1.2. Baxtiyor Nazarovning ilmiy faoliyai qirralari
Adabiy jarayon misli bir oqar daryo, mislsiz ummon. Unda suzib yurgan bitta baliqning (boringki, bir ulkan kitning) o‘limi bilan daryo oqishdan, dengiz mavjlanishdan to‘xtab qolmaydi. Aksincha, baliq uchun suvsiz tiriklik yo‘q. Shu ma’noda, U.Jo‘raqulov aytganiday: “Men bo‘lmasam adabiy jarayon to‘xtab qoladi” , deydigan munaqqid qattiq adashadi. Zero, baliqning mavjudligi va uning hayoti faqat suvda mazmun-mohiyat kasb etadi. Xuddi shunday, haqiqiy munaqqid ham adabiy jarayonsiz yashay olmaydi. Demak, chin munaqqid “Men bo‘lmasam…” emas, balki adabiy jarayon bo‘lmasa, mening hayotim to‘xtab qoladi”, - deb o‘ylaydi. Baxtiyor Nazarovni ham hech ikkilanmay ana shunday jafokash munaqqidlar qatoriga qo‘shish mumkin. Olimning “Hayotiylik bezavol mezon”, “Iste’dod jilolari”, “Olim madaniyati” kabi asarlarida keltirilgan chuqur va haqqoniy mulohaza va qarashlar ham yuqoridagi fikrlar uchun asos bo‘la oladi. Chin ma’noda, u o‘z hayotini “adabiyot” otli shiddatkor bir “kurash maydonida” mardonavor jang bilan kechirmoqda. Zotan, chin munaqqidning qismati ham, saodati ham ana shu.
Baxtiyor Nazarov ikki jildlik “O‘zbek adabiy tanqidchiligi tarixi” kollektiv monografiyadagi “Ikkinchi jahon urushi davri o‘zbek tanqidchiligi”, “30-yillar o‘zbek tanqidchiligida estetik tafakkurning shakllanish xususiyatlari”, ikki tomlik “Adabiy turlar va janrlar” kollektiv asaridagi “Epos adabiy tur sifatida”, “O‘zbek hikoyachiligining rivojlanish xususiyatlari” kabi fundamental tadqiqotlari bilan ham o‘zbek taqidchiligiga munosib hissa qo‘shdi. Munaqqid dastlabki izlanishlari bilan ilmiy-badiiy jamoatchilik e’tiboriga tushganida 27-28 yoshlarda edi. Tengdoshi, prof. N.Rahimjonov e’tirof etganiday, “O‘ziga ham, tengqurlariga ham o‘ta talabchanlik, hayratlanarli darajadagi mehnatkashlik Baxtiyor Nazarovga hamisha hamkor. Bu narsa iste’dodning zanglab qoolmasligiga, badiiy didning doimo charxlanib, toblanib turishiga, estetik saviya piligini pasaytirmaslikka, muhimi, ijodiy hofiza ko‘lamini kengaytirib borishda yangi-yangi tesha tegmagan fikrlar tug‘ilishi, vosil bo‘lishida asos vazifasini o‘tayotir”1.
Darhaqiqat, “O‘zbek adabiy tanqidchiligi”, “Olim madaniyati”, “Bu sehrli dunyo”, “Hayotiylik-bezavol mezon”, “Hamza adabiyati”kabi qator monografiyalar, risolalar, uch yuzdan ortiq ilmiy-nazariy maqolalari ham alohida ahamiyatga molik.
Baxtiyor Nazarov o‘zbek adabiyoti ilmining yetakchi vakilidir U badiiy ijodni tadqiqotchilik bilan omuxtalikda olib borishga jazm etdi. Cho‘g‘dek lovullab dilini yoritgan ushbu niyat Toshkent viloyatining Yangibozor qishlog‘idagi maktabda o‘zbek tili va adabiyoti muallimi bo‘lgan kezlarida ham, o‘zbek tili ensiklopediyasi bosh redaksiyasidagi ilmiy muharrirlik faoliyati davrida ham, aspiranturada tahsil olayotganida ham ko‘nglini aslo tark etmadi. Nihoyat, ushbu da’vat “O‘zekistonda adabiy tanqidning fan sifatida shakllanishida Oybekning roli” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasi sifatida yuzaga keldi. Mazkur tadqiqot alloma adib Oybekning adabiyotshunoslik faoliyati XX asrning 30-60-yillari o‘zbek adabiy-tanqidiy tafakkur taraqqiyoti bilan uzviy birlikda o‘rganildi.
