Qoplonbek hozirgi Toshkent tumanida joylashgan qishloqlardan biri.
7. “Shum bola” filmini ko‘rganda Omon va Qoravoy mol bozorida ariq bo‘yida o‘tirib, oshamlab-oshamlab, sopol kosani boshidan ko‘tarib uvra oshi yegan joyini yaxshi bilishadi. Bu Zolariq (hozirgi nomi Zaxariq) bo‘lib, Ko‘kterakdagi mashhur mol bozoridan oqib o‘tgan.
Hozirgi kunda asarda keltirilgan Zaxariq bo‘ylari M.Pozilov agrofirmasi hududi hisoblanadi.
8. Sulton kissavur bozorda bir Abdurayim ismli bo‘sh-bayov yigitning pulini o‘marib, aldaydi. Muttahamlik qilib, uning o‘zini o‘g‘riga chiqaradi. O‘sha Abdurayim yigit “To‘qli jallob” mahallasidan ekanligini aytadi.
Bu mahallaning bir qismi hozir Zangiota tumani hududiga to‘g‘ri keladi, bir qismi esa poytaxt hududi hisoblanadi. Mahalla Toshkentning Ko‘kcha mavzesiga qaragan, asosan mol savdosi (jalloblik) bilan shug‘ullangan.
9. Bozordan chiqib, Yaxshiqiz kampirning uyida tunab qolishadi. Shu yerda Shum bola “Daryo toshqin”ni kuylagan joy. Yarim tunda Sulton kissavur domlaning bor pulini olib qo‘yadi. Erta tongda domla Omon bilan Qoravoyni uyg‘otib, kissavurlardan qochish kerakligini aytadi. Ular Qing‘iroq tepa degan joyga qarab qochmoqchi bo‘lishadi.
Qing‘iroq tepa Toshkent tumani hududidagi qishloq, shu nomdagi kanal ham oqib o‘tadi.
Umuman olganda, G‘afur G‘ulom Shum bolaning sarguzashtlari orqali biz uchun yaqin va oddiy odamlar o‘z hayoti bilan andarmon bo‘ladigan manzillarda xalq hayotining, inson ichki olami turfa manzaralarining guvohi bo‘lamiz. Endilikda ushbu adabiy asar orqali Toshkent viloyatining bu joylari haqida geografik va tarixiy ma’lumotlardan farqli o‘laroq bir bola nigohi bilan o‘sha davr nafasini his qilgandek bo‘lamiz.
Shu o‘rinda bir taklifni bildirmoqchi edik. Ukrainaning Odessa shahrida “12 stul” va “Oltin buzoq” romanlari qahramoni Ostan Benderga haykal o‘rnatilgan. Umuman, mashhur adabiy qahramonlarga qo‘yilgan haykallar va monumentlar ko‘p. Chirchiqda Rasul Hamzatovning “Turnalar” she’riga monument qo‘yilgan.
Asar voqealari Ko‘kterak va uning atroflarida, Keles, Chuvalachi singari hududlarda bo‘ladigan “Shum bola” qissasi va uning qahramonlari uchun Toshkent tumanida xiyobon yoki yodgorlik tashkil qilinsa, yoshlarning sevimli maskani bo‘lar edi.
Bu ishning tarbiyaviy ahamiyati ham katta. Chunki 100 yillar burun bolalar och-nahor, o‘g‘irlik oddiy ish, shumlik ham shunga yarasha, yurt egasiz, kissavur ko‘p, boylarda insof yo‘q bir kunlar o‘tgan. Bugunning bolalari shum qadam, shum taqdir emas, ular xush qadam, xush taqdir bolalar. Ammo o‘tmishni unutmaslik, yod etib turish ham kerak-da...