Oldingi tahrirga qarang. davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan ularning normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan ma’lumotlarni Internet tarmog‘iga joylashtirish (e’lon qilish) bo‘yicha majburiyatlari hisobini yuritish;
davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan ommaviy axborot vositalari orqali samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha choralarning ishlab chiqilishi va joriy etilishiga ko‘maklashish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlaridan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni “Mening fikrim” veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqarish;
Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatini uzluksiz to‘ldirish, takomillashtirib borish va yangilab borish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishga ko‘maklashish;
ommaviy axborot vositalari orqali davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilariga “davlat organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi” madaniyatini singdirish hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar xalq oldida hisobdorligini ta’minlash muhimligi to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilishini tashkil etish.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi PF-154-sonli Farmoniga asosan o‘n to‘rtinchi — o‘n sakkizinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2022-y., 06/22/154/0524-son) 3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Agentlik:
har yili ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinishi lozim bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruzani tayyorlaydi hamda uni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘lgan qo‘mitalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining tegishli qo‘mitasi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlarining korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalari bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga oid, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga va xalqaro imidjiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni tergov qilish natijalarini kompleks tahlil qiladi hamda natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga axborot beradi;
korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida jamiyat va davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanilishiga erishish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tizimi samaradorligini tahlil qiladi va uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalar kesimida korrupsiyaning darajasini baholovchi Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini tuzishni tashkillashtiradi;
davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida davlat buyurtmachisi ISO 37001 korrupsiyaga qarshi standartini qo‘llashni ko‘zda tutuvchi talabni o‘rnatadi;
joylarda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan hududiy dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etadi;
korrupsiya holatlariga doir materiallarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalariga taqdim etadi.
4. Agentlikka quyidagi huquqlar berilsin:
budjet mablag‘larining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, davlat xaridlari, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va davlat dasturlari bajarilishi bilan bog‘liq materiallarni talab qilish, olish va o‘rganish;
o‘z vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan o‘rnatilgan tartibda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish;
davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida korrupsiya holatini o‘rganish;
korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tizimli korrupsiyaning rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilish maqsadida qonunchilik, shu jumladan jinoyat-protsessual qonunchiligiga muvofiq jinoyat ishlari materiallarini o‘rganish;
o‘rganish va boshqa tadbirlar natijalari bo‘yicha to‘plangan materiallarni faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari bo‘lgan shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq choralar ko‘rish, jumladan jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish uchun huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlariga taqdim etish;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy surishtiruvlar o‘tkazish;
ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlarida korrupsiya belgilari aniqlangan hollarda ularning ijrosini to‘xtatish yoki bekor qilish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni kiritish;
davlat organlari, tashkilotlari va ularning mansabdor shaxslariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirishlar hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritish.
Agentlikning ogohlantirish, taqdimnoma va murojaatlari o‘n kun ichida ko‘rib chiqilishi va natijalari yuzasidan yozma axborot berilishi shart.
5. Belgilansinki:
Agentlik xodimlarining tarkibi yurisprudensiya, iqtisodiyot, moliya, soliq, audit, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar orasidan to‘ldiriladi;
Agentlikning hujjatlar, materiallar va boshqa ma’lumotlarni taqdim etish, taftish va tekshirishlar o‘tkazish, mutaxassislar ajratish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi talablarini bajarish davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolar uchun majburiydir;
Agentlik xodimlari o‘z vakolatlari doirasida korrupsiyaning sabab va shart-sharoitlarini o‘rganish hamda tahlil qilish maqsadida davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ushlab turilganlarni va qamoqqa olinganlarni saqlash joylari, jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishga va hujjatlar bilan tanishishga haqli;
korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy ravishda Agentlik bilan kelishilishi lozim.
6. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy idoralararo komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi (keyingi o‘rinlarda — Milliy kengash) va uning hududiy kengashlari etib qayta tashkil etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Agentlik Milliy kengashning ishchi organi etib belgilansin.
Agentlik Milliy kengash faoliyatini samarali tashkiliy-uslubiy qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan ish rejalarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda Milliy kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijrosini tashkil etishni ta’minlasin.
