1. Etika fanining predmeti moxiyati va tuzilmasi



Yüklə 27,28 Kb.
səhifə1/3
tarix22.09.2023
ölçüsü27,28 Kb.
#147212
  1   2   3
falsafa mustaqil ish


Mavzu:Etikaning asosiy tamoyillari
Reja:
1.Etika fanining predmeti moxiyati va tuzilmasi .
2.Axloq kategoriyalirining mazmuni va moxiyati.
3.Etikaning kategoriyalari ,tamoyillari ,meyorlarining shaxs va jamiyat munosabatlarida namoyon bo’lishi .


1.Etika fanining predmeti moxiyati va tuzilmasi
Qadimgi yunon faylasufi Aristotel o‘z davrida mavjud fanlarni ta’riflarkan, ularni uchta guruhga ajratadi: nazariy fanlarga falsafa, matematika, fizikani; ijodiy fanlarga san’at, badiiy hunarmandchilikni; amaliy fanlarga esa etika va siyosatni kiritadi. SHu tariqa Etika falsafa doirasidan ajralib chiqadi va mustaqil fan sifatida shakllana boshlaydi. Hozirgi vaqtda «Etika» ijtimoiy-falsafiy fanlar tizimida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan fandir. «Etika» (axloqshunoslik)–axloqning kelib chiqishi, mohiyati, xususiyatlari, jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqidagi fandir. U boshqa ijtimoiy fanlar singari o‘z qonunlari va kategoriyalariga ega bo‘lib, ular orqali o‘z xulosalarini bayon qiladi. «Axloq» so‘zi aslida arabcha so‘z bo‘lib, xulq-atvor, yurish-turish, tarbiya degan ma’nolarni anglatadi. Hozirgi vaqtda bu tushuncha jamiyatning axloqiy hayotida yuz beradigan barcha jarayonlarning majmuini aks ettiradi. Jamiyatning axloqiy hayoti deb kishilarning ijtimoiy, siyosiy va xuquqiy faoliyatida, oilasida va kundalik turmushida yuzaga keladigan o‘ziga xos munosabatlari shakliga aytiladi. Axloq tushunchasini ikki xil ma’noda ko‘rish mumkin: axloq umumiy tushuncha sifatida etikaning tadqiqot ob’ektini anglatsa, yakka tushuncha sifatida inson fe’l-atvori va xatti-harakatining o‘ziga xos ko‘rinishini anglatadi. Xususan «odob», «xulq-atvor» ma’nolarida ham ishlatiladi. Aslida «axloq» va «odob» tushunchalari bir-biridan mazmun jihatidan farq qiladi.
A. Sher «Axloqshunoslik» kitobida ko‘rsatishicha, «Odob-inson haqida yoqimli taassurot uyg‘otadigan, lekin jamiyat va insoniyat hayotida u qadar muhim ahamiyatga ega bo‘lmaydigan, milliy urf-odatlarga asoslangan chiroyli xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi. Axloq esa–jamiyat, zamon insoniyat tarixi uchun namuna bo‘la oladigan ijobiy xatti-harakatlar yig‘indisidir».1 Axloq inson va jamiyat o‘rtasidagi ob’ektiv aloqadorlik tufayli kelib chiqadigan, har bir shaxsning hayoti va faoliyatini boshqaradigan, tartibga soladigan prinsip va normalar majmuidir.
Axloq ijtimoiy xodisa sifatida insoniyat jamiyati vujudga kelishi bilan bir vaqtda jamoalar bilan shaxslar o‘rtasidagi ehtiyoj va manfaatlarga xizmat qiluvchi aloqa tarzida vujudga kelib, o‘zining tarixiy taraqqiyotida:
insonning tabiiy xislatlarini o‘zgartiruvchi, yaratuvchi faoliyati shaklida umuminsoniy madaniyatning tarkibiy qismi;

jamiyatda yashovchi har bir shaxsni har tomonlama kamol toptiruvchi ma’naviy-ijtimoiy omil asoslaridan biri;


kishilarning ichki tuyg‘ularini, hissiyotlarini o‘stirib, umuminsoniy moddiy va ma’naviy qadriyatlarini anglab etish, ularni asrash va kelgusi avlodlarga etkazib berish yo‘llaridan eng afzali;
oila va kundalik turmushda mavjud bo‘lgan oilaviy burch, o‘zaro hurmat, sadoqat, or-nomus kabi an’analarni nasldan-naslga, avloddan-avlodga o‘tkazish asosida davom ettirish vositasi;
adolatli jamiyat qurish va unda boy-badavlat, tinch-totuv, baxtli yashash g‘oyasi sifatida muntazam ravishda rivojlanib kelgan va rivojlanadi.

Axloqning negizini jamiyatning tarkibiy tuzilishi, xususan, undagi mulkiy munosabatlar, mehnat taqsimoti, aholining yoshi va ularning ehtiyoj va manfaatlari belgilaydi. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining asosini xilma-xil shakllardagi mulklar tashkil etayotgan bir vaqtda, uni rivojlantirishning ma’naviy-axloqiy negizlarini:
umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik;
xalqimizning ma’naviy merosini mustahkamlash va rivojlantirish;
insonning o‘z imkoniyatlarini erkin namoyon qilishi;
vatanparvarlikni tashkil qiladi. Shubhasizki, ana shu negizlar asosida O‘zbekiston xalqlarining yangicha mazmundagi ma’naviy-axloqiy dunyosi shakllanadi va qaror topadi. Bu esa, o‘z navbatida xalqimiz axloqining negizini belgilab beradigan asosiy omillardan biri hisoblanadi. Axloqning jamiyat xayotida tutgan o‘rni u bajaradigan funksiyalar bilan belgilanadi.
Regulyativ funksiyasi – axloqning asosiy funksiyasi hisoblanadi. Regulyativ funksiya shaxs, xizmat jamoasi, davlat va jamoat institutlari faoliyatini jamiyatda mavjud bo‘lgan axloqiy normalar asosida boshqarib turishni anglatadi. SHu maqsadda bir qancha vositalarga tayanadi: axloqiy prinsiplar, jamoatchilik fikri, axloqiy avtoritet, an’analar, urf-odatlar va hokazo. Axloq nafaqat alohida shaxs, balki butun jamiyatning ham hulq-atvorini boshqaradi.
Aksiologik funksiyasi (baholash) – yuqorida ta’kidlaganimizdek, har qanday axloqiy xatti-harakat u yoki bu qadriyatlar sistemasi orqali baholanadi. «Axloqiy-axloqsiz», «yaxshi-yomon» nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda xatti-harakatlar, munosabatlar, motivlar, qarashlar, shaxsiy sifatlar baholanadi. Axloq inson tomonidan qadriyatlarni o‘zlashtirish, ularni rivojlantirishni ham nazorat qiladi.
Informatsion (bilish) funksiyasi- axloqiy bilimlar hosil qilishga qaratilgan bo‘lib, axloqiy prinsiplar, normalar, kodekslar ijtimoiy-axloqiy qadriyatlar haqidagi informatsiya manbai hisoblanadi. SHu bilan birga odatiy va ekstremal vaziyatlarda, konfliktli va tang holatlarda axloqiy tanlov masalasiga e’tibor qaratiladi. Demak, axloq olamni, insonni, uning mohiyatini, hayotining ma’nosini anglashga yordam beradi.
