Nobank kredit tashkilotlari to\'g\'risida Qonunchilik
16-modda. Nobank kredit tashkilotlarining rahbar xodimlariga doir talablar Nobank kredit tashkilotining kuzatuv kengashi (mavjud bo‘lganda) va ijro etuvchi organi a’zolari yoki yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organ vazifasini amalga oshiruvchi shaxsi, bosh buxgalteri yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshiruvchi boshqa mansabdor shaxsi, filiallarning rahbarlari, shuningdek Markaziy bank tomonidan belgilangan boshqa shaxslar (bundan buyon matnda rahbar xodim deb yuritiladi) ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq ishchanlik obro‘siga doir talablarga, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan rahbar xodimlar malaka talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Ishchanlik obro‘siga doir talablar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
iqtisodiy sohadagi jinoyatlar, boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar hamda terrorizmni moliyalashtirish va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun tugallanmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganlik holatlarining mavjud emasligi;
moliya (kredit) tashkilotining moliyaviy ahvoli yomonlashishiga yoki uning bankrot bo‘lishiga, litsenziyasi chaqirib olinishiga yoki mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestridan, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari reyestridan yoki lombardlar reyestridan chiqarilishiga olib kelgan harakatlar sodir etishga va (yoki) harakatsizlikka rahbar xodimning aloqadorligi to‘g‘risidagi dalillarning mavjud emasligi.
Malaka talablari:
1) quyidagilarda ijro etuvchi organ rahbari yoki yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organ vazifalarini amalga oshiruvchi shaxs:
a) mikromoliya tashkiloti yoki lombardda — oliy iqtisodiy ma’lumotga yoki bank-moliya sohasida ikki yildan kam bo‘lmagan ish tajribasiga ega bo‘lishini;
b) ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotida — oliy iqtisodiy ma’lumotga va bank-moliya sohasida besh yildan kam bo‘lmagan ish tajribasiga, shundan ushbu sohalarda rahbarlik lavozimlarida kamida uch yil ish tajribasiga ega bo‘lishini;
2) quyidagilarda bosh buxgalter yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshiruvchi boshqa mansabdor shaxs:
a) mikromoliya tashkiloti yoki lombardda — oliy ma’lumotga yoki buxgalteriya hisobini yuritish yoki moliyaviy hisobotni tuzish yoxud auditorlik faoliyati bilan bog‘liq ikki yildan kam bo‘lmagan ish tajribasiga ega bo‘lishini;
b) ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotida — oliy iqtisodiy ma’lumotga yoki buxgalteriya hisobini yuritish yoki moliyaviy hisobotni tuzish yoxud auditorlik faoliyati bilan bog‘liq uch yildan kam bo‘lmagan ish tajribasiga ega bo‘lishini o‘z ichiga oladi.
Nobank kredit tashkiloti Markaziy bankka quyidagilar to‘g‘risida yozma xabarnoma taqdim etishi shart:
nobank kredit tashkilotining rahbar xodimi lavozimga tayinlanganligi (saylanganligi) haqida u tayinlangan (saylangan) kundan e’tiboran besh ish kuni ichida rahbar xodimning ushbu moddada belgilangan talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ilova qilgan va ilgari ushbu lavozimni egallagan shaxsning ozod etilishi sabablarini ko‘rsatgan holda;
nobank kredit tashkiloti rahbar xodimining ushbu moddada belgilangan talablarga muvofiq emasligi fakti aniqlanganligi va ushbu fakt aniqlangan kundan e’tiboran o‘n ish kuni ichida unga nisbatan ko‘rilgan choralar haqida.
Markaziy bank tomonidan nobank kredit tashkiloti rahbar xodimining ushbu moddada ko‘rsatilgan talablarga muvofiq emasligi fakti aniqlangan taqdirda, nobank kredit tashkilotiga uni almashtirish to‘g‘risida ko‘rsatma yuboriladi.