2.Bilish metodologiyasi: asosiy tushunchalar. 3.Ilmiy bilishning empirik darajasi.
1.Bilishning mazmun va mohiyati
Dunyoni bilish masalasi doimo falsafa fanining diqqat markazida bo’lib kelgan. Qadimgi faylasuflar ham dunyoni bilish mumkinligini e’tirof qilganlar. Masalan, atomistik nazariyaning asoschilaridan biri bo’lgan Demokrit olamni bilish va haqiqatga erishish mumkinligini ta’kidlaydi. U bilish jarayonida hissiy organlarimiz va tafakkur rolini oddiy va sodda holda ko’rsatadi.
Markaziy Osiyolik buyuk mutafakkirlar Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug’bek va boshqalar ham o’z asarlarida dunyoni bilishning, bilish jarayonida hissiy organlar bilan aqlning roli haqida qimmatbaho fikrlarni olg’a suradilar.
Bilish nazariyasining rivojlanish tarixida XVII-XVIII asr faylasuflari muhim o’rin tutadi. Ular agnostitsizm, skeptitsizmni qattiq tanqid qilib, olamni bilish mumkinligini ta’kidlaydilar. Masalan, ingliz faylasufi Bekon ta’limoticha, bilish jarayoni fan va amaliyot bilan bog’liq bo’lishi va shularga bevosita xizmat qilishi kerak. Bekon bilish nazariyasida empirik edi. U, bilish sezishdan boshlanadi,- deydi -hamda bilishning manbai tajriba ekanligi haqidagi g’oyani ilgari suradi. Uning fikricha, ob’ektiv mavjudlik to’g’risidagi bilimlar sezgilarimiz orqali olingan dalillar tufayligina tafakkur yordamida to’ldiriladi.
Frantsuz faylasufi Dekart esa bilishning birdan bir manbai tafakkur deb, sezgi organlarimiz va ularning yordamida olinadigan ma’lumotlarga shubha bilan qaraydi. Uning ta’limoticha, kishilar bilimining haqiqatligi tajriba bilan emas, balki aql ko’zi bilan tekshiriladi. Dekartning bilish nazariyasida sezgilar roli kamsitib ko’rsatiladi.
Dekartning vatandoshlari Didro, Golbax, Gelvetsiylar dunyoni bilish jarayonida sezgilarimiz bilan tafakkurning rolini tan olsalar-da, ularning o’zaro munosabatlarini to’la-to’kis ochib bera olmadilar. Shuningdek, bilish jarayonida amaliyotning rolini to’g’ri baholay olmadilar.
Ma’lumki, ob’ektiv dunyo, uning predmet va hodisalari bilishning birdan-bir manbaini tashkil etadi. Shunday bo’lsada, ayrim faylasuflar va din ta’limotida bilishning manbai sifatida qandaydir mistik, go’yo insondan tashqari mavjud bo’lgan ong («mutlaq g’oya», «olam ruhi» va hokazolar) e’tirof etiladi. Ular nuqtai nazarida inson tabiat va ijtimoiy hayot hodisalarining mohiyatini bilishga qodir emas, u faqat iloh ijodining natijalarini qayd qilishga va turkumlarga ajratishgagina qodir.
Agnostitsizmning yirik vakillari ingliz faylasufi David Yum bilan nemis faylasufi Immanuil Kantdir. Yumning fikricha, inson o’z sezgilari chegarasidan tashqariga chiqa olmaydi, u faqat o’z sezgilarinigina bila oladi. Real voqelikni inson aslo bila olmaydi. Kant esa, Yumga qarama-qarshi o’laroq, inson ongi va sezgilaridan tashqarida ob’ektiv olam bor deb hisoblaydi. Uning fikricha, bu ob’ektiv olamda aslo bilib bo’lmaydigan «narsa o’zida» bor. Inson aqli o’z mohiyati jihatidan cheklangan bo’lib «narsa o’zida»ni bila olmaydi. Kant inson bilish mumkin, bo’lgan hodisalar olamini «narsa biz uchun» deb, uni inson aqli bilan, fan vositasi bilan bilishi mumkin deydi. «Narsa biz uchun» bilan «narsa o’zida» butunlay bir-biriga bog’liq emas, - deb tushuntiradi Kant, - «narsa o’zida» sezgi a’zolarimizga tartibsiz, aralash holda ta’sir etishi bilan bilish mumkin bo’lgan hodisalar yuzaga keladi, inson esa uni o’zining apriori (azaldan ongga xos bo’lgan) tushunchalari bilan tartibga soladi. Umuman, Kantning bilish nazariyasi o’z mohiyat e’tibori bilan inson aqlining bilish imkoniyatlarini, fanning rivojlanish istiqbollarini inkor etishga qaratilgan. Bu xilda inson aqlining bilish imkoniyatlarini cheklash idealizmning hamma ko’rinishlariga xosdir.
XIX asr sub’ektiv idealizmining vakillari bo’lgan maxchilar ham boshqa sub’ektiv idealistlar singari dunyoni bilish mumkinligini inkor etadilar, bizning sezgilarimiz aniq, to’la in’ikos hosil qilishiga ishonmaydilar.
Insoniyatning ijtimoiy amaliyoti va ilmiy bilish taraqqiyotining ilgarilab borishi bilimni chegaralab qo’yuvchi agnostitsizmni puchga chiqarmoqda. Inson o’z aqli bilan olam sirlarini bilishi mumkin ekanligini ayniqsa hozirgi zamon fani yutuqlari isbotlamoqda. Masalan, hozirgi zamon tabiat fanlari, ayniqsa fizika fani atom tabiatining tuzilishini va xususiyatlarini o’rganish sohasida katta yutuqlarni qo’lga kiritdi. Atomli parchalash, atom ichki energiyasidan foydalanish, atom yadro zarrachalarining bir-biriga bog’liqligi, umuman mikroolamni bilish, astronomiya, biologiyadagi kashfiyotlar ilmiy falsafaning bilish nazariyasini to’g’riligini tasdiqlaydi.
Insonning bilish qobiliyati cheklanmagan, lekin har bir aniq tarixiy davrda o’zixohlagan barcha narsa va hodisalarni emas, balki bilish imkoni borlarinigina bilib, bilmaganini keyinroq biladi. Shu bilan birga ta’kidlash kerakki, inson bilimining ham cheksizligini ko’rsatadi.
Dunyoning moddiyligini va uning rivojlanish qonunlarining inson ongida aks etishini e’tirof qilish ilmiy falsafa bilish nazariyasining asosidir. Fan qonunlari tabiat va jamiyatda inson ongiga bog’liq bo’lmagan holda yuz beradigan ob’ektiv jarayonlarning in’ikosidan boshqa narsa emas. Falsafaning bilish nazariyasi asosan quyidagilarga asoslangan:
ob’ektiv olam bizning sezgi va tasavvurlarimizga bog’liq bo’lmagan holda mavjud. Ob’ektiv olam inson sezgi va tasavvurlarining manbai hisoblanadi;
inson dunyo va uning rivojlanish qonuniyatlarini bilishi mumkin. Inson sezgi tasavvur va tushunchalarida o’ziga bog’liq bo’lmagan tashqi olamni aks ettiradi.
Demak, tashqi olam, undagi hamma narsa va hodisalar sezgilarga ta’sir etishi bilan sezgi obrazlari hosil qiladi. Sezgi tasavvur va tushunchalarda ob’ektiv olamning subektiv in’ikosi hosil bo’ladi. Shuning uchun ham bilish nazariyasi in’ikos nazariyasi deb ataladi.
Chunki bilish jarayonida ob’ekt bilan sub’ekt dialektikasi muhim o’ringa ega. U sub’ekt, ya’ni inson bilan bog’liq jarayondir. Insonsiz bilish jarayoni bo’lishi mumkin emas. Sub’ektning ilmiy bilishdagi roli shundan iboratki, u ob’ektiv mavjud bo’lgan qonuniy bog’lanishlarni ochib beradi. Ob’ektga nisbatan ham amaliy, ham nazariy jihatdan yondashadi.