Tarbiyaviy funksiyasi–har qanday tarbiya tizimi – bu eng avvalo axloqiy tarbiya tizimi hisoblanadi. Axloqiy tarbiya axloqiy norma, odat, an’ana, umumiy xulq-atvor namunalarini aniq tashkiliy tizim holiga keltiradi, axloqiy bilimlarni axloqiy ishonch-e’tiqodga aylantiradi, konkret vaziyatlarda axloqiy bilim va ishonch-e’tiqodni qo‘llashda ijodiy yondashuvga o‘rgatadi. Demak, axloq nafaqat norma va qoidalarga rioya qilishni, balki o‘z-o‘zini nazorat qilishga o‘rgatadi.
Shu erda, axloqning alohida funksiyalarini ajratish shartli xarakterga ega ekanligini qayd qilish lozim. Chunki real hayotda ular bir-biri bilan uyg‘un holda namoyon bo‘ladi. Axloq bir vaqtning o‘zida boshqaradi, tarbiyalaydi, yo‘naltiradi va hokazo.
“Etika”ning boshqa ijtimoiy-falsafiy fanlardan farqi shundaki, u aksiologik xususiyatga ega. Ya’ni, axloqiy bilimlar insoniy munosabatlar va ijtimoiy voqelik hodisalarini baholash asosida vujudga keladi. Bu baholashning asosiy mezoni kishilarning «nima yaxshi-yu nima yomonligi» haqidagi tasavvurlari hisoblanadi. Bunday baholash ham jamiyatga, ham alohida shaxsga xosdir. Shu tariqa axloqiy qadriyatlardan ijtimoiy va individual tizimlar vujudga keladi. Bu tizimlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, har bir insonda turlicha namoyon bo‘ladi. Shaxs faoliyatida ijtimoiy qadriyatlar tizimi ustun bo‘lsa, u ijtimoiy hayotda faol ishtirok etadi, uning dunyoqarashida jamoatchilik tamoyili ustun bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, inson o‘zining shaxsiy manfaatlarini ustun qo‘yadi, dunyoqarashida individualizm prinsipi ustun bo‘ladi. Aslida axloqiy ideallar, tamoyillar va normalar kishilarning adolat, insoniylik, ezgulik, yovuzlik, ijtimoiy farovonlik haqidagi tasavvurlaridan kelib chiqqan. Bu tasavvurlarga mos keluvchi xatti-harakatlar axloqiy deb, zid keladigan xatti-harakatlar axloqsizlik deb e’lon qilingan.
Boshqacha qilib aytganda, kishilar fikricha jamiyat va shaxs manfaatlariga mos keladigan, insonlar uchun foydali bo‘lgan xatti-harakatlar axloqiydir. Albatta, bu tasavvurlar tarixiy taraqqiyot davomida o‘zgarib borgan, turli sinflar, ijtimoiy guruhlarda turlicha bo‘lgan. Shuningdek, atoqli faylasuf Erkin Yusupovning: «Umuman, axloq ijtimoiy munosabatlar zaminida alohida shaxs sifatida mavjud bo‘lgan insonlarning o‘z-o‘zini idora qilish shakllari va me’yori, o‘zaro muloqot va munosabatlarda ularga xos bo‘lgan ma’naviy kamolot darajasining namoyon bo‘lishidir»-degan ta’rifi ham diqqatga sazovor. Axloqshunoslik qadimda fizika, metafizika va mantiq bilan birgalikda falsafaning uzviy (uchinchi) qismi hisoblanar edi. Keyinchalik (Arastudan so‘ng) u alohida falsafiy yo‘nalishdagi fan maqomini oldi. Bu fikrni quyidagicha kengaytiribroq talqin etish mumkin. Ma’lumki, falsafaning fanlar podshosi sifatidagi vazifasi barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, insoniyatni haqiqatga olib borishdir. Shundan kelib chiqqan holda, falsafaning predmetini tafakkur deb belgilash maqsadga muvofiq. Axloqshunoslik axloqiy tafakkur taraqqiyotini, uning nazariy muammolarini tadqiq etadi va amaliyotda insonni ezgulik orqali haqiqatga olib borishga xizmat qiladi. Shu bois uni axloq falsafasi yoxud ezgulik falsafasi deb ham atash mumkin. Bugungi kunda falsafiy fan sifatida uch yo‘nalishda ish olib boradi, ya’ni axloqshunoslik axloqni: 1) bayon qiladi; 2) tushuntiradi; 3) o‘rgatadi. Shunga ko‘ra, u tajribaviy-bayoniy, falsafiy-nazariy va mezoniy-me’yoriy tabiatga ega. Qadimgilar uni amaliy falsafa deb ataganlar. Zero, sof nazariy axloqshunoslikning bo‘lishi mumkin emas. U insoniyat o‘z tajribasi orqali erishgan donishmandlik namunalarini hikmatlar, naqllar, matal-maqollar tarzida bayon etadi, kishilarni axloqiy qonun-qoidalarga o‘rgatadi, ularga axloqning mohiyatini tushuntiradi va falsafiy xulosalar chiqaradi. Ya’ni axloqshunoslik fanida Aflotun, Arastu, Epikur, Sitseron, Seneka, Avgustin, Forobiy, Ibn Sino, G‘azzoliy , Nasafiy, Spinoza, Kant, Hegel, Shopenhauer, Foyerbax, Kirkegaard, Nitsshe, Vl. Solovyov, Losskiy singari buyuk faylasuflar yaratgan axloq nazariyasiga doir ta’limotlar bilan birgalikda «Panchatantra», «Qutadg‘u bilik», «Qobusnoma», Sa’diyning «Guliston», Jomiyning «Bahoriston», Navoiyning «Mahbub ul-qulub», Montenning «Tajribanoma», Laroshfukoning «Hikmatlar», Gulxaniyning «Zarbulmasal» kabi amaliy axloqqa bag‘ishlangan asarlari ham o‘z mustahkam o‘rniga ega. Axloqshunoslikning boshqa falsafiy fanlardan farqi ham, o‘ziga xosligi ham undagi nazariya bilan amaliyotning ana shunday omuxtaligidadir.
Axloqshunoslik va estetika. Axloqshunoslik boshqa ijtimoiy va falsafiy fanlar bilan o‘zaro aloqadorlikda rivojlanib kelmoqda. Ayniqsa, uning estetika bilan aloqasi qadimiy va o‘ziga xos.
Avvalo, insonning har bir xatti-harakati va niyati ham axloqiylikka, ham nafosatga tegishli bo‘ladi, ya’ni muayyan ijobiy faoliyat ham ezgulik (ichki go‘zallik), ham nafosat (tashqi go‘zallik) xususiyatlarini mujassam qiladi. Shu bois Suqrot, Aflotun, Forobiy singari qadimgi faylasuflar ko‘p hollarda axloqiylikni ichki go‘zallik, nafosatni tashqi go‘zallik tarzida talqin etganlar. Bundan tashqari, ma’lumki, san’at nafosatshunoslikning asosiy tadqiqot ob’ekti hisoblanadi. Har bir san’at asarida esa axloqning dolzarb muammolari ko‘tariladi hamda san’atkor doimo o‘zi yashayotgan zamonda erishilgan eng yuksak axloqiy daraja va unga munosabatni badiiy qiyofalar orqali bevosita yoxud bilvosita aks ettiradi. Ayni paytda, bu ikki fanda ba’zan bir tushunchaning ikki xil ko‘rinishini uchratish mumkin. Chunonchi, estetikasidagi ulug‘vorlik tushunchasi, axloqshunoslikda qahramonlik tarzida tavsiflanadi. SHuningdek, estetikada ildizi axloqshunoslikka borib taqaladigan inson axloqiyligi darajasi bilan bog‘liq xulqiy go‘zallik degan tushuncha ham mavjud. Demak, estetika o‘rganayotgan har bir badiiy asar ayni paytda, ma’lum ma’noda, axloqshunoslik nuqtai nazaridan ham tadqiq etilayotgan bo‘ladi.


Yüklə 27,28 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin