1.BOB Maktabga psixologik tayyorgarlik muammosi va maktabga motivatsion tayyorgarlikni korreksiyalash. 1.1.Boshlang’ich sinfda psixologik xizmat: asosiy funksiyalar, faoliyat vazifalari va yoʻnalishlari. Bolaning maktabda muvaffaqiyatli o’qishi ko’p jihatdan ularning maktabga tayyorgarlik darajalariga bog’liq. Bola avvalo maktabga jismoniy jihatdan tayyor bo’lishi kerak. 6 yoshli bolalarning anatomik-fiziologik rivojlanishi o’ziga xos tarzda kechadi. Bu yoshda bola organizmi jadal rivojlanadi.
6-7 yoshli bolalar nerv sistemasini mustahkamlash, ularni surunkali kasalliklardan xalos etish, ko’rish va eshitish qobiliyatiga alohida e’tibor berish, shuningdek, umurtqa pog’onasining to’g’ri rivojlanishiga ahamiyat berish nihoyatda muhim. Kattalar shu yoshdagi bolalar bilan ish olib borar ekanlar, bu yoshdagi bolalar organizmi hali o’sishda davom etayotganligini doimo hisobga olishlari lozim. Masalan, bolani majburan yozishga o’rgatish hali barmoq muskullari to’liq rivojlanmaganligi sababli ularga ma’lum darajada zarar keltirishi, bolaning chiroyli yoza olmasligi esa, o’z-o’zidan bolani o’ziga nisbatan ishonchini yoki o’qishga nisbatan qiziqishini kamayishiga olib kelishi mumkin.
Aqliy tayyorgarlik. Ko’pincha aqliy tayyorgarlik deyilganda bolaning dunyoqarashi, jonli tabiat, insonlar va ularning mehnatlari haqidagi bilimlari tushuniladi. Ushbu bilimlar maktab beradigan ta’limga asos bo’lishi mumkin, lekin so’z boyligi, ma’lum xatti-harakatlarni bajara olish layoqati bolaning maktabga aqliy tayyorgarligining asosiy ko’rsatkichi bo’la olmaydi. Maktab dasturi bolalardan taqqoslay olish, tahlil eta olish, umumlashtira olish, ma’lum bir xulosa chiqara olish, shuningdek, yetarli darajada rivojlangan boshqa bilish jarayonlarini ham talab etadi. Masalan, 6-7 yoshli bola tabiat haqida ayrim hodisalarnigina emas, balki organizmning tabiat bilan bog’liqligini va o’zaro ta’sirini ham tushunishi va o’zlashtirishi mumkin. 6-7 yoshli bolalarda yuqori darajada rivojlangan ko’rgazmali obrazli tafakkur bilan bola atrof olamdagi predmetlarning asosiy xususiyatlarini va predmetlar orasidagi bog’liqlikni ajrata olishi aqliy rivojlanishning natijasi hisoblanadi. SHuni alohida ta’kidlab o’tish lozimki, ko’rgazmali-harakatli va ko’rgazmali-obrazli tafakkur nafaqat 6-7 yoshli bolalar, balki kichik maktab yoshidagi o’quvchilarning ham aqliy rivojlanishida asosiy vazifani bajaradi.
Bolaning maktabda muvaffaqiyatli o’qishi nafaqat uning aqliy va jismoniy tayyorgarligi, balki shaxsiy va ijtimoiy-psixologik tayyogarligiga ham bog’liq. Maktabga o’qish uchun kelayotgan bola yangi ijtimoiy mavqeini turli majburiyatlari va xuquqlari bo’lgan va unga turli talablar qo’yiladigan −o’quvchi mavqeini olish uchun tayyor bo’lmog’i lozim. Katta bog’cha yoshdagi bolalar asosan, maktabda o’qish uchun ehtiyoj sezadilar, lekin bu xohish va ehtiyoj motivi turlicha bo’lishi mumkin: "Menga chiroyli forma, daftar, qalam va ruchkalar sotib olib berishadi"‘, "Maktabda o’rtoqlarim ko’p bo’ladi va men ular bilan mazza qilib o’ynayman", "Maktabda uxlatishmaydi". Maktabning tashqi ramzlari, shubhasiz, maktabdagi bolalarni juda qiziqtiradi, lekin bu maktabda muvaffaqiyatli o’qish uchun asosiy sabab bo’la olmaydi. "Men otamga o’xshagan bo’lishim uchun o’qishim kerak", "Yozishni juda yaxshi ko’raman", "O’qishni o’rganaman", "Maktabda qiyin misollarni yechishni o’rganaman" − ushbu xohish va harakat bolaning maktabda muvaffaqiyatli o’qishi uchun tabiiy ravishda asos bo’la oladi. Bolaning endi o’zini katta bo’lganini, bog’cha bolasi emas, balki ma’lum bir majburiyatlari bor o’quvchi bo’lishini anglashi, jiddiy faoliyat bilan shug’ullanayotganligini bilishi nihoyatda muhim. Bolaning maktabga borishini istamasligi ham salbiy holat hisoblanadi.
