1. Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat dasturlari, konsepsiyalari va boshqalar



Yüklə 191 Kb.
səhifə1/6
tarix23.02.2023
ölçüsü191 Kb.
#85221
  1   2   3   4   5   6
PF-5544 21.09.2018


[OKOZ:1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari, konsepsiyalar va boshqalar;
2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.02.00.00 Fan / 13.02.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat dasturlari, konsepsiyalari va boshqalar;
2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Fan va ilmiy faoliyat]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2019 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida

Ilm-fan va texnika yutuqlarini keng qo‘llagan holda iqtisodiyot tarmoqlariga, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish O‘zbekiston Respublikasi jadal rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi.


Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari shiddat bilan rivojlanayotgani islohotlarni mamlakatimizning jahon sivilizatsiyasi yetakchilari qatoriga kirish yo‘lida tez va sifatli ilgarilashini ta’minlaydigan zamonaviy innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarga asoslangan holda amalga oshirishni taqozo etadi.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlil ishlab chiqarishni modernizatsiya, diversifikatsiya qilish, uning hajmini oshirish hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar turlarini kengaytirish borasidagi ishlar lozim darajada olib borilmayotganini ko‘rsatdi.
Xususan, bu borada ko‘plab ko‘rsatkichlarning mavjud emasligi va ishlar samarali muvofiqlashtirilmagani sababli mamlakatimiz so‘nggi yillarda nufuzli va obro‘li xalqaro tuzilmalar tomonidan tuziladigan Global innovatsion indeks reytingida ishtirok etmayapti.
Iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarining ilmiy muassasalar bilan o‘zaro hamkorligi darajasi pastligi, vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining innovatsion rivojlanish sohasidagi faoliyati lozim darajada muvofiqlashtirilmayotgani bu boradagi birinchi navbatdagi maqsadlar va vazifalarga erishish imkonini bermayapti.
Jahon fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida mamlakatni jadal rivojlantirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning ijrosini izchil ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
2019 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda Strategiya deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq;
2019 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda — “Yo‘l xaritasi”) 2-ilovagamuvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-avgustdagi PF-197-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2022-y., 06/22/197/0765-son)
2. Belgilansinki:
a) mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish — Strategiyaning bosh maqsadidir;
b) bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish;
barcha darajada ta’lim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tiziminining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini ta’minlash;
ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun ta’lim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish;
innovatsiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarga davlat va xususiy mablag‘lar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish;
boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;
mulkchilik huquqlari himoyasini ta’minlash, raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;
barqaror faoliyat yuritadigan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish.
3. 2019 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda — Komissiya) 4-ilovagamuvofiq tuzilsin.
4. Komissiya (A.N. Aripov):
Strategiyani amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlasin;
Strategiyani amalga oshirish doirasida ommaviy axborot vositalari, ilmiy doiralar vakillari va xorijiy ekspertlarni, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini jalb etgan holda uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va matbuot anjumanlarini, shu jumladan joylarda tashkil etsin;
ushbu Farmon ijrosining borishi to‘g‘risidagi batafsil axborotni har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin.
5. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bo‘linmalari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari — vazirlik va idoralarning Strategiyada va “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish, shuningdek, ular ijrosi borishini har chorakda muhokama qilish uchun;
vazirlik va idoralar rahbarlari — ilmiy-ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini, mustaqil ekspertlarni (konsultantlarni), shu jumladan xorijiy mamlakatlardan keng jalb etgan holda Strategiyada va “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi uchun;
davlat ilmiy-ta’lim muassasalari rahbarlari — Strategiyada va “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni ilmiy-tadqiqot jihatidan qo‘llab-quvvatlash, vazirlik va idoralarga maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun ilmiy taqdimotlar va ma’ruzalar, tahliliy materiallar tayyorlashda har tomonlama ko‘maklashish uchun;
mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari — vaziyatni haqiqiy va sifatli o‘zgartirish uchun munosib sharoitlar yaratish, fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etish, hududlarni va ularning ijtimoiy infratuzilmasini Strategiyada va “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar bilan uzviy bog‘liq holda rivojlantirish, shuningdek, vazirlik va idoralar bilan o‘zaro kelishilgan holda joylarda maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish choralarini ko‘rish uchun shaxsiy javobgarlik belgilab qo‘yilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi har yili Global innovatsion indeks reytingiga kiritilishi uchun xalqaro tashkilotlarga zarur ma’lumotlar va ko‘rsatkichlarni muntazam yuborilishini ta’minlasin.
7. Vazirlik va idoralar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli komplekslari rahbarlari bilan kelishilgan holda bir oy muddatda maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha o‘zaro bog‘liq huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy va texnik chora-tadbirlarni nazarda tutadigan 3 yilga mo‘ljallangan rivojlanish dasturlarini tasdiqlasin, keyinchalik 3 yilga mo‘ljallangan yangi rivojlanish dasturlarini qabul qilsin.
Oldingi tahrirga qarang.

8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad hamda vazifalarini keng yoritish bo‘yicha chiqishlar va mavzuga oid ko‘rsatuvlarni muntazam tashkil etsin.


(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
9. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining raisi S.R. Xolmuradov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 21-sentabr,
PF-5544-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-sentabrdagi PF-5544-son Farmoniga 1-ILOVA


2019 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish
strategiyasi

1-bob. Umumiy qoidalar


Ilm-fan va texnika yutuqlarini keng qo‘llagan holda iqtisodiyot tarmoqlariga, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish O‘zbekiston Respublikasi jadal rivojlanishining muhim shartidir.
Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari shiddat bilan rivojlanayotgani islohotlarni mamlakatimizning jahon sivilizatsiyasi yetakchilari qatoriga kirish yo‘lida tez va sifatli ilgarilashini ta’minlaydigan zamonaviy innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarga asoslangan holda amalga oshirishni taqozo etadi.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlil ishlab chiqarishni modernizatsiya, diversifikatsiya qilish, uning hajmini oshirish hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar turlarini kengaytirish borasidagi ishlar lozim darajada olib borilmayotganini ko‘rsatdi. Jumladan:
aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinganlik darajasi past;
oliy ta’lim muassasalari o‘quv rejalari va dasturlarini, talabalarni qabul qilish kvotasi miqdorini belgilashda, moliyaviy mablag‘larni taqsimlashda mustaqil emas;
ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun mas’ul vazirlik va idoralar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik lozim darajada emas, ilmiy-tadqiqot muassasalar va laboratoriyalar faoliyati lozim darajada muvofiqlashtirilmagan;
ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish darajasi past;
innovatsion menejment sohasida texnologiyalar transferini faol ilgari surish va amalga oshirishga qodir yuqori malakali mutaxassislar mavjud emas;
ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga ajratilayotgan budjet mablag‘lari yetarli emas;
ilmiy va innovatsion faoliyatni davlat tomonidan moliyalashtirish samarali va shaffof emas, budjetdan tashqari va xususiy jamg‘armalar mablag‘larini jalb etishni rag‘batlantirish mexanizmlari mavjud emas, qarzni moliyalashtirishning ichki manbalari yetarli darajada rivojlanmagan;
intellektual faoliyat natijalarini himoya qilish lozim darajada emas, ushbu sohada, ayniqsa davlat organlari va tashkilotlarida malakali mutaxassislar mavjud emas;
qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari, ikkilamchi resurslarni energetik utilizatsiya qilish sohalarida innovatsion texnologiyalarni joriy etish darajasi past;
mamlakatda, ayniqsa davlat kompaniyalarida korporativ munosabatlar va korporativ boshqaruv prinsiplari rivojlanmagan, bunda xorijdagi eng namunali amaliyot inobatga olinmayapti;
mamlakatning yalpi ichki mahsuloti hajmida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sektorining ulushi kam.
Qayd etilgan kamchiliklar mamlakatimizning jadal innovatsion rivojlanishiga, investitsiyalarni jalb etishga, iqtisodiyotning o‘sishiga hamda davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu munosabat bilan quyidagi maqsadlar, vazifalar va asosiy yo‘nalishlarni nazarda tutadigan 2019 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini (keyingi o‘rinlarda Strategiya deb yuritiladi) ishlab chiqish alohida ahamiyat kasb etmoqda:
2-bob. Strategiyaning maqsad va vazifalari
1. Mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish Strategiyaning bosh maqsadidir.
2. Bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga borib Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish;
barcha darajada ta’lim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini ta’minlash;
ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun ta’lim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish;
innovatsiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarga davlat va xususiy mablag‘lar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish;
boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;
mulkchilik huquqlari himoyasini ta’minlash, raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;
barqaror faoliyat yuritadigan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish.
3-bob. Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari
3.1. Fan, ixtirochilik va texnologiyalar transferini rivojlantirish
1. Loyihaviy boshqaruv mexanizmlaridan foydalangan holda dasturiy-maqsadli prinsip asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini o‘tkazishga davlat tomonidan buyurtma berish orqali tadqiqotlar tashkil etish mexanizmini joriy etish.
2. Yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
3. Noyob ilmiy-texnik uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlarini tashkil etish.
4. O‘zbekiston Respublikasida ilmiy faoliyat nufuzini oshirish.
5. Mamlakatimiz va xorijdagi ilmiy-texnik axborot manbalarini to‘plash, saqlash va qayta ishlashga, axborot fondlari, ma’lumotlar bazalari va banklarini shakllantirish, yuritish va ulardan foydalanishga ixtisoslashgan respublika, tarmoq va hududiy ilmiy-texnik axborot resurslari va tashkilotlaridan iborat davlat ilmiy-texnik axborot tizimini yaratish.
6. Intellektual mulk obyektlarini baholash mexanizmlarini takomillashtirish.
7. Texnologiyalar transferi bo‘yicha milliy va hududiy ofislarni tashkil etish.
8. Ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish uchun texnoparklar xabi, erkin iqtisodiy zonalar, erkin sanoat zonalari, kichik sanoat zonalari va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish.
9. Xorijiy hamkorlar bilan mahalliy ilmiy hajmdor mahsulotlar ishlab chiqarish va uni tashqi bozorda sotish bo‘yicha qo‘shma tashkilotlarni shakllantirish uchun davlat ko‘magini kuchaytirish.
3.2. Innovatsion faoliyatni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish
1. Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflanadigan davlat xarajatlarini ko‘paytirish va 2021-yilga borib bu ko‘rsatkichni yalpi ichki mahsulot hajmining 0,8 foiziga yetkazish.
2. Innovatsion faoliyatni moliyalashtirish bo‘yicha maxsus institutlar (innovatsiya jamg‘armalari, innovatsiya banklari, venchur jamg‘armalari) tashkil etish.
3. Mamlakatni innovatsion rivojlantirishni rag‘batlantirish uchun bank kreditini olish tartib-taomillarini va talablarini soddalashtirish.
4. Innovatsion taraqqiyotni mikromoliyalashtirish tizimini takomillashtirish.
5. Ilmiy-texnologik rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va moliyalashtirishda xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirish.
6. Innovatsion loyihalar va salohiyatli investorlarning doimiy ravishda yangilab boriladigan yagona ma’lumot bazasini tashkil etish.
7. Innovatsion loyihalar uchun grantlar va texnik ko‘mak mablag‘larini olish va ulardan foydalanish tartib-taomillarini soddalashtirish va shaffofligini oshirish.
3.3. Infratuzilma va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish
1. Telekommunikatsiya sohasini normativ-huquqiy tartibga solish tizimini, shu jumladan davlat-xususiy sherikligi asosida tadbirkorlik subyektlari ishtirokini kengaytirish orqali takomillashtirish.
2. 2021-yilgacha axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xizmatlar eksporti ulushini ular umumiy hajmining 4 foiziga yetkazish.
3. Barcha operatorlar uchun xalqaro telekommunikatsiyalar tarmoqlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanishni erkinlashtirish.
4. Aholini axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalaridan foydalanishga rag‘batlantirish.
5. Startap loyihalar uchun texnopark tashkil etish orqali mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish tarmog‘ini rivojlantirish.
3.4. Ta’lim tizimini takomillashtirish va inson kapitalini rivojlantirish
1. O‘quv-tarbiya jarayoniga yangi ta’lim dasturlarini, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va smart-texnologiyalarni joriy etish orqali ta’lim muassasalarida o‘qitish sifatini yanada yaxshilash (elektron modullar tashkil etish va masofaviy o‘qitishni joriy etish).
2. Nogiron bolalar ta’lim va tarbiyadan teng sharoitda bahramand bo‘lishi uchun sharoitlar yaratish maqsadida inklyuziv ta’limni rivojlantirish, shu jumladan:
ta’lim muassasalarida ko‘tarish qurilmalari, panduslar, sanitar xonalarda maxsus moslamalar o‘rnatish, tutqichlar, maxsus partalar, stollar va boshqa maxsus kompensator vositalari bilan jihozlash orqali “to‘siqsiz muhit” yaratish;
imkoniyati cheklangan bolalarni integratsiyalashgan holda o‘qitish dasturlarini yaratish;
ta’lim muassasalarini tegishli kadrlar (pedagog-defektologlar, bolalarni ruhiy-pedagogik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutaxassislar) bilan ta’minlash.
3. Hududiy va milliy darajada ta’lim jarayoni natijalarini tizimli monitoring qilish asosida ta’lim sifatini va uning mamlakat innovatsion rivojlanishi darajasiga ta’sirini baholashning milliy tizimini ishlab chiqish va joriy etish.
4. Mehnat bozoridagi tendensiyalar o‘zgarib borishini hisobga olgan holda qayta tayyorlashga muhtoj yoshlar uchun kasb-hunar kollejlarida qisqa muddatli o‘quvlar tashkil etish.
5. Aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinishini oshirish.
6. Tabiiy va texnik fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar ulushini ko‘paytirish.
7. Chop etilgan ilmiy maqolalar soni, ulardan iqtibos keltirish indeksi, xalqaro konferensiyalar va seminarlarda ishtiroki, olingan patentlari soni bo‘yicha tanlab olingan sohadagi eng faol oliy ta’lim muassasalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash asosida oliy ta’lim muassasalari faoliyatining tadqiqot yo‘nalishini kuchaytirish.
8. Tarmoq va mintaqaviy iqtisodiyot ssenariylari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida innovatsion faoliyat rivojini prognozlashtirish tizimining alohida bo‘g‘ini sifatida yetakchi oliy ta’lim muassasalarida forsayt markazlarini tashkil etish. Oliy ta’lim muassasasining ichki va tashqi muhitini ilmiy-texnologik prognozlashtirishni ta’minlash, ularning texnologik va innovatsion muhitini va ustuvor innovatsion yo‘nalishlarini rivojlantirish.
3.5. Raqobatni rivojlantirish va ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish
1. Xalqaro tajribani hisobga olgan holda korporativ huquqni rivojlantirish va korporativ boshqaruvning zamonaviy prinsiplarini joriy etish.
2. Iqtisodiyotni taraqqiyotning innovatsion yo‘liga o‘tishini ta’minlaydigan raqobatbardosh bozorni shakllantirish va resurslardan samarali foydalanish.
3. Monopoliyaga qarshi siyosatni, shu jumladan davlat-xususiy sherikligini joriy etish hisobiga takomillashtirish, barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun tabiiy monopoliyalar subyektlari tovarlari, ishlari va xizmatlaridan foydalanishda teng sharoitlarni ta’minlash, monopol korxonalar mahsulotlariga narx shakllanishining samarali mexanizmlarini joriy etish.
4. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish va ichki bozorning monopollashuvini oldini olish.
5. 2021-yilga borib davlat kadastri ishlarini yuritishning to‘liq raqamlashtirilishini ta’minlash va mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomilini soddalashtirish.
6. Qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish ulushini 2025-yilga borib 20 foizdan ziyodga oshirish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-sentabrdagi PF-5544-son Farmoniga


2-ILOVA
2019 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha
“YO‘L XARITASI”
Oldingi tahrirga qarang.


Yüklə 191 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin