Tadqiqotning maqsadi: Maxsus maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarni baddiy adabiyot bilan tanishtirish texnologiyalarini qo‘llanilishini yoritilishi hamda ushbu tadqiqotni samaradorligini oshirishga doir tarkibiy-mazmuniy jihatlari va ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Tadqiqotning vazifalari: - Maxsus maktabgacha ta'lim muassasalarida tutulib gapiruvchi bolalar bilan olib boriladigan pedagogik korreksion faoliyat jarayoninnig pedagogik asoslarini yoritish;
- Maxsus maktabgacha ta'lim muassasalarida tutulib gapiruvchi bolalar bilan olib boriladigan nutq o‘stirish jarayonining bugungi kundagi xolatini o‘rganish;
- Maxsus maktabgacha ta'lim muassasalarida tutulib gapiruvchi bolalar bilan olib boriladigan mashg‘ulotlar texnologiyalarini yanada takomillashtirish;
- Maxsus maktabgacha ta'lim muassasalari va oila hamkorligida olib boriladigan pedagogik korreksion faoliyat jarayonini amalga oshirish yuzasidan metodik tavsiyalar ishlab chiqish.
1 – BOB. Muammoning o‘rganishni ilmiy – nazariy asoslari. 1.1. Muammo yuzasidan pedagogik – psixologik adabiyotlar taxlili. Nutq vazifasi insonning muhim ruhiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Nutq rivojlanishi jarayonida bilish faoliyatining oliy shakllari, tafakkur qobiliyatlari shakllanadi.
So‘zning ahamiyati o‘z-o‘zidan umumlashtiruvchi hisoblanadi va shu munosabat bilan o‘zida nafaqat nutq birligini, balki tafakkur birligini ham namoyon qiladi.
Ular aynan o‘xshash emas va ma'lum darajada bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan holda paydo bo‘ladi. Lekin bolaning ruhiy rivojlanishi jarayonida murakkab, sifat jihatdan yangi birlik nutqiy tafakkur, nutqiy fikrlash faoliyati paydo bo‘ladi.
Nutqiy muomala qobiliyatini o‘zlashtirish o‘ziga xos insoniy, ijtimoiy aloqalar uchun zamin hozirlaydi. U tufayli bolaning atrof-muhit haqidagi tasavvurlari shakllandi va oydinlashadi, uni aks ettirish shakllari takomillashadi.
Bolaning nutqni o‘zlashtirishi uning xatti-harakatlarini anglash, rejalashtirish va tartibga solishga imkon beradi. Nutqiy muomala faoliyatning turli shakllarini rivojlantirish va jamoa mehnatida ishtirok etish uchun muhim shart-sharoitlar yaratadi.
U yoki bu darajadagi nutq buzilishlari (nutq buzilishlarining xususiyatiga bog‘liq holda) bolaning barcha ruhiy rivojlanishlariga salbiy ta'sir etadi, uning faoliyatida, yurish-turishida aks etadi.
Og‘ir nutqiy buzilishlar aqliy rivojlanishga, ayniqsa, bilish faoliyati oliy darajalarining shakllanishiga ta'sir etishi mumkin. Bu nutq va tafakkurning chambarchas bog‘liqligi, ijtimoiy, jumladan nutqiy aloqalarning cheklanganligi bilan bog‘langandir. Bu jarayonda bolaning atrof-muhitni idrok etishi amalga oshadi.
Nutq buzilishi, nutqiy muomalaning cheklanganligi bola shaxsining shakllanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi, aslida bo‘lmagan ruhiy buzilishlarni, hissiy-irodaviy sohaning o‘ziga xos xususiyatlarini keltirib chiqarishi, uning xarakteridagi salbiy fazilatlar (tortinchoqlik, qat'iyatsizlik, odamovilik, salbiylik, nomukammallik tuyg‘usi)ning rivojlanishi uchun yo‘l ochib berishi mumkin.
Bularning barchasi savodxonlikni egallashga, umuman o‘zlashtirishga, kasb tanlashga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Demak, logopediya fanining ahamiyati bolaning nutqiy buzilishini bartaraf etish, shu bilan birga uning mukammal, har tomonlama rivojlanishini ta'minlashdan iboratdir.