Baxtiyor Nazarov tanqidchilik va adabiyotshunoslikka Oybek adabiy-tanqidiy, estetik qarashlarini o‘rganish bilan kirib keldi. Dastlab “Badiiy asarda peyjaz” (1967), “O‘tmishimiz ko‘zgusi” (1968), “O‘tkan kunlar nemis tilida” (1969) kabi taqriz va maqolalari bilan ko‘zga tashlangan yosh adabiyotshunos 1969 yildan e’tiboran Oybek haqida “Oybek siymosi”, “Oybek estetik qarashlarining shakllanishiga doir”, “Oybekning unutilgan bir maqolasi” kabi bir turkum maqolalarini e’lon qildi. Ularda adib o‘z ijod amaliyotidan chiqargan ilmiy xulosalari hamda nazariy qarashlarining badiiy izlanishlariga ko‘rsatgan ta’siri o‘rganildi. Bu izlanishlar natijasi o‘laroq, “Bu sehrli dunyo” (1980) kitobi yuzaga keldi.
Adabiyotshunos olim va munaqqid adabiy tanqidchi mahorati muammolarini tadqiq etishga alohida e’tibor qaratdi. O‘zbek tanqidchiligida sifat o‘zgarishlari ro‘y berayotgani, tanqid adabiy jarayonga faol ta’sir ko‘rsatishga intilishi, shu bilan birga, tanqidchi mahoratining o‘sib borishi yaqqol ko‘zga tashlanayotgani adabiy jarayon kontekstida tahlil etildi. Olimning aynan shu mavzudagi “Davr va munaqqid” nomli maqolasi Naim Karimovning munaqqidlik faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlangan edi. Unda ilgari surilgan quyidagi fikrlar e’tiborga molikdir: “Ijodiy serqirralik, serohanglik, rang-baranglik, ko‘tarilayotgan muammolar hamda ularning yechimidagi jur’at, yangiliklar va tashabbus singari fazilatlar jihatidan bugungi tanqidchiligimizda Naim Karimov bilan bellasha oladigan munaqqidlarimiz yo‘q desam fikrimni mubolag‘aga yo‘ymang”1. Maqolani ana shunday e’tirof bilan boshlagan olim so‘zining isbotini ham keltiradi. “Naim Karimovning maqolalari, tadqiqotlari, kitoblari haqida fikr yuritganda, bu xususiyatlarning qay biriga alohida urg‘u berishga, olim faoliyatidagi qaysi jihatlarni yetakchi sifatida ta’kidlashga nainki adabiyotning oddiy ixlosmandlari, balki bu ish bilan uzoq yillardan buyon shug‘ullanib kelayotgan mutaxassislar ham munaqqidning yaqin do‘st-u birodarlari ham birmuncha qiynalib qolsalar ajab emas. Bu esa o‘z navbatida birgina maqola doirasida olim hayoti va ijodi haqida bir chetdan batartib va batafsil ravishda mulohaza yuritishni yanada qiyinlashtiradi. Shu ma’noda, bu shoirqalb va ayni paytda yozgan ishlari ilmiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy jihatdan zalvorli va teran bo‘lgan olim haqida qoliplashgan uslubdan ko‘ra, uning o‘zidagi fikrlash yo‘siniga yaqinroq tarzda mushohada tizginini erkinroq qo‘yish ma’qulroq sanaladi. U o‘zbek adabiyotshunosligiga badiiylashgan tafakkur usulini olib kirdi. Uning Hamid Olimjon, Usmon Nosir haqidagi maqola va monografiyalari, birgina Oybek haqidagi 60 ga yaqin maqola, olti-yetti kitobi xalq orasida mashhur bo‘lib ketdi”2, deb yozadi Baxtiyor Nazarov.
O‘zbek tanqidchiligida sifat o‘zgarishlari ro‘y berayotgani, tanqid adabiy jarayonga faol ta’sir ko‘rsatishga intilishi, shu bilan birga, tanqidchi Baxtiyor Nazarov mahoratining o‘sib borishi yaqqol ko‘zga tashlanayotgani, adabiy tanqid janrlarida rang-baranglik sezilayotgani atroflicha tahlil qilindi. Bu yo‘nalishda olimning “Adabiyotshunosligimiz va tanqidchiligimiz yangi bosqichda”, “Badiiy asar qalbi va tanqidchi dunyosi”, “Yosh tadqiqotchilarni tarbiyalash muammolari” kabi maqolalari maydonga keldi. Jumladan, u o‘z maqolalaridan birida shunday fikrlarni aytib o‘tgan: o‘zbek tanqidchiligi va adabiyotshunosligi XX asrning uchinchi choragidan boshlab o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarildi. Xususan, istiqlol arafalari va ayniqsa, mustaqillik davriga kelib metodologiya masalasida xalqaro mezonlarni egallash yo‘liga o‘tganini ko‘rsatdi. Tanqid va adabiyotshunoslik metodologiyasi asosida badiiy adabiyotni tadqiq etish qonuniyatlarining umumiy mushtarak tamoyillari yotsa-da, bu umumiylik va mushtaraklik tamoyillaridagi hujayralarida har bir xalqning adabiy-madaniy hamda ijtimoiy-siyosiy ehtiyojlari bilan aloqadorlikdagi milliy xususiyatlari ham bo‘lishi mumkinligini inkor etmaydi.
