Binoning konstruktiv yechimlari Binoni ko‘tarib turuvchi konstruksiyalari ya’ni poydevori, devorlari, alohida tayanchlari, qavatlararo yopmalari fazoda bir-biri bilan bog‘lanib bino negizini tashkil etadi.
Bino negizi ko‘tarib turuvchi elementlarining fazoda qanday joylashtirilganiga qarab binolarni quyidagi konstruktiv tiplariga ajratadi:
-karkassiz (sinchsiz) binolar o‘zaro bog‘langan tashqi devorlar va qavatlararo yopmalardan iborat bo‘lgan bikr va mustahkam qutidan iborat. Binoning tashqi va ichki devorlari orayopmalar hamda tom og‘irligini qabul qiladi. Turar joylar, maktablar va boshqa jamoat binolari qurilishida ana shu konstruktiv tip keng tarqalgan.
karkasli (sinchli) binolarda ustunlar sistemasi gorizontal to‘sinlar bilan birgalikda bino skletini tashkil qiladi. Binoning karkasi binoga ta’sir qiladigan barcha kuch va og‘irlikni qabul qiladi. Karkasli bino konstruksiyalari vazifasiga ko‘ra bir-biridan farq qilib, ko‘tarib turuvchi va himoyalovchi guruhlarga bo‘linadi. Bu holda tashqi devorlar faqat himoyalovchi funksiyani bajarib ular o‘z-o‘zini ko‘taruvchi yoki ilib kuyilgan bo‘lishi mumkin.
Asoslar to‘g‘risida umumiy tushunchalar Yer qobig‘ining yuqori qatlamida joylashgan va qurilish maqsadlarida ishlatiladigan geologik jinslar tuproq deb ataladi. Tuproqlar har-xil kattalikdagi zarralarning oralig‘ida bo‘shliqlar hosil qilgan to‘plamdir. Bu zarralar tuproq skletini tashkil etadi.
Poydevor ostida joylashgan, bino og‘irligini o‘ziga qabul kiluvchi tuproq massasi asos deb ataladi. Asoslar ikki xil: tabiiy va sun’iy bo‘ladi.
Tabiiy asos deb qurilgan binoning og‘irligini o‘zini tabiiy holatida ko‘tarib tura olishi mumkin bo‘lgan poydevor osti tuprog‘iga aytiladi.
Sun’iy asos deb bino og‘irligini o‘zini tabiiy holatida ko‘tara olmaydigan va shu sababli sun’iy ravishda qotirilgan va zichlashtirilgan tuproqka aytiladi.
Asosni qotirish usullari Tuproqni qotirishni quyidagi usellari bor:
- Shibbalash (zichlash) - mexanik usulda, pnevmatik usul bilan yoki maxsus katoklar yordamida amalga oshiriladi. Tuproqni vibratsiya (titratish) yo‘li bilan ham shibbalash mumkin bu yo‘l bilan shibbalash ancha samarali bo‘lib, tuproq tez zichlashadi;
Silikatlash - bu usul qumli changsimon qumli va sariq tuproqli asoslarni qotirishda qo‘llaniladi. Bunday tuproqka galma-gal suyuqlantirilgan shisha va kalmsiy xlor yuborib qotiriladi.
Sementlash - maxsus naylar yordamida tuproq qatlamiga suyultirilgan sement xamiri (qorishmasi) yoki sement suti shimdiriladi va ular tuproq g‘ovaklarida qotish natijasida toshsimon strukturaga aylanadi. Sementlash usuli shag‘alsimon, yirik va o‘rtacha yiriklikdagi qumli asoslarni qotirishda qo‘llaniladi.
Termik yo‘l bilan ko‘ydirish orqali qotirishda yonuvchi moddalar oldindan tayyorlangan quduqga yuqori bosim ostida yuboriladi. Bu usul sariq (less) tuproqlarni qotirishda qo‘llaniladi.
Agar yuqorida keltirilgan usullarni qo‘llash qiyin bo‘lsa u holda tuproq, toza, ma’lum mustahkamlikka ega bo‘lgan boshqa tuproqlarga almashtiriladi.