I.P. Pavlovning birinchi va ikkinchi signal sistemalari orasidagi o‘zaro ta'sir haqidagi, shartli reflektorlik aloqalarining shakllanish qoidalari haqidagi nazariyalari, P.K. Anoxinning funksional tizimlar haqidagi ta'limoti, ruhiy funksiyalarni dinamik tarzda cheklash haqidagi ta'limot (I.M. Sechenov, I.P. Pavlov, A.R. Luriya) va nutq faoliyatining zamonaviy neyropsixolingvistik nazariyalari haqidagi ta'limot logopediyaning tabiiy-ilmiy, psixofiziologik asosidir.
I.P. Pavlov ta'limotiga muvofiq nuqt bosh miyaning murakkab psixologik funksiyasini, uning ikkinchi signal tizimini o‘zida namoyon etadi. Bu esa signallarning signali sanaladi.
Birinchi va ikkinchi signal tizimlari bir-biri bilan uzviy bog‘langandir. Ikkinchi signal tizimi birinchi tizim asosida shakllanadi.
Ammo keyinchalik ikkinchi signal tizimining birinchi signal tizimiga tartibga soluvchi ta'siri namoyon bo‘ladi. So‘z alohida xususiyatning signali, umumlashtirish, mavhumlashtirish qurolidir.
Birinchi va ikkinchi signal tizimlari orasidagi o‘zaro murakkab aloqalarni hisobga olish nutq buzilishini tuzatish, buzilgan nutq va nutqsiz funksiyalarning o‘rnini bosish ustida samarali logopedik ish olib borish uchun imkoniyat yaratadi.
Nutq buzilishi mexanizmlarini tushunish tuzatish jarayoni qonuniyatlarini aniqlash uchun oliy ruhiy funksiyalarning dinamik lokalizatsiyalanishi to‘g‘risidagi, nutqning ongda shakllanishi borasidagi bilimlarni egallash kerak bo‘ladi.
Nutq murakkab funksional jarayondir. Uning asosida muloqot jara-yonidagi til belgisi tartiblaridan qo‘llanish yotadi. Tilning murakkab tizimi uzoq muddatli ijtimoiy-tarixiy rivojlanish mahsuli bo‘lib, u bola tomonidan nisbatan qisqa muddatlarda o‘zlashtirib olinadi.
Nutqiy tizim bosh miya a'zolarining faoliyatiga asoslanadi. Ulardan har biri nutq faoliyatining o‘ziga xos vazifasini bajaradi.
Nutqning akustik belgilarini ajratib ko‘rsatish va differensiyalash nutq-eshitish analizatori kortikal apparatlarning analitik-sintetik faoliyati bilan ta'minlanadi. Bunga miya qobig‘i markaziy va old motor quyi bo‘linmalari sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan bosh miya qobig‘i (Vernike doirasi)ning so‘l yuqori ikkilamchi qismlari kiradi.
Nutq aktining artikulyatsiyalashuvi, motor tashkil etilishi jarayoni nutq apparati muskullarining murakkab tuzatuv ishini maxsus muvofiqlashtirish asosida amalga oshiriladi.
Nutq aktining motor quyi yig‘indisi markaziy qismlarning ikkilamchi bo‘limlari (kinestetik apparat) va chap o‘ram qismining quyi bo‘limlari (kinetik apparat) bilan ta'minlanadi. Markaziy qismda nutq apparati muskullaridan yuboriladigan kinestetik sezgilar analizi sodir bo‘ladi. O‘ram qismida esa nutq aktining motor dasturi tashkil etiladi, qator nerv impulslari, bir harakatdan ikkinchi harakatga yengil o‘tish imkoniyatini ta'minlovchi kinestatik modellar yaratiladi.
Nutq birliklarini tanlanish va ularning kompensatsiyalashuvi, ma'noning nutq ko‘rinishiga aylanish jarayoni bosh miya qobig‘ining eng yuqori darajada shakllanishidir. U, ya'ni nutq bosh suyagi old va ustki qismi uchlamchi bo‘linmalarining aralashuvisiz hosil bo‘lmaydi.