Baxtiyor Nazarovning “Olim madaniyati” (1977) risolasi tanqidchining fikrlash madaniyatiga bag‘ishlangan. Bu adabiy portret samimiy va qiziqarli uslubda yozilganligidan tashqari, munaqqid ijodining tahlili uning shaxsiyati bilan bog‘lab tadqiq etilgani jihatidan kitobxonlar diqqatini jalb etdi. Olim adabiyotshunos Homil Yoqubov ijodiga xos bosiqlik, izchil mantiqqa suyanish, prinsipiallik, chuqur samimiyatning sirini uning shaxsiyatidan izlaydi. H.Yoqubovning inson va olim sifatidagi qiyofasini tasvirlar ekan, hikoyanavisning sodda, ravon uslubiga o‘xshash uslubdan foydalanadi-yu natijada ko‘z oldimizda o‘zbek olimlari karvonboshilaridan birining yorqin va sidqidildan chizilgan obrazi yaratiladi. Umuman, asarda tanqidchining bir butun to‘liq qiyofasini yaratishga harakat qilingan.
“Tanqidchi mahorati va ijodiy o‘ziga xoslik” nomli maqolasi esa Matyoqub Qo‘shjonovning 90 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, samimiy, sodda va ravon tilda bitilganligi bilan e’tiborga loyiq. “Tashqi ko‘rinishidan nihoyatda kamtar, kamsuqum ko‘rinuvchi, ichki ruhiyati va irodasiga ko‘ra esa deyarli buning aksi-qat’iy irodali, tafakkur va fikrlash tarziga ko‘ra esa o‘ktam, aniq va tiniq, masala mohiyatining chuqur ildizlaridan kelib chiqib mulohaza yuritadigan bu inson deyarli butun umri davomida ko‘plarining e’tiborida bo‘la oldi,1deb yozadi olim.
Adabiyotshunos olim hamisha faqatgina ijodkorga emas, uning shaxsiga - insoniy sifatlariga ham nazar tashlaydi. Bu albatta, muhim jihatlaridan biri, bu ham bir mahorat, ammo shunday tanqidchilar borki, ijodkor shaxsiga to‘xtalganlarida uni ilohiylashtirish darajasigacha yetib boradilar. Baxtiyor Nazarov esa, aksincha, bu borada meyorni saqlashni yaxshi biladi. Jumladan, Matyoqub Qo‘shjonov haqida shunday deb yozadi: “Bolalik, o‘smirlikdagi qiyinchiliklar, turmush urinishlari, bilim yurtidagi bir yilda bir necha kurslardan sakrash; urush dahshatlari; salkam o‘ttiz yoshda mo‘ylovi endi sabza urgan yigitcha qatoridagi talabalik; urushdan keyingi toblanishlar; markazqo‘mdagi mas’ul lavozimlarda faoliyat ko‘rsatish; Fanlar akademiyasida tahsil; kimsan Oybek, Abdulla Qahhordek buyuklar bilan ustoz-shogirdlikdan tashqari, deyarli do‘stona munosabatlar; Izzat Sultonovdek otaxon allomalar tomonidan goh hazil, goh chin tusda ustoz maqomida qadrlanish; millat manfaati yo‘lida dadil bahsga kirisha olish 70-80-yillarda biz yoshlarga, xususan, menga Matyoqub Qo‘shjonovni salkam afsonaviy odamga o‘xshatib ko‘rsatardi”.
Baxtiyor Nazarov bu kabi samimiy so‘zlashining boisi shundaki, uning yuqorida ta’kidlab o‘tgan fikri, ya’ni har bir so‘zi chin yurakdan aytilmoqda. Aks holda qalbining tub-tubidan chiqmagan, so‘zlar bu darajada dilbar bo‘la olmasdi. U o‘z jumlasini quyidagicha yakunlaydi: “Bu bilan men Qo‘shjonovni ideallashtirmoqchi emasman, u bekam-u ko‘st odam edi, degan fikrdan ham yiroqman. Har bir insonga, mutaxassisga xos ayrim past-baland xususiyatlar unga ham begona bo‘lmagani tabiiy, albatta. Biroq uning XX asr o‘zbek adabiyoti, tanqidchiligi va adabiyotshunosligi oldidagi xizmatlari haqida gap borar ekan, bu borada u haqiqatdan ham ulkan shaxs va ehtimolki, yangi zamon madaniyatimiz tarixidan o‘rin egallashga haqli shaxs bo‘lganini e’tirof etmaslik mumkin emas”. Bu qadar samimiy so‘zlarni ayta olgan insonning, ijodkorning o‘zi ham undan kam bo‘lmagan holda samimiy ekaniga, o‘zi ham ana shunday maqtovlarga munosib ekaniga zarracha shubha yo‘q. Boisi, hammaga ma’lum va mashhur bo‘lgan inson, ko‘pchilik e’tirof etgan va ko‘p bora ta’rifi keltirilgan ijodkorga nisbatan bu kabi iliq ta’riflarni xo‘p topib gapirish har kimning ham, har qanday tanqidchining ham qo‘lidan kelavermaydi.
Akademik, adib va dramaturg Izzat Sulton bu ilk tadqiqotning ilmiy-nazariy saviyasiga yuqori baho berdi. “Baxtiyor Nazarov ishi faqat tarixiy-adabiy ahamiyat kasb etibgina qolmaydi. Oybekning badiiy asar hayotiyligi, badiiyati, poyetik so‘zning mazmundorligi va estetik ta’sir kuchi xususidagi qarashlari ham yosh ijodkor avlod kamolida g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Baxtiyor Nazarov Oybekning adabiyotshunoslik va tanqidchilikka doir asarlarini bir butun jamlab, ularni O‘zbekistonda adabiyot ilmining qaror topishi va rivojlanish yo‘llarini belgilash nuqtai nazaridan tahlil etib, g‘oyat foydali ish bajargan. O‘zining mustaqil va malakali tadqiqotchi ekanini ko‘rsata olgan”.
Xuddi shunday yuksak baho atoqli adib va zakiy olim Pirimqul Qodirovning ham qalamiga mansub. “… Olimning qiyin va muhim ishga hozirjavoblik va dadillik bilan kirishganining o‘zi e’tiborga sazovor. Eng muhimi, tanqidchiligimizning bugungi o‘sish jarayoni, unda yuz berayotgan yangi hodisalar adabiyotimiz ravnaqiga xizmat qilayotgani Baxtiyor Nazarov kitobida alohiga umumlashtirib berilgan. Shuning o‘zi ham yosh olimdan kelajakda yanada samaraliroq va mukammalroq ilmiy ishlar kutishimizga asos beradi”.
Baxtiyor Nazarov “SHe’rlari oq to‘shli qaldirg‘och”, “Mehr mavjlari”, “Olmalar besabab to‘kilmaydi”, “Shukronalik” nomli maqola va taqrizlarida O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo ijodining nozik qirralari, poetik olam yaratish san’ati tahlil etildi. “Mehr kuychisi” deb nomlangan ijodiy portretida esa shoir ijodi yaxlit holda tadqiq etildi. Bu ijodiy portret o‘ziga xos kirish so‘zlari bilan boshlanadiki, ular birinchidan, obrazliligi bilan kitobxonning e’tiborini tortadi. Ikkinchidan, shoir ijodiga qiziqishni oshiradi. Samimiyat, beoromlik, o‘zgalar dardiga befarq, loqayd qaray olmaslik, tanigan va tanimagan zamondoshining hasrat-u quvonchlarini chuqur his qila bilish shaxs sifatidagi Shukrulloning tabiatidan ijodkor sifatidagi Shukrullo asarlariga nur bo‘lib o‘tishini olim ehtirom bilan yozadi. Umuman olganda, asarda shoir ijodiga, asarlari va shaxsiga katta hurmat bilan qarash tuyg‘usi portretning bosh mohiyatini tashkil etadi. Ijodiy portretning ahamiyati shundaki, unda shoir Shukrulloning ijodi bilan o‘quvchi chuqur tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Asarning yozilish uslubi kitobxonni o‘ziga torta oladi. Shu bois ham, bu iste’dodli olimning ijodiy portret yaratish mahoratini yorqin namoyon eta olgan tadqiqotlardan biridir.
Baxtiyor Nazarovning adabiy jarayon bilan aloqador tadqiqotlari, bir jihatdan, jonli adabiy harakatdagi asosiy tamoyillarni ochadi, ikkinchi tomondan shu tamoyilni shakllantirishga hissa qo‘shayotgan ijodkor asarlari talqin etiladi, uchinchidan, aniq ijodkor yoki tanqidchining bu jarayondagi ijodi muayyan darajada umumlashtiriladi. Xususan, “XX asr o‘zbek adabiyotida Erkin Vohidovning o‘rni va ahamiyati”, “Ozod Sharafiddinov ijodi va hozirgi o‘zbek tanqidchiligining ilmiy-nazariy masalalari”, “XX asrda Oybek ijodini o‘rganilishining metodologik muammolari” hamda “G‘afur G‘ulom va XX asr” singari maqolalar ana shunday xarakterga ega. Bu maqolalar adabiy jarayon masalalari bilan mustahkam bog‘lansa-da, ularning har biri ayni vaqtda muayyan bir muammo atrofida uyg‘unlashadi.
Masalan, yuqoridagi maqolalarning birinchisida Erkin Vohidov asarlari tufayli o‘zbek adabiyoti, xususan, she’riyatda bo‘lgan yangiliklar ko‘rsatilsa, ikkinchisida Ozod Sharafiddinov tadqiqotlarining ahamiyati, undagi ilg‘or an’analar hamda o‘zbek tanqidchiligining ilmiy-nazariy ahvoli tahlil etiladi. Uchinchi maqolada esa, Oybek ijodiga munosabat orqali yangilanayotgan o‘zbek tanqidchiligining metodologik muammolari tadqiq etiladi va nihoyat, to‘rtinchi maqolada nainki XX asrning G‘afur G‘ulom ijodiga, balki butun o‘zbek shoiri G‘afur G‘ulomning XX asr jahon adabiyoti, jahon madaniyati va tafakkuriga o‘tkazgan ta’sirini ko‘rsatishga harakat qilinadi.
Kezi kelganda, olimning davra suhbatlari ishtirokchisi sifatida matbuotda e’lon qilingan maqolalari haqida ham ikki og‘iz to‘xtalib o‘tish joiz. Bu borada uning “Zamonaviylik va mahorat”, “Tanqid madaniyati: xolislik, dadillik, teranlik”, “Tanqid va she’riyat”, “Badiiy asar qalbi va tanqidchi dunyosi” kabi muammolarga bag‘ishlab o‘tkazilgan davra suhbatlari, ularning samaralari sifatida matbuotda e’lon qilingan materiallar aniq masalalarni ko‘tarib chiqishi, jarayondagi yutuq va kamchiliklarning yorqin ko‘rsatilishi bilan e’tiborni tortadi. Bu xususiyat munaqqid faoliyatining boshlanishidan tortib, shu kungacha davom etib kelayotganini ta’kidlash o‘rinli. Baxtiyor Nazarovning “Mustaqillik davri nasri: tahlil va talqinlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan suhbatlari hamda ular asosida e’lon qilingan materiallari ham uning adabiy jarayonga faol munosabat bildirishga astoydil tintilib kelayotganini ko‘rsatadi.
Akademik B.Nazarovning Pirimqul Qodirov qalamiga mansub “Akramjonning sarguzashtlari” kitobi haqidagi “Rang-baranglik”, “Shu kunning badiiy ko‘zgusi”, “Davr bilan hamnafas”, O‘tkir Hoshimov haqida yozgan “Xalq mehrini qozongan adib”, Xayriddin Sulton haqida bitgan “Adash karvon iztiroblari” kabi taqriz, so‘z boshi va maqolalari uning adabiy jarayon mehvarida porlagan har bir shu’la, har bir yorqin nurni daqiqbinlik bilan ilg‘ashidan guvohlik beradi.
Munaqqidning Abdulla Oripov bilan suhbat samarasi sifatida vujudga kelgan “Sevinch, dardim – bari – Vatanim!” deb nomlangan material Baxtiyor Nazarov adabiy jarayonni nainki kuzatib, balki uning ichida turib faoliyat ko‘rsatayotganini yana bir karra tasdiqlaydi.
O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning nihoyatda go‘zal va ulug‘vor “Vatanim” she’rini tahlil qilar ekan, Baxtiyor Nazarov shunday yozadi: “Bu she’rning ko‘tarinki, teran ma’no va g‘oyasidan tashqari, obrazlaridagi topqirlik kashfiyot darajasidadir, desak mubolag‘a bo‘lmas
Dostları ilə paylaş: |