Maktabga tayyor bo’lmagan bolalar bilan ishlayotib, pedagog ota-onalar va bolalar bog’chasi tarbiyachisi majburiyatlari sirasiga kiradigan vazifalarni o’z zimmasiga oladi. Zero, bolani maktabga tayyorlash, o’quv faoliyatini egallashga tayyorlash uning maktabgacha yosh davridagi to’laqonli rivojlanishi natijasi bo’lishi lozim. SHu maqsadli rivojlantirishning o’rni va ahamiyati haqida tushuntirish ishlari olib borish juda muhim.
Psixolog maktabgacha yoshdagi bolalar bilan shug’ullanar ekan, ularning rivojlanishi istiqbolini ularda maktab ta’limiga to’laqonli psixologik tayyorgarlikda ko’radi. Psixolog go’yo bolaning kelajagiga qarab, uning bir yosh davridan boshqasiga − maktab yoshiga qanchalik omadli qadam qo’yishini aniqlaydi, bolaning psixik va shaxsiy rivojlanishi, uyda, maktabda qo’yiladigan yangi talablarga muvofiq bo’lishi uchun yana nimalar qilish kerakligini belgilaydi.
Eng ishonchli psixologik profilaktika bolaning o’z vaqtida normal oila va ijtimoiy tarbiya va ta’lim sharoitlaridagi rivojlanishidir.
Ayni vaqtda, maktabgacha yakshanba kungi muassasalar (maktablar) tarmog’i yuzaga kelishi amaliy psixologlar oldiga yana bir vazifani: maktabgacha yoshdagi bolalar bilan rivojlantiruvchi mashg’ulotlar deb nom olgan mashg’ulotlarni psixologik ta’minlash va ota-onalarga bolaning yosh va individual xususiyatlariga mos o’yin va mashg’ulotlarni tanlashda maslahat yordami ko’rsatish vazifasini qo’ydi, zero yuqorida aytilgan yakshanba kungi maktablar va boshqa shu kabi muassasalar bolalar bog’chalari bazasida faoliyat yuritadi.
SHuni ta’kidlash joizki, ko’pincha 1-mashg’ulotda ertakterapiya, o’yinterapiya va artterapiya qo’llaniladi. Bunda mashg’ulot o’tkazish rejasi turlicha bo’lib, seans qo’shiq yoki o’yin bilan boshlanishi qulay. Avvalgi mashg’ulotlardan biri bo’lgan qiziq voqealar, psixoterapevtik o’yinlar o’ynab, so’ng bolalar ertak eshitib, rasm chizishadi.
1.2.Maktabgacha tarbiya yoshidan kichik maktab yoshiga o’tishda bola psixik taraqqiyotining tipologiyasi.
Birinchi marta maktabga qadam qo’yadigan birinchi sinf o’quvchilarining maktabga borganda maktab talablariga sharoitlariga moslashish uchun ma’lum vaqt kerak bo’ladi. Amalda moslashish vaqti hamma bolalarda ham bir xilda samarali o’tmasligi mumkin. Bolaning maktabga moslashishdagi qiyinchiliklar faqat ota - onalar arzlaridagina emas, balki o’qituvchilarning o’quvchilarga berayotgan xarakteristikalarida ham qayd etilmoqda. Masalan, ota-onalar bolaning maktabga borishi, uy vazifasini bajarishni xohlamayotganini, uning tutqich bermasligi, juda asabiy bo’lib qolganini aytishsa, o’qituvchilar bu bolalarning darsda diqqatsizligi tartibsizligi, tengdoshlari bilan tez-tez aytishib qolishlariga e’tibor berishmoqda. Bunday bolalarda asabiy ruhiy buzilish, psixik rivojlanishda orqada qolish vujudga keladi. Bolalar maktabda o’qishga qanchalik tayyor bo’lmasalar, maktabga moslashish davri shunchalik qiyin va uzoq o’tadi. Psixologlar bolani maktabda o’qishga tayyor deganlarida uning jismoniy, psixologik va shaxsiy tayyorgarligini nazarda tutadilar.
Hozirgi vaqtda bog’cha maktab va boshqa ta’lim muassasalarida rivojlanishda nuqsoni bo’lgan bolalar aniqlanadi. Maktabgacha va boshlang’ich maktab tizimi shu muammolarni bartaraf qilishga ham mas’ul bo’lib hisoblanadi. Rivojlanishida ba’zi yengil (nutqiy, eshituv va boshqa) nuqsoni bo’lgan bolalar bog’cha va umumta’lim maktab muassasalarida tarbiyalanadilar. Og’ir nuqsonlari bo’lgan bolalar esa maxsus turdagi bolalar bog’chasi yoki maktabga qabul qilinadi, bu muassasalar zarur davolash-sog’lomlashtirish va korreksion, psixologik-pedagogik yordamni bera olish imkoniyatiga ega.