Bosh miya qobig‘ining uchlamchi bo‘limlari bir tekisda qabul qilinadigan akustik-motor axborotlarining fikrlash sxemasi va obrazlariga o‘tkazilishini ta'minlaydi. Miya qobig‘ining ustki qismida, Shuningdek, keng aloqalarni anglatuvchi sxema ham shakllanadi.
Yozma nutq jarayonida ham bosh miya qobig‘ining ensa va ensa-tepa qismlarining turli bo‘limlari ishtirok etadi.
Shunday qilib, nutq jarayonida bosh miya qobig‘ining turli qismlari turlicha ishtirok etadi. Bosh miya qobig‘i qaysidir qismining jarohatlanishi nutq faoliyati buzilishining o‘ziga xos alomatlariga olib keladi.
Nutq jarayonining miyada amalga oshishi haqidagi ma'lumotlar nutq faoliyati buzilishining etilogiyasi va mexanizmlari to‘g‘risidagi tasavvurlarni aniqlashtirishga imkon beradi.
Bu ma'lumotlar bosh miyaning lokal jarohatlanishidagi nutq buzilishlarining turli shakllarini (afaziya) differensial diagnostikasi uchun juda muhim bo‘lib, bemorlar nutqini tiklash ustida samarali logopedik ish olib borish imkonini beradi.
Logopediya otorinolaringologiya, nevropotologiya, psixopatologiya, oligofreniya klinikasi, pediatriya bilan uzviy bog‘langandir. Jumladan, nutq va eshitish a'zolarining patologiyasi (masalan, tovush buzilishida) nafaqat buzilishlar etilogiyasini aniqlashga, balki tibbiy ta'sir ko‘rsatish bilan bo‘ladigan logopedik ishlarni to‘g‘ri qo‘shib olib borish uchun ham imkon beradi. Masalan, tovushning buzilishi qisman hiqildoq va tovush burishiqlari (g‘urralar, tugunchalar, papillomalar, tovush burmalarining chandiqqa aylanishi va boshqalar) ning turli organik jarohatlanishidan hosil bo‘lishi mumkin. Bunday hollardagi tovush buzilishining tovush apparati fiziologik ishini normallashtirmay turib davolash mumkin emas. Bu dori-darmon, jarrohlik, fizioterapiya, psixoterapiya uslubida ta'sir etish bilan ta'minlanadi.
Nutq buzilishining ko‘pgina turlari markaziy asab tizimining organik shikastlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, u logoped va nevropatolog-vrach yoki psixonevrologning hamkorlikda ishlashi bilan aniqlanishi mumkin. Nutq buzilishi hollarida ruhiy faoliyatning turli buzilishlari: ruhiy rivojlanishda orqada qolish, o‘zini tutish va his-hayajon hollaridagi buzilishlar, diqqat-e'tibor, xotira, aqliy faoliyat buzilishlari ko‘zga tashlanishi mumkin.
Nutq buzilishlarini ularning paydo bo‘lish mexanizmlari tahlili, markaziy asab tizimi buzilishlari bilan bog‘liq bo‘lgan, birlamchi va ikkilamchi ruhiy faoliyati ishlarining hammasi psixonevrolog-vrachning xizmat doirasiga kiradi. Psixonevrolog-vrach bolaning aqliy jihati haqida xulosa chiqaradi, nutqiy kamchiligini tibbiy jihatdan aniqlaydi, talab etiladigan davo choralarini qo‘llaydi.
Nutq buzilishining ko‘pgina ko‘rinishlari miya rivojlanishining barvaqt sekinlashuvi bilan bog‘liq. Bunday hollarda logopedik ish markaziy asab tizimini maxsus dori-darmonlar bilan davolash orqaligina samara berishi mumkin. Bunday davoni psixonevrolog-vrach belgilaydi. Ayrim paytlarda nutq buzilishlari his-hayajonli qo‘zg‘olishning kuchayishi natijasida sodir bo‘ladigan harakatdagi notinchlik bilan qo‘shiladi. Bunda bola maxsus davolangunga qadar logopedning ishi besamara bo‘laveradi.
Nutqning alohida ko‘rinishdagi buzilishlariga, masalan, duduqlanishning ayrim turlari, mutizmga yoki keskin ruhiy iztiroblar – qo‘rqish, hayajon, ko‘nikkan muhitning almashinishi (yaqin kishilaridan ayrilish) va boshqalar sabab bo‘lishi mumkin. Ularning paydo bo‘lish vaqtida bola tegishli kun tartibi va davoga muhtoj bo‘ladi; faqat psixonevrolog-vrach va logopedning hamkorlikda ish olib borishi uning sog‘ayib ketishiga zamin hozirlaydi. Bu ma'lumotlarning hammasi Shundan dalolat beradiki, logopediyapedagogik fan hisoblangani bilan u o‘z oldidagi vazifalarini faqat tibbiyot fanlari va avvalo, nevropatologiya hamda bolalar psixologiyasi yordamida muvaffaqiyatli bajarishi mumkin.
Anomal bolalarni, shu jumladan, nutqi buzilgan bolalarni ham o‘qitish va tarbiyalash nazariyasi asab tizimi tuzilishi, uning rivojlanish xususiyatlari va vazifalari haqidagi bilimlar asosiga quriladi.
Logoped nutq buzilishining nevrologik asoslarini bilishi, bolalar psixopatologiyasi masalalarini tushunishi kerak. Unda oligofreniya va ruhiy rivojlanishning tormozlanishi, harakat va his-hayajonli buzilishlarda namoyon bo‘ladigan, bolalardagi ruhiy buzilishlarning eng ko‘p uchraydigan shakllari haqida ham tasavvur bo‘lishi lozim.
Bu bilimlar unga nutq buzilishining sabablarini to‘g‘ri aniqlashda, tuzatishning samarali metodlarini tanlashda, bolani o‘qitish va tarbiyalash hamda uning nuqsonli rivojlanishini oldini olishda yordam beradi.
Nevropatologiya, psixologiya, oligofreniya klinikasi, eshitish, ko‘rish, nutq a'zolari patologiyasi bilan aloqada bo‘lish nutq buzilishini farq qilgan holda tashxis qilish uchun zarurdir. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, sensor alaliya va eshitishning pasaygan hollaridagi nutq buzilishlarini aniqlash, eshitish faoliyatini chuqur tekshirishni talab qiladi; oligofreniya va alaliya hollaridagi nutq buzilishlarini belgilash ruhiy va sensomotor rivojlanish xususiyatlarini, intellektning ahvolini aniqlashsiz bo‘lmaydi.
Tibbiyot fanlaridan ma'lumotlar logopedga nutq buzilishining mexanizmlari, etilogiyasini o‘rganishga to‘g‘ri yondashish uchun yordam beradi, nutq buzilishlarining turli ko‘rinishlarini bartaraf etishda diagnostika va differensiyalashgan logopedik ta'sir etish masalalarini to‘g‘ri hal etish imkonini yaratadi. Bolalarni turli tipdagi maxsus muassasalarga to‘g‘ri tanlash ham tashxis qo‘yishga bog‘liqdir.
Logopediya tilshunoslik va psixolingvistika bilan uzviy bog‘langan. Nutq tillar birligining turli darajasi va ularning amal qilish qoidalaridan foydalanishni ham nazarda tutadi. Ular har xil buzilishlarda turlicha buzilishi mumkin. Bolaning til normalarini o‘zlashtirib olish qonunlari va izchilligini bilish logopedik xulosalarni aniqlashtirishga yordam beradi, logopedik ta'sir etish tizimlarini ishlab chiqish uchun zarur bo‘ladi. Zamonaviy logopediyaning tizimli nutq buzilishini o‘rganish va bartaraf etishda L.S. Vigodskiy, A.R. Luriya, A. Leontevning nutq faoliyatining murakkab tuzilishi, idrok jarayonlari va nutq aytish samarasi haqidagi ta'limotiga asoslanuvchi psixolingvistika ma'lumotlari keng qo‘llaniladi.