7. Agentlik uch oy muddatda:
Agentlikni yuqori malakali kadrlar bilan, birinchi navbatda, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amaliy ish tajribasiga ega va Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni professional darajada bajarishga qodir shaxslar orasidan to‘ldirilishini;
Agentlik faoliyati tashkil etilishini tartibga soluvchi hujjatlar paketi, shu jumladan Agentlik tuzilmalari to‘g‘risida nizomlar va xodimlarining odob-axloq qoidalari ishlab chiqilishini ta’minlasin.
Belgilab qo‘yilsinki:
Agentlikni xodimlar bilan to‘ldirish konkurs asosida xalqaro standartlarga muvofiq Agentlik tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi;
Agentlikka birinchi marta ishga qabul qilinadigan xodimlar ishdan ajratilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning nazariy va amaliy masalalari, xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni o‘rganishni qamrab oluvchi maxsus o‘quv dasturlari bo‘yicha ta’lim oladi.
8. Agentlik:
a) Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda, shu jumladan xalqaro tashkilotlarning mablag‘larini jalb qilgan holda, 2020-2021-yillarda barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplaens-nazorat”)ni bosqichma-bosqich joriy etish choralarini ko‘rsin;
b) davlat xaridlari sohasida mas’uliyatni oshirish va korrupsiyani bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Bosh prokuraturasi bilan birgalikda uch oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablarini, shu jumladan xarid qilish tartib-taomillari turlarini belgilash va ijrochini tanlash shartlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalarni majburiy ravishda e’lon qilish, shuningdek, davlat xaridlarini tanlov va tender savdolari orqali zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda faqat elektron shaklda amalga oshirish tartibini joriy etish bo‘yicha takliflarni kiritsin;
v) O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Adliya vazirligi, Markaziy banki va Hisob palatasi bilan birgalikda uch oy muddatda, shu jumladan uy-joy kommunal xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, qurilish va energetika sohalarida davlat xaridlari, davlat mulkini boshqarish va undan foydalanishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holati bo‘yicha o‘rganish o‘tkazsin;
g) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda doimiy asosda davlat xaridlarida affillanganlik, shu jumladan xaridlar ishtirokchilarining oxirgi benefitsiar egalariga taalluqli manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va oldini olish choralarini ko‘rish maqsadida masofaviy monitoring o‘tkazsin.
9. Agentlik zimmasiga:
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tarmog‘ining Istanbul harakatlar dasturi doirasidagi ishlar hamda ishlab chiqilgan tavsiyalarning amalga oshirilishini ta’minlash;
BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalari qoidalarining bajarilishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy koordinatori vazifa va vakolatlari yuklatilsin.
10. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Bosh prokuraturasi bilan birgalikda uch oy muddatda:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, shuningdek, ushbu sohadagi davlat va boshqa dasturlar samaradorligini monitoring qilish hamda baholash imkonini beruvchi “E-Anticor.uz” elektron platformasi;
korrupsiya holatlari haqida Agentlikni xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dasturiy ta’minot;
Agentlikka davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning ma’lumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va joriy etilishini ta’minlasin.
11. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda:
ikki oy muddatda — O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini hamda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashiga kiritilishini;
uch oy muddatda — “O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida”gi, “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqilishini va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilishini;
uch oy muddatda — Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementatsiya qilishni davom ettirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini hamda ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun Milliy kengashga kiritilishini ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Agentlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar, shu jumladan binolarni ta’mirlash, mebel va boshqa moddiy-texnik vositalar bilan jihozlash uchun o‘rnatilgan tartibda mablag‘lar ajratish choralarini ko‘rsin;
2021-yildan boshlab har yili O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida alohida modda bilan Agentlik faoliyatini hamda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish choralarini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
13. Vazirlar Mahkamasi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Agentlikni joylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda unga har tomonlama ko‘maklashsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda ushbu Farmonning maqsad va vazifalarini yoritish bo‘yicha maqolalar chop etilishini va tematik teleko‘rsatuvlar berib borilishini tashkil etsin.
16. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflarni kiritsin.
17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.