2-bob. Hakamlar hay’atlari 7. Tashkiliy qo‘mitaning yig‘ilishi qarori asosida har bitta nominatsiya bo‘yicha a’zolari besh nafardan iborat hakamlar hay’ati shakllantiriladi.
8. Hakamlar hay’ati faoliyatida xolislik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida har bitta nominatsiya bo‘yicha hakamlar hay’ati a’zoligiga nominatsiya turiga muvofiq ravishda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Agentlik, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutidan bittadan nomzod kiritiladi.
9. Har bitta nominatsiya bo‘yicha hakamlar hay’ati raisi tegishli hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan saylanadi. Saylov natijalari aks ettirilgan bayonnoma Tashkiliy qo‘mitaga taqdim etiladi.
3-bob. Ko‘rik-tanlovda ishtirok etish tartibi 10. Ko‘rik-tanlovda uzum yetishtiruvchi va vino mahsuloti ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar ishtirok etadilar.
11. Ko‘rik-tanlovni o‘tkazish joyi, muddati va shartlari ko‘rik-tanlov o‘tkazilishidan ikki oy oldin ommaviy axborot vositalari, Agentlikning rasmiy veb-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi.
12. Ko‘rik-tanlov e’lon qilinganidan so‘ng o‘n kun ichida unda ishtirok etish istagini bildirgan nomzod mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan namunaga muvofiq tayyorlangan arizasini Agentlikning rasmiy veb-saytiga elektron shaklda taqdim etadi. Nomzod uning arizasi qabul qilinganligi haqida xabardor qilinadi.
13. Nomzod faqat bitta nominatsiyada ishtirok etishi mumkin.
14. Ishtirokchi tomonidan ko‘rik-tanlovga o‘zi yetishtirmagan uzum, o‘zi tayyorlamagan vino mahsulotini taqdim etilganligi holati aniqlanganda bunday ishtirokchi hakamlar hay’atining qarori bilan ko‘rik-tanlovdan chetlashtiriladi.
15. Ko‘rik-tanlovdan chetlatilgan nomzod Tashkiliy qo‘mitaga yoki belgilangan tartibda sudga shikoyat bilan murojaat qilish huquqiga ega.
16. Nomzod o‘z tashabbusi bilan ko‘rik-tanlovda ishtirok etishdan bosh tortish huquqiga ega. Nomzod ushbu huquqdan foydalangan taqdirda, u Tashkiliy qo‘mitaga bu to‘g‘rida ko‘rik-tanlov boshlanishidan kamida o‘n kun oldin xabar berishi shart.
17. Ko‘rik-tanlov ishtirokchisi tanlangan nominatsiya bo‘yicha o‘z mahsulotlari bilan birgalikda:
har bir mahsulotni yetishtirish (tayyorlash) usullarini, tarixini aks ettiruvchi yozma ma’lumotlarni namoyish etadi;
mahsulot mazasini totib ko‘rish (degustatsiya) uchun taqdim etadi.
18. Ko‘rik-tanlov ishtirokchisi ko‘rik-tanlov davrida mahsulot yetkazib berish, uzum ko‘chatlarini parvarishlash kabi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar tuzishi mumkin.