Nutqni idrok etish va uning samaralari turli operatsiyalarni qamrab oladigan, murakkab ierarxik qurilishga ega bo‘lgan ko‘p darajali jarayonlardan iboratdir. Nuqt hosil bo‘lish jarayonining har bir darajasi, har bir operatsiyasi o‘zining lug‘atiga, birliklarni birlashtirish sintaksisiga ega. Nutq buzilishlarini o‘rganishda nutq hosil bo‘lish operatsiyalaridan qaysi biri buzilganligini aniqlash muhimdir. Logopediyada A.S. Vigotskiy, A. Leontev, T.V. Ryabova tomonidan ishlab chiqilgan nutq hosil bo‘lish modellaridan foydalaniladi.
A.S. Vigotskiy fikr bilan so‘z oralig‘idagi munosabatni fikrdan so‘zga va aksincha, harakat jarayoni deb qarar, harakatning quyidagi jihatlarini ajratib ko‘rsatar edi: motiv-fikr-ichki nutq-tashqi nutq; nutqning tashqi (jismoniy) va semantik (ruhiy) jihatlari farq qilardi. Tashqi nutqda grammatik va semantik (ruhiy) qurilishlarning o‘zaro munosabatlari ko‘zga tashlanadi. Ichki nutq semantik jihatdan tashqi nutqqa aylanish strukturasi hisoblanadi. L.S. Vigotskiy ichki nutqni chuqur tahlil qildi, uning o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berdi. A.A. Leontev, L.S. Vigotskiy bayon qilgan nutq jarayoni qurilishiga asoslanib, nutq paydo bo‘lishining quyidagi jarayonlarini ajratadi: motiv-fikr (nutq intensiyasi), ichki rejalashtirish, leksik kuchaytirish va grammatik konstruksiyalash, motor ishlab chiqarish, tashqi nutq. Leksik-grammatik kuchaytirish bosqichi o‘z mexanizmlari bilan ajralib turadigan ikkita operatsiyani o‘z ichiga oladi: sintaksis konstruksiyaning paydo bo‘lish ishi hamda uning til darajasidagi alohida til kodlari va boshqalarda amalga oshiriladigan leksik to‘ldirish. Shundan so‘ng motor ishlab chiqarishi davom etadi. Misol uchun, alaliyani o‘rganishda psixolingvistik yondashish ana shu nutq buzilishi mexanizmini chuqur ochishga, nuqsonning tuzilishini aniqlashga, bu buzilishni til buzilishi deb belgilashga imkon beradi.
Afaziya paytidagi xilma-xil idrok operatsiyalari turli shakllarda nutqning buzilish xususiyatlarini aniqlab olishga imkon beradi. Psixolingvistik yondashish nutq buzilishlarini tuzatish yuzasidan olib boriladigan logopedik ishlarning samaradorligini oshirishga yordam beradi. Logopediya umumiy, maxsus psixologiya va psixodiagnostika bilan chambarchas bog‘langandir. Logoped uchun bolaning ruhiy rivojlanish qonuniyatlarini bilish, turli yoshdagi bolalarni psixologik-pedagogik tekshirish metodlarini bilishi muhimdir. Logoped ana shu metodlardan foydalanib, nutq buzilishi turli ko‘rinishlarini tabaqalashtirish va ularni intellektual yetishmovchilik, his-hayajonli va harakat jarayonidagi zaiflashuvlar bilan bog‘liq bo‘lgan nutq buzilishlaridan ajrata oladi.
Psixologik bilimlar logopedga nafaqat nutq nuqsonining o‘zini, balki undan ham oldin bolani ko‘rishga, uning nutqiy buzilishining ruhiy rivojlanishidagi muhim jihatlar bilan bo‘ladigan o‘zaro aloqasini umuman to‘g‘ri tushunishga yordam beradi. Bu bilim unga turli yoshdagi bolalar bilan aloqa bog‘lashga, ularning nutqi, nutqidagi xalaqit beruvchi omillar, xotirasi, diqqat-e'tibori, intellekti, o‘zini erkin yoki his-hayajonli tutishlarini tekshirishda ma'qul metodlarni tanlab olishga, Shuningdek, ma'lum yoshdagi bola faoliyati ustidan logopedik ish olib borishga ko‘maklashadi.