1. Bilishning mazmun va mohiyati


Bilish ikki bosqichdan: hissiy va mantiqiy ya’ni jonli mushohada (sezish) va mavhum tafakkur (fikrlardan) iboratdir



Yüklə 50,67 Kb.
səhifə3/16
tarix14.12.2023
ölçüsü50,67 Kb.
#178000
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16
Bilish ikki bosqichdan: hissiy va mantiqiy ya’ni jonli mushohada (sezish) va mavhum tafakkur (fikrlardan) iboratdir.
Bilishning boshlang’ich bosqichi jonli mushohada, ya’ni ob’ektiv dunyoning buyumlarini bevosita sezgi a’zolari yordamida aks ettirishdir. Ibn Sinoning fikricha, “Sezish — bu shunday ta’sirki, u tashqi narsalarning o’zi bo’lmay, balki bizning hislarimizda vujudga keladi. His moddiy obrazning ko’zgusi bo’lib, moddiy shakllarning bo’yi, eni bilan birga ifodalanganligi sababli, ularni inson moddiy asossiz in’ikos eta olmaydi va jismlarni bilolmaydi”.
Jonli mushohadaning bilishdagi roli muhimdir, uning yordamida dunyo haqida aniq bilimlar kelib chiqadi. Lekin bilishning bu bosqichi ma’lum darajada cheklangan. Bu bosqichda narsa va hodisalarning ba’zi bir tomonlari va xususiyatlarinigina bilib olish mumkin.
Narsaning muhim belgilari, ularning ichki bog’lanishlari mohiyatlari esa bilishning ikkinchi bosqichida tushuncha, hukm va xulosa, ya’ni mavhum tafakkur yordamida aks ettirilishi mumkin. Bilishning bir bosqichdan ikkinchi bosqichga ko’taradigan narsa — amaliyotdir. Mehnat jarayoni, ishlab chiqarish ehtiyojlari narsa va hodisalar asosida yotgan qonuniyatlarni ochishni talab qiladi.
Hissiy bilishga, jonli mushohadaga bilishiing sezgi, idrok va tasavvur shakllari kiradi. Tashqi dunyoning bu in’ikos shakllari bir-biri bilan organik aloqada bo’lib, alohida-alohida uchramaydi. Biz yuqorida sezgi haqida gapirib o’tgan edik. Jonli mushohada jarayonidagi sezgi tashqi dunyo narsa va hodisalarini bilishning birinchi qadamidir. Inson miyasida hosil bo’ladigan tasavvur va fikr tashqi dunyo narsalarining sezgi orqali ta’siri natijasida yuzaga kelishi mumkin.
Ba’zi faylasuflar sezgini tashqi dunyodan ajratib, uni narsa va hodisaga nisbatan birlamchi deb uqtirmoqchi bo’ladilar, sezgini yagona reallik deb hisoblaydilar. O’tmishda bu fikrni Berkli, Yum, Avenarius va boshqalar ilgari surgan edilar.
Biz sezgilarimiz yordamida narsa va hodisalarni bilib olamiz va idrok qilamiz, ularning xossalarini, o’xshashliklarini, farqlarini anglaymiz. Sezgi harakat qiluvchi materiyaning obrazi sifatida idrok uchun asos bo’ladi. Idrok ham ongimizni tashqi dunyo bilan bevosita bog’laydi. U sezgidan sifat jihatdan farq qilib, predmetning butun obrazini beradi. Idrok narsaning turli xossalarini qayta ishlab, ularni birlashtiradi. Demak, idrok deganda turli sezgi a’zolari bergan ma’lumotlar asosida miyada tashqi qo’zg’atuvchining — bir butun obrazi hosil bo’lishi tushuniladi.
Sezgi va idrok tashqi dunyo narsalarining ob’ektiv to’g’ri in’ikosini beradi. Bu in’ikosning to’g’ri ekanligi amaliyotda isbotlanadi. Inson o’zining amaliy faoliyatida o’zi idrok qilayotgan narsa bilan odamning o’zida shu narsa to’g’risida hosil bo’lgan sezgi va idrokning o’xshashligini belgilaydi. Inson tashqi dunyo narsalarini o’zgartirishi mumkin.
Asboblardan foydalanish jonli mushohadada katta ahamiyatga ega. Masalan, biologiya, fiziologiya sohasida tajriba o’tkazishda mikroskopni qo’llash shu fanning rivojlanishini tezlashtiradi. Chunki u inson ko’zi bilan ko’rolmaydigan xususiyatlarni ko’rishga yordam beradi. Asbobning takomillashishi yangi kashfiyotlarni vujudga keltiradi. Mikroskop yordamida organizmlarning hujayralardan tuzilganligi aniqlandi, kasalliklarni tug’diruvchi mikroblar topildi. Elektron mikroskop mikrodunyo hodisalarini o’rganish sohasida tajriba o’tkazishda katta ahamiyatga ega bo’ldi.
Amaliy faoliyat, fan va texnikaning rivojlanib borishi insonga har xil vositalar, asbob va uskunalar yaratish va hissiy bilish chegarasini kengaytirish imkoniyatini beradi. Demak, sezgi, undan keyin esa idrok ob’ektiv olamning sub’ektiv obrazini hosil qiladi. Tasavvur — mavhum tafakkurga o’tishdagi oxirgi bosqichdir. U narsa va hodisalarning avvalgi ta’siri natijasida xotiramizda qolgan taassurotlarning qaytadan esga olinishi bilan bog’liqdir. Tasavvurdagi yangi obrazlar ilgarigi obrazlar bilan taqqoslash orqali yuzaga kelishi mumkin. U mavhum tafakkur uchun asos bo’ladi.
Idrok qilinayotgan narsalar va hodisalar ichki qonuniyatli bog’lanishlarni ochish uchun mavhum tafakkurga o’tishi kerak. Mavhum tafakkur esa voqeani chuqur bilishga imkoniyat yaratadi. Hissiy bilish aniq narsalar obrazini hosil qiladi, lekin u hodisalar mohiyatini ochib bera olmaydi. Demak, hodisalar mohiyatini bilish uchun ayrim narsalarga emas, ko’p narsalarga xos bo’lgan umumiylikni topmoq kerak.

Yüklə 50,67 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin