jadallik bilan rivojlantirish.
Bu borada respublikamizda qisqa muddat ichida ulkan ishlar amalga oshirildi va natijada O‘zbekistonga faqat xom ashyo zonasi sifatida qarashlarga barham berildi.
Hozirgi kunda har bir mutaxassis o‘z faoliyat sohasidagi parametrlarni va ularni o‘lchash usullarini, o‘lchash vositalarini, ularning texnikaviy tavsiflarini bilishlari zarur. Bundan tashqari texnika yo‘nalishidagi mutaxassislar o‘lchanadigan va baholanadigan kattaliklarni nazorat qilish vositalari hamda ularni ishlatish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni bilmog‘i zarur.
Ilmiy-texnika taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlaridan biri kattaliklarni yanada aniqroq o‘lchaydigan mukammal nazorat-o‘lchash asboblarini, qurilmalarini va tizimlarini yaratishdir.
Metrologiya fan sifatida o‘lchashlar, ularga bog‘liq va tegishli bo‘lgan qator masalalarni o‘z doirasiga oladi. Metrologiya aslida yunonchadan olingan bo‘lib, o‘lchash, o‘lcham, nutq, mantiq, ilm yoki fan ma’nolarini bildiradi. Umumiy tushunchasini oladigan bo‘lsak, metrologiya - o‘lchashlar haqidagi fan.
Inson aql-idroki, zakovati bilan o‘rganayotgan, shakllantirayotgan hamda rivojlantirgan qaysi fanni, uning yo‘nalishini olmaylik, albatta o‘lchashlarga, ularning turli usullariga, o‘zaro bog‘lanishlariga duch kelamiz. Bu o‘lchash usullari va vositalari yordamida ularning birliligini, yagona o‘lchashni talab etilgan aniqlikda ta’minlash metrologiya fani orqaligina amalga oshiriladi. SHu sababdan hozirdagi qaysi bir fan, ilmiy yo‘nalish, u hoh tabiiy, hoh ijtimoiy bo‘lmasin, albatta u yoki bu darajada metrologiya bilan bog‘liq. Inson qo‘li etgan,faoliyati doirasiga kirgan ammo o‘lchashlar va ularning vositalari yordamisiz o‘rganilgan, izlangan hamda ko‘zlangan maqsadlarga erishish mumkin bo‘lgan birorta yo‘nalish yo‘q. SHuning uchun ham metrologiya asoslarini bilish, uni o‘z mutaxassisligi doirasida tushunish va amaliy qo‘llash texnika va texnologiya soxalaridagi bakalavriat yo‘nalishlari bitiruvchilari uchun muhim omillardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Metrologiya fani texnika, menejment va marketing sohalari yo‘nalishlarida bakalavrlar va muxandislar tayyorlashda o‘tilishi lozim bo‘lgan fanlardan hisoblanadi. Oliy ta’lim andozasidan kelib chiqib, ushbu fan talabalarda metrologiya asoslari bo‘yicha zarur va etarli bo‘lgan asosiy tushunchalarni shakllantiradi.
Metrologiya asoslari fanini o‘rganishdan maqsad: talabalarda xalq xo‘jaligining texnika-texnologiya, menejment va marketing sohalaridagi ishlab-chiqarish, savdo, nazorat va iste’mol bilan bog‘liq bo‘lgan turli metrologik masalalar bilan shug‘ullanish borasida etarli bilim va malakalarni hosil qilish. Asosiy vazifalar esa talabalarni uzluksiz ta’lim tizimida metrologiya asoslari bo‘yicha tayyorlashdan kelib chiqadi. Bunda maxsus fanlar doirasida rivojlanuvchi va chuqurlashuvchi metrologiya, kvalimetriya, sifatni o‘lchash bo‘yicha fundamental ma’lumotlar o‘rganiladi.