Albatta, ta’lim jarayonida har bir holatga alohida yondashuv zarur. CHunonchi, og’ir nutqiy nuqsonli bolalar alohida xususiyatlarga ega bo’ladilar. SHu sababli ularda, umumta’limiy tayyorgarlikdan tashqari, korreksion (tuzatish) yoʻnalishdagi ta’limga ehtiyoj bor.
Ma’lumki, maktab o’quv fanlari integratsiyasi asosida tashkil etilgan darslar qatorida bolalarning badiiy-estetik madaniyatini shakllantirish bo’yicha fanlar alohida o’rin tutadi. Asosiy maqsad ta’limning yoʻnalishini umumiy kuchaytirgan holda yaxlit nutqiy yondoshuv asosida olib borish va dunyoning ilmiy yagona manzarasini shakllantirish (axloqiy, estetik, ekologik va mehnat orqali)dan iborat. Yuqorida ko’rsatilgan kamchiliklar qaysi toifada ko’proq uchrashini bilish maqsadida og’ir nutqiy nuqsonli bolalar bilan bir necha yoʻnalishda kuzatish ishlari olib boriladi. Bu jarayonda ota-onalar bilan olib boriladigan ishlarga ham alohida e’tibor berish lozim. Ma’lumki, hozirgi vaqtda bolani va uning rivojlanishini kuzatish masalalari: organik jihatdan tashxis muammolari va uni hal etishning sub’ektiv jihati muammoni hal etish imkoniyatini axborotlar orqali izlash, faoliyat rejalarini loyihalashtirish va rejani amalga oshirishda boshlang’ich yordam ko’rsatish kabi yaxlit masalalarni oladi.
Biz bola rivojlanishidagi negativ omillar, ya’ni «rivojlanmaganlik», «yetishmovchilik» va boshqalarni tadqiq etishni hal qilishga intilayapmiz. Biroq, u yoki bu darajadagi nuqsonlarni bolaning shu davrdagi ahvoliga ko’ra baholash o’z-o’zidan muammoni hal qilish yoʻllari, imkoniyati haqidagi axborotning kichik bir qismini beradi, xolos.
Xullas, bola holatini o’rganishda ko’p bosqichli psixologik tashxis tizimi nihoyatda qo’l keladi. U faqatgina bola holatining eng dolzarb fenomenlarini ko’rsatibgina qolmay, balki ishonchli istiqbol tashxisini ham ta’minlaydi, bolaning keyingi rivoji va o’qishi, korreksion (tuzatish) ishlarining yanada samarali dasturlarini ishlab chiqish imkoniyatini beradi. Bolalar bilan ishlashning zamonaviy tajribalari shuni ko’rsatadiki, ayrim hollarda bola holati faqatgina yaxshi tomonga emas, balki u yoki bu sabablari, o’qitish va sharoit rivojiga bog’liq tarzda yomon tomonga o’zgarishi mumkin. SHunday qilib, biz faqatgina «yaqin rivojlanish zonasi»ni emas, balki rivojlanishning og’ish deviatsiyasi sohasini ham nazardan qochirmasligimiz zarur.
Ta’kidlash joizki, o’quv jarayonini tashkil etishning mavjud xususiyatlari o’quvchilar, ayniqsa kichik yoshdagi o’quvchilarning to’laqonli rivojlanishiga ko’p jihatdan to’sqinlik qiladi. Zamonaviy maktab metodikasining o’ziga xosligi shundaki, o’quvchi o’quv topshiriqlarini bajarish jarayoniga emas, balki eng avvalo o’qituvchi, keyin ota-onalar tomonidan kam baho beriladigan oxirgi natijaga yoʻnaltirilgan. O’quvchilarning faqat to’g’ri javob olish, ularning darslikdagi javoblarga formal mos kelishiga intilishlariga sabab ham aynan shu. O’qituvchilar esa oraliq amallarni to’g’ri bajarish ustidan nazoratga deyarli e’tibor bermaydilar, xatolar esa ayni shu amallarda ko’proq kuzatiladi. SHu bois psixolog va tarbiyachi, pedagog va psixologning hamkorlikdagi profilaktik va tushuntirish faoliyati bolalarni maktabgacha yoshdan maktab o’quvchisi yoshiga o’tishi sharoitlarini tobora yengillatishga qaratilishi lozim.
Maqsadli profilaktik, korreksion va rivojlantirish ishlari kompleks ravishda olib borilishi kerak. Faqat shundagina u bola shaxsining rivojlanishi, uning qobiliyatlari namoyon bo’lishi, ijodiy imkoniyatlari ixtiyoriylashuviga xizmat qiladi.