Hozirgi sharoitda davlat byudjeti ijtimoiy (ishlab chiqarish) munosabatlarining bir qismini ifoda etib, davlatning ixtiyoriga mamlakatda yaratilgan yalpi ichki mahsulot (milliy daromad)ning nisbatan kattagina qismini to’plash va uni jamiyat taraqqiyotining turli sohalarini (iqtisodiyot, maorif, sog’liqni saqlash, fan, madaniyat, ijtimoiy ta’minot, boshqaruv, mudofaa va boshqalar) rivojlanishiga yo’naltirish imkonini beradigan muhim taqsimlash vositasidir.
Mohiyatiga ko’ra davlat byudjeti mamlakat moliya tizimining tarkibiy qismi bo’lib, shunga mos ravishda moliya tizimiga doir barcha xususiyatlarga ega va unga tegishli bo’lgan barcha funktsiyalarni bajaradi. Bir vaqtning o’zida, davlat byudjeti faqat o’ziga xos bo’lgan xarakterli xususiyatlarga ham egadirki, ular o’z navbatida, davlat byudjetini moliya tizimining boshqa bo’linmalaridan ajratib turadi va unda markaziy o’rinni egallashga imkon beradi. Uning ana shunday xususiyatlaridan biri bevosita davlatga tegishli ekanligidir. Haqiqatdan ham har bir mamlakatda davlat barcha moliyaviy munosabatlarning tashkilotchisi bo’lsa-da, uning bu xislati, ya’ni mamlakatning moddiy va moliyaviy resurslari asosiy taqsimlovchi sifatidagi roli faqat byudjetda katta kuch bilan namoyon bo’ladi. Yagonalik va yuqori darajada markazlashuv davlat byudjetining muhim xususiyatlaridandir. Davlat byudjetiga xos xususiyatlar mablag’lar bilan byudjet siyosatini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratib beradi. Davlat byudjeti deyilganda, eng avvalo, ikki tushunchaning qo’shilishini tushunmoq kerak: 1) davlat miqyosida yalpi ichki mahsulotni taqsimlash natijasida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlar; 2) davlatning asosiy moliyaviy rejasi. Yalpi ichki mahsulotni taqsimlashning moliyaviy vositasi sifatida davlat byudjeti boshqa xususiyatlarga ham ega. Yalpi ichki mahsulotning davlat byudjeti orqali taqsimlanishi ma’lum darajada, almashuvdan ajralgan holda sodir bo’ladi.