4. Transport oqimining harakat tezligini o‘lchash va zichligini aniqlash. Transport vositalarining harakat tezligini Sekundomer bilan o'lchash uchun yo'lning chorraha va to'g'ri qismlarida ma'lum bir masofa belgilab olinadi. Asosan o'lchov masofasining uzunligi 50 m.dan (harakat tezligi kichik bo'lgan joylarda) - 150 metrgacha (harakat tezligi yuqori bo'lgan joylarda) belgilanadi. Transport vositalarining kirish va chiqish vaqtini aniq belgilash uchun yo'l yoqasiga oq-qora rangli bo'yoq bilan bo'yalgan ishora tayog'i o'rnatiladi yoki yo'lning qatnov qismiga ko'ndalang belgi chiziqlari tushiriladi. Kuzatuvchilar (talabalar) harakat tezligini o'lchash uchun real ko'cha sharoitida o'tayotgan transport vositalarini yoki maxsus o'rnatilgan kamera yordamida televizor ekraniga uzatilayotgan, shuningdek avvaldan olib qo'yilgan videolavhalardagi transport vositalarining tezligini sekundomer yordamida aniqlaydilar. Kuzatuv natijalarini oldindan tayyorlangan jadvalga yozib boradi. Kuzatuvchi transport vositasining oldi bamperi o'lchov chizig'iga kirganda daqiqa o'lchagichni ishga tushiradi va o'lchov masofasidan chiqishda uni to'xtatadi.
Tezlikni o'lchashdan olingan qiymatlar 4.1-jadvalga yoziladi. Harakat tezligi to'g'risidagi natijalar matematik statistika usuli yordamida qayta ishlanadi. Olingan natijalarni statistik qayta ishlash misoli 4.2-jadvalda ko'rsatilgan. Statistik tahlilning birinchi bosqichi bir-biriga eng yaqin qiymatlarni turkumlarga birlashtirishdan iborat. 4.2-jadval qiymatlaridan foydalanib taqsimot egriligi va jamlangan taqsimot egrilik grafiklari quriladi(4.1-rasm).
4.1-jadval
Avtomobillarning harakat tezligini aniqlash
4.1-rasm. Kuzatish natijalarining statistik qayta ishlanish grafiklari.
a) taqsimot egriligi; b) yig'ilgan taqsimot egriligi.
Taqsimot egriligi yordamida avtomobillar harakat tezligining ko'p qaytariladigan (modal) qiymati aniqlanadi. Yig'ilgan egrilik yordamida 15, 50, 85, 95% ta'minlanganlikdagi tezlik qiymatlari aniqlanadi va mavjud ko‘cha baholanadi.